MAHMUDKHOJA BEHBUDI AND ISMAIL GASPRINSKI’S
COOPERATION ON THE PATH OF KNOWLEDGE AND ENLIGHTENMENT
Yodgorova Soliha Obidjon qizi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
islomshunoslik mutaxassisligi 1-bosqich magistranti
Annotatsiya. Ushbu maqolada Mahmudxo‘ja Behbudiy va Ismoil G‘aspiralining jadidchilik harakatidagi o‘rni, ularning ilm-ma’rifat yo‘lidagi hamkorligi hamda turkiy xalqlarni taraqqiyot sari yetaklash borasidagi harakatlari tahlil qilinadi. Shuningdek, Behbudiy va G‘aspiralining matbuot va ta’lim sohasidagi faoliyati, o‘zaro aloqalari va ularning merosi haqida fikr yuritiladi.
Kalit so‘zlar: Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ismoil G‘aspirali, jadidchilik, ilm-ma’rifat, matbuot, ta’lim, “Tarjimon” gazetasi, “Oyna” jurnali.
Abstract. This article analyzes the role of Mahmudkhoja Behbudi and Ismail Gasprinski in the Jadidism movement, their cooperation in the field of knowledge and enlightenment, and their efforts to lead Turkic peoples toward progress. Additionally, the article explores their activities in the fields of media and education, their mutual interactions, and the legacy they left behind.
Keywords: Mahmudkhoja Behbudi, Ismail Gasprinski, Jadidism, knowledge and enlightenment, media, education, “Tarjimon” newspaper, “Oyna” journal.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkiston va boshqa musulmon o‘lkalari jadidchilik harakati ta’sirida taraqqiyot sari intila boshladi.Ushbu harakatning asosiy maqsadi im-ma’rifatni rivojlantirish, ta’lim tizimini isloh qilish, matbuot orqali xalqni uyg‘otish hamda ularni jaholat va qoloqlikdan olib chiqish kabi muhim maqsadlarni ilgari surgan. Ismoil G‘aspirali va Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ziyolilar bu jarayonda asosiy yetakchilar bo‘lib, ular turkiy xalqlarning diniy, ilmiy va madaniy rivojlanishi, ma’rifiy taraqqiyoti uchun matbuot va ta’lim orqali katta hissa qo‘shdilar. Ismoil G‘aspirali Rossiya imperiyasi tarkibidagi musulmon xalqlari uchun jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib qilgan va “Tarjimon” gazetasini nashr etgan bo‘lsa, Mahmudxo‘ja Behbudiy bu g‘oyalarni Turkiston hududida amalga oshirishga harakat qilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy G‘aspiralining izidan borib, uni o‘ziga ustoz deb bilgan. Ular matbuot va ta’lim sohasi orqali bir-biriga fikran yaqinlashib, jadidchilik harakatining rivojlanishida muhim ishlarni amalga oshirishgan.
Ismoil G‘aspirali 1883-yilda “Tarjimon” gazetasini nashr etib, unda musulmon xalqlarining rivojlanishi uchun ta’lim, til va matbuot muhim vosita ekanimi ilgari surgan. Uning “Tilda, fikrda va ishda birdamlik” shiori turkiy xalqlar orasida katta e’tibor qozongan va jadidchilik harakatining asosiy tamoyillaridan biriga aylangan. U eski madrasalardagi ta’lim tizimini tanqid qilib, yangi maktablar – usuli jadid maktablarini yaratish zarurligini ta’kidlagan. Uning g‘oyalari qisqa vaqt ichida Qirimdan tashqariga chiqib, Turkiston, Kavkaz va Qozon hududlariga tarqalgan.
Matbuot sohasi G‘aspiralining ham Behbudiyning ham faoliyatida muhim o‘rin tutgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy Ismoil G‘aspiralining fikrlarini katta qiziqish bilan o‘rganib, uning “Tarjimon” gazetasiga obuna bo‘lib, unda muntazam ravishda maqolalar chop etgan. 1904–1914-yillar orasida Behbudiy “Tarjimon” gazetasining sahifalarida Turkiston jadidchilik harakati, yangi usul maktablari, ilm-ma’rifatning ahamiyati va matbuotning roli haqida 34 ta maqolasi e’lon qilingan. Bu esa Turkiston ziyolilari orasida jadidchilik g‘oyalarining tarqalishiga katta hissa qo‘shgan.
G‘aspirali o‘zining “Tarjimon” gazetasi orqali o‘z yurtining xalqini uyg‘otishga harakat qilgan bo‘lsa, keyinchalik Behbudiy “Oyna” gazetasi orqali xuddi shu maqsadni Turkistonda amalga oshirgan. Behbudiy “Tarjimon” gazetasidan ilhomlanib, 1913-yilda “Samarqand” gazetasini va “Oyna” jurnalini nashr eta boshlagan. Ushbu nashrlar jadidchilik g‘oyalarini ommalashtirish va xalqni uyg‘otish vositasi bo‘lgan. Behbudiy gazeta va jurnallarda ilmga, madaniyatga va taraqqiyotga undovchi maqolalar e’lon qilgan. U bu orqali xalqni o‘z huquqlari, ta’limning ahamiyati va dunyodagi siyosiy voqealar bilan tanishtirgan.
Ismoil G‘aspirali o‘z faoliyatida yagona turkiy adabiy til yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratgan bo‘lsa, Behbudiy ham bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan va Turkistonda til islohoti haqida maqolalar yozgan. U G‘aspiralining tilga oid qarashlarini amaliyotga tatbiq etib, “Oyna” jurnalini “turkiy va forsiy” tilda nashr etgan. Behbudiy til birligi orqali turkiy xalqlarning ma’naviy yaqinlashuviga erishish mumkinligini ta’kidlagan.
Behbudiy 1903-yilda Samarqandda ilk jadid maktabini ochgan va yosh avlodni zamonaviy ta’lim olishga undagan. Samarqandning Namozgoh jome masjidi atrofida Mahmudxo‘ja Behbudiy ajdodlariga qarashli keng va obod bog‘ bo‘lgan. Katta hududdagi olmazor va tokzorga, albatta, Samarqandning iqlimi ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bog‘dan kelgan daromadni Mahmudxo‘ja samarqandlik bolalar uchun darsliklar olish, yangi maktab qurilishi va zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun sarf qilgan. U o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda G‘aspiralining yondashuvlaridan foydalangan, maktablarda o‘qitish uchun ko‘plab darsliklar yozgan hamda yangi usulda dars beradigan o‘qituvchilar tayyorlashga e’tibor qaratgan [5]. Bu maktablarda Qur’on ilmi, islom tarixi kabi diniy fanlar bilan birga matematika, geografiya, adabiyot, tarix, rus va turkiy tillar o‘qitilgan. Maktablarda she’rlar, maqolalar va sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga, shuningdek, zamon talabiga mos ravishda Turkiston musulmonlarining sha’ni va obro‘sini himoya qilishga intildilar. O‘sha tahlikali davrda Mahmudxo‘ja Behbudiy “Yangi maktab va muallimlari va anda o‘qitilaturg‘on maktablarni ma’nan taftish etish, andagi nuqsonlarnni bayon etmoq tanqiddir” shunday yozgan edi.
Behbudiy ta’lim islohoti orqali mustamlakachilik zulmidan qutulish va milliy taraqqiyotga erishish mumkin deb hisoblab, keyinchalik Samarqanddan boshqa shaharlarda ham yangi usul maktablarini ochgan.
Bundan tashqari Mahmudxo‘ja Behbudiy jadidchilikni nafaqat maktablar va matbuot, balki teatr san’ati orqali ham rivojlantirishga harakat qilgan. Turkistonda teatr madaniyatining shakllanishiga asos solgan. Uning 1911-yilda yozgan “Padarkush” dramasi 1912-yilda “Turon” gazetasida chop etilgan, 1913-yilda esa alohida kitob sifatida nashr qilingan. Behbudiy ushbu asarida ham yosh avlodning bilimli va madaniyatli bo‘lishi zarurligi ta’kidlangan. “Padarkush” dramasi muvaffaqiyat qozonib, Samarqand, Toshkent, Buxoro shaharlari teatrlarida sahnalashtirilgan.
Ismoil G‘aspirali va Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat ilm-ma’rifat yo‘lida hamkorlik qilgan, balki ularning siyosiy qarashlari ham o‘xshash bo‘lgan. G‘aspirali Rossiya musulmonlari uchun madaniy muxtoriyat masalasini ko‘tarib chiqqan bo‘lsa, Behbudiy ham Turkistonda madaniy muxtoriyat g‘oyasini ilgari surgan va uni Davlat Dumasiga taqdim etish uchun takliflar ishlab chiqqan. Ular mustamlaka zulmiga qarshi kurashning eng samarali yo‘li ma’rifat orqali uyg‘onish ekanini ko‘p bora ta’kidlashgan.
Yuqoridagilardan shuni xulosa qilish mumkinki, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Ismoil G‘aspirali ilm-ma’rifat yo‘lida katta xizmat qilgan jadidchilik harakatining ikki buyuk namoyandasi hisoblanib, ularning matbuot va ta’lim sohasidagi islohotlari turkiy xalqlarni uyg‘otishda katta rol o‘ynadi. G‘aspiralining “Tarjimon” gazetasi va Behbudiyning “Oyna” jurnali, Samarqand gazetasi xalq ongini shakllantirishda muhim vositalar bo‘ldi. Ularning faoliyati bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Ular ilgari surgan ilmma’rifat, taraqqiyot va zamonaviy ta’lim g‘oyalari hozirgi kun uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
FOYDALANILGAN MANBA VA ADABIYOTLAR
1. Abdirashidov. Z. XX asrning turkiy dunyoning ikki buyuk intellektuali Ismail
Gaspirnskiy va Mahmudho‘ja Behbudiy. Aydın Türklük Bilgisi Dergisi (AY-
TBD) Yıl 6 Sayı 11 Bahar - 2020.
2. Alimov S. Jadidchilik harakati va uning ta’siri. Toshkent, 2001.
3. Behbudiy M. “Oyna” jurnali. Samarqand, 1913.
4. G‘aspirali I. “Tarjimon” gazetasi maqolalari to‘plami. Qrim, 1895.
5. Karimov A. O‘zbek jadidlari va ma’rifatparvarlik. Toshkent, 2010.
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.