EPIDEMIYAGA QARSHI CHORA – TADBIRLAR
Toshpo‘latov A.Y. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali Mikrobiologiya, jamoat salomatligi,
gigiena va menejment kafedrasi. Termiz, O‘zbekiston Jahonda tibbiyotning turli yo‘nalishlari rivojlanishiga qaramasdan yuqumli kasalliklarning oldini olish, ularga qarshi kurashish va tugatishga asoslangan chora – tadbirlarning samarasi sezilarli darajada oqsayotganligi tibbiyot sohasidagilar uchun sir emas albatta. Ushbu fikrimizning isboti o‘laroq butun dunyo tibbiyoti uchun og‘ir zarba bo‘lgan, 2019 – yilda boshlangan COVID – 19 pandemiyasini misol qilishimiz mumkin. Bundan tashqari o‘z yechimini kutayotgan pandemiya darajasida tarqalgan OITS kasalligi va epidemiya darajasidagi Gelmintoz va parazitar kasalliklar, Tuberkulyoz, Virusli gepatitlar va boshqa bir qancha kasalliklarni sanab o‘tish mumkin. Aksariyat yuqumli kasalliklarning manbai, yuqish yo‘llari, moyil organizmlar aniq bo‘lishiga qaramay aholi orasida kasallanishlar dinamikasining yuqori ko‘rsatgichlari hamda epidemik avj olishlar uchrab turibdi. Tadqiqotning maqsadi: Epidemik jarayon to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalar mohiyatini nafaqat tibbiyot sohasidagilar, balki aholining barcha qatlamiga yetkazish. Kutilayotgan natijalar: Ushbu tadqiqot natijasida davolash – profilaktika muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va o‘rta ta’lim maktablari orasida integratsiyasi ta’minlanadi, natijada yuqumli kasalliklar bilan kasallanish soni kamaytiriladi. Yuqumli kasalliklarda infeksion jarayon Bu – inson organizmi (makroorganizm) bilan kasallik qo‘zg‘atuvchi mikrob (mikroorganizm)ning ma’lum sharoitda o‘zaro ta’siri oqibatida yuzaga keladigan o‘zgarishlar. Bu jarayon kasallik alomatlari ko‘rinishida namoyon bo‘lsa – yuqumli kasallik deb ataladi. Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasi – epidemik jarayon xaqidagi fan bo‘lib, epidemik jarayonning paydo bo‘lishi va rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadi, shuningdek yuqumli kasalliklarning oldini olish chora – tadbirlarini ishlab chiqadi. Yuqumli kasalliklar epidemiologiyasining o‘rganadigan obyekti bu – epidemik jarayondir. Epidemik jarayon esa – aholi orasida yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi, tarqalishi va kamayishidir. Bugungi kunda epidemik jarayonga V.D.Belyakov tomonidan berilgan ta’rif haqiqatga yaqin bo‘lib, uning ta’rificha: “Epidеmik jarayon” – bu kasallik qo‘zg‘atuvchi parazit mikroorganizm bilan odam makroorganizmining populyatsiya darajasidagi evolyutsiya natijasida paydo bo‘lgan, ma’lum ijtimoiy va tabiiy omillar ta’sirida yakka holda yoki guruhli kasallanishlarning turli darajalarini keltirib chiqarishiga aytiladi. Epidemik jarayon rivojlanishi uchun uchta shart bajarilishi kerak, bular: kasallik manbai, yuqish mexanizmi va moyil organizmlarning bo‘lishi. Kasallik manbaiga ko‘ra yuqumli kasalliklar o‘z navbatida uch guruhga bo‘linadi: antropanozlar – kasallik manbai odam; zoonozlar – kasallik manbai hayvonlar; sapronozlar – kasallik manbai tashqi muhit hamda oziq – ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Yuqish mexanizmlari – aerozol mexanizm: asosan nafas yo‘li infeksiyalariga taaluqli bo‘lib, qo‘zg‘atuvchining asosiy lokalizatsiyasi nafas olish organlari hisoblanadi; fekal – oral mexanizm: aksariyat ichak infeksiyalariga xos bo‘lib, qo‘zg‘atuvchi asosan alimentar yo‘l orqali organizmga tushadi; maishiy – muloqot mexanizm: qon orqali, jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklar, yuqumli teri kasalliklari, kontakt guruhga kiruvchi kasalliklar va boshqalar kirib, qo‘zg‘atuvchilarning asosiy lokalizatsiyasi teri va shilliq qavatlar hisoblanadi; transmissiv mexanizm; qo‘zg‘atuvchilarning organizmga tushishida bo‘g‘imoyoqli hasharotlar bevosita ishtirok etadi, qo‘zg‘atuvchining lokalizatsiyasi qon hisoblanadi; vertikal mexanizm: kasallikning onadan homilaga yuqishi. Moyil organizm: aholining barcha qatlami umumiy yuqumli kasalliklar uchun moyil hisoblanadi, ayrim yuqumli kasalliklar uchun esa xavf guruhlari sifatida – yosh bolalar, qariyalar, nogironlar, irsiy moyilligi bo‘lgan shaxslar, surunkali kasalligi bor kishilar hisoblanadi. Epidemiyaga qarshi chora – tadbirlar – bu hozirgi zamon ilm – fanining rivojlanishi va yutuqlariga asoslanib tuzilgan yuqumli kasaliklarning oldini olishga qaratilgan chora – tadbirlar yig‘indisidir. Epidemiyaga qarshi chora – tadbirlar ikki qismdan iborat: 1. Profilaktik tadbirlar. 2. Epidemiyaga qarshi qaratilgan tadbirlar. Yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan chora – tadbirlarni profilaktik tadbirlar deyiladi. Epidemiya o‘chog‘ini yo‘qotishga qaratilgan chora – tadbirlar esa – epidemiyaga qarshi qaratilgan tadbirlar deyiladi. Bu aniqlik nisbiy bo‘lib, xaqiqatda esa barcha guruh tadbirlar kasalliklarning oldini olishga qaratilgan bo‘ladi. Profilaktik chora –tadbirlar – kelajakda yuqumli kasalliklarning faqatgina oldini olishigina bo‘lmay, balki ba’zi yuqumli kasalliklarning kamaytirilishini ham taqozo qiladi. Epidemik o‘chog‘da qilinadigan chora – tadbirlar o‘z ichiga profilaktik tadbirlarni ham oladi. Chunki u yuqumli kasallik tarqalgan joyda yangi kasalliklarning oldini olishga qaratilgandir. Epidemiyaga qarshi chora – tadbirlar epidemik jarayonni shu uch zvenosiga qaratilgan holatda, tizimli ravishda olib boriladi. Bular: kasallik manbaiga nisabatan – jamoadan alohidalash (gumon qilingan yuqumli kasallikning yashirin davrini hisobga olgan holda), aniq va ishonchli diagnostika qilish hamda asoratlarsiz davolash; yuqish mexanizmiga nisbatan – dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya hamda sterilizatsiya ishlarini samarali olib borish; moyil organizmga nisbatan – maxsus va nomaxsus (maxsus – immunoprofilaktika, nomaxsus – umumiy profilaktik va shaxsiy gigiyena) chora – tadbirlar kiradi. Bundan tashqari umumiy chora – tadbirlarga: 1. Sanitariya oqartuv ishlari (ma’ruzalar, diktantlar, bukletlar, radio, televideniya va boshqalar orqali). 2. Laboratoriya tekshiruvlari (ishga, o‘qishga kiruvchilar, nikohdan o‘tuvchilar, tashkilot ishchilari va boshqalar yilida bir marta). Epidemik jarayonning xususiyatini va jadalligini aniqlovchi har xil omillar ikki guruhga ajratilishi mumkin. Yuqumli kasalliklarni kelib chiqishi va tarqalishida har bir tabiiy va ijtimoiy omillarning rolini haqqoniy baholash va epidemik jarayonning rivojlanishida ta’sir qiluvchi epidemiyaga qarshi chora – tadbirlar tavsiya qilinadi. Bunday baholash epidemiologik diagnostika natijalariga qaratilgandir. Epidemiyaga qarshi chora – tadbirlar epidemik jarayonning hamma zvenolariga nisbatan baravariga qo‘llanilishi maqsadga muvofiqdir Xulosa: Epidemik jarayonning zvenolari hamda epidemiyaga qarshi chora – tadbirlari to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish nafaqat profilaktik balki davolash muassasalari tarkibidagi barcha tibbiyot xodimlarining kasbiy burchi hisoblanadi.
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.