EKOTIZIMLARIGA TA’SIRI
Mo‘minbayev Diyorbek Jasurbek o’g’li
Samarqand Davlat Tibbiyot Universiteti, Samarqand, O‘zbekiston
Farmatsevtika ishini tashkil qilish kafedrasi
Ilmiy rahbar: asistent Payzullayeva Umida Furqatovna Annotatsiya: Cho‘l ekotizimlari nozik, biroq ekologik jihatdan muhim bo‘lgan hududlar hisoblanadi. Bu hududlarda o‘ziga xos o‘simliklar yashab, og‘ir iqlim sharoitlariga moslashgan. Ushbu tadqiqotda Peganum harmala va Climacoptera lanata kabi cho‘l o‘simliklarining ekologik ahamiyati tahlil qilinadi hamda ularni farmatsevtika va sanoat maqsadlarida ishlatish natijasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ekologik xavf-xatarlar baholanadi. Tadqiqot maqsadi: Tadqiqotning asosiy maqsadi – tanlangan cho‘l o‘simliklarining tabiiy muhitdagi ekologik vazifalarini o‘rganish va ularni tartibsiz yoki ortiqcha yig‘ib olish natijasida yuzaga keladigan ekologik muammolarni aniqlashdir. Materiallar va uslublar: Tadqiqot ishlari Samarqand viloyatining qurg‘oqchil hududlarida olib borildi. Bu yerda Peganum harmala va Climacoptera lanata kabi o‘simliklarning tabiiy populyatsiyalari uchraydi. O‘simliklarning yashash sharoitlari, tuproq xususiyatlari, populyatsiya zichligi kabi mezonlar bo‘yicha kuzatuvlar olib borildi. O‘simliklarni yig‘ib olish intensivligi va ekologik ta’siri maxsus monitoring orqali kuzatildi. Olingan ma’lumotlar statistik usullar bilan tahlil qilindi. Natijalar: Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Peganum harmala va Climacoptera lanata o‘simliklari shamol eroziyasini kamaytirish, tuproq qatlamini mustahkamlash, changni ushlab qolish, changlatuvchi hasharotlar uchun yashash muhiti yaratish va oziqa moddalari aylanishida muhim rol o‘ynaydi. Biroq bu o‘simliklarni haddan tashqari yig‘ib olish quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin: Tabiiy o‘simlik qoplamining buzilishi; Tuproq tarkibining yomonlashuvi va sho‘rlanish xavfining ortishi; Mahalliy hayvonot va o‘simlik dunyosining buzilishi. Biroq, agar o‘simliklardan foydalanish belgilangan ekologik me’yorlar doirasida olib borilsa, sun’iy ko‘paytirish, qayta tiklash dasturlari va resurslarni barqaror boshqarish orqali salbiy ta’sirlarning oldi olinadi. Xulosa: Cho‘l o‘simliklaridan farmatsevtika va bioenergetika sohalarida foydalanish, agar u ilmiy yondashuv va ekologik javobgarlik asosida amalga oshirilsa, ekotizimga katta zarar yetkazmaydi. Ammo tartibsiz, nazoratsiz va keng ko‘lamli foydalanish cho‘l ekotizimlarining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, ushbu biologik jihatdan qimmatli o‘simlik turlarini muhofaza qilish va ularning barqaror foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.