Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari nutqini rivojlantirishning maqsad va
vazifalari
Yusupova Sevara Davletiyar qizi
Boshlang‘ich ta'lim fakulteti
2-G Kurs Boshlang‘ich ta’lim
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institut
Annotatsiya: Nutq - kishi faoliyatining turi, til vositalari (so‘z, so‘z birikmasi, gap) asosida tafakkurni ishga solishdir. Nutq o‘zaro aloqa va xabar, o‘z fikrini hishayajon bilan ifodalash va boshqalarga ta’sir etish vazifasini bajaradi. Yaxshi rivojlangan nutq jamiyatda kishi faoliyatining muhim vositalaridan biri sifatida xizmat qiladi. Boshlang‘ich sinflarning ona tili ta’limida o‘quvchilarning nutqini o‘stirish – ularda eshitish, anglash, gapirish, yozish va o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish, demakdir. Shu asosda intellektual salohiyat oshiriladi, estetik va axloqiy tarbiya yo‘lga qo‘yiladi.
Kalit so‘zlar: nutq, so‘zlar, o‘quvchi, boshlang‘ich ta’lim
Nutq - kishi faoliyatining turi, til vositalari (so‘z, so‘z birikmasi, gap) asosida tafakkurni ishga solishdir. Nutq o‘zaro aloqa va xabar, o‘z fikrini his-hayajon bilan ifodalash va boshqalarga ta’sir etish vazifasini bajaradi. Yaxshi rivojlangan nutq jamiyatda kishi faoliyatining muhim vositalaridan biri sifatida xizmat qiladi. O‘quvchi uchun esa nutq maktabda muvaffaqiyatli ta’lim olish qurolidir. Biz tilini jamiyat taraqqiyoti bilan hamnafas rivojlantirib, bo‘yitib kelgan ajdodlarning vorislarimiz. O‘quvchilarni tilning mavjud imkoniyatlaridan nutq jarayonida maqsadga muvofiq foydalana olishga o‘rgatish maktab ona tili ta’limi oldida turgan mas’uliyatli vazifalardan sanaladi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “nutq” “tilning fikr ifodalash va almashish jarayonlarida amal qilishi; so‘zlovchining til vositalaridan foydalanish jarayoni va shu jarayonning hosilasidir” 46, - deb ko‘rsatiladi. “Pedagogicheskiy entsiklopedicheskiy slovarь”da nutqqa “insonlarning til vositasida amalga oshiriladigan muloqot (kommunikatsiya) shakli bo‘lib, u fikrni ifodalash vositasi bo‘lishi bilan birga fikrlashning asosiy mexanizmi hamdir” 47 deb qayd etiladi. Boshlang‘ich sinflarning ona tili ta’limida o‘quvchilarning nutqini o‘stirish – ularda eshitish, anglash, gapirish, yozish va o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish, demakdir. Shu asosda intellektual salohiyat oshiriladi, estetik va axloqiy tarbiya yo‘lga qo‘yiladi. Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilar nutqi va tafakkurini rivojlantirish masalasi o‘tgan asrning 60-70-yillarida S.Dolimov, Y.Abdullayev, Q.Abdullayeva va K.Qosimovalar, 80-90-yillarida B. Turdiyev, A. G‘ulomov, M. Qodirov, SH. Yusupova, B.To‘xliyev, M. SHamsiyeva, T. Ziyodovalar, 2000- yillarda A.Hamroyev, SH.U. Nurillayeva, O‘. Ro‘ziboyeva, G. M. Ahmedova, SH. Yuldasheva, U.Masharipova, H. Bakiyeva kabi olimlar tomonidan tadqiq qilingan. Mazkur metodistlarning ayrimlari adabiyot darslarida, ayrimlari ona tili va o‘qish darslarida og‘zaki va yozma nutqni o‘stirish masalasiga doir qimmatli metodik tavsiyalar ishlab chiqqanlar. A.Sa’diy adabiyot o‘qitishda qahramonlarga og‘zaki va yozma tavsif berish, S.Dolimov yozma bayon va adabiy ijodiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha metodik tavsiyalarida o‘quvchilar nutqiy boyligining ahamiyatini aytib o‘tganlar. Q.Abdullayeva “1-sinfda nutq o‘stirish” metodik qo‘llanmasida o‘quvchilarni tovush va so‘zlarni to‘g‘ri talaffuzga o‘rgatish, savod o‘rgatish davrida mantiqiy mashqlarni tashkil etish, didaktik materiallardan foydalanish usullarini yoritgan bo‘lsa, K.Qosimova «1-sinf ona tili darslarida lug‘at ustida ishlash» qo‘llanmasida lug‘aviy mashqlarni tashkil etish metodikasi xususida so‘z yuritadi. B. Turdieyvning “Yozma nutqni o‘stirish yuzasidan praktikum” nomli qo‘llanmasida yozma nutqning umumiy nazariy masalalari, yordamchi xarakterdagi yozma ishlar, kitob ustida mustaqil ishlash bilan bog‘liq yozma ishlar, ish qog‘ozlarini to‘ldirish, bayon va insho yozishga o‘rgatish masalalari yoritilgan. A. G‘ulomov, M. Qodirovning “Ona tili o‘qitish metodikasi” qo‘llanmasida nutq o‘stirishning nazariy va amaliy ahamiyati, nutq o‘stirishga doir mashqlarni tashkil etish bo‘yicha metodik tavsiyalar berilgan. M.Asqarova rahbarligidagi bir guruh olimlar tomonidan yaratilgan “Kichik yoshdagi bolalar nutqini o‘stirish” nomli o‘quv qo‘llanmada asosan bog‘cha yoshidagi bolalar nutqini o‘stirish masalalari o‘rganilgan. B.To‘xliyev, M. SHamsiyeva, T. Ziyodovalar yaratgan “O‘zbek tili o‘qitish metodikasi” qo‘llanmasida bo‘lg‘usi mutaxassislarni maktab ta’limiga tayyorlashda grammatik mavzularga bog‘liq holdao‘quvchilar nutqini o‘stirish, lug‘atini bo‘yitish metodikasiga alohida diqqat qaratilgan. Islohotlar tufayli ona tili o‘qitish metodikasi tezkor taraqqiyot yo‘liga kirdi. Uzluksiz ta’lim tizimida til va nutqni farqlab o‘rganish, ona tili darslarida nutqni bilim, ko‘nikma va malakalar hamda ijodiy tafakkur integratsiyasini ta’minlovchi vosita deb qarash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Nutqiy bilim, ko‘nikma va malakalarni uzviylik va uzluksizlikda ona tili sathlariaro aloqadorlikda izchil rivojlantirishga e’tibor qaratildi. Boshlang‘ich sinflar ona tili ta’limining bosh vazifasi turli usulda va mazmunda tashkil etiladigan mashqlar yordamida o‘quvchilarning nutqi va tafakkurini rivojlantirishga qaratiladi. Ta’lim jarayonida nutq o‘stirish o‘qituvchi va o‘quvchining nutqiy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish va o‘stirishga qaratilgan hamkorlikdagi amaliy faoliyatdir. O‘quvchilar nutqini o‘stirish hamisha pedagogik rahbarlikni talab etadi. Nutq o‘stirish nima? Agar o‘quvchi va uning tildan bajargan ishlari ko‘zda tutilsa, nutq o‘stirish deganda tilni har tomonlama (talaffuzi, lug‘ati, sintaktik qurilishini, bog‘lanishli nutqni) faol amaliy o‘zlashtirish tushuniladi. Agar o‘qituvchi ko‘zda tutilsa, nutq o‘stirish deganda, o‘quvchilarning tilning talaffuzi, lug‘ati, sintaktik qurilishi va bog‘lanishli nutqni faol egallashlariga yordam beradigan metod va usullarni qo‘llash tushuniladi.O‘qituvchining vazifasiga faqat o‘qitayotgan faniga qiziqish uyg‘otibgina qolmasdan, o‘quvchilarning kommunikativ va mustaqil fikrlash ko‘nikmasini rivojlantirish ham kiradi. O‘qituvchi o‘quvchilarni turli vaziyatlarda til birliklaridan foydalana olishga, o‘z nutqiga ongli munosabatda bo‘lishga, har bir so‘ziga javobgarlikni his qilishga o‘rgatishi kerak. Ona tili o‘quv predmeti sifatida nafaqat nazariy bilimlarni o‘zlashtirishga, balki inson uchun umri davomida zarur bo‘ladigan til birliklarini amaliy qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga ham yo‘naltirilgandir. Nutqiy bilim bilan nutqiy ko‘nikmaning ikki xil hodisa ekanini farqlamoq kerak. Nutqiy bilim tilning barcha sathlariga doir bilimlarni o‘zlashtirish asosida egallanadi, nutqiy ko‘nikma esa nutqiy mexanizmni turli nutq uslublarida ishga solishdir. Inson nutqiy faoliyati davomida so‘zga emas, balki so‘zning ma’no tomoniga e’tibor qaratadi va o‘z fikrini aniq ifodalash uchun kerakli so‘zni tanlaydi. Til vositalarini nutq yo‘nalishiga tez moslashtirib, rejalashtirib olish, nutq mazmunini ifodalash uchun ularni topib muomalaga kirita bilish nutqiy ko‘nikma sanaladi. Nutq o‘stirish metodikasining vazifasi o‘quvchilarda o‘zaro aloqaga, atrofdagilar bilan so‘zlashish – kommunikatsiyaga ehtiyoj va qiziqishni yuzaga keltirishdir. SHundagina o‘quvchi nutqi astasekin rivojlana boradi, o‘z nutqiga e’tibor berish hissi paydo bo‘ladi. Nutq o‘quvchiga nafaqat boshqa kishilar bilan aloqa qilishga yordam beradi, balki olamni, dunyoni bilish, borliqni anglash vositasi hamdir. Nutq muomala vositasi sifatida muayyan sifatlarga ega bo‘lishi lozim. Birinchi navbatda, nutqning leksikasi keraksiz va mahalliy (shevaga xos so‘zlardan), parazit va vulьgar (qo‘pol, noxush) so‘zlardan xoli bo‘lishi zarur. Nutqning sifatiga qo‘yiladigan aniqlik, obrazlilik, emotsionallik kabi talablar ham bevosita nutqning leksik qatlamiga bog‘liqdir. O‘quvchilar o‘z fikrini to‘g‘ri va mukammal ifodalash ko‘nikmasini egallashlari uchun o‘qituvchi nutqiy kamchiliklarni bartaraf etuvchi va nutqni lug‘aviy birliklar bilan bo‘yituvchi maxsus mashqlarni muntazam tashkil etishi lozim. SHuning uchun ham grammatika va imlo dasturi tovushlar va harflar, so‘z, gap, bog‘lanishli nutq kabi qismlarni o‘z ichiga olgan. Ona tili dasturining bo‘limlari «Xat-savod o‘rgatish va nutq o‘stirish», «O‘qish va nutq o‘stirish», «Grammatika, imlo va nutq o‘stirish» deb nomlanishining o‘zi nutqqa o‘stirish uchun bir necha shartga rioya qilish zarur: 1. Kishi nutqining yuzaga chiqishi uchun talab bo‘lishi kerak. O‘quvchilar nutqini o‘stirishning metodik talabi o‘quvchi o‘z fikrini, nimanidir og‘zaki yoki yozma bayon qilish xohishini va zaruriyatini yuzaga keltiradigan vaziyat yaratish hisoblanadi. 2. Har qanday nutqning mazmuni, materiali bo‘lishi lozim. Bu material qanchalik to‘liq, boy, qimmatli bo‘lsa, uning bayoni shunchalik mazmunli bo‘ladi. SHunday ekan, o‘quvchilar nutqini o‘stirishning ikkinchi sharti nutqqa oid mashqlarning materiali haqida bo‘lib, o‘quvchi nutqi mazmunli bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilish hisoblanadi. 3. Fikr tinglovchi tushunadigan so‘z, so‘z birikmalari, gap, nutq oborotlari yordamida ifodalansagina tushunarli bo‘ladi. SHuning uchun nutqni muvaffaqiyatli o‘stirishning uchinchi sharti − nutqni til vositalari bilan qurollantirish hisoblanadi. O‘quvchilarga til namunalarini berish, ular uchun yaxshi nutqiy sharoit yaratish zarur. Nutqni eshitish va undan o‘z tajribasida foydalanish natijasida bolalarda ta’lim metodikasi asoslanadigan ongli ravishda «tilni sezish» shakllanadi. Nutq o‘stirishning metodik sharti nutqiy faoliyatning keng tizimini yaratish, ya’ni, birinchidan, yaxshi nutq namunasini idrok etish, ikkinchidan, o‘rgangan til vositalaridan foydalanib, o‘z fikrini bayon etish uchun sharoit yaratish hisoblanadi. Bola tilni nutqiy faoliyat jarayonida o‘zlashtiradi. Buning o‘zi yetarli emas, chunki u nutqni yuzaki o‘zlashtiradi. Nutqni egallashning qator aspektlari mavjud. Bular: 1. Adabiy til me`yorlarini o‘zlashtirish. Maktab o‘quvchilarni adabiy tilni sodda so‘zlashuv tilidan, sheva va jargondan farqlashga o‘rgatadi, adabiy tilning badiiy, ilmiy, so‘zlashuv variantlari bilan tanishtiradi. 2. Jamiyatimizning har bir a’zosi uchun zarur bo‘lgan muhim nutq malakalarini, ya’ni o‘qish va yozish malakalarini o‘zlashtirish. Bu bilan o‘quvchilar yozma nutqning xususiyatlarini, uning og‘zakiso‘zlashuv nutqidan farqini bilib oladi. 3. O‘quvchilar nutq madaniyatini takomillashtirish. Til jamiyatdagi eng muhim aloqa vositasidir. Tilning mana shu ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, maktabda o‘quvchilarning nutq madaniyatiga alohida e’tibor beriladi. Bu vazifalarni bajarish uchun o‘qituvchi o‘quvchilar bilan rejali ish olib borishi lozim. Buning uchun esa o‘quvchilar nutqini o‘stirish ustida ishlash tushunchasiga nimalar kirishini bilib olish muhimdir. Nutq o‘stirishda uch yo‘nalish aniq ajratiladi: 1) so‘z ustida ishlash; 2) so‘z birikmasi va gap ustida ishlash; 3) bog‘lanishli nutq ustida ishlash. So‘z, so‘z birikmasi va gap ustida ishlash uchun lingvistik baza bo‘lib leksikologiya (frazeologiya va stilistika bilan birgalikda), morfologiya, sintaksis xizmat qiladi; bog‘lanishli nutq esa mantiqqa, adabiyotshunoslik va murakkab sintaktik butunlik lingvistikasiga asoslanadi. Ko‘rsatilgan uch yo‘nalish parallel olib boriladi: lug‘at ishi gap uchun material beradi; so‘z, so‘z birikmasi va gap ustida ishlash bog‘lanishli nutqqa tayyorlaydi. O‘z navbatida, bog‘lanishli hikoya va insho lug‘atni bo‘yitish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. O‘quvchilar nutqini o‘stirish o‘z metodik vositalariga ega, o‘zining mashq turlari bor. Bulardan eng muhimlari bog‘lanishli nutq mashqlari hisoblanadi. Nutq o‘stirishda izchillik to‘rt shartni, ya’ni mashqlarning izchilligi, istiqboli, xilma-xilligi, xilma-xil mashq turlarini umumiy maqsadga bo‘ysundirish ko‘nikmasini amalga oshirish bilan ta’minlanadi. Har bir yangi mashq oldingisi bilan bog‘lanadi va keyingisiga o‘quvchilarni tayyorlaydi, umumiy maqsadga bo‘ysungan holda yana qandaydir yangilik qo‘shadi. Maktabda o‘quvchilar nutqini o‘stirishga ona tili o‘qitishning asosiy vazifasi deb qaraladi. Nutq o‘stirish faqat ona tili va o‘qish darslarininggina emas, balki o‘quv rejasidagi barcha fanlar (tabiatshunoslik, matematika, mehnat, tasviriy sanoat, ashuladarslari)ning, shuningdek, sinfdan tashqari o‘tkaziladngan tadbirlarning ham vazifasidir.
Foydalangan adabiyotlar
1. Abdullaeva Q. va boshq. 1-sinfda o‘qish darslari. – T.: «O‘qituvchi», 2009.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Maktabgacha muassasalar
xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Respublika o‘quvmetodika Markazi // Bolajon tayanch dasturi.T.:2010. 213 b.
3. Barkamol avlod — O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. T.: Sharq,
4. R. Ergashev. Bo‘lajak o‘qituvchi shaxsida yestetik madaniyatni shakllantirish nazariyasi va amaliyoti. Monografiya. - T., “O‘qituvchi”, 2017
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.