Arab yozuvidagi harflarning she’riyatdagi jilosi
Dexkanova Lutfinisa Abdullayevna,
katta o‘qituvchi,
Guliston davlat pedagogika instituti.
Annotatsiya: Ushbu maqolada mumtoz she’riyatimizda keng qo‘llanilgan kitobat san’atining mohiyati, uning ta‘sirchanligi hamda ichki imkoniyatlari haqida ma’lumot berib o‘tilgan.
Kalit so‘zlar: kitobat san’ati, qadriyat, tashbeh, obrazlilik, tasnif, poetika, alif, dol, qamar, zulf, nun, jim, andarmon, nas, hilol, mumtoz, salohiyat, lafziy nazokat
Ming yillik tarixga ega bo‘lgan mumtoz adabiyotimizda badiiyat masalasi hamisha she’r ahlining diqqat markazida bo‘lib kelgan.U yoki bu ijodkor salohiyati haqida so‘z borganda uning nimalarni tasvirlagani emas, asosan, qanday tasvirlaganiga e’tibor qaratilgan. Jumladan, adabiy asarlarda she’riy san’atlardan foydalanish mahorati hamma asrlarda badiiy san’atkorlikning asosiy qirralaridan biri sifatida baholangan. Ma’lumki, she’riy san’atlar badiiy asarda ifodalangan jumlalarning hayotiyroq, ta'sirchanroq ifodalanishiga, lirik va epik timsollarning yorqinroq gavdalantirilishiga, misralar, baytlar, bandlarning lafziy nazokati, musiqiyligi, jozibadorligini ta’minlashga xizmat qilgan. U yoki bu shoir ijodiga, u yoki bu badiiy asarga baho berilar ekan, ijodkor ifodalayotgan fikrda o‘z aksini topgan ijtimoiysiyosiy, axloqiy-falsafiy, ma’rifiy-tarbiyaviy muammolar mohiyati va ko‘lami, badiiy timsollar jilosi bilan bir vaqtda qo‘llangan she’riy san’atlarning rang-barangligi, mantiqiy asoslanishi, asar mazmunini ochishdagi o‘rni va ahamiyati kabi masalalarga ham alohida diqqat qilgan. She’riy san’atlar muayyan badiiy tamoyillarga asoslangan. Bulardan eng muhimi she’riy san’atlarning asar mazmuni bilan uzviy bog‘liqligi sanaladi.
Mumtoz poetikaning tarkibiy qismlaridan, nutqqa bezak beruvchi san’atlardan biri kitobat san’atidir. Arab alifbosining imkoniyatlari, so‘zlarning yozilishi bilan bog‘liq holda badiiy san’at yaratish mumtoz poetikamizda kitobat san’atini yuzaga keltiradi.
She’riyatimizda keng qo‘llanilib kelingan ushbu san’at arab alifbosi harflari shaklidan lirik va epik timsollar chizishda foydalanishni nazarda tutadi. Ma’lumki arab alifbosi to‘g‘ri va egri, yoysimon va doirasimon shakllardagi harflardan tashkil topgan. Sharq shoirlari ana shu shakllarga qiyos usuli bilan yondashib muhim ijtimoiy-siyosiy, ma’rifiy-tarbiyaviy g‘oyalarni ifodalashda mahorat bilan foydalanganlar. Zokirjon Furqat g‘azalidagi:
Ul alifdek qomatingning xasrati
Dol yanglig‘ ayladi qaddim duto
baytidagi “alifdek” va “dol yanglig‘” qiyoslariga diqqat qilaylik. Shoir o‘z mahbubasining qomatini arab alifbosidagi “alif” harfiga o‘xshatsa, o‘zining bukilgan qaddini “dol” harfiga tenglashtiradi. Chindan ham, tik to‘g‘ri chiziq ko‘rinishidagi alif harfi shakl jihatidan inson qomatiga, bukik “dol” harfi esa egilgan qomatga o‘xshaydi. Shoir bu xil qiyos tufayli mashuqa oshiq ko‘rinishini harflar shakli vositasida aniqroq va ta’sirchanroq tasvirlashga erishgan.
Mazkur san’atning she’riyatimizdagi ilk namunalari XIV asr oxiri XV asr boshlaridagi adabiy obidalarda uchratamiz. Chunonchi, Lutfiy yozgan g‘azalarda
Chun o‘larmen ul alifdek qaddu tor o‘zing uchun,
Sen o‘tarda turbatimdan qo‘pg‘usidir oh-oh.
...Oydek yuzungda og‘iz muvajjah tushub turur,
Har qaydakim “qamar” o‘la tushgan aroma “mim”.
“Jim” sochi, “alif” qaddi bila ul qoshi “nuni” kabi baytlarda arab yozuvidagi “alif ”, “jim”, “nun”, “mim” harflari shaklidan mahbuba qiyofasini chizishda mohirona foydalanganini kuzatamiz. Ushbu ta’sirchan san’atni Alisher Navoiy ham keng qo‘llab, ajoyib, bezavol lavhalar yaratgan. Uning
Jonimdagi “jim” ikki “dol” ingg‘a fido
Andin so‘ng “alif ” toza niholingg‘a fido
“Nuni” dag‘i anbarin hilolingg‘a fido.
Qolgan ikki nuqta ikki xolingg‘a fido
kabi betakror baytlari fikrimizga dalildir.
Zahirddin Muhammad Bobur she’riyatida ham mazkur san’atning bir qator nodir namunalari yaratilgan. Chunonchi, uning
Qadding alifu qoshing erur yo,
Desam ne ajab agar seni oy
Yo qoshing yanglig‘ egilgan jismi zorimmu dey,
Yo sochingdek tiyra bo‘lg‘on ro‘zg‘orimmu dey.
kabi baytlarida ushbu san’atdan unumli foydalangan edi.
O‘z ijodida mazkur san’atdan bahramand bo‘lmagan shoir adabiyotimizda topilmasa kerak. Ijodkorlarimiz uning xilma-xil imkoniyatlarini kashf etib ko‘plab hayratomuz baytlar yaratganlar, masalan: Ogahiyning
Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina,
Qatlam uchun “nas” keltirur “nun” eltibon “sod” ustina.
Bunda qoshning “nun” harfiga qiyoslanishi, ko‘zning esa “sod” harfiga taqqoslanishi ham adabiy an’ana. Ogahiy qosh va ko‘zning ittifoqini ifodalash uchun ularni ostin-ustin joylashtiradi. Aslida ham qosh bilan ko‘z shunday joylashgan, hamjihat birikuvidan “nas” so‘zi vujudga kelgan. Arabcha bu so‘z “hukm” degan ma’noni anglatadi.
Demak, qoshlar hay’ati jallod ko‘zga oshiqni qatl etish to‘g‘risida shafqatsiz hukm chiqarib beradi.
Furqatning:
“Nuqta lab ustida bejodur”, - dedim aydi kulib,
“Sahv qilmish kotibi qudrat magar tahrirda",
Huvaydoning:
Nigora, bori g‘am birla faqiri notavon aylab,
“Alif”dek qomatimni “lom-alif” yanglig‘ duto qilding.
Komil Xorazmiyning:
“Ayn” u “shin” u “qof ”inga to bo‘ldi ko‘nglum mubtalo,
“Dol” u “ro” u “dol” u hajringdin dame ermon judo
1-misrada ishq so‘ziga, 2- misrada dard so‘ziga ishora qilingan.
Furqatning:
Sarv qadlar suratin chekkanda naqqoshi azal
Bir alif shaklida yozmish qaddi zebo surating.
kabi ajoyib misralar shular jumlasidandir.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, kitobat san’ati kitobxoonga ma’naviy ozuqa bag‘ishlovchi, she’rning ta’sirchanligini oshirish, ma’no ko‘lamini kengaytirish, she’rning hayotiyligi va musiqiyligini ta’minlashga xizmat qiladigan mumtoz she’r san’atidir.
Foydalanilgan adabiyolar:
1. A. Asallayev, V. Rahmonov, F. Musurmonqulov. Badiiy san’atlar—Toshkent: Tafakkur nashriyoti. 2015
2. Sharafjon Sariyev. Adabiyot. O‘quv qo‘llanma. Toshkent: Head Books nashriyoti.
3. Anvar Hojiahmedov. Mumtoz badiiyat mahorati. Toshkent: Sharq nashriyoti. 1999
4. Lutfinisa Dexkanova. (2023). ARABCHA KO'PLIK SHAKLLARINING O'ZBEK
TILIDA QO'LLANILISHI. O'ZBEKISTONDA FANLARARO INNOVATSIYALAR VA
ILMIY TADQIQOTLAR JURNALI2, 2(18), 235–238.
5. Anvar Hojiahmedov. She’r san’atlarini bilasizmi?-Toshkent: Sharq nashriyoti. 2001.
6. Jumanazar, A., & Lutfiniso, D. (2022). Inguistic Unity in Uzbek Linguistics Some Comments about the form. European Multidisciplinary Journal of Modern Science, 6, 688- 692.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.