AXLOQ TUZATISH ISHLARI TARIQASIDAGI JAZONI IJRO ETISH
Irnazarov Shuhrat
TerDU Yuridik Fakulteti “Jinoyat huquqi va
Fuqarolik protsessi” kafedrasi o‘qituvchisi
Normuratov muhammadqodir
Terdu Yuridik Fakulteti 4-bosqich talabasi Annotatsiya: ushbu maqolada axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoning huquqiy asoslari, mazmuni, jazoning qo`llanish tartibi, probatsiya xizmati tomonidan olib boriladigan nazorat, shuningdek, jazoning ijtimoiy ahamiyati keng yoritilgan. Maqola O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va Jinoyat ijroiya kodeksiga tayangan holda ilmiy uslubda bayon qilingan. Kalit so`zlar: Axloq tuzatish ishlari, jazo ijrosi, probatsiya, mehnat faoliyati, sudlangan shaxs, darommaddan ushlab qolish, jazo tizimi, nazorat, jinoyat kodeksi, jinoyat ijroiya kodeksi.
KIRISH
Butun dunyoda bo`lgani kabi yurtimiz O`zbekistonda ham inson, uning huquq va erkinliklari shuningdek burchlari va majburiyatlari ham qonun darajasida mustahkamlab qo`yilgan. Xususan O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir qator boblari va moddalarida fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, burchlari va majburiyatlari ko`rsatilib o`tilgan. Fuqarolar tomonidan qonunda belgilab qo`yilgan talablarning buzilishi oqibatida ma’lum bir turdagi javobgarliklar kelib chiqishi tabiiy hol albatta. Xususan O‘zbekiston Respublikasida jinoyat sodir etgan shaxsga qo‘llaniladigan jazolar tizimi jamiyatni himoya qilish bilan birga shaxsni tarbiyalash, uni tuzatish va qayta jamiyatga moslashtirish kabi maqsadlarni ham o‘z ichiga oladi. Shu maqsadda qamoqqa olish yoki ozodlikdan mahrum qilishdan tashqari, jamiyatdan ajratmaydigan yengilroq, tarbiyaviy ta’sirga ega jazo turlari ham qo‘llaniladi. Shulardan biri — axloq tuzatish ishlari jazosidir. Bu jazo turi jinoyat sodir etgan shaxsni jamiyatdan ajratmasdan mehnat faoliyati orqali tuzatish, unga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish, javobgarlik hissini oshirishga xizmat qiladi. Axloq tuzatish ishlari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 46-moddasiga asosan 6 oydan 3 yilgacha muddatga tayinlanadi. Bundan tashqari ushbu moddada quyidagilar ham keltirilgan: Axloq tuzatish ishlari shaxs ish haqining oʻn foizidan oʻttiz foizigacha miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda uni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat boʻlib, jazo sudning hukmiga muvofiq mahkumning oʻz ish joyi yoki mazkur jazo ijrosini nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan boshqa joylarda oʻtaladi. Axloq tuzatish ishlari olti oydan uch yilgacha muddatga tayinlanadi. Axloq tuzatish ishlari pensiya yoshiga yetganlarga, mehnatga qobiliyatsizlarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga va harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllanilmaydi. Agar shaxs sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining jami oʻttiz kundan koʻprogʻini oʻtashdan uzrli sabablarsiz boʻyin tovlasa yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketsa, sud axloq tuzatish ishlarining oʻtalmagan muddatini xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi. Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlangan vaqt jazoning oʻtalgan muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.1 Ushbu jazo eng avvalo uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun qo‘llanadi. Jazoni ijro etish tartibi esa Jinoyat ijroiya kodeksining tegishli moddalari bilan belgilangan. Axloq tuzatish jazosining mohiyati shundan iboratki, sudlangan shaxs o‘zining doimiy ish joyida yoki probatsiya xizmati tomonidan belgilangan boshqa mehnat joyida ishlashda davom etadi, uning ish haqidan esa sud tomonidan belgilangan foiz miqdorida mablag‘ 1 O`z. R. Jinoyat kodeksi 46-moddasi davlat daromadiga ushlab qolinadi. Yuqorida keltirib o`tganimizdek bu odatda 10–30 foizni tashkil etadi. Axloq tuzatish ishlari jazosining muhim jihati shundaki, sudlangan shaxs jamiyatdan ajralmaydi, u oilasi bilan yashashda davom etadi, ijtimoiy hayotdan chetda qolmaydi. Shu bilan birga, u probatsiya xizmati nazorati ostida bo‘ladi. Probatsiya xodimlari sudlangan shaxsning ish joyiga borib, intizomga rioya etishi, jazo shartlarini buzmasligi, qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligini muntazam nazorat qiladi. Bu nazorat jazoning tarbiyaviy va tuzatish ta’sirini kuchaytiradi. Sudlangan shaxsning huquqlari ham qonun bilan himoyalangan. U mehnat shartnomasi asosida ishlash, mehnatga oid manfaatlarini himoya qildirish, ijtimoiy sug‘urta va tibbiy xizmatlardan foydalanish, probatsiya organlarining harakatlaridan norozi bo‘lsa shikoyat qilish huquqiga ega. Shu bilan birga, uning majburiyatlari ham belgilangan: u belgilangan ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirishi, mehnat intizomiga amal qilishi, probatsiya organi tomonidan chiqarilgan qonuniy talablarni bajarishi, turar joyini yoki ish joyini o‘zgartirganda xabar berishi shart. Axloq tuzatish ishlarining jazo sifatidagi ijtimoiy ahamiyati juda katta. Bu jazo turi qamoq jazosiga nisbatan ancha insonparvar bo‘lib, shaxsning jamiyatdan ajratilmasligini ta’minlaydi. Sudlangan shaxs mehnat qilishda davom etgani sababli oila a’zolarining moddiy ta’minoti buzilmaydi. Davlat uchun ham iqtisodiy jihatdan yengil bo‘lib, qamoqxonalarda yangi mahbuslarni saqlash xarajatlari kamayadi. Eng muhimi, bu jazo turi takroriy jinoyatchilikning oldini olishga yordam beradi, chunki shaxs jamiyatda o‘z o‘rnini yo‘qotmaydi, mehnat jarayonida intizomga o‘rganadi, o‘z xatti-harakatlari oqibatlarini anglay boshlaydi. Agar sudlangan shaxs jazo shartlarini buzsa, ya’ni ishga kelmasa, intizomni buzsa yoki probatsiya talablariga rioya qilmasa, bu haqda sudga axborot beriladi va sud jazoning qolgan qismini qattiqrog‘i bilan almashtirishi mumkin. Eng og‘ir holatlarda axloq tuzatish ishlari ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartiriladi.
XULOSA
Xulosa o`rnida shuni aytishimiz mumkinki axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazo O‘zbekiston jazo siyosatida muhim o‘rin tutuvchi, tarbiyaviy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan samarali jazo turidir. U shaxsni jamiyatdan ajratmasdan turib tarbiyalash, mehnat orqali uni tuzatish va ijtimoiy moslashuv jarayonini osonlashtirishga xizmat qiladi. Probatsiya xizmati tomonidan olib boriladigan doimiy nazorat esa jazoning samarali ijrosini ta’minlaydi. Shu bois axloq tuzatish ishlari jazo tizimining insonparvar va amaliy ahamiyatga ega shakllaridan biri hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi.
2. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi
3. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya kodeksi.
4. Jinoyat ijroiya huquqi darsligi: S.Niyozova, K,Hakimova, D.Israilova,
Sh.Xaydarova, Z.Shamshiddinov
5. Internet saytlar:
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.