ResearcherUz LogoResearcherUz
Посмотреть журнал

INTELLEKTUAL MULK OBYEKTI SIFATIDA SANOAT NAMUNALARI VA SELEKSIYA YUTUQLARINING XALQARO JARAYONLARDA AHAMIYATI

Аннотация

Ushbu maqola intellektual mulk obyektlari sifatida sanoat namunalari va seleksiya yutuqlarining milliy va xalqaro huquqiy asoslarini tahlil qiladi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, xususan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi va “Seleksiya yutuqlari va ularning himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, xalqaro huquqiy instrumentlar (Parij Konvensiyasi, TRIPS bitimi, Gaaga kelishuvi, UPOV Konvensiyasi) doirasida ularning yaratilishi, patentlanishi va himoya mexanizmlari batafsil yoritilgan. Maqola sanoat namunalari va seleksiya yutuqlarining innovatsion iqtisodiyotdagi o‘rni, huquqiy himoya mexanizmlari va patent egalarining huquqlari haqida ilmiy va amaliy jihatlarni o‘z ichiga oladi.


Полный PDF документ

Похожие статьи

Текст статьи

AHAMIYATI

Nomozov Xusan Axmat o’g’li

xusannomozov1422@gmail.com

Termiz davlat universiteti yuridik fakulteti «Jinoyat huquqi va fuqarolik protsessi»

kafedrasi o‘qituvchisi.

Ibragimova Munisa Xakim qizi

munisaibragimova203@gmail.com

Termiz davlat universiteti Yuridik fakulteti 4-bosqich talabasi. Anotatsiya: Ushbu maqola intellektual mulk obyektlari sifatida sanoat namunalari va seleksiya yutuqlarining milliy va xalqaro huquqiy asoslarini tahlil qiladi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, xususan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi va “Seleksiya yutuqlari va ularning himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, xalqaro huquqiy instrumentlar (Parij Konvensiyasi, TRIPS bitimi, Gaaga kelishuvi, UPOV Konvensiyasi) doirasida ularning yaratilishi, patentlanishi va himoya mexanizmlari batafsil yoritilgan. Maqola sanoat namunalari va seleksiya yutuqlarining innovatsion iqtisodiyotdagi o‘rni, huquqiy himoya mexanizmlari va patent egalarining huquqlari haqida ilmiy va amaliy jihatlarni o‘z ichiga oladi. Kalit so‘zlar: Intellektual mulk. Sanoat namunalari. Seleksiya yutuqlari. Patent. Hukukiy muhofaza. Eksklyuziv huquqlar. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi. Xalqaro bitimlar. UPOV Konvensiyasi. Parij Konvensiyasi. TRIPS bitimi. Gaaga kelishuvi

KIRISH

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 53-moddasida “Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi” deb belgilab qo’yilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yuridik kadrlarga intellektual mulk bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar berish borasida muayyan ilmiy-ta’lim salohiyati shakllantirildi hamda bir qator tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi.

2021-yil 28-yanvarda Prezident tomonidan intellektual mulkning jahon miqyosida integratsiyalashuvdagi strategik ahamiyatini inobatga olgan holda “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq, 2021-yil 1-apreldan quyidagi tartiblar amaliyotga joriy etildi:

— xalqaro standartlardan kelib chiqib, tovar va xizmat belgilari faqat tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishi haqidagi cheklovlar bekor qilindi; — intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladigan tezkor ekspertiza tizimi joriy etildi; bunda dastlabki qidiruvning o‘tkazilish tartibi tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida belgilanishi nazarda tutildi; — Adliya vazirligiga ekspertiza jarayonida autsorsing mexanizmlaridan foydalanish amaliyotini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

2022-yilda intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha strategiya va yo‘l xaritalari ishlab chiqildi, qo‘shimcha tartiblar belgilandi. 2025 yilda esa yangi tashabbuslar qabul qilindi — jumladan, IP obyektlar sonini ko‘paytirish, maxsus elektron tizimlar, AI texnologiyalaridan foydalanish va boshqalar orqali himoyani kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar e’lon qilindi .

Zamonaviy iqtisodiy taraqqiyotda intellektual faoliyat mahsuli sifatida yaratilgan obyektlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bir qator davlatlarda yalpi ichki mahsulotning qariyb uchdan bir qismi aynan intellektual mulk obyektlari asosida shakllanadigan daromadlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimiz fuqarolik qonunchiligida esa intellektual mulk huquqi mustaqil institut sifatida tizimli ravishda shakllanib bo‘ldi. So‘nggi yillarda ushbu sohaga doir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda hayotimizni yengillashtirayotgan, vaqtni tejayotgan va yuqori daromad olib kelayotgan deyarli har bir sohaning asosida ma’lum bir ijodiy faoliyat natijasi yotadi. Shuni inobatga olgan holda, davlat tomonidan intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Intellektual mulk huquqi – bu shaxsning intellektual (aqliy) mehnati natijasiga nisbatan vujudga keladigan huquq bo‘lib, uning egasi mazkur intellektual mulk obyektidan xohlagan shakl va usulda, to‘liq qonuniy asosda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslar foydalanishi esa faqatgina huquq egasining roziligi bilan amalga oshiriladi (O‘zbekiston Respublikasi FK, 1034-modda). Ba’zi obyektlar — ixtiro, sanoat namunasi, foydali model, shuningdek individuallashtirish vositalari (tovar belgilari, firma nomlari va boshqalar) bo‘yicha mutlaq huquq davlatning vakolatli idoralari beradigan maxsus hujjatlar — patent yoki guvohnoma asosida shakllanadi va himoya qilinadi.

Intellektual mulk obyektlari fuqarolik huquqidagi boshqa mulk turlaridan (ashyolar, qimmatli qog‘ozlar) bir qator o‘ziga xos jihatlari bilan farqlanadi:

a) ular ko‘pincha moddiy shaklga ega bo‘lmay, g‘oya, bilim yoki axborot ko‘rinishida

mavjud bo‘ladi;

b) g‘oya yoki bilim ko‘rinishidagi obyektga odatiy moddiy buyumga egalik qilgandek

egalik qilish mumkin emas;

v) bir nechta shaxs bir vaqtning o‘zida cheklanmagan doirada undan foydalanishi

mumkin;

g) mulk huquqining muddatsizligi haqidagi qoida (FK 164-modda) ularga tatbiq

etilmaydi, ko‘pchilik intellektual mulk obyektlari (nou-xau bundan mustasno)

qonunlarda belgilangan muddatlar oralig‘ida himoya qilinadi;

d) mazkur muddat tugagach, muallifning ayrim shaxsiy huquqlariga rioya etilgan holda

obyekt umumiy foydalanish mulkiga aylanadi;

ye) intellektual mulk obyektlarini himoya qilishda vindikatsiya da’vosi (FK 228-modda)

qo‘llanilmaydi;

yo) ularga nisbatan odatiy mulk huquqidan ko‘ra, mutlaq huquqlar to‘g‘risidagi

me’yorlar qo‘llanadi;

j) intellektual mulk huquqi ma’lum hudud bilan chegaralangan bo‘ladi. Masalan,

O‘zbekiston Respublikasi Patent idorasi bergan patent faqat O‘zbekiston hududida yoki

xalqaro shartnomalarda belgilangan davlatlarda amal qiladi;

z) ko‘plab intellektual mulk obyektlari bo‘yicha muallifga tegishli shaxsiy (nomulkiy)

huquqlar mavjud bo‘lib, ulardan foydalanuvchi shaxslar ushbu huquqlarga rioya etishi

shart.

Intellektual mulk obyektlari kelib chiqish manbai va huquqiy rejimiga ko‘ra quyidagi toifalarga bo‘linadi:

a) intellektual faoliyat natijalari — fan, adabiyot va san’at asarlari; ijrolar,

fonogrammalar, eshittirishlar; dasturiy ta’minot va ma’lumotlar bazalari; ixtirolar,

foydali modellar, sanoat namunalari; seleksiya yutuqlari; oshkor qilinmagan axborot,

jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);

b) fuqarolik muomalasi ishtirokchilari, tovarlar, ishlar va xizmatlarning o‘ziga xos

belgilarini ifodalovchi vositalar — firma nomlari, tovar (xizmat) belgilari, tovar kelib

chiqqan joy nomi;

v) FK hamda boshqa qonunlarda nazarda tutilgan holatlardagi intellektual faoliyat

natijalari va fuqarolik muomalasi ishtirokchilari, tovarlar va xizmatlarning boshqa

alomatlari (FK 1031-modda).

Mazkur sohada yaratilgan yangi mahsulotlar, yangi nomlar va alomatlarga nisbatan ham FKning 4-bo‘limida hamda boshqa tegishli qonunlarda belgilangan intellektual mulkka oid qoidalar tatbiq etiladi.

Fuqarolik kodeksining 1031-moddasiga muvofiq, intellektual mulk obyektlari quyidagi toifalarga bo‘linadi: 1. Intellektual faoliyat natijalari, jumladan: – ijrolar, fonogrammalar, tele va radioeshittirish tashkilotlari ko‘rsatuv yoki eshittirishlari; – elektron hisoblash mashinalari (EHM) uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari; – ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari; – seleksiya yutuqlari; – oshkor etilmagan axborot, xususan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau). 2. Fuqarolik muomalasida qatnashuvchilar hamda tovar, xizmat va ishlarga xos bo‘lgan alomatlarni ifodalovchi vositalar, ya’ni: – firma nomlari; – tovar va xizmat ko‘rsatish belgilari; – geografik ko‘rsatkichlar; – tovar kelib chiqqan joy nomi. 3. Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa mahsullari hamda muomala ishtirokchilarining alomatlarini aks ettiruvchi vositalar.

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish ularning yaratilganligi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, maxsus hujjat berilishi asosida vujudga keladi. Huquqiy himoya: — obyektning yaratilganlik fakti bilan; — yoki qonunchilikda belgilanadigan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan himoya hujjati berilishi orqali ta’minlanadi. Oshkor etilmagan axborotga oid huquqiy himoya shartlari alohida qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Quyidagi intellektual obyektlar yaratilgan paytdan boshlab huquqiy muhofaza qilinadi: – EHM dasturlari va ma’lumotlar bazalari; – ijrolar, sahnalashtirish, eshittirish va ko‘rsatuvlar; – integral sxemalar topologiyalari.

Bunda obyekt muallif tomonidan og‘zaki, yozma, tasviriy yoki idrok qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa shaklda ifodalangan ondan boshlab muhofazaga ega bo‘ladi. Shu vaqtning o‘zidayoq muallifning subyektiv huquqlari yuzaga keladi va uchinchi shaxslar tomonidan foydalanish rasmiy ro‘yxatga olish talab qilinmaydi. Hatto ayrim obyektlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa ham (masalan, EHM dasturlari) bu jarayon huquqiy himoya berilishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Obyektning O‘zbekiston yoki chet el hududida yaratilganligining farqi yo‘q — baribir u huquqiy muhofaza qilinadi.

Quyidagi intellektual mulk obyektlarining huquqiy himoyasi esa vakolatli organ tomonidan rasmiy hujjat berilishi orqali yuzaga keladi: – ixtiro va sanoat namunalari bo‘yicha patent; – foydali modellarga guvohnoma (“Ixtirolar, sanoat namunalari va foydali modellar to‘g‘risida”gi Qonun, 3-modda); – seleksiya yutuqlariga patent; – tovar (xizmat) belgisi bo‘yicha guvohnoma; – firma nomi bo‘yicha davlat reestriga kiritilganlik haqidagi dalolatnoma; – tovar kelib chiqqan joy nomiga oid guvohnoma.

Intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va huquqiy himoya berish vakolati Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga yuklatilgan. Beriladigan huquqiy muhofaza yorlig‘ida obyekt nomi, uning muhim xususiyatlari, muallif yoki sohibning nomi, himoya muddatining boshlanishi va tugashi, shuningdek yorliqni bergan davlat organi nomi qayd etiladi va tegishli tartibda tasdiqlanadi. Firma nomiga beriladigan huquqiy muhofaza yorlig‘i amal qilish muddati bilan chegaralanmaydi. Tovar (xizmat ko‘rsatish) belgisi yoki tovar chiqarilgan joy nomiga bo‘lgan huquqlar bo‘yicha beriladigan huquqiy muhofaza sertifikati esa vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartib asosida muntazam ravishda uzaytirib borilishi mumkin. Sanoat namunasi va foydali modelga taalluqli huquqiy muhofaza hujjatlari esa cheklangan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Shu o‘rinda, intellektual mulk huquqining obyektlaridan biri bo‘lgan sanoat namunalari va seleksiya yutuqlarining mazmuni, ularning yaratilish tartibi hamda xalqaro maydondagi o‘rni va ahamiyatini alohida ko‘rib chiqish zarur.

Sanoat namunalari — bu mahsulotning tashqi ko‘rinishini belgilovchi shakl, chizma, konfiguratsiya, bezak, ranglar kombinatsiyasi yoki ularning majmuasidan iborat intellektual mulk obyektidir. Ular mahsulot dizaynining original ko‘rinishini himoya qilish, bozorda raqobatchilardan ajratib turuvchi noyob estetik yechimlarni yaratish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasida sanoat namunalari bilan bog‘liq huquqiy tartib “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonun (2002 yil 29.08, № 397-II) bilan belgilanadi. Qonun sanoat namunasini patentlash, patent egasining huquqlari va himoya mexanizmlarini tartibga soladi.

Qonunning 8-moddasida sanoat namunasining patentga layoqatlilik mezonlari belgilangan. Agar sanoat namunasi sifatida taqdim etilgan obyekt yangi va original (o‘ziga xos) bo‘lsa, u huquqiy himoyaga ega bo‘ladi. Sanoat namunasining asosiy belgilari majmui ustuvorlik sanasigacha dunyoda ommaga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarda uchramasa, u yangilikka ega deb topiladi. Sanoat namunasining yangiligini baholashda, ustuvorlik muddati avvalroq bo‘lgan, topshirilgan va qaytarib olinmagan patent arizalari ham inobatga olinadi. Sanoat namunasi, agar uning muhim belgilar to‘plami buyumning xususiyatlariga ijodiy yondashuv bilan bog‘langan bo‘lsa, original deb e’tirof etiladi. Agar sanoat namunasi haqidagi ma’lumot muallif, ariza beruvchi yoki ulardan to‘g‘ridanto‘g‘ri yoki bilvosita axborot olgan shaxs tomonidan ommaga ma’lum qilinsa, va patent olish uchun ariza ushbu oshkor etilgan kundan boshlab ko‘pi bilan olti oy ichida Agentlikka topshirilgan bo‘lsa, bunday oshkor etish sanoat namunasining patentga layoqatliligiga ta’sir qilmaydi. Bunda bu holatni tasdiqlash mas’uliyati muallif yoki talabnoma beruvchiga yuklanadi. Buyumning tashqi ko‘rinishini ifodalovchi badiiy-konstruktorlik yechimi sanoat namunalari tarkibiga kiradi.

Quyidagilar sanoat namunalari sifatida tan olinmaydi: — bosma mahsulotlar; — arxitektura obyektlari (kichik arxitektura shakllaridan tashqari), sanoat va gidrotexnika inshootlari hamda boshqa ko‘chmas inshootlar; — suyuq, gazsimon, sochiluvchan yoki shunga o‘xshash o‘zgaruvchan shakldagi moddalar; — buyumning faqat texnik vazifasiga oid yechimlar; — jamoat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq normalariga zid bo‘lgan yechimlar.

Sanoat namunasi patenti o‘n yil davomida amal qiladi. Qonunga ko‘ra, ixtiro patentining amal muddati qonunchilikda ko‘zda tutilgan hollarda, patent egasining arizasiga muvofiq Agentlik tomonidan ko‘pi bilan besh yilga uzaytirilishi mumkin. Bunday uzaytirish tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi.

Sanoat namunasi patenti va foydali model patenti amal qilish muddati patent egasining arizasiga asosan Agentlik tomonidan mos ravishda besh yilga hamda uch yilga cho‘zilishi mumkin. 1883-yilda Sanoat mulkini muhofaza qilishga oid Parij konvensiyasi qabul qilingan. Hozirda ushbu xalqaro bitimga 176 ta davlat a’zolik qiladi. Mazkur xalqaro kelishuv boshqa davlatlarda mualliflarning intellektual ijod mahsulotlarini himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan birinchi yirik tashabbus hisoblanadi. Parij konvensiyasi patentlar, tovar belgilariga oid masalalar, sanoat namunalari, foydali modellar, firma nomlari, geografik ko‘rsatkichlar (tovar kelib chiqishi belgilari va ishlab chiqarilgan joy nomlari) hamda adolatsiz raqobatni bartaraf etishga doir qoidalarni belgilaydi. Ushbu xalqaro hujjat mualliflarning intellektual asarlarini boshqa mamlakatlarda himoya qilishga imkon yaratgan dastlabki muhim qadam bo‘lgan.

Oʻzbekiston Respublikasi 1991-yil 25-dekabrda Jahon intellektual mulk tashkiloti tarkibiga kirgan, 1993-yildan esa sanoat mulkini himoya qilishga doir Parij konvensiyasiga aʼzo boʻlgan.

Konvensiyaning asosiy normalari uch yo‘nalishga ajratilgan: milliy tartib, ustuvorlik huquqi va umumiy qoidalar. Parij konvensiyasining 1-moddasiga muvofiq, sanoat mulki tushunchasi keng mazmunda talqin qilinadi va sanoat, savdo, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi, qazib olish sohasi hamda barcha mahsulotlar ishlab chiqarish tarmoqlarini o‘z ichiga oladi.

Adabiy va san’at asarlarini himoya qilishga oid Bern konvensiyasi. Bern konvensiyasi asarlar hamda ularning mualliflari huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan. Ushbu kelishuv fransuz yozuvchisi Viktor Gyugo va uning Xalqaro adabiyot va san’at uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan kampaniya natijasida qabul qilingan. Konvensiya mualliflarga o‘z asarlari ustidan nazorat o‘rnatish va xalqaro miqyosda gonorar olish imkoniyatini yaratdi.

U uchta asosiy tamoyilga tayanadi va himoyaning minimal darajasini belgilovchi qator qoidalarni, shuningdek, ularni qo‘llashni istovchi rivojlanayotgan davlatlar uchun mo‘ljallangan maxsus normalarni o‘z ichiga oladi.

Uch asosiy prinsip quyidagilardan iborat:

1. Milliy rejim

2. Avtomatik himoya

3. Himoya asar yaratilgan davlatdagi himoya borligiga bog‘liq emas

Mazkur tamoyillar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mualliflik huquqini muhofaza qilishning yangi xalqaro tizimini shakllantirish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, axborot va texnologik almashinuv hamda xalqaro savdoni rivojlantirish imkonini yaratdi.

Sanoat namunalarining xalqaro tasnifini belgilashga doir Lokarno kelishuvi. Lokarno shartnomasi 1968-yilda imzolangan va 1979-yilda o‘zgartirilgan. Mazkur bitim sanoat namunalari uchun yagona tasnif — Lokarno tasnifini joriy qildi. A’zo davlatlarning vakolatli tashkilotlari sanoat namunalarini saqlash yoki ro‘yxatga olishga oid rasmiy hujjatlar va nashrlarda, ushbu namunalarga tegishli bo‘lgan tovarlar tasnif sinflari hamda kichik sinflariga oid raqamlarni ko‘rsatishi shart.

Shartnoma doirasida Ittifoqning barcha a’zolari ishtirok etadigan Ekspertlar qo‘mitasi tuzilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi tasnifni muntazam qayta ko‘rib chiqishdan iborat. Bitimga qo‘shilish huquqi Sanoat mulkini muhofaza qilish bo‘yicha Parij konvensiyasiga (1883) a’zo bo‘lgan davlatlarga taqdim etiladi. Ratifikatsiya hujjatlari yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi arizalar BMT Bosh direktoriga saqlash uchun topshirilishi lozim. Patent egasining huquqlari:

• Sanoat namunasidan foydalanishni nazorat qilish;

• Ishlab chiqarish, sotish, import qilishni taqiqlash yoki ruxsat berish;

• Huquqni boshqa shaxslarga o‘tkazish.

Patent egasining roziligisiz foydalanish huquq buzilishi hisoblanadi. Qonun huquqni himoya qilish choralarini belgilaydi: zararlarni qoplash, noqonuniy mahsulotlarni musodara qilish va sud orqali himoya qilish.

Sanoat namunalari xalqaro miqyosda quyidagi hujjatlar bilan himoyalanadi:

Parij Konvensiyasi (1883 yil) – milliy rejim va ustuvorlik huquqi tamoyillarini belgilaydi. Ustuvorlik huquqi 6 oy ichida boshqa ishtirokchi davlatlarda ham saqlanadi.

TRIPS bitimi (1994 yil, WTO qoidalari) – minimal 10 yillik himoya muddatini belgilaydi, samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishni talab qiladi. TRIPS bitimi davlatlarga xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilikni yaratish majburiyatini yuklaydi.

Gaaga kelishuvi (Hague Agreement, 1925 yil; oxirgi o‘zgartirishlar 1999, 2001) – bitta xalqaro ariza orqali bir nechta davlatlarda sanoat namunasini ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi, bu dizayn egalari uchun xalqaro himoyani soddalashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Parij Konvensiyasi, TRIPS bitimi va Gaaga kelishuvi talablariga mos milliy qonunchilikni ishlab chiqqan. Natijada, sanoat namunalari milliy va xalqaro darajada himoyalanadi. Sanoat namunalari intellektual mulk tizimining ajralmas qismi bo‘lib, mahsulot dizaynining estetik va tashqi xususiyatlarini himoya qiladi. Milliy va xalqaro huquqiy mexanizmlar sanoat namunalari egalariga eksklyuziv huquqlarni beradi, ularni noqonuniy foydalanishdan himoya qiladi. Bu esa innovatsion g‘oyalarni yaratish va ularni tijoriylashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Seleksiya yutuqlari — bu yangi navlar, urug‘lar, zotlar yoki boshqa seleksiya obyektlarini yaratish natijasida hosil bo‘lgan biotexnologik innovatsiyalar bo‘lib, ular intellektual mulkning alohida obyekti sifatida himoyalanadi. Seleksiya yutuqlarini himoya qilish orqali selektorlar o‘z ilmiy va amaliy ishlarini tijoriylashtirish va boshqalarning noqonuniy foydalanishidan himoya qilish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlari bilan bog‘liq huquqiy tartibni belgilaydi, shuningdek, xalqaro bitimlar orqali ham seleksiya yutuqlarini himoya qilish mexanizmlarini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi seleksiya yutuqlarini himoya qilish masalalari bilan quyidagi qonun va normativ-huquqiy hujjatlar tartibga solinadi:

1. “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi Qonun (O‘zbekiston Respublikasi,

29.08.2002 yildagi 395-II-son) – bu qonun seleksiya yutuqlari patentlash, huquq egasi

va selektorlarning huquqlarini belgilaydi.

2. “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi

Qonun (2002 yil 29.08, № 397-II) – seleksiya yutuqlariga ham tegishli bo‘lishi

mumkin bo‘lgan ixtirolar va foydali modellarni patentlashni tartibga soladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va

me’yoriy hujjatlari, ular seleksiya yutuqlarini ro‘yxatga olish, patent berish va

litsenziya berish tartibini belgilaydi.

Seleksiya yutug‘ining huquqiy tabiati va uning ahamiyati Seleksiya yutug‘ining huquqiy mohiyati shundan iboratki, u intellektual mulkning alohida turi sifatida e’tirof etiladi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk departamenti tomonidan huquqiy himoya qilinadi. Seleksiya yutug‘i ham mualliflik huquqi obyektlari kabi bir nafar yaratuvchi yoki bir nechta hammualliflar tomonidan yaratilishi mumkin.

Seleksiya yutug‘i uchun patent kimlarga beriladi? 395-II-son Qonun talablariga muvofiq quyidagi subyektlarga patent berilishi mumkin:

• Seleksiya yutug‘i muallifi (yoki hammualliflari) hamda ularning merosxo‘rlari;

• Muallif yoki uning merosxo‘ri tomonidan patent olish haqidagi arizada yoki

ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonigacha topshirilgan talabnoma beruvchini o‘zgartirish

haqidagi arizada ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxslar (ularning roziligi

bilan);

• Qonunning 7-moddasida ko‘rsatilgan hollarda — ish beruvchiga.

Agar sanoat namunasi uchun yangi va original bo‘lish, foydali model uchun yangilik va sanoatda qo‘llash imkoniyati, ixtiro uchun esa yangilik, ixtirolik darajasi va sanoatga tatbiq etiluvchanlik talablari mavjud bo‘lsa, seleksiya yutug‘i uchun ham quyidagi mezonlar majburiy hisoblanadi:

• yangilik;

• farqlanish;

• turdoshlik;

• barqarorlik.

Seleksiya yutuqlarini patentlash uchun O‘zbekiston Respublikasida quyidagi asosiy shartlar talab etiladi (Qonun, Modda 5-6):

1. Yangilik – nav, zot yoki seleksiya obyekti ilgari dunyo miqyosida

ma’lum bo‘lmasligi kerak.

2. O‘ziga xoslik – mutaxassis uchun yangi nav yoki zotning boshqa

mavjud variantlardan aniq farqlanuvchi xususiyatlari bo‘lishi lozim.

3. Sanoatda qo‘llash imkoniyati – nav yoki zotni ishlab chiqarish,

ko‘paytirish va tijoriy foydalanish amalda mumkin bo‘lishi kerak.

Patent olish uchun selektor Davlat intellektual mulk agentligiga (DIMA) ariza topshiradi. Ariza tarkibiga tavsif, tasvirlar va selektorlar haqidagi ma’lumotlar kiradi. Ekspertiza jarayonida yangilik va o‘ziga xoslik tekshiriladi va ijobiy xulosa berilganda patent rasmiylashtiriladi.

Patent egasi seleksiya yutuqlaridan foydalanish ustidan quyidagi huquqlarga ega:

• Nav yoki zotni ishlab chiqarish, sotish va import qilishni nazorat qilish;

• Patentni boshqa shaxslarga o‘tkazish;

• Noqonuniy foydalanish holatlarida zararlarni qoplash va sud orqali himoya qilish.

Patent muddati 20 yilni tashkil qiladi (qonun bilan belgilangan) va maxsus hollarda uzaytirilishi mumkin.

Xalqaro huquqiy asoslar

Seleksiya yutuqlarini xalqaro miqyosda himoya qilish quyidagi hujjatlar orqali amalga oshiriladi: UPOV Konvensiyasi (International Union for the Protection of New Varieties of Plants, 1961 yil; oxirgi o‘zgartirishlar 1991, 1999)

• UPOV Konvensiyasi seleksiya yutuqlarini milliy patent tizimidan mustaqil himoya

qilishni belgilaydi.

• Selektorlar eksklyuziv huquqlarga ega bo‘lib, yangi nav yoki zotdan tijoriy

maqsadlarda foydalanishni nazorat qiladi.

• Konvensiya seleksiya yutuqlari patentini kamida 20 yil, g‘alla va ba’zi boshqa

o‘simliklar uchun esa 25 yil himoya qilishni talab qiladi. TRIPS bitimi (1994 yil, WTO qoidalari)

• Seleksiya yutuqlarini himoya qilishni intellektual mulk obyekti sifatida tan oladi

(Modda 27.3b).

• Davlatlarga yangi navlarni himoya qilish, litsenziya mexanizmlarini joriy qilish va

patent egalarining huquqlarini ta’minlash majburiyatini yuklaydi. Parij Konvensiyasi (1883 yil) Milliy rejim va ustuvorlik huquqi tamoyillarini belgilaydi. Seleksiya yutuqlari uchun ham milliy va xalqaro patentlar orasida ustuvorlik huquqi ta’minlanadi. UPOV konvensiyasi: tushuncha va mazmun

O‘simliklarning yangi navlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro ittifoq — UPOV, Jeneva shahrida joylashgan hukumatlararo tuzilma bo‘lib, yangi o‘simlik navlarini himoyalash tizimini shakllantirish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

UPOV 1961-yilda Parijda qabul qilingan Konvensiya asosida tashkil topgan bo‘lib, hujjat 1972, 1978 va 1991-yillarda qayta ko‘rib chiqilgan. Konvensiya jami 42 moddadan iborat. UPOVning asosiy maqsadi — jamiyat manfaatlari yo‘lida yangi navlar yaratishni qo‘llab-quvvatlash, buning uchun samarali huquqiy himoya tizimini shakllantirishdir. Konvensiyaga muvofiq UPOVning asosiy vazifalari quyidagilardir:

• O‘simlik navlarini himoya qilish sohasida xalqaro huquqiy, texnik va ma’muriy

asoslarni shakllantirish va takomillashtirish;

• Davlatlar va xalqaro tashkilotlarga milliy qonunchilikni ishlab chiqish va samarali

PVP (Plant Variety Protection) tizimini joriy etishda yordam berish;

• UPOV tizimi bo‘yicha axborot va bilimlarni targ‘ib qilish. 2022-yilda UPOV ikki marotaba yillik sessiya o‘tkazgan: — 6-yanvarda UPOV PRISMAning yangi versiyasi e’lon qilindi (Press-reliz №135); — 28-oktabrda UPOVning navbatdagi majlisi o‘tkazildi (Press-reliz №136), unda barcha ishtirokchi davlatlar faoliyati tahlil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi UPOV Konvensiyasiga 1998 yilda qo‘shilgan va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirgan. Bu seleksiya yutuqlarini milliy hamda xalqaro himoya qilish imkonini beradi.

Seleksiya yutuqlari agrar va biotexnologik innovatsiyalarni himoya qilishda muhim vosita hisoblanadi. Milliy qonunchilik selektorlarning huquqlarini kafolatlaydi, patent egalariga nav yoki zot ustidan eksklyuziv huquqlar beradi. Xalqaro bitimlar esa seleksiya yutuqlarining boshqa davlatlarda himoyasini ta’minlaydi va xalqaro standartlarga mos kelishini kafolatlaydi. Shunday qilib, seleksiya yutuqlarini himoya qilish milliy va xalqaro darajada ilmiy ishlanmalarni tijoriylashtirish va selektorlarni rag‘batlantirish uchun asosiy mexanizm hisoblanadi.

Xulosa: Sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari intellektual mulk tizimining muhim obyekti bo‘lib, ularning himoyasi innovatsion iqtisodiyot va ilmiy-texnik taraqqiyot uchun strategik ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasida ushbu obyektlar milliy qonunchilik bilan tartibga solingan bo‘lib, sanoat namunalari “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonun, seleksiya yutuqlari esa “Seleksiya yutuqlari va ularning himoyasi to‘g‘risida”gi qonun asosida patentlanadi va himoyalanadi. Patent egalariga ushbu obyektlar ustidan eksklyuziv huquqlar beriladi, bu esa ularning tijoriylashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi, raqobatbardosh mahsulotlar yaratish va ilmiytexnik yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish uchun rag‘batlantiradi.

Xalqaro miqyosda sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari Parij Konvensiyasi, TRIPS bitimi, Gaaga kelishuvi va UPOV Konvensiyasi orqali muhofaza qilinadi. Bu xalqaro mexanizmlar patent egalarining huquqlarini bir nechta davlatlarda tan olish, ustuvorlik huquqini belgilash va qonuniy himoyani ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga, seleksiya yutuqlari agrar va biotexnologik sohalarda yangi navlar va zotlarning yaratilishini rag‘batlantiradi, selektorlarning ilmiy va amaliy ishlarini tijoriylashtirishga xizmat qiladi.

Milliy va xalqaro huquqiy mexanizmlar birgalikda intellektual mulk obyektlarining samarali himoyasini ta’minlaydi, bu esa innovatsion faoliyatni rivojlantirish, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va ilm-fan bilan sanoat integratsiyasini kuchaytirishga yordam beradi. Natijada, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlarining patentlash va himoya qilish tizimi milliy va xalqaro darajada huquqiy asosga ega bo‘lib, ularni yaratish, foydalanish va tijoriylashtirish jarayonida muallif va selektorlarning manfaatlarini samarali kafolatlaydi. Shu yo‘l bilan ular innovatsion iqtisodiyotning poydevorini mustahkamlash va intellektual mulk tizimini rivojlantirishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. O‘zbekiston Respublikasi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat

2. http://lex.uz//uz/docs/-76671 “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat

namunalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar va

qoʻshimchalar kiritish haqida

3. Intellektual mulk – Vikipediya

4. Intellektual mulk ob’ektlari https://advice.uz/oz/document/3297

5. lex.uz/acts/-76671 https://lex.uz/acts/-76671

6. https://share.google/aimode/uC20A30Cmqh28mIcx

7. Источник: inLIBRARY. https://share.google/P3l3m2XvT6jy8AMbX

8. Parij Konvensiyasi sanoat mulkini himoya qilish bo‘yicha (Paris

Convention for the Protection of Industrial Property), 1883 yil.

9. TRIPS bitimi (Trade-Related Aspects of Intellectual Property Rights),

WTO, 1994 yil.

10. Gaaga kelishuvi (Hague Agreement Concerning the International

Deposit of Industrial Designs), 1925 yil, oxirgi o‘zgartirishlar 1999, 2001.

11. Dinara R. Intellectual Property Law in Uzbekistan. Tashkent: IP

Research Institute, 2020.

12. O‘zbekiston Respublikasi “Seleksiya yutuqlari va ularning himoyasi

to‘g‘risida”gi Qonun, 1993 yil, № 519-XII.

13. O‘zbekiston Respublikasi “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat

14. UPOV Konvensiyasi, 1961 yil; oxirgi o‘zgartirishlar 1991, 1999.

15. TRIPS bitimi (WTO), 1994 yil, Modda 27.3b.

16. Parij Konvensiyasi sanoat mulkini himoya qilish bo‘yicha, 1883 yil.

17. Rahimov A., “Intellektual Mulk va Seleksiya Yutuqlari”, Tashkent:

Agrar Huquq, 2019.

18. https://toshkent-vil.adliya.uz/uz/news/detail.php?ID=53232

19. uzmarkaz.uz.

Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.