JADIDCHILIK – MA’RIFAT VA JAMIYAT TAQDIRI
Ergashev Baxtiyar Ergashevich
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Tarixshunoslik va
manbashunoslik kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor
Annotatsiya. Yurtimizdagi islohotchilik harakati murakkab tarixiy yo‘lning serqirra tomonlarni bosib o‘tdi. XIX asrning 2-yarmi – XX asr boshida mustamlaka tuzum zamirida xalqimizning ilg‘or ziyoli vatanparvarlari ta’limni isloh qilishda turli mamlakatlardagi taraqqiyot tajribalarini o‘rgangan holda Turkistonda jadidchilik harakatiga asos solishdi. Jadidlar ijtimoiy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi sifatida ta’limni isloh qilish orqali xalqimizni ilg‘or bo‘lishi uchun turlicha qarashlar, g‘oyaviy to‘qnashuvlar mustamlakachilikka qarshi kurash maydoniga aylandi.
Kalit so‘zlar: Turkiston, jadidchilik harakati, ma’rifatparvarlik g‘oyasi, ta’lim islohotlari, “yosh buxoroliklar”, “yosh xivaliklar”, ommaviy matbuot.
Аннотация. Реформаторское движение в нашей стране прошло сложный исторический путь со множеством поворотов. Во второй половине XIX – начале XX века в условиях колониального режима прогрессивные патриоты-интеллектуалы нашего народа, изучая опыт развития различных стран в деле реформирования образования, основали в Туркестане движение джадидов. Джадиды, выступавшие за развитие нашего народа посредством реформы образования как главного направления социального прогресса, превратили различные взгляды и идеологические конфликты в арену борьбы с колониализмом.
Ключевые слова: Туркестан, джадидское движение, просветительские идеи, образовательные реформы, «молодые бухарцы», «молодые хивинцы», массовая печать.
Abstract. The reform movement in our country has gone through a complex historical path with many twists and turns. In the second half of the 19th – early 20th centuries, under the colonial regime, progressive patriots and intellectuals of our people, studying the experience of various countries in the field of educational reform, founded the Jadid movement in Turkestan. The Jadids, who advocated the development of our people through educational reform as the main direction of social progress, turned various views and ideological conflicts into an arena for the fight against colonialism.
Key words: Turkestan, Jadid movement, educational ideas, educational reforms, “young Bukharans”, “young Khivans”, mass media.
Mustaqillik sharofati bilan milliy tariximizga boʻlgan e’tibor kuchaydi. Istiqlol tufayli qaror topgan, hurfikrlik sharoitida haqqoniy tariximizni tiklash va uni xolisona tahlil etish davr talabiga aylangan, bugungi kunda oshkoralik yuzini koʻrishga va tuhmat tamgʻalaridan xalos boʻlishga musharraf boʻlgan yaqin oʻtmishimiz – XIX asr oxiri va XX asrdagi milliy taraqqiyparvarlik harakati boʻlgan – jadidchilik toʻgʻrisida fikr yuritamiz.
Jadidchilik harakatining vujudga kelishi, uning ijtimoiy-siyosiy mohiyati ma’rifatparvarlikdan qudratli siyosiy harakatga qadar boʻlgan murakkab rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Jumladan, XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi Turkistondagi ijtimoiysiyosiy hayot, chor imperiyasi yuritgan mustamlakachilik siyosati, xalqning ogʻir iqtisodiy ahvoli, jahonning taraqqiy etgan mamlakatlaridan iqtisodiy jihatdan ortda qolishi, madaniy qoloqlik, ijtimoiy ongdagi turgʻunlik – jadidlarni jahon taraqqiyoti tajribasidan foydalanib, tezlikda bu holatdan chiqish yoʻllarini izlab topishga chorladi.
Jadid» termini «usul-i-jadid» («yangi usul») tushunchasidan iborat boʻlib, gʻarb namunasidagi yangicha usulda oʻqitishga asoslangan edi. Jadidchilik oʻzidagi qaysi belgilari bilan favqulodda hodisa edi? Uning fenomeni (noyobligi) nimada? Ularning jamiyatdagi inqiroz va mutaassiblikni shu darajada aniq koʻrishlariga, diniy, huquqiy va ahloqiy normalarga amaliy yondashishiga nima yordam berdi? Birinchidan, uning noyobligi (fenomeni), avvalo, unda gʻoyatda yuqori darajadagi aql-idrokli, ham Sharq, ham Yevropa madaniyatiga xos bilimlarga ega boʻlgan ziyolilar jamlanganligi bilan belgilanadi.
Oʻtmishga nazar solib, uni oʻrganib, oʻz davrini tahlil qilgan jadidlar oʻz Vatanining kelajagi loyihasini tuza bildilar, uning rivojlanish yoʻllarini rejalashtirdilar. Ularning deyarli barchasi oliy diniy ta’lim olganlari, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy she’riyati, qadimgi Sharq mutafakkirlarining falsafiy asarlari ruhid tarbiyalanganlari, oʻz bilimlarini chet el madaniyati, jumladan, ham Sharq, ham Gʻarb madaniyati yutuqlari bilan boyitdilar.
Turkistonda bu harakatning koʻzga koʻringan vakillaridan Mahmudxoʻja Behbudiy, Ubaydulla Asadullaxoʻjayev, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Toshpoʻlatbek Norbutayev, Xoji Muin, Abduqodir Shakuriy, Nosirxontoʻra Kamolxontoʻrayev, Obidjon Mahmudov, Ashurali Zohiriy, Eshonxoʻja Xonxoʻjayev, Is’hoqxon Ibrat; Buxoroda – Sadriddin Ayniy, Fayzullo Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Mussa Saidjonov, Abdulvohid Burxonov, Usmon Xoʻjayev, Mirkomil Burxonov, Muhitdin Rafoat, Muhitdin Mansurov, Muxtor Saidjonov, Abduqodir Muhitdinov va boshqalar; Xivada – Bobooxun Salimov, Polvonniyoz Xoji Yusupov, Avaz Oʻtar, Husayn Matmurodov, Nazar Sholiqorov, Otajon Abdalov, Xudoybergan Devonov, Muhammad Rasul Mirzo, Matyoqub Pozachi, Otajon Sadayev, Bekjon Raximov, Muhammad Devonzoda va boshqalar nomlarini alohida tilga olish zarur. Bular nafaqat halq ommasining ma’rifatli qilishga balki, mustaqillik gʻoyalarini shakllantirishda ham katta hissa qoʻshdilar.
Jadidchilik asta-sekin rivojlanib borgan. Ma’rifatparvarlik gʻoyasidan boshlangan bu harakat, keng quloch yozib borgan. Ma’rifatparvarlik bilan birgalikda, jadidlar eski ijtimoiy va siyosiy tizim taraqqiyotning ilgʻor shakliga oʻzgartirishga intilganlar. Lekin bu harakatning ikkinchi bosqichi edi. Ma’rifatparvarlik bosqichida, jadidlar oʻzlarining asosiy vazifasi sifatida yangi tizimdagi ta’limni yaratishni koʻrdilar va bor kuchlarini shu islohotni amalga oshirishga sarfladilar. Maorif sohasidagi olib borilgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida keyinroq batafsil soʻz yuritamiz.
Turkiston jadidlarini birlashtirishda «Jadidlarning rahbari» deb tan olingan Mahmudxoʻja Behbudiyning xizmati beqiyos boʻldi. Jadidlar tarkibini yosh jihatdan tahlil qilish natijasida, jadidlarning Turkistonning boʻlgʻusi davlat qurilishi dasturlarida, haqiqatan ham, yoshlar dunyoqarashi oʻz aksini topganligiga ishonch hosil qilamiz. 1910 yilda jadidlar safini asosan 19 yoshdan 36 yoshda boʻlgan boʻlsa, keyinchalik yoshlarning sevimli shoiriga aylangan Choʻlpon, endigina 13 yoshda edi. Ularning hech birlari, siyosiy ta’qiblar tufayli keksalik yoshigacha yetib yashamaganlar.
Vatanimizdagi bu islohatchilik harakati murakkab, tarixiy jihatdan serqira yoʻlni bosib oʻtdi. Jadidchilik turli mamlakatlardagi taraqqiyot, islohatlar uchun olib borilgan harakatlarning falsafiy tajribasini tanlab olib, bu tajribani milliy asosda qayta ishlashga intildi, ayni paytda, ijtimoiy taraqqiyot haqidagi turli qarashlarning toʻqnashuv maydoni ham boʻldi. Mustamlakachilikka qarshi kurashning bosh gʻoyasi, ana shu murakkab yoʻlda shakllanib yetildiki, bu gʻoyani biz bugungi kunda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarning gʻoyaviy nishonasi, keng miqyosdagi islohatlarning nasliy asosi sifatida baholashimiz mumkin.
Markaziy Osiyoda jadidchilik serqirra boʻlib, uning Turkiston, Buxoro, Xiva jadidchiligiga boʻlish lozim. Xususan Buxoro va Xiva jadidchilik oʻziga xos rivojlanib bu shu hudud aholisining (siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy holati bilan bogʻliq edi). Jadidchilikning asosiy yoʻnalishi boʻlib oqimlaridan biri – Buxoro jadidchiligi boʻlgan. Buxoro jadidchiligi oʻz xususiyatlari va jamiyatning axloqiy ahvoli bilan bogʻliq edi. Oʻziga xos tarzda ajralib turadigan va murakkab shaxs boʻlgan Fayzulla Xoʻjayev, uning maslakdoshlari Buxoro jadidchiligida markaziy oʻrin tutdilar.
Buxoro amirligida jadidlar ikki oqimga – eskicha fikrlaydiganlar va Fitrat boshchiligidagi yoshlarga ajraldi. Natijada, oʻzaro kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan birlik yuzaga keldi. Bu holat esa kelishib olinmagan harakatlarga sabab boʻldi.
Xiva xonligida ham jadidchilik XX asr boshlarida bir muncha tarixiy sharoitlarda yuzaga keldi. Xonlikda jadidchilik harakati ikki yoʻnalishda mavjud edi. Uning oʻng oqimi oʻziga savdo – sanoat korxonalari egalari va yirik mulkdorlarni birlashtirdi. Bu oqimni Asfandiyorxonning bosh vaziri boʻlgan – Islom Xoʻja boshqargan. Ularning maqsadi, xonlik hokimiyatini saqlagan holda, ijtimoiy – iqtisodiy islohatlar oʻtkazgan holda bozor munosabatlarini rivojlantirish edi. Xiva jadidchiligining chap oqimiga mayda burjuaziya vakillari, hunarmandlar, ulamolar va aholining oʻrta qatlami kirgan. Bu oqimning rahbari Xiva xonligi shayxul – islomi, qozi kalon Boboxun Salimov edi. Lekin Birinchi jahon urushiga qadar Xiva jadidlarining yagona markazi va dasturiy hujjatlari boʻlmagan.
Buxorodagi jadidchilik harakati natijasida «yosh buxoroliklar» partiyasi tuzilgan boʻlsa, oʻz navbatida Xivada jadidchilikning chap oqimidan «yosh xivaliklar» partiyasi tuzilib, uni Polvonniyoz Xoji Yusupov (Polyozxoji) boshqaradi. Partiya oʻz dasturiga ega boʻlib, unga koʻra Xivada konstitutsion monarxiyani oʻrnatib, va unda demokratik oʻzgarishlarni amalga oshirish lozim edi.
Jadidchilik harakatining eng muhim tomonlaridan biri ma’rifatparvarlik gʻoyalari bilan bogʻliq boʻlib, bu gʻoyalar oʻqish va oʻqitish usullariga isloh kiritish – yangi usul maktablarini tashkil etish, oʻquvchilarga zamonaviy bilimlar berish, Sharq va Gʻarb tillarini oʻrgatish, darsliklar yaratishda, ayniqsa, yorqin koʻrinadi. Ular yangi tashkil etilgan maorif tizimi orqali shakllanib kelayotgan yoshlarga ijobiy ta’sir koʻrsatishga intilganlar. Yangi usul maktablari Turkistonda jadid ma’rifatchiligining dastlabki qadami boʻlishi bilan birga to bu harakat siyosiy tus olguncha, ahamiyatini yoʻqotmadi.
1884 yilda Boxchasaroyda Ismoilbek Gasprinskiy “usuli jadid” maktabini ochgan boʻlib, bu maktablarda oʻqigan musulmon bolalari oz vaqt ichida dono va savodli, astasekin esa bilimli boʻlib yetishar edi. Uningcha, eng muhimi musulmonlarning eski tartibdagi yodlab oʻqishlariga asoslangan ruhoniy ilmlarni oʻrganishini isloh etib, tovushlar asosida oʻzlashtirilgan alifbo bilan oz fursatda xat-savod chiqarishni joriy qilish, ma’naviy ilmlar qatoriga zamonaga xos dunyoviy ilmlarni qoʻshish, huquq-tartibotlar asosini egallash, boshlangʻich sinflar uchun alohida oʻqituvchilar tayyorlanishi lozim; oʻqituvchilar oylik maosh bilan ta’minlanishi lozim; oʻqitish ma’lum bir dastur asosida va darsliklar vositasida olib borilishi kerakligi va hokazo. Oʻzining bu qarashlarini u 1883 yildan chop etiladigan «Tarjumon» gazetasi orqali targʻib eta boshladi. Bu masalaga keng unga yordam etmoqdir», - deb aytgan va maktab-maorif haqidagi yangicha nuqtai nazarni bevosita hayotga tatbiq etish yoʻlida tinimsiz xizmat qilgan. Shu maqsadda «Shirkati Buxoroi Sharif» Usmonxoʻja va Hamidxoʻjalarni Boxchasaroy va Istambulga yuboradi, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulqodir Shakuriy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy Qozon, Orenburg, Istambulga tashrif buyurdilar. Ular u yerdagi jadid maktablari tajribasi, matbuot, adabiyot va teatr bilan tanishishni koʻzlagan edilar. Shunday qilib, Mahmudxoʻja Behbudiy, Gʻozi Olim Yunusov, Abdurauf Fitrat va boshqalar Istambul va Qohira universitetlarida, Mirmoʻhsin Shermuhammedov, Moʻminjon Muhammadjonov, Lutfulla Olimi, Shokir Sulaymonlar Ufa va Orenburg madrasalarida oʻqiganligi haqida ma’lumotlar bor. U yerda ular Ismoilbekbek Gasprinskiy, Abdurashid Ibrohimov, Fotih Karimi va boshqa ma’rifatparvarlar faoliyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatlariga ega boʻldilar.
XIX asr oxiri – XX asr boshidan Turkiston va Buxoro jadidlarining buyuk namoyandalari Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulqodir Shakuriy, Hoji Muyin, Soʻfizoda, Siddiqiy-Ajziy, Salohiddin domla va boshqalar “usuli jadid” maktablarini ochishga, yoshlarni dunyoviy bilimlarni egallashga, “millat ravnaqi”ga harakat qila boshladilar. Jadidlar yangi usuldagi maktablarda oʻqigan, ilmli va zamon talabiga javob bera oladigan yoshlarni tarbiyalash uchun kurashdilar. Bu bilan ularni oʻlkaning ijtimoiy-siyosiy, milliy-madaniy taraqqiyotida muhim oʻrinlarda boʻlishi, Turkistonning ravnaq etishiga salmoqli hissa qoʻshishlariga ishonganlar. Munavvarqori Abdurashidxonov oʻz oʻquvchilari uchun darsliklar ham yaratdi. U 1907 yilda “Adibi avval”, “Adibi soniy”, «Yer yuzi” darsliklarini yaratib, oʻquvchilarning bilim saviyasini oshirishda fidokorona mehnat qildi. Bu darsliklar 1901-1917 yillar oraligʻida eng kami 2-3, koʻpi bilan 9-10 martagacha alohida-alohida holda nashr etilgan. 1905 yilda Behbudiy yangi usul maktabini Samarqandning “Kaftarxona” qishlogʻida ochdi. Bu maktabda 40 ga yaqin oʻquvchi oʻqitilgan. Oddiy maktablarda 3-4 yil ichida oʻrganiladigan bilimlarni bu yangi maktabda oʻquvchilar bir yil ichida oʻzlashtirib olardilar. Bunday dalillar esa jadidlar tomonidan ochilayotgan yangi usul maktablari obroʻyining yanada oshayotganligini koʻrsatardi.
Jadidchilik harakati shunday ogʻir sharoitda, hayotiy zaminda shakllana bordi, jamiyatning yosh, ilgʻor, eng taraqqiyparvar qatlamlarini eski konservativ tartibotlariga, chor hukumatining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurash jarayonida voyaga yetkaza boshladi, ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’naviy jihatdan oʻsishini ta’minladi.
Jadidlar oʻz faoliyatlarida ma’rifatparvarlik bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiysiyosiy gʻoyalarni ham ilgari surdilar. Ularning vazifasi Turkistonni chor hukumati mustamlakachiligidan ozod etish edi. Oʻzlarining gʻoyalari, maqsadlari, vazifalarini targʻib etish yoʻlida Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qoʻqon, Fargʻona, Andijon shaharlarida gazeta va jurnallar chiqara boshlaganlar. Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida 1906 yilning sentyabrida Toshkentda “Xurshid” gazetasi chiqarila boshlandi. Bu gazeta oʻsha davrdagi Turkistonning hayoti va mahalliy xalqlarining yashashlari toʻgʻrisida, chor hukumatining olib borayotgan mustamlakachilik siyosatini tanqidiy tomondan yoritib berardi. Natijada, bu gazeta hukumat tomonidan qattiq siquv ostiga olinib, Munavvarqori Abdurashidxonov “Xurshid” gazetasi muharrirligidan boʻshatilib, oʻrniga Abdulla Avloniy tayinlandi.
1907 yilda esa Abdulla Avloniy va Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligida Toshkentda jadidlarning “Shuhrat” gazetasi chiqarildi. Haftada bir marta chiqadigan bu gazetada jadidlardan Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Mulla Qoʻshoq, Tursunxoʻja Hamidxoʻja oʻgʻli va boshqalar oʻz maqola va she’rlari bilan ishtiroq etganlar. Bu gazeta eskilikka, haqsizlikka, zulmzoʻrlikka qarshi kurash boshladi va A.Avloniy ta’rif berganidek, «bir yoqdan ilmiy islohot uchun mafkura hozirlagʻon boʻlsa, ikkinchi yoqdan el orasigʻa oʻzgarish tuxmini sochdi». Abdurashidxonov “Sadoi Turkiston”da (1914-1915 yy.) boʻlim muharriri, “Najot” (1917), “Kengash” (1917), “Hurriyat” (1917), “Osiyo”, “Sur’at”, “Haqiqat”, “Turon»da bosh muharrir boʻlib ishlagan vaqtlarida ham xalq taraqqiyotiga halaqit berayotgan jarayonlarni, zararli urf-odatlarni roʻyi-rost ochib tashladi. Mahmudxoʻja Behbudiy ham oʻsha davrdagi vaqtli matbuot sahifalarida Turkistondagi zulm va mahalliy istibdodga qarshi erk va ma’rifat, madaniyat, milliy ozodlik va adolat uchun kurash gʻoyalarini targʻib etuvchi maqolalari bilan chiqishlar qilgan va bu kurashda hamma jadidlarni birlashishga chaqirgan. Uning publisistik chiqishlari 1917 yilga qadar Turkistonda Behbudiydan oldin turadigan ikkinchi bir kishining yoʻqligini koʻrsatdi. Shuning uchun ham davlat va jamoat arbobi F.Xoʻjayev “oʻsha davrdagi Turkiston jadidlari orasida ham siyosiy, ham ijtimoiy faoliyat va bilimi kengligi jihatdan Mahmudxoʻja Behbudiyga teng keladigani topilmasa kerak”, - deb yozgan edi.
Jadidchilik harakatining dargʻasi, buyuk ma’rifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida Samarqandda ruhoniy oilasida tugʻildi.
Togʻasi Muhammad Siddiq yordamida xat-savod chiqaradi. Eski maktabmadrasada oʻqiydi. Arab tilini oʻrganadi. Qozixonalarda mirzalik, qozilik vazifalarida ishlaydi. 1893-1900-yillarda Makkaga haj safariga boradi.
1903-1904-yillarda Moskva, Peterburg, keyinroq Qozon, Ufa shaharlariga boradi. 1914-yilda Arabiston, Misr, Turkiya kabi bir qator mamlakatlarda boʻladi.
U oʻz davrining yirik islomshunoslaridan biri, muftilik rutbasiga erishgan zot edi. Behbudiy shu bilan birga hamisha bid’atga qarshi kurash olib bordi va oʻz asarlarida dinni toʻgʻri tushunishga va targʻib etishga da’vat etdi.
Vaqtli matbuot sahifalarida zamonasining dolzarb mavzulariga bagʻishlangan ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-adabiy maqolalari bilan faol ishtirok etadi. Uning 10-yillar Turkiston matbuotida 300 dan ortiq maqolalari e’lon qilingani ma’lum. Ushbu maqolalarning markazida maktab, maorif, madaniyat, ma’rifatparvarlik gʻoyalarining targʻiboti turadi.
1913-yilda u Samarqandda «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalini tashkil etadi. Har ikkala nashrming asosini ma’rifat-madaniyat, millat va ozodlik gʻoyalari tashkil qiladi. U 1911-yili «Padarkush» dramasini yaratdi.
Behbudiy yangi usuldagi maktablarning ilk targʻibotchi va asoschilaridan biri shuningdek, ana shu maktablar uchun darsliklar ham yaratgan yirik ma’rifatparvardir.
Behbudiy 1917-yilgi fevral va oktabr voqealaridan keyin Turkistonning mustaqil, ozod boʻlishi uchun tinmay kurashdi va shu yoʻlda oʻz jonini fido qildi. U Turkistonning milliy davlat qurilishi masalasini oʻrtaga tashladi. Oʻz xalqi taraqqiyotini nafaqat ma’rifatda, balki uning siyosiy maqomining keskin oʻzgarishida, oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritishida deb bildi. Uning Haq olinur, berilmas!» degan soʻzlari jadidlarning shioriga aylandi. U Turkiston Muxtoriyatini olqishladi. Uning hukumatiga a’zo sifatida saylandi. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgandan soʻng u siyosatdan bosh tortdi va Samarqandda maorif boʻlimi mudiri boʻlib ishladi. Lekin mustaqillik umidlaridan voz kechmadi. Sovetlar hukumatining qirgʻinlari, adolatsizliklari avjiga kelganda, bu holni jahonga ma’lum qilish uchun yoʻlga otlangan Behbudiy Buxoro amiri tomonidan hibsga olinib, 1919-yilning bahorida Qarshi shahrida qatl etiladi. M.Behbudiy qabrining qayerdaligi noma’lum.
Jadidlar oʻz asarlarida asosan Turkiston va Buxorodagi mavjud urf-odatlar, eski madrasa ta’limi, xurofot va jaholatni, mahalliy boylarning savodsizligini tanqid ostiga oldilar. Ular oʻlkani madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy qoloqlikdan qutqarish uchun dunyoviy va diniy ilmlarni oʻrganuvchi yoshlar kerakligini oʻqtirdilar. Bunday yoshlar rivojlangan mamlakatlarning shaharlari Moskva, Sankt-Peterburg, Istambul, Berlin, London, Parij oliy maktab va madrasalarida ta’lim-tarbiya, savod va ma’rifat olganligi, ularning Turkistonga kerakligini ommaga targʻib qildilar. Jadidlarning bu gʻoyaviy qarashlari shu davrdagi qator maqola va asarlarda, ayniqsa, Mahmudxoʻja Behbudiyning “Padarkush” (“Otasini oʻldiruvchi”) (1911) pyesasida ziyolining savodsiz boyga oʻgʻlini diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor qilish zarurligi borasida bergan nasihatlarida ochiqoydin koʻrinadi. Kundan kunga bu gazeta va jurnallarning soni koʻpaya bordi. 1917 yilgi fevral inqilobiga qadar “Taraqqiy” (1906), “Xurshid” (1907), “Tujjor” (1907), “Shuhrat” (1907), “Osiyo” (1908), “Samarqand” (1913), “Sadoi Turkiston” (1914), “Sadoi Fargʻona” (1914) gazetalari, “Oyna” (1914), “Al-isloh” (1915) jurnallari xalq ommasi orasida keng tarqaldi. Manbalar guvohlik berishicha, jadid gazetalari mahalliy xalqni madaniyat va ma’rifatga chorlagan. Bu gazetalar asta-sekin boʻlsa-da, barcha eskirgan aqidalarga qarshi mahalliy xalqning koʻzini ochishga harakat qildi.
Turkistonda ma’rifatchilik Ovroʻpo ma’rifatchiligidan farqli oʻlaroq ikki asosiy yoʻnalishda kechdi. Agar Ovroʻpo ma’rifatchiligi ilgʻor qarashlar mahsuli boʻlib maydonga chiqqan boʻlsa, Sharq ma’rifatchiligi unga yonma-yon antikolonial kayfiyatni ham ifoda etdi. Mohiyatan ilgʻor va antikolonial negizga ega boʻlgan ma’rifatchilik ilk pallalarda, asosan qoloq tartibotlarga qarshi kurash xususiyatini namoyon qildi. Chunki mustamlaka hukmronligiga qarshi quruq diniy ehtiroslar va faqat xususiy fidoyilik bilan kurashish mumkin emasligi qator stixiyali qoʻzgʻolon va isyonlarning achchiq tajribasidan, qolaversa, jahon tarixi saboqlaridan yaxshi ma’lum edi. Shu bois, avvalo ijtimoiy-milliy ong shakllanmogʻi uchun eng katta toʻsiq boʻlib turgan diniy mutaassiblik, jaholat, qoloq turmush tarzi, iqtisod, madaniyat va ma’naviyatning zaharli koʻrinishlariga qarshi kurash joriy maqsadga aylandi. Oʻquv jarayoni, diniy hamda boshqa mafkuraviy institutlarni isloh qilish harakati keng miqyos kasb etdi.
Yangi davr oʻzbek madaniyati, adabiyotining asoschilaridan bin, bolalar adabiyoti, oʻzbek milliy teatri, dramaturgiyasi, matbuoti, oʻzbek milliy pedagogikasining tamal toshini qoʻygan, xalqimizning asl farzandi Abdulla Avloniydir ( 1878-1934).
Avloniy 1878-yil 12-iyulda Toshkentning Mergancha mahallasida toʻquvchi Miravlon aka oilasida tavallud topdi. Avval oʻqchidagi boshlangʻich maktabda, soʻng shahar madrasalaridan birida tahsil oldi. Biroq koʻproq mustaqil oʻqib-oʻrgandi, tez orada oʻz davrining savodxon, ma’rifatparvar kishisiga aylandi. Avloniy asrimiz boshlarida oʻlkamizda avj olgan Jadidchilik harakatining faol ishtirokchisi sifatida millat bolalarini savodxon qilish, ulardan yetuk olimlar, mutaxassislar tayyorlash, Vatanni ozod koʻrish, farovon etish yoʻlida fidoyilik bilan mehnat qildi. Ana shu maqsadda juda koʻp sohalarda faol ish olib bordi. 1907-yilda oʻz uyida «Shuhrat» nomli gazeta nashr qildi. U mahallasida yangi usuldagi maktab ochdi. «Usuli jadid» maktablari uchun toʻrt qismdan iborat «Adabiyot yoxud milliy she’rlar», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim», «Maktab gulistoni», «Turkiy guliston yoxud axloq» kabi darslik va oʻqish kitoblari tuzdi. Maktab-maorif ishlariga yordam koʻrsatish maqsadida xayriya jamiyati tashkil qildi. «Nashriyot» shirkati tuzib, Xadrada «Maktab kutubxonasi» kitob doʻkonini ochdi. Abdulla Avloniy oʻzbek teatrining taraqqiyotida ham alohida xizmat koʻrsatdi. Uning «Turon» truppasi (1913) oʻlkamizda tashkil etilgan birinchi professional teatr truppasi edi. Adib dramaturgiyada ham unumli faoliyat olib bordi. Tatar, ozarbayjon dramaturglarining asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi, oʻzi ham «Pinak», «Advokatlik osonmi», «Biz va siz» nomli pyesalar yozib, sahnaga qoʻydi.
Fevral va oktabr voqealaridan soʻng Avloniy «Turon» nomli gazeta nashr etib, unda ilgʻor qarashlarni ilgari surdi.
1919-1920-yillarda Afgʻoniston elchixonasida bosh konsul vazifasida ishladi. Xizmatdan qaytgach, ma’rifatparvarlik faoliyatini davom ettirdi. Harbiy oʻquv yurtida, Oʻrta Osiyo davlat universitetida Oʻzbek tili va adabiyotidan dars berdi, professor darajasiga koʻtarildi. Ma’rifatparvar adib, dramaturg, pedagog, noshir va jamoat arbobi Abdulla Avloniy 1934-yil 25-avgustda Toshkentda vafot etdi. Toshkentdagi Botkina qabristoniga dafn etilgan.
Adib, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻli 1878-yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tugʻildi. Toshkentdagi Yunusxon madrasasida oʻqidi, soʻngra tahsilini Buxoroda davom ettirdi, Toshkentga qaytgach, Darxon masjidida imomlik vazifasini bajaradi.
Munavvar qori XIX asrning oxiridan boshlab Jadidchilik harakatlarida faol ishtirok eta boshladi. 1901-yilda oʻz hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi. Bu maktablar uchun 1907-yilda «Adibi avval», «Adibi soniy1’ darsliklarini yaratadi. «Tajvid al-Qur’on», «Yer yuzi» singari qoʻllanmalarni tuzib, nashr etadi. Bolalar uchun qator she’riy va nasriy hikoyalar yozadi.
U 1909-yili Toslikentda «Jamiyati xayriya» uyushmasini tuzadi va «Turon» nomli jamiyatni ochadi. Munavvar qori 1906-yilda dastlabki oʻzbek matbuoti namunalaridan biri «Xurshid» gazetasini nashr etdi. Keyinchalik «Najot», «Kengash» gazetalarida bosh muharrir, «Sadoyi Turkiston»da esa boʻlim muharriri boʻlib xizmat qiladi.
Munavvar qori 1917-yil fevral inqilobidan keyin Turkistonda demokratik milliy davlatchilikni tuzish gʻoyasini ilgari surdi. U Qoʻqonda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatini qoʻllab-quvvatladi.
Shoʻro davrida u oʻzining ochiq ma’rifiy ishlarini va yashirin siyosiy harakatlarini davom ettirdi. 1918-yilning aprelida Turkiston xalq dorilfununining asoschisi va rektori etib saylanadi. uning sa’y-harakati bilan 1918-yil 2-iyunda dorilmuallimin ish boshlaydi. U 1918 yilda «Turk oʻchogʻi» ilmiy-ma’rifiy jamiyatini tashkil qiladi.
Munavvar qori 20-yillarda oʻzbek yurtining mustaqilligi uchun kurash vazifasini oʻz oldiga qoʻygan «Milliy ittihod» va «Milliy istiqlol» yashirin tashkilotlariga rahbarlik qilgan.
20-yillarning oʻrtalarida milliy ziyolilarni ta’qib qilish kuchayishi natijasida Munavvar qori hamma lavozimlardan chetlashtiriladi. Biroq hatto qatagʻon ham Munavvar qori Abdurashidxon oʻgʻlini istiqlol gʻoyalaridan qaytara olmadi.
U 1929-yilda qamoqqa olinadi va 1931-yilda otib oʻldiriladi. Uning xoki Moskvadagi Vagankovo qabristonidadir.
Davlat, jamoat va siyosat arbobi, Turkistonning yirik sarmoyadorlaridan biri. Obidjon Abdulxoliq oʻgʻli Mahmudov Fargʻona taraqqiyparvarlarining peshqadam vakilidir. U Peterburg universitetini tamomlagan, xalqimiz orasidan yetishib chiqqan birinchi togʻ-kon muhandisi edi.
Uning tashabbusi va bevosita rahbarligi ostida 1914-yili Qoʻqonda bosmaxona tashkil qilinadi va Fargʻona jadidlarining «Sadoyi Fargʻona» gazetasi nashr etila boshlaydi. Mazkur bosmaxonada «Sadoyi Fargʻona» bilan birga rus tilida «Ferganskoye exo» gazetasi ham nashr etiladi. «Sadoyi Fargʻona» gazetasi nafaqat Turkistonda, balki Rossiya musulmonlari orasida ham mashhur boʻlgan.
Obidjon Mahmudov jadid matbuotida dolzarb maqolalari bilan qatnashib, ma’rifat, ozodlik, hurlik gʻoyalarini targʻib etishga, xalqning ongini, saviyasini koʻtarishga intildi.
O.Mahmudov Turkistonning mustaqil respublika boʻlishi tarafdori va bunga yetishish uchun faol harakat qilgan jadidlardan biri edi.
1917-yilda Turkiston Muxtoriyati hukumati tashkil etilgach, O.Mahmudov Oziqovqat noziri vazifasiga saylanadi. Oradan koʻp oʻtmay, 1918-yil fevral oyida Turkiston Muxtoriyati bolsheviklar tomonidan zoʻrlik bilan agʻdariladi. Shundan soʻng jadidlarning bir qismi oʻz gʻoya va maqsadlarini sovet hokimiyati idoralariga joylashgan holda amalga oshirmoqchi boʻladilar. O.Mahmudov ham shu kezlarda sovet davlati idoralarida xizmat qilib, millatparvarlik, taraqqiyparvarlik faoliyatini davom ettirdi.
Atoqli ma’rifatparvar Obidjon Mahmudov 1936-yilning 21-noyabrida vafot etdi.
Ma’rifatparvar, pedagog Abduqodir Shakuriy 1875-yilda Samarqandning Rajabamin qishlogʻida bogʻbon oilasida tugʻildi.
Shakuriy eski usuldagi maktabni tamomlaganidan keyin Samarqand shahridagi madrasaga oʻqishga kiradi. Shakuriy rus gimnaziyasiga borib, uning ichki tartib qoidalari va oʻqitish usullari bilan tanishadi. Shundan keyin yosh muallimda oʻz xalqining bolalari uchun ham shu tartibdagi yangi maktab tashkil qilish orzusi paydo boʻladi.
Abduqodir Shakuriy Samarqand gimnaziyasida koʻrgan va oʻzi orzu qilgan yangi oʻqitish usullari Rossiyaning turli joylarida yashagan boshqa turkiy xalqlarda ham mavjudligini gazetalardan bilib oladi.
Shakuriy doʻstlari yordamida Qoʻqon shahriga boradi va u yerda yangi maktabdagi oʻqitish usullari bilan tanishadi. Samarqandga qaytib kelgach, oʻz qisblogʻi Rajabaminda 1901-yilning kuzida birinchi yangi usuldagi maktabni tashkil qiladi.
Shakuriy maktabining shuhrati keng tarqala boshladi, oʻrta Osiyodagi boshqa ma’rifatparvar kishilarning diqqatini jalb etdi.
Shakuriy faqat oʻqituvchilik qilish bilangina cheklanib qolraagaa, u oʻz maktabi uchun darsiiklar yozib, ularni oʻz mablagʻIari hisobiga nashr qildirgan. Masalan. uning «Rahnamoyi savod» («Savod chiqarish qoʻllanmasi») deb atalgan kitobi shu tariqa chop etilgan. Shakuriy dastlab qizlar uchun ham yangi usuldagi maktab tashkil qilgan. Unda oʻzi rahbarligida rafiqasi muallimalik qilgan. Keyinchalik oʻgʻil va qiz bolalar guruhini hirlashtirib oʻqita boshlagan.
1921-yilda Samarqand shahridagi 13-maktabga mudir qilib tayinlanadi. U bolalarni tarbiyalash, oʻqitishga katta gʻayrat bilan kirishdi. koʻp yillar davomida shu maktabning mudiri hamda ona tili va adabiyot oʻqituvchisi vazifalarida ishladi.
1925-yilda A.Shakuriyning tashabbusi bilan qishloq aholisi oʻz mablagʻlari hisobiga toʻrt sinfli yangi maktab qurib ishga tushiradi. Abduqodir Shakuriy 1943-yilda vafot etadi.
Is’hoqxon Ibrat ma’rifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk oʻzbek matbaatchilaridan boʻlib, 1862-yilda Namangan yaqinidagi Toʻraqoʻrgʻon qishlogʻida tugʻilgan.
Dastlabki ma’lumotni eski maktabda, soʻngra onasining qoʻlida oladi. Keyinroq Qoʻqonga borib madrasaga oʻqishga kiradi.
Ishoqxon Ibrat 1886-yilda madrasani tugatib, Toʻraqoʻrgʻonga qaytib keladi. U oʻz faoliyatini pedagog sifatida qishloqda ma’rifat tarqatish bilan boshladi. oʻsha yili eski mahalliy maktablardan ancha farq qiluvchi yangicha maktab ochadi.
Ishoqxon Ibrat 1887-yilda haj safariga otlanadi. Soʻng u Sharq mamlakatlari boʻylab sayohatni davom ettiradi. Yevropaning Istambul, Sofiya, Afina, Rim kabi markaziy shaharlarida boʻldi, ancha vaqt Jidda shahrida istiqomat qiladi, Bombey va Kalkuttada yashaydi. Is’hoqxon u yerlarda koʻp ishlatiladigan arab, fors, hind-urdu va ingliz tillarini mukammal oʻrgandi. U 1896-yilda oʻz vataniga qaytib keldi. 1901-yilda «Lugʻati sitta-alsina» asarini bosmadan chiqaradi. Mazkur lugʻat jadid maktablarida sharq va rus tillarini oʻrganishda birdan bir qoʻllanma sifatida foydalanib kelindi.
Ishoqxon Ibrat 1912-yilda yozuvlar tarixiga bagʻishlangan «Tome ul-xutut» («Yozuvlar majmuasi») asarini yaratdi va oʻz matbaasi «Matbaayi Is’hoqiya»da bosmadan chiqardi.
Ibrat chin qalbdan oʻz xalqining ilmli, ma’rifatli boʻlishini istadi. Keyingi 20-yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asar yozdi. 30 yillik poetik ijodining majmuyi boʻlmish «Devoni Ibrat» she’rlar toʻplamini tuzdi. Tarixshunoslikka oid «Tarixi Fargʻona», «Tarixi madaniyat» va «Mezon uz-zamon» ilmiy asarlarini yaratdi.
Ibratning soʻnggi yillardagi hayoti ancha tahlikali oʻtdi.
1935-yildan u hamma lavozimlardan olib tashlandi. 1937-yilning aprel oyida 75 yoshli keksa shoir va ma’rifatparvarni hibsga oladilar. Ibrat Andijon turmasida vafot etadi. Ishoqxon Ibrat qabrining qayerdaligi noma’lum.
Taniqli ma’rifatparvar, yirik tilshunos, lugʻatshunos, adabiyotshunos olim, jurnalist va tarjimon, Turkistondagi jadidchilik harakatining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biri Ashurali Zohiriy 1885-yili Qoʻqonda tugʻilgan. U dastlab Qoʻqondagi Madalixon madrasasida tahsil koʻradi, arab va fors tillarini puxta egallaydi, oʻzbek va fors-tojik mumtoz adabiyotini oʻrganadi. Har tomonlama bilim sohibi boʻlgan A.Zohiriy 1907- yildan boshlab rus-tuzem maktabida, shuningdek, jadid maktabida oʻzbek tili va adabiyotidan dars beradi. 1912-1919-yillarda esa pedagogik faoliyat bilan birga jurnalist sifatida ham qizgʻin ish olib boradi. 1917-1918-yillarda Turkiston Muxtoriyati hukumatining barpo etilishi A.Zohiriy faoliyatiga yangicha yoʻnalish bagʻishlaydi. U «El bayrogʻi» gazetasiga muharrirlik qilib, Muxtoriyat gʻoyalarining keng xalq ommasi oʻrtasida tarqalishiga munosib hissa qoʻshadi.
A.Zohiriy faoliyatining 1917-yildan keyingi asosiy yoʻnalishi ma’rifatparvarlik bilan bogʻliq. U Qoʻqondagi birinchi dorilmualliminning tashkilotchisi va dastlabki zamonaviy maktablarning muallimi sifatida Fargʻona vodiysi uchun koʻplab oʻqituvchilarni yetishtirib berdi. U asos solgan dorilmuallimin keyinchalik pedagogik texnikumga aylantirildi. 1930-yili esa shu texnikum bazasida Fargʻona davlat pedagogika instituti tashkil etildi.
A.Zohiriy erkparvar gʻoyalari uchun 1929-yil noyabrida hibsga olinib, oʻn yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Qamoq muddatini tugatgach, alloma yana sevimli kasbi ma’rifatparvarlik bilan shugʻullanadi. Ammo 1937-yilda qatagʻon boʻroni avj olgach, u yana qamoqqa olinib, oʻsha yilining 4-dekabrida otib tashlanadi. A.Zohiriy
Toʻlagan Xoʻjamyorov - Tavallo XX asr boshlari Toshkent adabiy muhitining koʻzga koʻringan namoyandalaridan edi.
U 1882-yili Toshkentning Koʻkcha dahasida ziyoli oilada tugʻildi. Avval eski maktabda, soʻng Beklarbegi madrasasida tahsil oldi. Beklarbegi madrasasi bu davrlarda Toshkent adabiy hayotining markazlaridan biri edi. Tavallo shu yerda Karimbek Kamiy, Miskin, Xislat, Yusuf Saryomiy kabi zamonasining atoqli shoirlari bilan tanishadi. Ayniqsa, Yusuf Saryomiy bilan yaqin aloqaga kirishib, uni oʻzining piri, ustozi sifatida e’tirof etadi. «Tavallo» deb taxallus olishi ham mazkur ustoz davlati bilan boʻladi.
Tavallo oʻzi yashab turgan voqelik mohiyatini, Turkistonning chor istibdodi ostida huquqsiz, zabun bir qismatga mahkum ekanligini anglagan pallada, ya’ni 1905-yillardan boshlab Jadidchilik harakatlariga qoʻshiladi. Bu harakatning barcha muhim jabhalarida ishtirok etadi. Xususan, milliy matbuotimizning ilk namunalari hisoblangan «Taraqqiy», «Shuhrat», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Fargʻona» gazetalarida uning she’r va maqolalari muntazam chiqib turadi. 1914-yil avgustida toshkentlik taraqqiyparvar yoshlar tomonidan tashkil etilgan «Nashriyot» shirkati muassislari qatorida Toʻlagan Xoʻjamyorov nomi ham uchraydi. 1913-yilning oʻrtalarida Toshkentda birinchi milliy teatr truppasi faoliyat boshlaydi. 1914-yilning 27-fevralida «Kolizey» teatr binosida namoyish etilgan «Padarkush» spektakli shu truppaning ilk milliy teatr tomoshasi edi. Tavallo bu harakatning ham tashkilotchilari va jonkuyarlari qatorida koʻrinadi. Ana shu voqeaga bagʻishlab maxsus she’rlar yozadi.
1916-yili Tavallo oʻzining matbuotda e’lon qilingan va bosilmagan she’rlarini toʻplab, «Ravnaq ul-islom» nomi bilan chop ettiradi. Toʻplamda yetmishga yaqin she’r jamlangan boʻlib, ularning deyarli barchasi ma’rifatparvarlik ruhi bilan yoʻgʻrilgan.
Tavallo 1917-yil oktabr toʻntarishidan soʻng turli idoralarda ishladi. «Mushtum» jurnalida hajviy she’rlar bilan faol ishtirok etdi.
Shoir 1937-yili koʻplab safdosh hammaslaklari qatori haqsizlik qurboni boʻldi. Hibsga olinib, qamoqda vafot etdi. Tavallo qabrining qayerdaligi noma’lum.
Atoqli ma’rifatparvar, Turkistondagi milliy ozodlik harakatining taniqli namoyandalaridan biri Saidnosir Mirjalilov 1884-yili Turkiston shahrida tavallud topgan.
Yoshligidan oʻta ziyrak, tadbirkor va mehnatkash boʻlgan Saidnosir tujjorlik faoliyatini kichik bir gazlama doʻkonini ochishdan boshlagan. Koʻp oʻtmay u Turkistonda birinchi jadid maktabini tashkil etgan. 1914-yilda paxta zavodini qurib, Turkistonning taniqli boylari va savdogarlaridan biri sifatida shuhrat qozongan.
S.Mirjalilov 1917-yil siyosiy faoliyatga oʻtadi. Fevral inqilobidan soʻng u Toshkentda tashkil etilgan «Shoʻroyi islomiya» tashkilotining faol a’zolaridan biriga aylandi. Turkiston mustaqillikka erishishini orzu qilgan Saidnosir Mirjalilov tijoratchi sifatida topgan sarmoyasining katta qismini milliy ittihod va istiqlol uchun olib borilgan kurashga bagʻishladi.
Turkiston Muxtoriyati hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etdi va hukumat a’zosi etib saylandi. Muxtoriyat qonga botirilib, uning rahbarlari ta’qib ostiga olingach, S. Mirjalilov xorijga ketishga majbur boʻldi va dastlab Samaraga borib, Turkistonda roʻy berayotgan xunrezliklarga chek qoʻyish yoʻllarini axtardi, soʻng Turkiya va Tiflisda bir muddat yashadi. Bolsheviklar e’lon qilgan umumiy afvga ishonib, u 1921-yili vataniga qaytdi. U «Turkiston» savdo-sanoat shirkatini tashkil qilib, undan tushgan foyda evaziga «Koʻmak» jamiyati orqali iste’dodli yoshlarni Germaniya va boshqa mamlakatlarga oʻqishga yuborish, «Nashri maorif jamiyati faoliyatini avj oldirish ishiga oʻz ulushini qoʻshdi. Lekin bolsheviklar kuzatuvidan ozod boʻlmagan S.Mirjalilov 1925-yil 12-dekabr kuni hibsga olinib, Solovetsk orollariga qamoqqa yuborildi. U uch yillik qamoq muddatini oʻtaganidan keyin 1932-yili yana besh yil muddatga qamaladi, nihoyat 1937-yil 21-iyul kuni takror hibsga olinib, oʻsha yilning 25-oktabrida otib tashlandi. Saidnosir Mirjalilov
Milliy uygʻonish davrining yirik vakillaridan biri, shoir Saidahmad Siddiqiy - Ajziy 1864-yil Samarqand viloyatining Jomboy tumani Halvoyi qishlogʻida hunarmand oilasida tavallud topdi. Yoshligida otasi vafot etib, bobosi qoʻlida voyaga yetdi. Yangasi qoʻlida savod chiqardi. Keyin Samarqand va Buxoro madrasalarida tahsilni davom ettirdi. Sharq klassik adabiyotini qunt bilan oʻrganadi, arab, fors, ozarbayjon va keyinchalik rus tilini oʻzlashtiradi.
1880-yillardan oʻzi ham an’anaviy usuldagi she’rlar mashq qila boshladi. Biroq zamonasining buyuk kishilaridan biri sifatida e’tirof etilishiga uning ma’rifatchilik faoliyati va ijodi sababdir.
1901-yil haj safariga otlanadi. Bir qator Sharq mamlakatlarida boʻlib, islom dunyosidagi yangiliklar bilan tanishadi, bir necha muddat Jiddada Rusiya elchixonasida tilmochlik qiladi. Soʻng Moskva, Peterburg shaharlarini aylanib, Tiflisga oʻtadi. Nihoyat Samarqandga qaytib, 1903-yil Halvoyi qishlogʻida yangi maktab ochadi.
Shoir keyingi butun hayotini ana shu muqaddas ishga sarf etdi. Oʻzi ochgan maktabda tabiiy fanlar, arab hamda rus tillaridan saboq berdi, darsliklar tuzdi.
Siddiqiy vaqtli matbuot nashrlarida ham faol ishtirok etdi. Vatan, ilm-ma’rifatga bagʻishlangan maqolalari bilan Qozon, Orenburg va Kavkazdagi nashrlarda ham qatnashdi. 1914-yili oʻz tashabbusi bilan «Zarafshon» nomli kutubxona ochdi.
1910-yillarda shoir «Ayn ul-adab» («Adab koʻzi») va «Ganjinayi hikmat» («Hikmatlar xazinasi») nomli oʻzbek va tojik tillaridagi ikki she’riy toʻplamini hamda «Mir’oti ibrat» («Ibrat oynasi»), «Anjumani arvoh» («Ruhlar yigʻini») nomli dostonlarini yaratdi. Siddiqiy 1917-yili «Ittifoq» tashkiloti tomonidan shahar dumasiga vakil qilib saylandi. Samarqand musulmon shoʻrosining rais muovini, viloyat adliya noziri boʻlib ishlaydi. Lekin u 1921-yildan barcha rasmiy ishlardan voz kechib, qishlogʻida, oʻzi ochgan maktabda muallimlikni davom ettiradi. 1926-yili qattiq kasallanib, 1927-yilning iyul oyida Samarqandda vafot etadi.
Ma’rifatparvar ziyoli, shoir Muhammadsharif Soʻfizoda oʻzbek madaniyati tarixida yorqin iz qoldirgan zotlardandir.
Muhammadsharif Egamberdi oʻgʻli 1869-yil 29-yanvarda Chustda tugʻildi uning otasi pichoqchi - hunarmand edi. U mahallasidagi qoʻshnisi Manzura otinda savod chiqardi. 1893-1898-yillarda u Qoʻqonda yashadi va madrasada ta’lim oldi. Qoʻqon adabiy muhitining mashhur shoirlari Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nodim Namangoniy bilan yaqin munosabatda boʻldi. Boʻlajak shoir dastlabki she’rlariga Muqimiy tavsiyasi bilan «Vahshiy» taxallusini qoʻlladi.
Soʻfizoda 1893-yilda ona shahri Chustda boyonlami, chor amaldorlarini, mutaassiblarni hajv qiluvchi she’rlari uchun «badasl», «beadab», «dahriy» deb ayblanadi va oʻlimga hukm qilinadi. Shoir oʻz vatanini tark etishga, 14 yil turli mamlakatlarda istiqomat qilishga majbur boʻldi.
Soʻfizoda 1900-1913-yillarda Oʻrta Osiyoning turli shaharlarida, Tiflis, Boku, Arabiston, Hindiston, Turkiyada boʻldi. U qayerda yashamasin, Toshkent, Kavkaz, Qrim, Orenburg, Turkiyada chop etiladigan gazetalar bilan aloqasini uzmadi. Uning maqolalari, she’rlari «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoyi Turkiston», «Sadoyi Fargʻona» gazetalarida muntazam chiqib turdi.
1913-yilda Soʻfizoda chet el safaridan Chustga qaytib keladi va usuli jadid maktabi ochadi. Kamarsada qishlogʻida yetim bolalar uchun «Dorulaytom» («Yetimlar uyi») va kattalar uchun kechki maktab tashkil qiladi. Bu maktablarda u ona till, handasa kabi fanlarni oʻqitdi.
Jadidchilik XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda hukm surgan favqulodda qoloq iqtisodiy va madaniy sharoitda yashayotgan halqlarni ma’rifatlashtirish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohatlar oʻtkazish, pirovardida, milliy mustaqillik gʻoyalarini hayotga tadbiq etish maqsadini oʻz oldiga qoʻygan harakat sifatida, tarixiy vaziyat taqozosi bilan vujudga keldi. Bu harakat oʻzining shakllanish yoʻlini bosib oʻtar ekan, asr boshlaridan 1917 yil fevral inqilobiga qadar boʻlgan birinchi bosqichda, milliy ozodlik harakati sifatida uzil – kesil rasmiylashdi. Jadidlar paydo boʻlgan ilk kunlardanoq boshlaboq, ular ham chor hokimiyati, ham mahalliy hukmdorlarning qarshiliklariga duch keldilar. Binobarin, ular halqni shu ikki zulm oʻchogʻidan, shu ikki qoloqlik botqogʻidan xalos etmoqchi boʻlgan edilar. Abdulla Badriy «Yosh buxoroliklar kimlar» degan risolasida jadidlarni koʻzda tutib, bunday yozgan edi: «…..Onlarning fikri xayollari va muddaolari biz, bechora va qashoqlarni gʻurbatdan, ya’ni amirlar, beklar va boylarning zulmlaridan ozod qilmoq va bizlarning rohatimiz va tinchligimiz uchun harakat va taraddud qilmoqdir».
Fevral inqilobining roʻy berishi va chor hokimiyatining falajlanishi bilan u oʻzining piravard siyosiy maqsadi – mustaqil davlatni barpo etish gʻoyasini amalga oshirishga kirishdi.
Jumladan, jadidchilikning koʻzga koʻringan vakillardan M.Behbudiy, Munnavarqori Abdurashidxonov, U Xoʻjayev va boshqalar Toshkent, Orenburg, Qoʻqonda boʻlib oʻtgan Rossiyadagi musulmon halqlarining ijtimoiy-siyosiy yigʻinlarida, masalan I Butun Rossiya musulmonlar syezdi, Butun Qozoq qurultoyi va Butun Turkiston musulmonlar se’zdlari shu jumlasidandir. Bu uchrashuvlarda ular birinchi marta boshqa xududlardagi muxtoriyatchilik harakati vakillari bilan hamkorlik qiladilar. Keyinchalik, jadidlarning davlat tizimi haqidagi qarashlarining hayotda amalga oshmay qolishga, bolsheviklarning hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallashlari toʻsiq boʻldi.
Shunga qaramay, jadidlar oʻz faoliyatlarini toʻxtatmadilar. Turkiston mustaqilligi yoʻlidagi kurashda M.Abdurashidxonov, U Xoʻjayevlar oʻzlarining gʻoyaviy doʻstlari taniqli boshqird siyosiy arbobi Ahmad Zaki Validiy va boshqalar bilan «Milliy istiqlol (ittihod)» maxfiy tashkilotida hamkorlikni olib borganlar. 1920 yilda Buxoroda «milliy ittihod tashkil topib» Buxoro shahrida Zakiy Valiydining kelishi bilan bu tashkilot oʻz faoliyatini kengaytirdi. Uning a’zolari butun Turkiston tuprogʻi boʻyicha harakat qildilar. Tashkilotning asosiy maqsadi Buxoro jumhuriyati va umuman, Turkistonni «Sovetlashtirish-ruslashtirish» ta’siridan saqlab qolish chin ma’nodagi mustaqillik va taraqqiyotga erishishi edi. Tashkilotda F.Xoʻjayev, Otaulla Xoʻjayev, Fitrat, Muinjon Aminov, Mukomil Burhonov, Ibod Xoʻjayev va boshqalar faol ish yuritganlar.
M.Behbudiy vafotidan keyin Munavvarqori jadidchilik harakatining ayniqsa, uning maxfiy faoliyati («Milliy Ittihod»)ning birdan bir yirik raxbariga aylanadi. Bu tashkilot ham, Turkistonning milliy birligi, komfirqa siyosatini fosh qilish, kishilarga istiqlol gʻoyasini singdirish uchun kurashdi.
Maxfiy tashkilot – «Milliy istiqlol» 1929 yil oktyabrning 12 yillik bayrami arafasida OGPU tomonidan fosh etiladi. 6 noyabrdan 26 kishi, keyinroq, jami 87 kishi qoʻlga olinib, rosa bir yilu besh oy oldin Toshkent, keyin Moskva avaxtaxonalarida qattiq azob bilan tergov qilindi. Nihoyat, 1931 yil 25 aprelda ularning ustidan SSSR Birlashgan Bosh Siyosiy Boshqarmasi (OGPU)ning sudlov kollegiyai «oliy hukm» chiqardi. Buning uchun bor yoʻgʻi bir necha daqiqa vaqt sarflandi. Ayzenterg degan kimsa ma’ruza qildi. Shu kollegiyada yana boshqa 19 ta vatandoshimizning «jinoiy ishi» toʻgʻrisida ham u ma’ruza qiladi. Ularga ham tegishli «oliy jazo» belgilandi. Kollegiya «milliy istiqlol» ishi boʻyicha ayblanganlarning 15 tasiga otuv, 25 tasiga 10 yillik, 21 tasiga 5 yillik, 15 tasiga 3 yillik konslagerga yuborish, 3 tasiga SSSRning 12 ta belgilangan shaharlarida yashash huquqidan mahrum qilingan holda, qamoqdan ozod qilinishi haqida qaror qabul qiladi.
Tarixiy tajribaning koʻrsatishicha, milliy oʻzlikni anglashning oʻsishiga muhim turtki boʻlgan va milliy ozodlik gʻoyasini shakllantirib, oʻz faoliyati bilan uni amalga oshirishga uringan – jadidchilik harakati – jahondagi umuminsoniy va milliy qadriyatlarga asoslanib, Mustaqillik yillarida jadidchilik boʻyicha juda koʻplab tadqiqotlar olib borildi. Tarixchi, faylasuf, adabiyotshunos tadqiqotchilar jadidchilik harakati va uning namoyondalari faoliyati haqida koʻplab kitoblar, monografiyalar va ilmiy ishlar yaratdilar. Bularning qatoriga Ozod Sharofiddinov, Begali Qosimov, Naim Karimov, Dilorom Alimova va boshqalar nomini keltirib oʻtish zarur .
Jadidchilik harakatiga boʻlgan qiziqishning toboro keng qanot yozganligini, bu mavzu bilan Germaniya, Fransiya, AQSh, Yaponiya va Turkiya singari mamlakatlardagi olimlarning ham shugʻullanganligini aytish joizdir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Жадидчилик: ислоҳот, янгиланиш, мустақиллик ва тараққиёт учун кураш. Даврий тўплам. №1. –Т.: Университет. -1999.
2. Қосимов Б. Миллий уйғониш: жасорат, маърифат, фидойилик. – Т.: Маънавият, 2002.
3. Аъзамхўжаев С. Туркистон мухторияти. Миллий – демократик давлатчилик қурилиши тажрибаси. –Т.: Маънавият, 2000.
4. Холбоев С. Миллий университетнинг тарихий илдизлари ва ташкил топиши [Жадидларнинг миллий университетга асос солганлиги ҳақида монография] –Т.: «Шарқ», 2003.
5. Холбоев С; Эгамов Б. Туркистон жадидчилиги - миллий уйғониш даврида география фани ва таълими. – Т.: А.Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонаси нашрийти, 2010.
6. Дўстқороев Б. Ўзбекистон журналоистикаси тарихи (1-қисм. 1870 – 1917 ноябр). Дарслик.-Т.: Ғ.Ғулом номидаги нашриёт – матбаа ижодий уйи, 2009.
7. Алимова Д.А. Джадидизм в Средней Азии. Пути обновления, реформы, борьба за независимость. –Т.: Узбекистан, 2000.
8. Абдурашидхонов М. Хотираларимдан. (Жадидчилик тарихидан лавҳалар). –Т.: Шарқ. 2001.
9. Абдурашидхонов М. Танланган асарлар. –Т.: «Маънавият», 2003.
10. Долимов У. Туркистонда жадид мактаблари. – Т.: “Университет”, 2006.
11. Беҳбудий М. Танланган асарлар. Тузатилган ва тўлдирилган 2 нашри. –Т.:
Маънавият. 1999.
12. Гаспринский (Гаспрали). Ҳаёт ва мамот қиссаси. Танланган асарлар – Т.,
“Маънавият”, 2006.
13. Ризаев Ш. Жадид драмаси. –Т.: «Шарқ», 1997.
14. Фитрат А. Танланган асарлар 1-жилд. Шеърлар, насрий асарлар, драмалар. –
Т.: Маънавият. 2000.
15. Фитрат А. Танланган асарлар. 2-жилд. Илмий асарлар. -Т.: Маънавият. 2000.
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.