GINEKOLOGIK BEMORLARNI OPERATIV DAVOLASH
Xurramova Kamola O’ktamovna
Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filliali talabasi
Annotatasiya:Hozirgi zamon ginekologiyasida davolashning jarrohlik usullari keng qo‘llaniladi.Ushbu maqolada ginekologik bemorlarni operativ davolash bo’yicha kerakli maslahatlar berilgan.
Kalit so’zlar: Operatsiya, sterilizator, fiksatsiya, scalpel, qon quyish, ginekolog, akusher.
Operatsiya qilish uchun tegishli sharoit yaratishda o‘rta tibbiyot xodimlari faol qatnashadi. Operatsiya xonasini, asboblarni tayyorlashga rahbarlik qilish, operatsiya xonasini steril choyshablar, salfetkalar, kiyim-kechak, bog‘lov materiallari bilan, narkoz hamda boshqa turdagi og‘riqsizlantirish uchun zarur narsalar bilan ta’minlash operatsiya hamshirasining burchidir. Operatsiya xonasida konditsion havo bo‘lmasa, bu xona yaxshilab shamollatilishi va devorlari vaqt-vaqtida (haftada kamida bir marta) yuvib turilishi lozim. Operatsiya xonasining poli har bir operatsiya kunidan keyin yuvilishi lozim. Operatsiya xonasidagi temperatura 20—25°C atrofida bo‘lishi zarur. Operatsiyadan oldin operatsiya stolini grelkalar bilan isitish kerak. Asboblar maxsus sterilizatorlarda soda qo‘shib qaynatib, sterillanadi (asboblar zanglamasligi uchun 1 % li soda qo‘shiladi). Asboblar kamida 20 minut qaynatilishi lozim. Sterilizatorga asboblar suv qaynab chiqishi bilan solinadi. Qaynatilgan asboblarni sanitarka operatsiya hamshirasi stoliga keltirib qo‘yadi, operatsiya hamshirasi esa bu asboblarni tegishlicha tartib bilan joylashtiradi va operatsiya boshlanguncha steril choyshab bilan yopib qo‘yadi. Operatsiya vaqtida asbob tushib kesa yoki shu maqsad uchun qo‘yilgan tog‘oraga ataylab tashlansa, o‘sha asbob cho‘tka bilan sovunlab yuvilishi va undan keyin qaynatilishi lozim. O‘tkir asboblar va ignalar qaynatilganda o‘tmaslashib qolmasligi uchun dokaga o‘rab qaynatiladi. Skalpellar qaynatilgandan keyin operatsiya vaqtida spirtda saqlanadi. Operatsion hamshira qo‘l yuvishga ishlatadigan cho‘tkalar ham qaynatilib, toza tutilishiga qarab turadi. Qo‘l Spaso-Kukoskiy usulida yuvilsa, shu maqsad uchun ishlatiladigan tog‘oralar ham spirt yoqib kuydirilishi kerak. Choyshab, kiyim-kechak, bog‘lov materiali va rezina qo‘lqoplar avtoklavda umumiy jarrohlik qoidalariga muvofiq sterilizatsiya qilinadi. Choklash uchun ishlatiladigan ipak va ketgut xirurgiya darsliklarida beriladigan maxsus retseptlarga muvofiq sterilizatsiya qilinadi. Operatsiya hamshirasi zarur asboblar haqidagi masalani jarroh bilan kelishib oladi. Operatsiya vaqtida hamshira operatsiyaning qanday borishini kuzatib turishi kerak. Tajribali hamshira operatsiyaning borishini kuzatib turar ekan, odatda, jarrohning aytishini kutib turmasdan zarur asboblarni, choklash uchun ishlatiladigan ipak va ketgutni uzatib turadi. Qorin devorini kesib qilinadigan operatsiyalarda jarroh odatda bemorning chap tomonida turadi, birinchi assistent uning qarshisida, ikkinchi assistent esa bemorning oyoq tomonida turadi. Qin operatsiyalarida jarroh vintli stulda o‘tiradi, yordamchilari esa ikki yon tomondan joy olishadi. Yordamchilardan biri odatda qin ko‘zgulari va ko‘targichlarni ushlab turadi, ikkinchisi esa jarrohning ko‘rsatmalariga muvofiq unga yordamlashadi. Zarur asboblar, ipak va ketgutni operatsiya hamshirasi pastak stolchaga qo‘yadi. Bu stolcha odatda operatsiya jarrohining o‘ng tomonida turadi. Jarroh zarur asboblarni o‘ng tomondan o‘zi bemalol olib turadi. Bemorni operatsiyaga tayyorlash. Operatsiya qilinadigan bemorlar oldindan tayyorlanishi lozim. Avval bemorning operatsiyadan qo‘rqishini bartaraf qilish, operatsiyaning yomon natija bilan tugashi haqidagi fikrlarini va boshqa noto‘g‘ri tasavvurlarini yengish uchun ularning psixikasiga ta’sir etish, dalda berish kerak. Operatsiyaning eson-omon o‘tishiga, operatsiya og‘riqsiz bo‘- lishiga, operatsiyadan keyingi davr ham og‘riqsiz va bexatar o‘tishi uchun operatsiyadan keyin tegishli choralar ko‘rilishiga bemorni ishontirish uchun hamma chorani ko‘rish zarur. Shuni nazarda tutib, bo‘limda shunga o‘xshash operatsiyalardan sog‘ayayotgan bemorlar haqida so‘zlab berish kerak. Operatsiyaga tayyorlanayotgan bemorga qo‘l-oyoqni fiksatsiya qilish (bog‘lab qo‘yish) kabi tadbirlarning mohiyatini tushuntirish zarur. Bemor steril choyshab, kiyim-kechakka va operatsiya maydoni sohasiga qo‘llarini tasodifan tekkizib, infeksiya yuqtirmasligi uchun qo‘l-oyog‘i bog‘lab qo‘yiladi.
Bundan tashqari, har bir ginekolog operatsiyadan oldin bemorni maxsus tayyorlashi kerak. Avvalo, badanning umumiy tozaligiga ahamiyat berish zarur, buning uchun operatsiyadan bir kun oldin bemor vannaga tushib, butun badanini sovunlab yuvadi, vannadan keyin toza kiyim-kechak kiygiziladi. Badanni teng baravar spirt qo‘shilgan suv bilan artib tozalash ham mumkin. Ayol infeksion kasallikdan keyin ozib ketgan, kamqon yoki bequvvat bo‘lsa, operatsiyagacha uning umumiy ahvolini yaxshilashga alohida e’tibor berish (yotqizib qo‘yish, oqsil va vitaminlarga boy ovqatlar bilan yaxshi boqish, qon quyish) kerak. Rejali operatsiyadan ilgari bemorni terapevtga ko‘rsatish zarur. Bemorning ichagi operatsiyaga tayyorlanishi lozim. Shu maqsadda operatsiya arafasida bemorga yengil ovqat (suxari bilan bulyon va kisel) beriladi, kechqurun esa suxari bilan bir piyola shirin choy ichiriladi. Ba’zi shifokorlar operatsiya kuni ertalab ham shirin choy berishni tavsiya etadilar, lekin bu choy operatsiyadan kamida 2 soat ilgari ichiriladi. Ichakni yoki oraliqni operatsiya qilishga to‘g‘ri kelsa (plastik operatsiyalarda), ayniqsa, oraliq uchinchi darajali yirtilgan bo‘lsa, operatsiyaga ikki kun qolganda ich tozalanadi; bemorga yengil ovqat beriladi, surgi va huqna qilinadi. Hayz qoni kelayotganligi, odatda, ginekologik operatsiyalar qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Qin operatsiyalarida hayz qoni operatsiya jarohatini doim ho‘l qilib turishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hayz qoni to‘xtagandan keyin operatsiya qilgan yaxshi. Qin operatsiyalarida qin florasining tozalik darajasiga e’tibor beriladi, uchinchi va to‘rtinchi darajalar operatsiyaga monelik qiladi va oldindan tayyorgarlik ko‘rishni talab etadi, buning uchun operatsiyaga bir necha kun qolganda qin vodorod peroksid va kaliy yodid eritmasi bilan tozalanadi, shuningdek, dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan chayish buyuriladi. Operatsiya kuni bemorning qovi va tashqi jinsiy a’zolaridagi juni takror qiriladi. Tashqi jinsiy a’zolar, sonning yondosh yuzalari va qin dizeritma bilan chayiladi (yuviladi). Siydik pufagi (qovuq) kateter bilan bo‘shatiladi, bemorning oyoqlariga steril paypoq kiygiziladi, qoviga choyshab solinadi, orqa chiqaruv teshigi sochiqqa o‘ralgan kleyonka bilan yopiladi, bu sochiq ikkala tomondan son terisniga qisqich bilan yopishtiriladi, o‘rtasidan esa oraliq terisiga ipak chok bilan mahkamlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Allayorov Ya.N. “Reproduktiv salomatlik va kontraseptiv texnologiya”, «Istiqbol», T., 2005.
2. Allayorov Ya.N. “Akusherlik” “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, T., 2011.
3. Allayorov Ya.N., Yusupova D.O‘., Asqarova F.Q. “Akusherlikda amaliy ko‘nikma va muolajalar”, Samarqand, 2007.
4. Allayorov Ya.N., Tosheva D.G., Yusupova D.O‘. “Onalikda hamshiralik parvarishi”, “Voris” nashriyoti, T., 2012.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.