BOJ SIYOSATI.
Abdusalomova Chinara
O‘zbekiston Milliy universiteti magistranti
XIX asrning o’rtalariga kelib, dunyoning yetakchi davlatlari yangi mustamlakalar, xomashyo bazalari va o’z tovarlarini sotish uchun yangi bozorlarni egallashga intilishi Rossiya imperiyasini ham yangi hududlarni bosib olishga undadi. Bu davrda imperiya bosqinchilik siyosatining asosiy obyekti O’rta Osiyo hududi bo’ldi. O’rta Osiyodagi xonliklardagi siyosiy vaziyat, ichki nizolar, yakka hukmronlikka intilish kabi omillardan o’z manfaatlari yo’lida foydalangan Rossiya imperiyasi bu davlatlarni birin-ketin bosib ola boshladi. Imperiyaning bu davrdagi mustamlakachilik siyosati savdo-sotiq sohasiga ham jiddiy ta’sir o’tkazdi, albatta.
Qo’qon xonligining tashqi savdo aloqlarida Rossiya alohida o’rin egallagan. Ma’lumotlarga ko’ra, 1861-yildan keyin rus sanoati juda tez sur’atlar bilan rivojlana boshlaydi. Bu esa, xomashy ova tashqi bozozrga bo’lgan ehtiyojni yanada oshirgan. Rossiyaning Qo’qon xonligi bozorlarini egallab, undan cheksiz foydalanishga urunishining asosiy sabablaridan biri ham aynan shu omil edi. Bu davrda Rossiyadan Qo’qonga asosan, mis, temir, cho’yan, po’lat, chit va sifatsiz gazlamalar, baxmal, shahar, charm, oynalar, Rossiyaga tobe bo’lgan qozoqlardan esa, qo’y va uning terisi, charm mahsulotlari kigiz kabi mahsulotlar olib kelingan. Qo’qondan Rossiyaga esa asosan paxta olib ketilgan. Rus chiti Buxoro va Qo’qon xonligi o’rtasidagi savdo aloqlarida asosiy o’rinni egallagan. Bu mato Rossiyaning Orenburg yoki Petropovlovsk shaharlaridan Kazalinskka, undan Samarqand, Xo’jand va Buxoro orqali Qo’qon xonligiga olib kelingan. Lekin rus hukumatining mustamlakachilik siyosati tufayli o’lkani egallash boshlangach, savdo aloqlarida ham jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi.
O’zaro urushlar natijasida mag’lubiyatga uchragan Qo’qon xonligi 1868-yil 13-fevralda Turkiston general-gubernatori bilan sulh shartnomasini imzolashga majbur bo’ladi. Shartnomaga ko’ra, rus savdogarlariga juda katta imtiyozlar beriladi. Xusuan:
Rossiya savdogarlari Qo’qon xonligining istalgan shahar va qishloqlarida karvonlari uchun karvonsaroylarga ega bo’lishi;
Rus savdogarlari Qo’qon xonligi hududida savdo agentliklari tuzishlari;
Rus savdogarlaridan olinadigan savdo boji esa 2,5 foiz miqdordan oshmasligi belgilab qo’yildi.
Shuningdek, qo’qon xonligi savdogarlari rus shaharlarida emas, balki o’zlarining hududlarida shunday imtiyozlarga ega bo’ldilar. Rossiya imperiyasi tazyiqi ostida tuzilgan bunday shartnoma Qo’qon xonligidagi savdo ahli o’rtasida kuchli norozilikka olib keldi.
1868-yil iyunda imzolangan Buxoro-Rossiya shartnomasiga ko’ra, Rossiya savdogarlari uchun:
Rus fuqarolari e’tiqodidan qat’iy nazar amirlik hududida erkin savdo qilish huquqi;
Rus savdogarlarining mulki va shaxsiy xavfsizligi kafolati;
Rus savdogarlariga amirlik hududi orqali qo’shni davlatlarga erkin sayohat qilish huquqi;
Rus savdogarlarining amirlikning barcha hududlarida savdo agentliklarini ochish huquqi berildi;
Amirlik hududiga olib kirilgan rus tovarlari uchun boj 2,5 foiz miqdorda belgilandi.
Ushbu shartnoma Rossiya imperatori Aleksandr II tomonidan ratifikatsiya qilinmagan. Ammo 1873-yil Shaar shartnomasi imzolangunga qadar Rossiya va Buxoro amirligi o’rtasidagi munosabatlarni sezilarli darajada belgilab bergan. 1873-yil 28-sentabrda Kaufman va Amir Muzaffar o’rtasida imzolangan Shaar shartnomasi (Shaar yoki Shahar-Sabiza) shartnomasiga ko’ra, rus savdogarlari:
O’z hududlari orqali uchinchi davlatlarga tovarlarni bojsiz o’tkazish;
Amirlikda erkin savdo qilish;
Rus savdogarlariga amirlikda, Buxoro savdogarlariga esa Turkiston generalgubernatorligi hududida savdo agentliklari va karvonsaroylariga ruxsat berildi;
Amir amirlik hududida qul savdodini to’xtatish majburiyatlarini oldi.
Ushbu shartnomalar natijasida o’lkadagi shariat qoidalari buziladi. Endilikda ruslar avvallari musulmon savdogarlarigina foydalanadigan huquqlarga ega bo’ladilar. Shu vaqtdan boshlab rus savdogarlari 2,5 foiz miqdordagi zakotdan boshqa hech qanday soliq va to’lovlarni to’lamaydigan bo’ladilar. Shartnomaning 7-moddasiga asosan, rus savdogarlari amirlik hududi orqali chet davlatlarga o’z mahsulotlarini bojsiz olib o’tadigan bo’ldilar. Shungdek, Buxoro amirligi endilikda Rossiyaning ruxsatisiz boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustaqil o’rnatish huquqidan mahrum bo’ldilar.
Buxoroning Rossiya tomonidan bo’ysundirilishi, tez orada uning iqtisodiy jihatdan ham qaramligiga olib keldi. Buxoroning pul va boj tizimi ham Rossiya imperiyasiga bo’ysundiriladi. Metropoliya Buxoro bozorlarida ham yakka hukmronlikni qo’lga kiritadi. Natijada, Buxoro tashqi savdoda Sharq va G’arb davlatlari bilan aloqlarini yo’qotdi.
1873-yilgi Gandamiyon shartnomasiga ko’ra, rus savdogarlari va sanoatchilariga Xiva xonligining barcha joylarida bemalol savdo-sotiq qilishlari uchun barcha to’siqlar olib tashlandi va ular barcha boj va to’lovlardan ozod qilindi.
1867-yilda qabul qilingan “Yettisuv va Sirdaryo viloyatlarini boshqarish haqidagi qoidalar loyihasi” Turkiston general gubernatorligi tuzilgach, o’lkadagi bojxona ishlarini yuritishning asosiy huquqiy shakli bo’ldi. Unga ko’ra, 1868-yili Turkistondagi zakot ishlarini yuritish uchun Xo’jalik boshqarmasi tashkil etiladi. Ushbu boshqarma chegara orqali kelayotgan har bitta karvondan zakot undirish bilan shug’ullangan. Nazoratni aniq va to’g’ri olib borish uchun hisobot daftarlari tashkil etilgan. Savdogarlarga zakot to’laganliklarini tasdiqlovchi hujjat ham berilgan. Agarda chegaradan olib o’tilayotgan tovarlarning miqdoriga shubha qilinsa, boshqarmaning bir nafar rus amaldori va ikki mahalliy savdogar guvohligida yuklar ochilgan va uning haqiqiy miqdori aniqlangan. Shundan keyingina, yuklarning nazoratga olinganligi va mamlakat hududiga qonuniy olib kirilganligi haqida maxsus hujjat berilgan. Savdogarlar mamlakat hududıga olıb kırayotgan tovarlari miqdorini bekitsa yoki miqdorini kamaytirib ko’rsatishga harakat qilsa, to’lashi lozim bo’lgan zakotning ikki barobari moqdorda jarima to’lagan. Jarimaning 50 foizi davlat hisobiga undirilgan bo’lsa, qolgan 50 foizi ushbu huquqbuzarlikni aniqlagan shaxs hisobiga undirilgan.
1872-yil aprel oyida Turkiston general gubernatorligi tarkibida Zakot boshqarmasi tashkil etilgan edi. Ushbu boshqarma 1874-yil dekabr oyigacha o’z faoliyatini davom ettirgan. Zakot boshqarmasining tashkil etilish sabablaridan biri mahalliy zakotchilarga bo’lgan ishonchsizlik edi. Boshqarma 1874-yilgacha Toshkent shahar yarmarka qo’mitasiga bo’ysungan. Ushbu boshqarmaning asosiy vazifasi o’lkaga kirib kelgan yoki o’lkadan chiqib ketayotgan karvonlarni ro’yxatga olish, karvonlardagi yuklarning miqdorini aniqlash, chorva mollari va yuklar uchun zakot undirishdan iborat edi.
Turkiston general gubernatorligi tashkil etilgach, rus savdogarlaridan boj undirishda o’zgarishlar yuz berdi. Endilikda rus savdogarlaridan “Savdo-sotiq va kasb-hunar uchun boj haqida”gi Nizom asosida boj to’lovlari undirilgan. Ammo Sirdaryo viloyatining Perovsk va Kazalinsk uyezdlarida, Yettisuv viloyatining esa barcha hududlarida savdogarlarning hammasi, ular rus yoki mahalliy savdogarligidan qat’iy nazar boj to’lovlarini to’lash borasida yuqoridagi Nizomga bo’ysunar edilar.
1875-yili Turkistonda Zakot boshqarmasi tugatiladi. Shu sababli o’lka 1881-yilga qadar bojxona nazoratidan chetda qoladi. 1868-yildan beri qo’shni davlatlardan olib kelinadigan choyni narxiga qo’yilgan rus bojni ham hech qanday idora jalb etilmaydi. Bu vaziyat esa Rossiya hukumatini jiddiy xavotirga solib qo’yadi. Birinchidan, O’rta Osiyo va Rossiya o’rtasida imzolangan shartnomaga ko’ra, bu hududlardan kirib kelayotgan mahsulotlaridan bojxona to’lovlari talab qilinmas edi. Proteksionistik tashqi siyosat olib borayotgan Rossiya hukumati uchun bu holat iqtisodiyot va davlat budjeti uchun juda katta zarba edi. Ikkinchidan, O’rta Osiyoni o’z tovarlari sotiladigan ichki bozorga aylantirish niyatida bo’lgan Rossiya uchun bu hududga chet el tovarlarining kirib kelishi hukmron doiralar manfaatlariga to’g’ri kelmas edi.
Shu maqsadda 1881-yil 19-dekabrda Turkiston general gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Kolpakovskiy o’lkaga Osiyo va G’arbiy Yevropa tovarlarining kirib kelishiga chek qo’yish maqsadida vaqtinchalik bojxona qoidalarini joriy qiladi. Ushbu qoidalar sirasiga quyidagilar kiradi:
O’rta Osiyo davlatlarida ishlab chiqarilgan barcha turdagi mahsulotlarni Turkiston general-gubernatorligi hududiga boj to’lovlarisiz olib kirishga ruxsat etiladi;
Barcha chet el tovarlari (choy, doka va bo’yoqlardan tashqari), Yevropa, Eron va Turkiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlar Turkistonga olib kirilishi qatiyan man etiladi;
Bir pud brutto choy uchun 14 rubl 40 tiyin, bo’yoq mahsulotlari uchun 1 rubl, doka uchun esa 6 rubl miqdorda boj miqdori belgilanadi;
Bojlarni undirish rus kredit rubllarida amalga oshirilgan;
Turkistonga olib kirilishi ta’qiqlangan yoki boj to’lanishi shart bo’lgan mahsulotlarni yashirincha olib kirilganligi aniqlansa, ushbu tovarlar musodara qilingan. Musodara qilingan tovarlardan tushgan mablag’larning 25 foizi shu muassasa xodimlariga berilgan. Keyinchalik bu mablag’lar maxsus fondlarga o’tkazilgan.
Chetdan mahsulotlarning kirib kelishini nazorat qilish va ulardan boj to’lovlarini undirish ishlari o’lkada faoliyat olib boruvchi harbiy-politsiya amaldorlariga yuklatilgan edi. Ushbu amaldorlar Harbiy vazirlik hisobida turgan. Ushbu politsiyachilar ta’minoti Harbiy vazirlik kreditlaridan qoplanar edi. Bojxona bojlaridan tushadigan jami daromadlar ham 1883-yilgacha ushbu vazirlik ixtiyorida bo’lgan. Ushbu chora-tadbirlar natijasida o’lkada noqonuniy Tovar olib kirish avj oladi va boj to’lovlarining tushumi keskin kamayib ketadi.
XIX asrdan bozor munosabatlari shakllana boshladi. Natijada bojxona siyosati Tovar sotishning yangi bozorlarni egallashga yordam beradigan asosiy vositasiga aylanib qoladi. Buxoro amirligining katta qismini Britaniya Hindistoni nazorat qiladigan Afg’oniston bilan chegarada bojxonalar tashkil qilindi.
1891-yili Rossiya Moliya vazirligi tomonidan O’rta Osiyo bozorlarida kuchli savdosanoat monopoliyasini o’rnatish bo’yicha muhim ishlar amalga oshirildi. 1892-yili Buxoro amirligi va Xiva xonligi Rossiya bilan yagona bojxona tizimiga o’tish haqida shartnoma imzolaydi. Ushbu shartnoma asosida bojxona chegarasi buxoro-afg’on chegarasiga o’tkaziladi. Ushbu loyihani 1892-yil 7-avgustda Rossiya imperatori Aleksandr III ko’rib chiqadi va tasdiqlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Rossiya imperiyasining O’rta Osiyoni bosib olishdagi asosiy maqsadlari – sanoat uchun arzom xom-ashyo mahsulotlari va imperiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun yangi bozorlarni vujudga keltirishdan iborat edi. Shu sababli ham Rossiiya imperiyasi O’rta Osiyoni bosib olishda birinchi o’rinda o’lka bozorlari va iqtisodiy resurslarni butunlay qo’lga olishga harakat qilganlar. Shuningdek, O’rta Osiyo bozorlarini egallab olish shu hududda o’z savdo monopoliyalarini qaror topdirish maqsadida boj tizimini ham tubdan o’zgartirib, shu maqsadlarga xizmat qiluvchi boj siyosatini ham yuritdilar.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. XOLIQOVA, R. (2017). TURKISTON CHOR ROSSIYASI MU ST AML
AKACHILIGI DAVRIDA.
2. BATIROVNA, Q. L. (2022). AG Serebrennikov fondi–Rossiya imperiyasining Turkistondagi boshqaruv siyosatini yorituvchi manba. International Journal of Philosophical Studies and Social Sciences, 1(5), 1-9.
3. Rasulov A., Isoqboyev A. Turkiston va Rossiya munosabatlari tarixi (o’quv qo’llanma) I qism. – Namangan, 2012. – B. 78
4. Babaxonov M. B. 1868-yilgi Rossiya-Buxoro shartnomasi (1873) va amirlikning Rossiya imperiyasining vassaliga aylanishi // Rossiya-Tojikiston: munosabatlar tarixi. – D., 2009. – B. 76
5. Xalfin N.A. Oʻrta Osiyoning Rossiyaga qoʻshilishi (60-90-yillar) 19-asr). - M., 1965. – B. 98
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.