O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI OSIYO XALQARO UNIVERSITETI Azamat Orunbayev DARSLIK 70111201 - Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallngan “KAMOLOT” nashriyoti BUXORO - 2026 UO‘K: 796.015.1(075.8) KBK 75.15ya73 A99 Azamat Orunbayev. Sport mashg‘ulotlari nazariyasi / [Matn]: Darslik / A.Orunbayev - Buxoro : “BUXORO DETERMINANTI”MCHJning Kamolot nashriyoti, 2026. - 428 b. TAQRIZCHILAR A.B. Nuriddinov - Osiyo xalqaro universiteti “Jismoniy madaniyat” kafedrasi p.f.f.d. (PhD) M.J. Abdullayev - Buxoro davlat universiteti professori, p.f.d. (DSc) ISBN: 978-629-7993-07-2 Ushbu darslik Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 17-avgustdagi 311901759-sonli ma’lumotnomasiga asosan nashrga ruxsat berildi. ANNOTATSIYA Mazkur darslik “Sport mashg‘ulotlari nazariyasi” faniga bag‘ishlangan bo‘lib, 70111201 – Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrantlar, trenerlar hamda sport sohasi mutaxassislari uchun mo‘ljallangan. Darslikda sport mashg‘ulotining mazmuni, asosiy vazifalari, bolalar va yoshlarda sport iste’dodini aniqlash, yosh sportchilarning anatomik, fiziologik, psixologik hamda motor rivojlanish xususiyatlari yoritilgan. Shuningdek, energiya tizimlari, mashg‘ulot yuklamasi, moslashuv jarayonlari va yuklama mezonlari ilmiy-metodik jihatdan bayon etilgan. Darslikda tezlik, kuch, chidamlilik, koordinativ qobiliyatlar, texniktaktik tayyorgarlik, mashg‘ulotlarni rejalashtirish, sportchilarning ovqatlanishi hamda ergojenik yordamchi vositalarga oid nazariy va amaliy ma’lumotlar berilgan. Mazkur darslik sport mashg‘ulotlarini ilmiy asosda tashkil etish, sportchilarning tayyorgarligini takomillashtirish va sport natijadorligini oshirish uchun zarur bilimlar hamda metodik tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. АННОТАЦИЯ Настоящий учебник посвящён дисциплине «Теория спортивной тренировки» и предназначен для студентов и магистрантов, обучающихся по направлению 70111201 - «Теория и методика физического воспитания и спортивной тренировки», а также для тренеров и специалистов в области спорта. В учебнике раскрываются содержание и основные задачи спортивной тренировки, вопросы выявления спортивной одарённости у детей и молодёжи, анатомические, физиологические, психологические особенности и особенности моторного развития юных спортсменов. Кроме того, с научно-методической точки зрения изложены энергетические системы, тренировочные нагрузки, процессы адаптации и критерии оценки нагрузки. В учебнике представлены теоретические и практические сведения о развитии быстроты, силы, выносливости и координационных способностей, техникотактической подготовке, планировании тренировочного процесса, питании спортсменов, а также об использовании эргогенных вспомогательных средств. Настоящий учебник содержит необходимые знания и методические рекомендации для научно обоснованной организации спортивной тренировки, совершенствования подготовленности спортсменов и повышения спортивной результативности. ANNOTATION This textbook is devoted to the subject “Theory of sports training” and is intended for undergraduate and graduate students studying in the field of 70111201 - Theory and Methodology of Physical Education and Sports Training, as well as for coaches and specialists in the field of sports. The textbook covers the content and main objectives of sports training, the identification of sports talent among children and young people, and the anatomical, physiological, psychological, and motor development characteristics of young athletes. It also provides a scientific and methodological explanation of energy systems, training loads, adaptation processes, and load assessment criteria. The textbook presents theoretical and practical information on speed, strength, endurance, coordination abilities, technical and tactical preparation, training planning, athletes’ nutrition, and ergogenic aids. This textbook includes the essential knowledge and methodological recommendations required for the scientifically grounded organization of sports training, the improvement of athletes’ preparedness, and the enhancement of sports performance. MUNDARIJA KIRISH 6 I- BO‘LIM SPORT MASHG‘ULOTNING TA’RIFI 8 1.1. Mashg‘ulotning asosiy vazifalari 8 1.2. Sport mashg‘ulotining asosiy xususiyatlari 16 1.3. Sport mashg‘ulotining umumiy qoidalari 19 II- BO‘LIM BOLALAR VA YOSHLARDA ISTE’DODNI TANLASH VA RIVOJLANISH XUSUSIYATLARI 2.1. Iste’dodni aniqlash 33 2.2. Bolalar va yoshlarning anatomik, fiziologik, psixologik hamda motor rivojlanishining yoshga xos xususiyatlari 2.3. Yoshlar mashgulotining dasturlashtirilishi 67 III -BO‘LIM ENERGIYA TIZIMLARI 79 3.1 Energiya tizimlari va asosiy tushunchalar 79 3.2. Energiyaning biologik o‘zgarishi 81 3.3. ATP ning aerob manbalari, aerob metabolizm 91 IV. BO‘LIM YUKLAMA VA MOSLASHUV (ADAPTATSIYA) 132 4.1. Yuklamaning mezonlari 132 4.2. Mashg‘ulotlarning tezligi 150 4.3. Yuklama usullari 158 V-BO‘LIM SPORT NATIJADORLIGINING ASOSIY OMIILLARI 169 5.1. Tezlik mashg‘ulotining nazariyasi va amaliyoti 169 5.2. Kuch mashg‘ulotlarining nazariyasi va amaliyoti 196 5.3. Chidamlilik mashg‘ulotlarining nazariyasi va amaliyoti 296 VI- BO‘LIM SPORT MASHG‘ULOTLARIDA KOORDINATIV, TEXNIK, TAKTIK VA PSIXOLOGIK TAYYORGARLIK ASOSLARI 6.1.Koordinativ qobiliyatlar va texnik tayyorgarlikning sport mashg‘ulotlaridagi o‘rni 313 6.2. Texnik ta’lim usullari va vositalari 326 6.3. Taktik mashg‘ulotlari 332 VII-BO‘LIM MASHG‘ULOTNI REJALASHTIRISH 347 7.1. Mashg‘ulotni rejalashtirishning xususiyatlari 347 7.2. Yakka va ikki cho‘qqili mashg‘ulot periodizatsiya 354 7.3. Energiya tizimlari mashg‘uloti 380 VIII - BO‘LIM GORMONLAR, OVQATLANISH VA ERGOJENIK YORDAMCHI VOSITALAR 392 8.1. Gormonlar 392 8.2. Sportchi ovqatlanishi 395 8.3. Ergojenik yordamchi vositalar 405 Xulosa 416 Foydalanilgan adabiyotlar 419 “Muvaffaqiyatlar eslanmaydi, muvaffaqiyatsizliklar unutilmaydi” KIRISH Bugungi kunda sport fanlari sohasida yuz berayotgan ilmiymetodik rivojlanishlar sport natijalariga yanada samarali ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holat sport mashg‘ulotlarini ilmiy asosda tashkil etish, sportchilar tayyorgarligini rejalashtirish, yuklamalarni nazorat qilish, tiklanish jarayonlarini boshqarish va musobaqa faoliyatini tahlil etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Ayniqsa, zamonaviy sportda yuqori natijalarga erishish faqatgina ko‘p mashq qilish bilan emas, balki mashg‘ulot jarayonini ilmiy yondashuv asosida tashkil etish, sportchining individual imkoniyatlarini hisobga olish, texnik-taktik, jismoniy, psixologik va funksional tayyorgarlikni uyg‘un rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liqdir. Sport sohasidagi ushbu ehtiyojlarning qondirilishi jarayonida sport klublari, ta’lim muassasalari va sport tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning sport fanlari nuqtayi nazaridan yetarli nazariy va amaliy bilimga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ilmiy izlanishlar olib borayotgan sport olimlari, trenerlar va pedagog-xodimlarning tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etishi sport mashg‘ulotlari samaradorligini oshirishda muhim omillardan biri hisoblanadi. Aslida bu ezgu maqsadga erishishning eng muhim va to‘g‘ri yo‘li har qanday ilmiy tadqiqotni xurofot, subyektiv qarashlar va tasodifiy yondashuvlardan xoli tarzda qo‘llab-quvvatlashdir. Boshqacha aytganda, sportda taraqqiyot ilmiy asoslangan o‘zgarishlar, sog‘lom raqobat, halol mehnat, pedagogik mahorat va tizimli mashg‘ulot jarayoni orqali ta’minlanishi lozim. So‘nggi yillarda ayrim holatlarda sport sohasida mehnatsiz natijaga erishish, yengil yo‘llarni izlash, doping kabi inson salomatligiga zarar yetkazuvchi va sport axloqiga zid usullarga murojaat qilish holatlari kuzatilmoqda. Shu sababli sport sohasida olib boriladigan har qanday ilmiy va amaliy faoliyat, avvalo, sport natijadorligini oshirish, sportchilarning salomatligini saqlash, mashg‘ulot jarayonining samaradorligini ta’minlash hamda sport axloqini rivojlantirishga xizmat qilishi zarur. Bunda sport mashg‘ulotlarini to‘g‘ri rejalashtirish, yuklama va dam olish nisbatini ilmiy asosda belgilash, yosh va individual xususiyatlarni hisobga olish, tiklanish vositalaridan oqilona foydalanish hamda sportchilarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Chet ellarda sport fanlariga oid adabiyotlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, mamlakatimiz sharoitiga mos, o‘zbek tilida tayyorlangan, sport ta’limi va mashg‘ulot amaliyotida foydalanishga qulay manbalarni yaratish bugungi kunning muhim ehtiyojlaridan biridir. “Sport mashg‘ulotlari nazariyasi” nomli ushbu darslik sport mashg‘ulotining nazariy asoslari, sportchilarning jismoniy, texnik, taktik, psixologik va funksional tayyorgarligini takomillashtirish, mashg‘ulot yuklamalarini rejalashtirish hamda sport natijadorligini oshirishga oid muhim masalalarni qamrab oladi. Unda sport mashg‘ulotining mazmuni, asosiy vazifalari, yuklama va moslashuv jarayonlari, energiya tizimlari, jismoniy sifatlarni rivojlantirish, texniktaktik tayyorgarlik, koordinativ qobiliyatlar, mashg‘ulotni rejalashtirish, sportchilarning ovqatlanishi va ergojenik yordamchi vositalar kabi mavzular ilmiy-metodik jihatdan yoritilgan. Bugungi sport amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, yuqori natijaga erishish uchun faqat jismoniy tayyorgarlikning o‘zi yetarli emas. Sportchining texnik mahorati, taktik fikrlashi, psixologik barqarorligi, tiklanish jarayonlari, ovqatlanish tartibi va mashg‘ulot yuklamalariga moslashish darajasi ham umumiy sport natijasini belgilovchi muhim omillar hisoblanadi. Mazkur darslik oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar va magistrantlar uchun nazariy bilimlarni mustahkamlash, trenerlar uchun mashg‘ulot jarayonini samarali tashkil etish, sport sohasi mutaxassislari uchun esa ilmiy-metodik yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda yordamchi manba bo‘lib xizmat qiladi. Undan ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarda, mustaqil ta’lim jarayonida, ilmiy izlanishlarda hamda sport mashg‘ulotlarini rejalashtirish va tahlil qilishda foydalanish mumkin. Shu maqsad yo‘lida “Sport mashg‘ulotlari nazariyasi” nomli mazkur darslikni talabalar, magistrantlar, trenerlar va sport fanlari mutaxassislari foydalanishiga havola etar ekanmiz, uning tayyorlanishida bevosita yoki bilvosita ko‘mak bergan barcha ustozlar, hamkasblar va soha mutaxassislariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Azamat ORUNBAYEV I-BO‘LIM SPORT MASHG‘ULOTNING TA’RIFI 1.1. Mashg‘ulotning asosiy vazifalari Umumiy ma’noda “mashg‘ulot” atamasi turli hodisalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Hozirgi kunda mashg‘ulotning keng ma’nodagi maqsadi shaxsning jismoniy, psixologik, aqliy yoki mexanik samaradorligini tezkorlik bilan oshirishga qaratilgan, ma’lum bir tartibda tashkil etilgan ta’lim jarayonini ifodalashdir. Sport sohasida mashg‘ulot “Sportchini eng yuqori samaradorlik darajasiga tayyorlash” sifatida ta’riflanadi. Tor ma’noda sport mashg‘uloti “Sportchining turli mashqlarni bajarishi orqali jismoniy, texnik, aqliy, psixologik va ma’naviy jihatdan tayyorlanishi”ni anglatadi. Ushbu ta’rif kuch mashg‘uloti, chidamlilik mashg‘uloti, mashg‘ulot uslublari va shunga o‘xshash ifodalarning natijasida shakllangan. 1-rasm. Sport mashg‘ulotining ta’rifi Keng ma’noda sport mashg‘uloti - bu sportchilarning eng yuqori sportiy samaradorlikka erishishini ta’minlovchi barcha tizimli tayyorgarlik usullarini o‘z ichiga oladi. Bu nafaqat sportiy samaradorlikni oshirish, balki sportchining o‘z-o‘zini tarbiyalashi, o‘rganishi va ularning natijalarini ham qamrab oladi. Har bir organizm sog‘lom va samarali qolishi uchun, atrof-muhit bilan munosabatlarida, talablarida hamda tuzilish va funksional jihatdan doimiy ravishda muvozanatda bo‘lishi lozim. Ushbu uzluksiz muvozanat holatining saqlanishi organizmda mavjud bo‘lgan ko‘plab tizimlarning, xususan vegetativ (ixtiyorsiz) asab tizimi hamda endokrin tizim faoliyati orqali amalga oshadi. Mashg‘ulot jarayonida ham organizm tuzilish va funksional jihatdan sportiy samaradorlik talablariga javob bera oladigan muvozanatni shakllantirishga intiladi. Har bir mashg‘ulot ta’siri samaradorlik mexanizmi doirasida biologik chegaralarni rivojlantirishga majbur qiladi va shu orqali rivojlanish yuz beradi. Shu nuqtada jismoniy samaradorlik qobiliyatidagi o‘sish faqat inson organizmining zaxira quvvatlarining ortishi bilan mumkin bo‘ladi. Sportiy samaradorlikning ortish darajasi ham mashg‘ulot jarayonida takrorlanuvchi qo‘zg‘atuvchilarning kuchi va tez-tez qo‘llanishiga bog‘liqdir. Qo‘zg‘atuvchilar juda xilma-xil bo‘lishi mumkin va bu organizmda moslashuv muammosini keltirib chiqaradi. Shunday sharoitda sport mashg‘uloti “Ma’lum bir samaradorlik maqsadiga yo‘naltirilgan harakat qo‘zg‘atuvchisi” sifatida mazmun kasb etadi. Chunki harakat organizmni barcha boshqa qo‘zg‘atuvchilardan ko‘ra samaraliroq shakllantiradi. Demak, mashg‘ulot - bu “Sportiy samaradorlikni oshirish uchun ma’lum vaqt oralig‘ida qo‘llaniladigan va organizmda funksionalmorfologik o‘zgarishlar (moslashuvlar) hosil qiladigan qo‘zg‘atuvchilar zanjiri”dir. Jismoniy tarbiyaning turli sohalardagi o‘ziga xos xususiyatlari sport mashg‘ulotida turli maqsadlarning izlanishiga olib keladi. Ushbu maqsadlarga muvofiq jismoniy tarbiyaning barcha yo‘nalishlaridagi sport mashg‘uloti faqatgina sportiy samaradorlikni oshirishga qaratilmagan bo‘lib, balki qarish jarayoniga bog‘liq holda kamayib boruvchi samaradorlik salohiyatiga qarshi kurashish, shu orqali samaradorlikni oshirish yoki eng yomon holatda bo‘lsa ham aqliy va jismoniy samaradorlikni hamda motivatsiyani saqlab qolishga xizmat qiladi. Sport mashg‘uloti ko‘p qirrali shaxsni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Musobaqaga yo‘naltirilgan sport mashg‘uloti shaxsiyatni rivojlantirish uchun ayniqsa samarali vosita hisoblanadi. Uning maqsadi xalqaro muvaffaqiyat standartlari bilan o‘lchanadigan eng yuqori sportiy samaradorlik darajasiga erishishdir. Sportiy samaradorlik ko‘plab alohida qobiliyatlar va sharoitlarning birgalikda yuzaga chiqishi natijasidir. Bu turli omillarni bir-biridan ajratib ko‘rmaslik, balki ularning yaqin o‘zaro bog‘liqligini yaxlitlikda tasavvur qilish zarur. Biroq asosiy samaradorlikni rejalashtirishda ayrim omillar boshqalarga qaraganda ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Sport musobaqalarida zarur samaradorlik darajasiga erishish uchun bir tomondan motorik, sezgi, aqliy, psixologik jihatlarda uzoq vaqt davom etadigan ijtimoiy yetilish va aniq shakllanish jarayoni bilan birga o‘rganish zarur bo‘lsa, boshqa tomondan mashg‘ulot jarayoni ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mashg‘ulotga bog‘liq moslashuv qobiliyati ayrim genetik sharoitlarga ham taalluqlidir. Ushbu sharoitlar sportchining asosiy darajasini belgilab beradi. Eng yuqori darajadagi natijaga erishish uchun sport mashg‘uloti va musobaqalar orqali olib boriladigan faoliyat shaxsning butunligicha - aqliy va jismoniy jihatdan - rivojlanishini ta’minlaydi. Musobaqaga yo‘naltirilgan sport mashg‘uloti sportchining sport mashg‘uloti va sport ta’limi siyosati bilan uyg‘unlashgan holda belgilangan maqsadlarga erishishi uchun zarur bo‘lgan barcha jismoniy va aqliy fazilatlarni qamrab oladigan tarzda tashkil etilishi kerak. Jismoniy va aqliy salohiyatning ortishi sportchiga kundalik hayotda uchraydigan turli xil muammolarni yengib o‘tishda yordam beradi. Shu bois mashg‘ulot faqat sport bilan bog‘liq mahoratni belgilash bilan cheklanmay, balki ongli jamiyat a’zosining normalari va standartlarini shakllantiruvchi ma’naviy qadriyatlarning rivojlanishini ta’minlash ham mashg‘ulotning muhim vazifalaridan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Sport mashg‘uloti - ilmiy qoidalarga asoslangan holda amalga oshiriladigan sportiy rivojlanish usulidir. Aqliy va jismoniy salohiyatning tizimli rivojlanishi, iste’dod va motivatsiya sportchiga yuksak natijalarga erishish hamda samarali sportiy ko‘rsatkich namoyon etishga imkon yaratadi. Sportchining shaxsiyati mashg‘ulot jarayonida yuzaga keladigan muammolarga ijobiy va ongli yondashish orqali o‘z jamiyatining me’yor va standartlariga muvofiq tarzda shakllanadi. Mashg‘ulot davomida sportchining rivojlanishi turli mashg‘ulot usullari va vositalari orqali ta’minlanadi. Sport mashg‘ulotining asosiy shakli tor ma’nodagi “mashg‘ulot” tushunchasiga mos ravishda jismoniy mashqlar orqali yuklamalar berishdir. Ilmiy asoslangan sport mashg‘ulotida qo‘llaniladigan boshqa usul va vositalar esa sportchiga zarur bo‘lgan texnik, taktik, metodik poydevorni hamda umumiy aqliy rivojlanishni ta’minlash uchun mo‘ljallangan nazariy bilimlarni qamrab olishi lozim. Mashg‘ulot bilan bog‘liq masalalar hamda tanlab olingan musobaqalarning muhokama qilinishi va tahlil etilishi, shuningdek maxsus musobaqalarning tanqidiy kuzatuvlar asosida baholangan jihatlari ham o‘rin tutishi kerak. Bundan tashqari, sport boshqaruvi, sport tibbiyoti va amaliy sport psixologiyasi sportchining tiklanish tezligini oshiruvchi omillar sifatida sport mashg‘uloti bilan uyg‘unlashtirilgan. Mashg‘ulot dunyosidan tashqarida ham o‘zining tarbiyaviy ahamiyati orqali shaxsiy rivojlanishga yordam beradigan va shu sababli sportiy samaradorlikning o‘z-o‘zidan rivojlanishini ta’minlaydigan ko‘plab yondashuvlar mavjud. Bunday yondashuvlar sportchining sport adabiyotini mustaqil ravishda kuzatishi, siyosiy va ijtimoiy masalalarni qamrab olgan konferensiya va seminarlar, simpoziumlarda ishtirok etishi, ta’lim, oila, sport siyosati va boshqa ijtimoiy kutishlarni o‘z ichiga olgan forumlarda qatnashishi, teatr, konsert, kino, diskoteka kabi madaniy maskanlarga tashrif buyurishi hamda ushbu muhitlarda faoliyat yuritishini o‘z ichiga oladi. Musobaqaga yo‘naltirilgan sport uchun mashg‘ulotning asosiy maqsadi - sportchilarni musobaqalarda eng yuqori sportiy samaradorlikka erishishga tayyorlashdir. Shu bois sport mashg‘ulotining bosh vazifasi sport musobaqalarining maxsus talablariga va mashg‘ulotning o‘z talablarga asoslangan. Ushbu ikki jihat albatta e’tiborga olinishi kerak, chunki sportning musobaqaviy samaradorlik tuzilishidan kelib chiqadigan talablar bilan mashg‘ulot talablari to‘liq mos kelmaydi. Bu esa mashg‘ulot hajmi va intensivligi odatda musobaqadagidan farq qilishi bilan izohlanadi. Samaradorlik tuzilishiga asoslanib qaralganda, sport mashg‘ulotining asosiy vazifasi - individual samaradorlik omillaridan samarali foydalanish va ularni rivojlantirish hamda maxsus (maqsadli) musobaqalardagi real musobaqa talablariga javob beruvchi omillar o‘rtasidagi mavjud aloqalarni shakllantirishdan iboratdir. Shaxsiy samaradorlik omillari besh guruhga ajratilishi mumkin: Sportchining shaxsiyati, Jismoniy tayyorgarligi, Taktik qobiliyati, Sport texnikasi va muvofiqlashuvi, Nihoyat, sport faniga oid bilimlarni qamrab olgan aqliy tayyorgarligi. Shularni inobatga olgan holda sport mashg‘ulotining asosiy vazifalari o‘zaro ajralmas bir yaxlitlik sifatida ko‘rilishi va amalga oshirilishi lozim. a. Shaxsiyatning rivojlantirilishi Shaxsiyat odatlar, e’tiqodlar, xulq-atvor va munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Bir tomondan mashg‘ulot va musobaqaning talablariga parallel ravishda shakllanadigan ijobiy munosabatlar ushbu talablarni bajarish uchun zarur shartni yaratadi, boshqa tomondan esa ular muntazam sport faoliyati davomida shaxsga singdiriladi. Yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida shaxsiyat doimiy ravishda ta’sirga uchragani sababli mashg‘ulot uslubi ongli va tizimli pedagogik nazorat ostida bo‘lishi zarur. Bunday nazorat sportchining faolligini oshirish bilan birga, uning umumiy shaxsiy rivojlanishini ham kuchaytirishi, mashg‘ulot uslubining og‘ir va tobora ortib boradigan mehnat yukidan kelib chiqadigan xarakter shakllantirish xususiyatidan foydalanishga qaratilishi kerak. 2-rasm. Shaxsiyatning rivojlantirilishi Sportchining duch keladigan muammolarni yengib o‘tishi va musobaqada g‘alaba qozonishi uchun zarur bo‘lgan asosiy e’tiqodlarning shakllanishi, maxsus axloqiy qadriyatlarning rivojlanishi va musobaqani kuzatish muhim ahamiyat kasb etadi. Bular sportchining intensiv, uzluksiz, tizimli va o‘ziga ishonchli tarzda mashg‘ulot olib borishiga imkon yaratadi. Fikriy bosqichda va amaliy jarayonda jamoaviy sport turlarida “jamoa ruhi”, individual sport turlarida esa “men ruhi”ning shakllanishi katta ahamiyatga ega. Nihoyat, murabbiy sportchining ta’limi bilan shug‘ullanuvchi boshqa o‘qituvchilar bilan hamkorlikda uning aqliy, estetik va umumiy tarbiyasiga hissa qo‘shishi lozim. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, mashg‘ulot jarayonida sportiy yutuqlari ortayotgan shaxslar davlatning sport sohasidagi muvaffaqiyatini oshirishda faol ishtirok etuvchi, ko‘p qirrali faoliyat yurituvchi, yordamsevar inson tipining shakllanishida yetakchi bo‘lib, o‘z intizomlari bilan sportga endi qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun ham ibrat namunasiga aylanadilar. b. Jismoniy tayyorgarlik (konditsiya) Asosan tezlik, kuch va chidamlilikni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu motorik-konditsion xususiyatlar musobaqaga yo‘naltirilgan sport faoliyatining samaradorligi uchun zaruriy shartlardir. Bu, shuningdek, texnika baholanadigan yoki ikki sportchi bir-biriga qarshi bellashadigan, muvaffaqiyatning katta qismi turli kuch, texnik va taktik qobiliyatlarning ustunligiga tayanadigan individual yoki jamoaviy sport turlari uchun ham xosdir. Mashg‘ulot “Bevosita shug‘ullanilayotgan musobaqa yo‘nalishining o‘ziga xos jismoniy tayyorgarlik me’yorlariga muvofiq tarzda olib boriladigan mashqlar yig‘indisi” sifatida talqin etiladi. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarining asosiy prinsipi - muntazam mashg‘ulot davrlashtirish asosida bir necha yil davom etadigan va sportchilarning mavjud tayyorgarlik darajasidan yuqori natijaga erishishini ta’minlovchi, katta stresslarga bardoshlilik qobiliyatini shakllantirishdir. c. Sport texnikasi va muvofiqlashuvi To‘g‘ri tanlangan texnika sportchiga o‘zining jismoniy tayyorgarligidan eng maqbul va iqtisodiy jihatdan samarali foydalanish imkonini beradi. Sportchi o‘zining jismoniy xususiyatlariga mos bo‘lgan texnikani o‘zlashtiradi va uni o‘z sport turi uchun mos ravishda refleksiyadan harakatga aylantiradi. Sportchining kuchi, chidamliligi va tezlik qobiliyati oshgani sayin texnika darajasi ham muntazam ravishda takomillashtirilib borilishi lozim. Shu sababli texnika va muvofiqlashuvni rivojlantirish mashg‘ulotning faqat ikki maqsadi bo‘lib, ular doimo bir-biriga mos holda uyg‘unlashtirilishi zarur. Biroq o‘zlashtirilgan yoki qo‘llash istagida bo‘lgan texnikani eng samarali tarzda qo‘llash uchun sportchining muvofiqlashuv qobiliyati, boshqacha aytganda, asab-muskul uyg‘unligi muvozanatli tarzda rivojlantirilishi shart. d. Taktik mashg‘ulot Sportchining jismoniy tayyorgarligiga, psixologik imkoniyatlariga, umuman barcha motorik xususiyatlariga hamda raqibining kuchli yoki zaif tomonlariga samarali javob qaytarishi, musobaqa jarayonida har qanday ehtimoliy vaziyatga moslashishi ko‘p jihatdan to‘g‘ri taktik yondashuv bilan ta’minlanadi. Milliy va xalqaro musobaqalardagi o‘zgaruvchan intensivlik tufayli taktik mashg‘ulotning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Taktik mashg‘ulot, mashg‘ulot dasturini tashkil etuvchi barcha boshqa jihatlarning asosiy qismidan o‘rin olishi lozim. Chunki sportchi musobaqalarda g‘alaba qozonishga imkon beradigan taktikani amalda qo‘llash uchun bu borada oldindan tayyorgarlikdan o‘tgan va zarur qobiliyatlarni shakllantirgan bo‘lishi kerak. 1. Individual bellashuv Raqibning to‘sqinligi mavjud bo‘lgan musobaqalar (o‘rta va uzoq masofa yugurish, velosport, chang‘i, kross, yurish). Raqibning ta’siri ostida bo‘lgan musobaqalar (yo‘lakli yugurish, gimnastika, minoradan sakrash). 2. Ikki tomonlama bellashuv Raqibning to‘sqinligi mavjud bo‘lgan musobaqalar (boks, qilichbozlik, kurash, judo). Raqibning ta’siri ostida bo‘lgan musobaqalar (voleybol, stol tennisi, juftlik tennisi, jamoaviy velosport). Ko‘rinib turibdiki, barcha sport turlarida o‘ziga xos taktik mashg‘ulotlarni amalga oshirish zarur. e. Aqliy mashg‘ulot Musobaqaga yo‘naltirilgan sport bilan shug‘ullanayotgan sportchilarning aqliy qobiliyatlarini yanada rivojlantirish ustida ham ishlash zarur. Mashg‘ulot jarayonida sportchi mustaqil fikrlay olishi va qaror qabul qila olishi kerak. Musobaqalarda doimiy ravishda oshib borayotgan samaradorlik standarti va intensivligiga mos ravishda u o‘z fikrlari bilan taktik g‘oyalarini amalga oshira olishi, yangi texnikalarni ishlab chiqishi hamda o‘z mashg‘ulotlarini rejalashtirib tahlil qila olishi lozim. Bularning barchasini amalga oshirish uchun sportchi tizimli ravishda aqliy qobiliyatlarini rivojlantirishi, nazariy sport mashg‘uloti bilimlarini yangilab borishi va ularni mashg‘ulot hamda musobaqalarga ijodiy tarzda tatbiq etishni o‘rganishi kerak. Shu sababli aqliy mashg‘ulot sport mashg‘ulotining ajralmas qismi sifatida qaralishi lozim. 3-rasm. Aqliy mashg‘ulot Mashg‘ulotning boshqa muhim vazifalari - dam olish funksiyalarini va yuklamalarga bardoshlilikni muntazam rivojlantirishdir. Ular bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bir tomondan sportchi sportiy samaradorligini qisqa muddatda oshirib, uni barqarorlashtirish uchun og‘ir yuklamalar bilan mashg‘ulot o‘tkazishi zarur. Boshqa tomondan esa mashg‘ulot yuklamalari haddan tashqari yuqori bo‘lmasligi kerak, chunki sportchi bunga bardosh bera olmaydi, boshqacha aytganda, bunday yuklamani samarali natijaga aylantira olmaydi. Shuni inobatga olib, sportchi mashg‘ulotlarini tizimli olib borishi va asosan uzoq muddatli istiqbolda og‘ir mehnat yuklamalari bilan shug‘ullanishi lozim. Bunga erishish uchun mashaqqatli mashqlardan so‘ng sportchining tiklanishiga yordam beradigan funksiyalarning rivojlanishida samarali bo‘lgan mashg‘ulot usullaridan foydalanish 1.2. Sport mashg‘ulotining asosiy xususiyatlari Mashg‘ulotning jismoniy tarbiya va musobaqaga yo‘naltirilgan sport maqsadlarida qo‘llanilishi davomida e’tiborga molik ayrim asosiy xususiyatlari mavjud. Ushbu xususiyatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak: a. Mashg‘ulot har doim tanlangan sport turida mumkin bo‘lgan eng yuqori individual samaradorlikka erishishni maqsad qiladi. Xalqaro miqyosda samaradorlik darajasi shunday tezlikda oshmoqdaki, hatto katta iste’dod ham bir necha musobaqadan so‘ng eng yuqori sportiy natijaga erishish maqsadida mashg‘ulot qilmay qo‘ymoqda. Muayyan sport yo‘nalishida ixtisoslashish mashg‘ulotning bir yoqlamaligi sifatida tushunilmasligi lozim, chunki musobaqa uchun tanlangan umumiy va maxsus mashqlar sport turidagi samaradorlikning bevosita yoki bilvosita rivojlanishiga xizmat qilishi kerak. Shu bois har bir individual mashqning foydasi puxta o‘ylab ko‘rilishi zarur, chunki umumiy mashqlar uchun amal qiladigan barcha tamoyillar samaradorlik standartlari ichida ham amal qiladi. Bu ko‘p qirralilik prinsipini inkor etmaydi, balki uni yanada aniqroq ifodalaydi. 4-rasm. Sport mashg‘ulotining maqsadga yo‘naltirilganligi, tizimliligi va asosiy tarkibiy xususiyatlari b. Sport mashg‘uloti asosan individual xususiyatga ega bo‘lib, sportiy samaradorlik - musobaqa yakunida o‘xshash natijalarga erishsalar-da, shaxsdan shaxsga farq qiladigan turli omillarning yig‘indisidir. Yetarli kuchning yo‘qligi ajoyib texnika bilan, sprint qobiliyatining kamligi esa mukammal chidamlilik bilan qoplanishi mumkin. Xalqaro musobaqalarda rekord darajaga chiqish, g‘alaba qozonish yoki mag‘lub bo‘lish ba’zan bir necha santimetr yoki soniya, bir necha kilogramm ortiqcha ko‘tarish, oxirgi soniyada urilgan basket to‘pi, bir gol yoki so‘nggi daqiqada amalga oshirilgan harakat bilan hal qilinadi. Shu sababli sportchining samaradorligini aniqlash va uni to‘liq safarbar qilish nihoyatda muhimdir. Individual sportchining kuchli va zaif tomonlarini o‘zi tomonidan yaxshi bilishi natija darajasini belgilash va uni ishga solish uchun katta ahamiyat kasb etadi. Biroq bu faqat individual mashg‘ulot o‘tkazish kerakligini anglatmaydi. Jamoaviy mashg‘ulot o‘tkazish nafaqat iqtisodiy jihatdan foydali, balki umumiy ta’limda muhim omil hisoblanib, samaradorlik salohiyatini ishga solish uchun zarur bo‘lgan hayajonli muhitni yaratadi. Jamoaviy mashg‘ulotlarda ham individual xususiyatlarga yetarlicha imkoniyat berilishi lozim. Bu esa mashg‘ulot yuklamalari, ta’limda qabul qilinadigan individual qarorlar, musobaqalarning tez-tez o‘tkazilishi va ularning tanlanishi jarayoniga ham taalluqlidir. Iloji boricha sportchilarga jamoaviy mashg‘ulotlar o‘tkazish tamoyiliga, zarur bo‘lgan hollarda individual mashg‘ulotlarni qo‘shib olib borish ham lozim. c. Sportchining jismoniy va psixologik samaradorligini eng yuqori darajada rivojlantirish uchun sportchi maksimal mashg‘ulot yuklamalariga duchor qilinishi kerak. Biroq buning uchun sportchi o‘z hayot odatlarini sport faoliyatining talablariga shunday moslashtirishi lozimki, bu holat uning samaradorligini eng samarali tarzda rivojlantirishga yordam bersin. Shu sababli mashg‘ulot sportchining hayotining ajralmas qismiga aylanadi va uning hayotining ayrim davrlarida hal qiluvchi omil bo‘lib qoladi. d. Mashg‘ulot rejalashtirilgan va tizimli jarayon sifatida ta’riflanadi. Bu jarayon samaradorlikni izchil rivojlantirish uchun ishlab chiqiladi va muvaffaqiyatli amaliy ishlar davomida to‘plangan ilmiy qoidalarga hamda umumlashtirilgan tajribaga mos tarzda tuzilgan mashg‘ulot rejalari orqali amalga oshiriladi. e. Ilmiy yondashuv sport mashg‘ulotining muhim va tobora ortib borayotgan xususiyatidir. Bu, ijtimoiy va tabiiy fanlardagi yutuqlarga asoslanadi hamda mashg‘ulotlarda ta’lim va tarbiyaning nazariy poydevorini tashkil etadi. Mashg‘ulotlarda ilmiy usullarni qo‘llash orqali erishilgan rivojlanish, doimiy takomillashib borayotgan nazariya va mashg‘ulot usullari, tadqiqot loyihalarining tavsiyalari, turli sport turlari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikning ortishi va amaliy ish bilan shug‘ullanuvchilarga mashg‘ulotni rejalashtirish, qayta ko‘rib chiqish va baholashda ko‘rsatilayotgan yordam orqali eng yaxshi tarzda namoyon bo‘ladi. Nazariya va amaliyot o‘rtasidagi yaqin munosabat individual ilmiy sport turlarining rivojlanishiga xizmat qiladi hamda ularning amaliy mashg‘ulotdagi foydaliligini oshirishda davom etadi. Muvaffaqiyatli murabbiy va sportchilarning tajribasidan foydalanish, bunday tajribalarni umumlashtirish va ijodiy tarzda moslashtirish mashg‘ulotning ilmiy yo‘nalishining muhim jihatlaridan biridir. f. Boshqa ta’lim jarayonlarida bo‘lgani kabi sport mashg‘uloti ham ta’lim va tarbiyaning uyg‘unligi orqali o‘z qiymatini kasb etadi. Murabbiy uchun bu shuni anglatadiki: mashg‘ulot shunday tashkil etilishi lozimki, unda sportchining psixologiyasi barcha jihatlari bilan rivojlansin va qobiliyat bilan harakatlarni samarali bajarish istagi o‘rtasidagi o‘zaro aloqadan tizimli va uzluksiz tarzda foydalanish imkoniyati yaratilgan bo‘lsin. g. Nihoyat, sport mashg‘ulotining yana bir muhim xususiyati shundaki, murabbiy sportchilarga katta darajada mustaqillik beruvchi rahbarlik rolini bajaradi. Murabbiyning rahbarlik roli mashg‘ulotning barcha holatlari va shakllarini qamrab oladi. Shaxsiyatni rivojlantirish sohasida murabbiyning rahbarlik roli keng ma’noda tushunilishi zarur. Mashg‘ulot davomida yosh sportchilar bilan bevosita aloqasidan tashqari, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa shaxslar bilan ham yaqin hamkorlikni davom ettirishi, shu orqali ularning faoliyatini muvofiqlashtirishi lozim. Murabbiyning yana bir vazifasi - sportchilarni faqatgina yaxshi mashg‘ulot o‘tkazishga emas, balki kasbiy malakalarni egallash uchun ham mehnat qilishga va o‘rganishga rag‘batlantirishdir. Bu sportiy salohiyatning rivojlanishiga yordam beradi hamda jamiyatlarning har tomonlama rivojlangan shaxsga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Murabbiyning rahbarlik roli sportchilarni kamsitish yoki ularga bola kabi munosabatda bo‘lish tarzida buzilmasligi lozim. Sportchi mustaqil fikrlay olmaganida va o‘z qarorlarini amalga oshira olmaganida, sportiy samaradorlikning eng yuqori cho‘qqisiga erishishi mumkin emas. Ushbu fazilatlar, shuningdek, musobaqalarga muvaffaqiyatli tayyorlanish va ularda ishtirok etish uchun zarur bo‘lgan shartlardir. Murabbiyning vazifasi - yosh sportchilarning mashg‘ulotlarida hukmron bo‘lib kelgan “o‘qituvchi – o‘quvchi” munosabatining, musobaqaga yo‘naltirilgan sport mashg‘ulotlarida “murabbiy – sportchi” hamkorligiga aylanishini ta’minlashdir. Shu bilan birga, murabbiyning asosiy maqsadi sportchilarning to‘liq mustaqil ravishda mashg‘ulot o‘tkaza olishlarini ta’minlash bo‘lishi kerak. Bu, ayniqsa, individual sport turlari uchun dolzarbdir. Har qancha jamoaviy mashg‘ulotlarning mos shakllari mavjud bo‘lmasin, baribir murabbiyning yo‘lko‘rsatuvchi roli yo‘qolmasligi 1.3. Sport mashg‘ulotining umumiy qoidalari Yuqorida qayd etilganidek, mashg‘ulotning mashg‘ulot sifatida qadriyat kasb etishi uchun organizmdagi funksional tuzilmalarda ijobiy o‘zgarishlarning yuzaga chiqishi zarur. Ushbu o‘zgarishlarning shakllanishi esa belgilangan mashg‘ulotning muayyan qoidalar asosida bajarilishi orqali istalgan maqsadga erishishda eng muhim omil hisoblanadi. Bu qoidalar quyidagilardan iborat: a. Rejalashtirilgan mashg‘ulot faoliyatlari yil davomida uzluksiz olib borilishi kerak. Mashg‘ulotning doimiy ravishda o‘tkazilishi natijasida organizmda mashqlarga bog‘liq holda paydo bo‘ladigan keskin (akut) moslashuvlar vaqt o‘tishi bilan doimiy (xronik) moslashuvlarga aylanadi, boshqacha aytganda, organizmning konditsiyalanishi mashg‘ulotning davomiyligi bilan ta’minlanadi. b. Mashg‘ulot yuklamalari mashg‘ulotning boshidan boshlab organizmning ko‘rsatgan moslashuviga muvofiq ravishda bosqichmabosqich oshirilishi kerak. Yuklamalardagi ortishlar chegaraviy qiymatdan yuqori darajada yoki amalga oshirilgan test natijalariga asoslangan holda oshirilishi lozim. c. Mashg‘ulotning boshlang‘ich bosqichlarida organizmning anatomik, fiziologik va psixologik moslashuvini ta’minlash maqsadida, dastlab aerobik chidamlilik mashg‘ulotlariga o‘rin berilishi kerak. Ushbu mashqlar keyinchalik o‘tkaziladigan yoki rejalashtiriladigan anaerob mashg‘ulotlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. d. Rejalashtiriladigan mashg‘ulotlar yillik, oylik, haftalik, kunlik va hokazo shakllarda muayyan rejaga asoslanishi zarur. Eng yomon mashg‘ulot - hech qanday rejasiz, faqatgina kunlik fikrlarga tayanib bajarilgan mashg‘ulotdir. Rejalashtirilgan tarzda boshlangan mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar keyingi mashg‘ulotlar yordamida muammosiz hal etilishi mumkin. Reja asosida olib borilgan mashg‘ulotlar keyingi mashg‘ulot mavsumiga yo‘l-yo‘riq bo‘ladigan hujjatlarning shakllanishini ham ta’minlaydi. e. Mashg‘ulot kunlarida sportchilarning organizm samaradorligini oshirish maqsadida, keyingi bo‘limlarda ko‘rganingizdek, oson va murakkab mashg‘ulotlar, yuqori va past yuklamali mashqlar ketma-ket qo‘llanilishi kerak. Bunday mashg‘ulot qo‘llanishi sportiy samaradorlikning oshishida muhim rol o‘ynaydi. 5-rasm. Sport mashg‘ulotini tashkil etish va o‘tkazishning umumiy qoidalari f. Mashg‘ulotlarda odatda “Eng yaxshi mashg‘ulot - musobaqaning o‘zi” degan fikrga berilmasdan, mashg‘ulot vaqtida mashg‘ulot, musobaqa vaqtida esa musobaqa o‘tkazilishi lozim. Bu qoida faqat jamoaviy sport turlarida berilgan taktikani amalda sinab ko‘rish va bu jarayonda yuzaga keladigan xatolarni aniqlash maqsadida musobaqa o‘rniga o‘yin mashg‘ulot sifatida qo‘llanilishi mumkin. g. Rejalashtirilgan mashg‘ulot tanlangan sport turining xususiyatlariga mos bo‘lishi kerak, biroq bu sportchi mashg‘ulotning har bir bosqichida faqat bir yoqlama mashqlar bilan shug‘ullanishi kerak degani emas. Mashg‘ulotning boshidan boshlab sportchi tanlangan sport turining tuzilishiga mos holda ko‘p qirrali mashg‘ulot jarayoniga jalb etilishi lozim. h. O‘tkaziladigan mashg‘ulotlar dastlab aniqlangan motorik xususiyatlar bilan mo‘ljallangan xususiyatlarni uyg‘unlashtiradigan tarzda bo‘lishi zarur. Boshqacha qilib aytganda, mashg‘ulot “asosiy baza” bilan “cho‘qqi maqsad”ni birlashtirishi kerak. i. Sportchini fiziologik va psixologik yetishmovchilik chegarasiga olib boradigan ortiqcha mashg‘ulotlarni o‘tkazish o‘rniga, belgilangan maqsadlarga muvofiq rejalashtirilgan va yetarli darajadagi mashg‘ulotlarni bajarish kifoya qiladi. j. Mashg‘ulotlarda jamoa va/yoki sportchining mas’uliyati murabbiy zimmasida bo‘lgani sababli, murabbiy ishtirokisiz mashg‘ulot o‘tkazilmasligi kerak. Bu mashg‘ulotning samarali amalga oshirilishi hamda jarayon davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan maxsus vaziyatlarda ham zarurdir. Murabbiy barcha yig‘ilish, uchrashuv va shu kabi faoliyatlarni oldindan rejalashtirib, mashg‘ulot soatlaridan tashqariga o‘tkazishi lozim. k. Mashg‘ulot jarayonida jismoniy mashqlar bilan bir qatorda aqliy mashqlarni ham uyg‘unlashtirish maqsad qilingan bo‘lishi kerak. Faqatgina jismoniy mashqlar sportiy samaradorlik uchun yetarli emasligi ma’lum. Shu bois zarur hollarda mashg‘ulotga aralashib, sportchining jismoniy yuklamalari bilan bir qatorda aqliy yuklamalarga ham jalb etilishi ta’minlanishi kerak. l. Mashg‘ulot rejalashtirilishiga ko‘ra tanlangan musobaqa yoki bellashuvdan oldin sportchi va/yoki jamoani albatta dam oldirish zarur. Bu dam olish sportchi yoki jamoaning odatiy tartibiga mos ravishda amalga oshirilishi lozim. U faol dam olish shaklida bo‘lishi yoki organizmga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadigan darajadagi mashq orqali bajarilishi mumkin. m. Mashg‘ulot davri davomida sportchilaringizning kundalik yuritishlarini ta’minlashingiz lozim. Ushbu kundaliklarda quyidagilar qayd etilishi kerak: Har bir mashg‘ulot haqidagi fikrlari, Har bir mashg‘ulotdagi eng yaxshi ko‘rsatkichlari, Eng yoqimli deb hisoblangan mashg‘ulot turi, Yurak urish tezligi (ertalab, tushlik payti, kechqurun), Har kuni ertalab tana vaznini o‘lchash natijalari, Har bir mashg‘ulotdan so‘ng tana vaznini o‘lchash natijalari, Har kuni kechqurun yotish vaqti hamda nechta soat uxlashining qayd etilishi, Intervall mashg‘ulotlarda yuklama ortidan paydo bo‘ladigan yurak urish tezligining qayd qilinishi, Agar sportchi ayol bo‘lsa, hayz kunlarining belgilanishi. Bularning barchasi murabbiy uchun sportchini yanada chuqurroq bilishda foydali bo‘ladi. n. Sportchingizni mashg‘ulotlarga nisbatan fidoyi va sadoqatli bo‘lishiga odatlantirishingiz lozim. Yuqori standartdagi sportiv yetuklikka erishish uchun zarur shartlar Sportchining yuqori darajadagi yetuklikka erishishi uchun uning mahorati va istagini rivojlantirish tezligi turli omillar tomonidan belgilanadi. Mashg‘ulot va musobaqa yuklamasining hal qiluvchi roli, mashg‘ulot va musobaqa hajmining yetarliligi, rivojlanish tezligi hamda samaradorlik muvozanatining ta’minlanishi ustidan aniq ta’sir ko‘rsatadi. Samaradorlikning rivojlanish tezligi mashg‘ulot yuklamasi hajmiga va uni oshirish tezligiga bevosita bog‘liqdir. Mashg‘ulotning tashkil etilish uslublari og‘ir yuklamalarni yuqori samaradorlikka aylantirish nuqtayi nazaridan juda muhimdir. Muntazam dasturlar sportiy yetuklik va individual samaradorlik omillarining rivojlanishi uchun, avvalo, to‘g‘ri maqsad va vazifalarning tanlanishiga asoslanadi. Ushbu omillar individual mashg‘ulot darajasi hamda sport turining o‘ziga xos sharoitlari, mashqlar va uslublarning to‘g‘ri nisbatda tanlanishiga bog‘liqdir. Bular mashg‘ulotning hajmi va intensivligini, yuklama va dam olish o‘rtasidagi hamda mashg‘ulotdagi faol o‘zgarishlar o‘rtasidagi to‘g‘ri mutanosiblikni o‘z ichiga oladi. Xalqaro maydondagi yetakchi sportchilarning mashg‘ulotlari faqat og‘ir mashg‘ulot yuklamalari bilan emas, balki samarali rejalashtirish bilan ham ajralib turadi. Mashg‘ulot va musobaqalardagi og‘ir yuklamalar yuqori samaradorlik darajasiga erishish uchun kuchli intilish uyg‘otadi. Faqat irodaning to‘liq safarbar qilinishiga erisha olgan shaxslar samaradorlik cho‘qqisiga chiqadi. Qiziqish va ishtiyoq odatda musobaqaviy sportlar hamda tanlangan maxsus sport turi uchun muhim dastlabki shartlardir. Sportga qiziqishni uyg‘otish yo‘lida tizimli qadam tashlash murabbiyning muhim vazifasidir. Murabbiy mashg‘ulotni sportchilar uchun yoqimli jarayonga aylantirib, ularning kutgan natijalarini va mashg‘ulotga bo‘lgan ehtiyojlarini anglashlariga yordam berishi orqali ushbu qiziqishni rivojlantirishi va sportchilarning qimmatli tajribalar orttirishlariga sharoit yaratishi mumkin. Murabbiy zarur musobaqa ruhiga ega bo‘lgan baxtli sportchi yoki jamoani shakllantira olishi kerak. Bu esa murabbiyning muammolarni yengib o‘tishiga yordam beradi va uni yanada katta yutuqlarga erishishga undaydi. Murabbiy va jamoa o‘rtasidagi yaqin va individual munosabatlarda ishonch mavjud bo‘lishi lozim. Sportchi murabbiyidan vakolatli yondashuv bilan, shaxsiy sa’y-harakatlarida muvaffaqiyatga erishishini ta’minlaydigan, eng so‘nggi ilmiy yutuqlarga asoslangan mashg‘ulot dasturini qo‘llashni kutadi. Shuningdek, o‘z iste’dodi va mavjud salohiyatining ochiq va xolisona baholanishini, unga tarafkashliksiz nazorat o‘rnatilishini, yordam va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni, murabbiy haqida o‘z fikrini bildirish hamda bu fikrlariga hurmat bilan qaralishini, murabbiy tomonidan qat’iy qarorlar qabul qilinishini istaydi. Murabbiy va sportchi o‘rtasidagi yaxshi munosabatlar sportiy samaradorlikka, sportchining jamoaga bo‘lgan munosabatiga va musobaqa natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa sportchining og‘ir mashg‘ulotlarga bo‘lgan ixtiyoriy ishtiyoqini kuchaytiradi. Mashg‘ulot natijalariga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, mashg‘ulot yuklamasining sportchi samaradorligini rivojlantirishda har doim chiziqli (lineer) ta’sir etuvchi omil emasligini ko‘rsatadi. Bu ma’lum darajada sportchining hissiyotlari va turli tashqi omillar tomonidan belgilanadi. Murabbiy tomonidan nazorat qilinishi zarur bo‘lgan muhim omillar Jadval 1. Mashg‘ulot yuklamasining ta’sirini qo‘llab-quvvatlovchi tashqi omillar Hayot odatlari Muhit ta’sirlari Moddiy shartYetarli uyqu Tinchsiz bo‘lmagan oilaviy Yuqori standartda mashg‘ulot ishlari Muntazam kun tartibi Oila a’zolari, o‘qituvchilar va do‘stlarning sportga nisbatan ijobiy munosabat bildirishlari, sportchini rag‘batlantirishi va faol ishtirok etishi Yuqori standartda mashg‘ulot materiallari (eshofman, poyabzal, forma va boshqalar) Stimulyatorlardan saqlanish (alkogol, sigaret, kofein) Do‘stlar bilan jamoaviy ichki munosabatlar Yuqori standartda mashg‘ulot asbob- uskunalari Musobaqada ishtirok etayotgan sportchidan uning sportiy faoliyatiga mos hayot tarzini olib borishi kutiladi. Sportchi o‘zining maxsus sport mashqlariga mos dietani qo‘llashi, yetarli uxlashi, chekishdan tiyilishi, alkogol va kafein saqlovchi ichimliklardan foydalanmasligi kerak. U ish, dars va mashg‘ulot soatlari muvozanatlangan tartibli hayot kechirishi, intellektual va madaniy faoliyatlarda qatnashishi hamda muntazam ravishda tana parvarishiga rioya qilishi lozim. Sportchi sog‘lom turmush qoidalariga qanchalik yaqin amal qilsa, mashg‘ulot natijalari ham shunchalik yuqori bo‘ladi; aksincha, ushbu qoidalardan qanchalik tez-tez chetga chiqsa, mashg‘ulotlardagi samaradorlik shunchalik pasayadi. Shu sababli sportchiga tartibli hayot kechirishni o‘rgatish murabbiyning hech qachon e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak bo‘lgan asosiy vazifalaridan biridir. Murabbiy Normal va muntazam jinsiy Sportchilar, murabbiy va shifokor o‘rtasida, shuningdek sportchi va sport tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yordamga asoslangan munosabatlar Muntazam jismoniy vazn nazorati Kasbiy faoliyat, ish va o‘qishda muvaffaqiyat, kelajakdagi karyera kutishlari Mazmunli va dam beruvchi bo‘sh vaqt mashg‘ulotlari Mashg‘ulot, ish va o‘qish o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan jadval Ish va mashg‘ulot joylari orasidagi qisqa masofa Ayrim hududiy va iqlimiy sportchining hayot odatlari ko‘proq yetuklik, ko‘proq sog‘liq va uzoq umr ko‘rish uchun muhim shart ekanini anglab yetishi lozim. Sportchining uyi, maktabdagi o‘qituvchilari, universitetdagi ta’lim beruvchilari, sinfdoshlari, ishdagi hamkasblari, agar u oilali bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i - umuman sportchi munosabatda bo‘ladigan barcha insonlarning o‘rni va ta’siri mavjuddir. Ushbu shaxslarning sportchining faoliyatiga qiziqish bildirishi, yordam ko‘rsatishi, qo‘llabquvvatlashi, maqtovlari va shu bilan birga tanqidlari ham yosh sportchi uchun rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois murabbiy sportchi oilalari, o‘qituvchilari va kasb ustozlarini hamkorlikka jalb etishga intilishi kerak. Murabbiy turli xil tarbiyaviy muammolarni yengib o‘tishni qanchalik yaxshi bilsa, yosh sportchilarni maktabda va keyingi ta’lim bosqichlarida muvaffaqiyatga erishishga shunchalik oson undashi mumkin. Mashg‘ulot tanlangan sport turiga xos yetuklik talablarini maqsad qilishi lozim. Musobaqaviy sport mashg‘ulotining barcha turlarida asosiy maqsad - musobaqada yuqori samaradorlik ko‘rsatishdir. Bevosita mashg‘ulot va tashqi omillar muayyan sport turining maxsus musobaqaviy talablariga sportchini qanchalik ko‘proq yo‘naltirsa, mashg‘ulot shunchalik samarali bo‘ladi. Bu holat musobaqada uchraydigan vaziyatlar uchun ham, musobaqada erishiladigan samaradorlik standartlari uchun ham dolzarbdir. Sportchi faqat mashg‘ulot jarayonida egallagan qobiliyat va psixologik xususiyatlaridan foydalanishi mumkinligi sababli, tizimli mashg‘ulotda musobaqaga oid maxsus talablarni to‘liq bilish zarurdir. Shu yerdan sportiy samaradorlikka qaysi omillar va shartlar ta’sir etishi haqidagi savol kelib chiqadi. Bu yerda qo‘llanilayotgan “Samaradorlik omili” atamasi sportiy samaradorlikni belgilovchi murakkab individual o‘zgaruvchini ifodalaydi. 6-rasm. Yuqori sport mahoratiga erishishni ta’minlovchi asosiy shartlar va uzoq muddatli tayyorgarlik jarayoni Odatda “samaradorlik omili” deb tilga olinayotgan shartlar sportchining mazkur samaradorlik uchun zarur bo‘lgan old shartlarini bildiradi. Sportchi mashg‘ulot jarayonida ushbu shartlarni tizimli ravishda rivojlantirishi kerak va agar rejalashtirilgan samaradorlikka musobaqada erishilmoqchi bo‘lsa, u sport turiga xos muayyan standartga yetishi lozim. Shu doirada sportiy samaradorlik musobaqada sportchi yoki jamoa tomonidan erishilgan natija - ya’ni ball yoki o‘lchov ko‘rinishidagi ko‘rsatkich orqali belgilanadi. Musobaqaning o‘tkazilishi va uning yo‘nalishini belgilovchi talablar ham ushbu ta’rifga kiritilgan. Individual samaradorlik omillari shaxsiy xususiyatlarni (asosiy mafkuraviy e’tiqodlar, axloqiy qadriyatlar va musobaqaga nisbatan tutum), konditsiyani (tezlik, kuch va chidamlilik), texnikani, muvofiqlashuvni (harakat ko‘nikmalari, asab-muskul uyg‘unligi) hamda taktika (taktik qobiliyat, konditsiya va taktika bilan texnikaning uyg‘unlashuvi)ni o‘z ichiga oladi. Sportchining ehtiyojlari keng ma’noda ushbu ta’rif doirasida ko‘rib chiqilishi mumkin. Ushbu individual samaradorlik omillari har qanday sport turida eng yuqori samaradorlik standartiga erishish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq ularning rivojlanish darajasi musobaqada natija olish va to‘g‘ri taktikani qo‘llashdagi roli jihatidan sport turiga qarab farq qiladi. Bu, shuningdek, individual samaradorlik omillari o‘rtasidagi munosabatlar uchun ham amal qiladi. Ammo mashg‘ulot usullariga oid qarorlar qabul qilishda foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan har bir jihat uchun bu qoida o‘rinli deb aytib bo‘lmaydi. Sportiy samaradorlikning ushbu ichki tuzilishi, ya’ni samaradorlik omillari o‘rtasidagi bog‘liqlik orqali ifodalangan shakli, ishimizda “Samaradorlik tuzilishi” deb yuritiladi. Sport turlarining maxsus samaradorlik tuzilmalari haqidagi bilimlar yetarli darajada mukammal bo‘lmasa-da, ko‘plab sport turlariga oid umumiy ehtiyojlar yoki hech bo‘lmaganda bu tuzilmalarning ayrim xususiyatlari haqida aniqroq ma’lumotlarni keltirish mumkin. Bu yerda qo‘llanilayotgan “Ehtiyoj profili” atamasi musobaqada muayyan samaradorlikka erishish uchun zarur bo‘lgan individual samaradorlik omillarining o‘rtacha darajada rivojlanishini ifodalaydi. Yoshlar mashg‘ulot dasturining ma’lum davr yoki bo‘limlari uchun ehtiyoj profillari sportchining haqiqiy samaradorlik profilini istalgan vaqtda solishtirish imkonini berish maqsadida tajriba va ilmiy tadqiqotlarga asoslanib ishlab chiqilishi kerak. Shu tariqa sportchining kuchli va zaif tomonlari aniqlanadi hamda individual mashg‘ulot rejasi ishlab chiqilishi mumkin bo‘ladi. Bu esa sportchining samaradorligini tizimli shakllantirish va mashg‘ulotni maqsadga muvofiq tarzda tashkil etishni ta’minlaydi. Musobaqachi eng yuqori samaradorlik standartiga erishgach, o‘ziga eng mos sport turi bo‘yicha shug‘ullanishi lozim. Yosh sportchilarning har biri uchun istalgan sport turida faqat yuqori intensivlikdagi mashg‘ulotlar orqali xalqaro darajadagi sportiy samaradorlikka erishib bo‘lmasligini tan olish kerak. Anatomik-fiziologik tuzilish va asab tizimi samaradorlikka ma’lum cheklovlar qo‘yadi. Qobiliyat bilan belgilanadigan ushbu samaradorlik chegaralarining mutlaq emasligini ta’kidlash ortiqcha, chunki qobiliyatlarning rivojlantirilish darajasi boshqa omillar bilan birga mashg‘ulot usullari va ularning qo‘llanishi haqidagi bilimlarga bog‘liqdir. Barcha sportchilarning umumiy standartlari mashg‘ulot usullaridagi rivojlanish bilan bir qatorda ortib borishining sababi ham shunda. Biroq milliy va xalqaro samaradorlik standartining cho‘qqi darajasi odatda tanlagan yo‘nalishida juda iste’dodli sportchilar tomonidan belgilanadi. Bo‘y, tana vazni, og‘irlik ko‘tarish ko‘rsatkichlari kabi jismoniy parametrlar bilan sportiy samaradorlik o‘rtasida aniq bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatish mumkin. Har bir sport turi uchun muayyan jismoniy xususiyatlar zarurdir. Shu sababli ma’lum bir sport turida musobaqaga tayyorlanish uchun sportchi tanlanayotganda ushbu omillar e’tiborga olinishi kerak. Bu borada bo‘y va tana vazni muhim rol o‘ynaydi. Basketbol, voleybol, qayiq eshish, suv polosi, balandlikka sakrash, ko‘pkurash, suzish, o‘rta masofa yugurish, gandbol kabi sport turlari odatdagidan balandroq bo‘y talab etadi. Bo‘y bilan birga tana vazni ham kuch va kuchga asoslangan qobiliyatlarni talab qiladigan sport turlarida muhim omil hisoblanadi. Bular - yadro uloqtirish, qayiq eshish va kanoe kabi yo‘nalishlardir. Ammo qayiq eshuvchilar va kanoechilarning tana vazni haddan tashqari katta