Janubiy Qoraqolpo’gistondagi ayrim laqablar xususida
Erkayeva Gulira’no.
Urganch davlat universiteti
Lingvistika: o’zbek tili yo’nalishi 1-kurs magistranti
Annotatsiya: Ushbu maqolada antroponomik birlik hisoblangan laqab termini haqida nomshunos olimlarning fikri, badiiy adabiyotda laqablarning qo’llanishi hamda Janubiy Qoraqolpg’istondagi ayrim laqablar to’g’risida ma’lumot beradi.
Kalit so’zlar: Laqab, ikkinchi nom, antroponomik birlik, qo’shimcha nominativ kategoriya
Abstract: This article provides information on the opinion of onomologists about the term nickname, which is an anthroponomic unit, the use of nicknames in fiction, and some nicknames in South Karakalpakstan.
Key words: Nickname, second name, anthroponomic unit, additional nominative category
Juda qadimdan xalq tilida qo’llanib kelinayotgan laqablar bugungi kunga kelib ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Chunki odamlar bir birini aynan laqablari orqali tanishadi, bir insonni boshqa bir insondan laqabi bilan ajratadi. “Laqab” arabcha so’z bo’lib, biror xususiyatiga ko’ra berilgan ikkinchi nom1 , shuningdek, laqab o’z egasining biror jismomiy, aqliy, ruhiy iste’dodi va kasbi, odamlar orasida o’zini tutishi, biror ijobiy yoki g’ayritabiiy harakatiga ishora qiladi2. Laqablar insonlar hayotining turli davrida odamlar tomomidan uning turli sifatlariga nisbatan beriladi va shu nom bilan ma’lum bo’ladi. Taniqli o’zbek tilshunosi E. Begmatov o’zining “O’zbek tili antroponomikasi” nomli kitobida antroponimlarning asosiy kategoriyasi deb, isimlarni, qo’shimcha nominativ kategoriyasi deb laqab, taxallus va familiyalarni keltirib, laqablarning ham atoqli ot ekanligini alohida ta’kidlab o’tadi. Odamlarga ismlar tug’ilgan paytidayoq qo’yilsa, laqablar ularning hayot faoliyati davomida boshqa kishilar tomonidan beriladi. Laqablar nafaqat bizning jonli hayotimizda uchraydi, balki badiiy ijod namunalarida ham katta o’rin egallagan. Masalan, xalq og’zaki ijodi 1 O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. L harfi. Ziyouz.com kutubxonasi 2 E. Begmatov. O’zbek tili antroponomikasi. T.:Fan, 2013 namunasi bo’lmish “Alpomish” dostonida Hakimbekni 7 yoshida ko’rsatgan jasorati uchun xalq uni “Alpomish” deya atay boshlaydi va asarning nomiga ham aynan bosh qahramonning laqabi berilgan. Yoki Chingiz Aytmatovning “Asrni qaritgan kun” asaridagi obrazlardan biri bo’lmish Edigeyning nomi “Bo’ron” laqabi bilan tilga olingan. Unga buday laqab berilishining sababi uning xarakter xususiyati xuddi bo’rondek,tez, birdaniga jahli chiquvchi bo’lgan. “Ikki eshik orasi” romanida esa Komil ismli obrazning kasbi tabbib bo’lgani uchun uni qishloqdoshlari “Komil tabib” deb chaqirishgan. Bundan ko’rinadiki, insonlarning kasb-kori ham keyinchalik uning laqabiga aylanib qolishi mumkin.
Janubiy Qoraqolpog’iston hududidagi odamlarning yashash tarzi bilan tanishar ekanmiz, laqab bilan atalmaydigan yoki laqabi yo’q odamni uchrata olmaymiz. Har bir sulolaning alohida laqabi bor va bunday laqab bilan atalishlarining o’ziga yarasha tarixi ham mavjud. Laqablar odamlarning ota-bobolarining kim ekanligi yoki ularning naslnasabi haqida hikoya qiladi yoki ularning ayni damadagi alohida jihati, xarakter xususiyatini anglatadi. Bu jihatiga ko’ra laqablarni ikki xil turga ajratishimiz mumkin: 1. Kichik guruh tomonidan aytiluvchi laqablar. Bunday laqablar bir oila, qarindoshlar ichida yoki do’stlar orasida qo’llanadi. Masalan, “sori” laqabini oila a’zolaridan biri boshqalariga qaraganda oq tanali va sariq sochlarga ega bo’lsagina qo’llanadi. Yana shunday laqablardan biri “shakar”. Bu laqabni Asadbek ismli yigitning do’stlari qo’llashadi. Chunki uning tengdoshlari orasida Asadbek ismli bolalar ko’p, sababi 2000-yillar atrofida “Shaytanat” filmi juda mashhur bo’lganligidan,` Asadbek ismi ko’p qo’yilgan. Endi uning laqabi haqida gapiradigan bo’lsak, uning otasi shakar savdosi bilan shug’illanadi va butun Ellikqal’ani shakar bilan ta’minlaydi. Tengdoshlari Asadbekni “shakar” laqabi bilan ajratsihi sababi shundan. Shunga o’xshash laqablardan “qiyshiq” laqabini tahlil qilsak, uni do’stlar orasida sal qiyshayib yuradigani bor, Murod qiyshiq deyilsagina uni aynan o’sha odam ekanligi aniqlashadi. 2. Katta guruh tomonidan aytiluvchi laqablar. Bu laqab turi asosan qishloq joylaridagi odamlarga xos bo’lib, butun ovul(qishloq) laqablar orqali odamlarni bir birlaridan ajratishadi, laqabi aytilgandagina o’sha odamni tanib olishadi. Chunki shahardan farqli o’laroq qishloq joyida hamma bir birini taniydi va bir biri bilan ko’p aloqa qiladi. Bu laqablar qadimdan kelayotgan bo’lib, ularning ota-bobolari ham shu laqab bilan atalgan. Bunday turdagi laqablarning kichik guruh tomonidan aytiluvchi laqablardan farqi ham shunda va o’z nomi bilan aytilgandek ko’pchilik tomonidan qo’llanadi. Quyida Janubiy Qoraqolpog’iston hududida yashaydigan ayrim kishilarning ikkinchi nomlari, laqablarini keltirib o’tamiz:
Qosh laqabli odanlarning ta’kidlashicha, qadimda ularning ota-bobolari dehqonchilik bilan shug’illanishgan va har doim o’ziga to’q yashashgan, ko’p oziqovqatlarni zaxiraga qo’yishadigan kishilar bo’lishgan. Eng ahamiyatli jihati ularning qoshlari qalin va uzun bo’lgan. Ammo ularni qosh deb atashlariga boshqa bir sabab bor. Bir yili xalq boshiga ocharchilik tushadi, bunday payda ular saxiylik qilib barchaga o’zlari g’amlab qo’ygan oziq-ovqatdan, nonlardan ulashadi. Ular g’amlagan oziq-ovqat shunchalik ko’p ekanki, ocharchilik tugab, bahor kelguncha hammaga yertgan ekan. Shunda odamlar aytishadiki, bu odamlar bizni qoshlar tomimizni tutib turgandek, bizni ocharchilikdan saqlab qolganlardir, deb ularni qosh laqabi bilan chaqira boshlashgan. Qosh - bu binolarning devor qismining yuqori joyiga qo’yiluvchi va tomni ushlab turish vazifasini bajaruvchi yog’ochdir. O’shandan beri bu odamlarning avlodlari qosh laqabi bilan ataladi. Bu laqabning berilish sababi ular qilgan ishga nisbatandir.
Xirs so’zining ma’nosi aslida ayiq. Lekin laqab jihatidan oladigan bo’lsak, uning bir necha ma’nolari bor. Uning gavdali, kuchli, bahaybat degan ma’nolari ham borligini ta’kidlashadi. Bu laqabning ham o’ziga yarasha tarixi bo’lib, Xiva xonligi davriga borib taqaladi. Xiva xoni(aynan qaysi xonligi ma’lum emas) bir kuni mamlakatdagi barcha polvonlarni xonlik saroyiga takif etadi va ziyofat beradi. Qarasa polvonlar shunchalik ko’p ovqat yeydiki, ularni to’ydirishni sira iloji yo’q. Shunda ularga atab so’yilgan tuyaning o’pkasini keltirishlarini so’raydi. Polvonlarga yuzlanib, kim shu tuyaning o’pkasini homligicha yesa unga mukofot bor deb, bitta tuya yana qanchadir oltinni berishini aytadi. Polvonlarning orasidan faqat bittasi o’sha hom o’pkani yeyishga jazm etadi va faqatgina unga tuz berishlarini iltimos qiladi. Tuz sepganicha hammasini yeydi. Xiva xoni uning ishtahasiga hayron qoladi va bu polvon odam emas haqiqiy xirs ekanku deb, unga tan beradi. Shu sababdan ham bu polvon avlodlari xirs deb ataladi va uning avlodlari bugungi kunda ham gavdali, bo’ylari uzun odamlardir.
Palaq laqabiga nazar tashlaydigan bo’lsak, xalq orasida uning ikki xil talqinini uchratamiz. Ularning birinchisi juda qadimiy bo’lib mo’g’ullar bosqini davriga borib taqaladi. Buning sababi mo’g’ullarga qarshi kurashda bir guruh kishilar(oddiy xalq orasidan) palaxmon bilan jang qilishni taklif etishgan va undan o’zlari foydalanishgan. Keyinchalik odamlar ularni palaxmonchi, palaxmonlar deb atay boshlashgan. Shu yerli xalq tilida bu so’z palaqmon deb aytilgan. Davrlar o’tishi bilan bu so’z qisqarib palaq tarzida aytiladigan bo’lib qolgan deyishadi. Bu laqabning yana bir ma’nosi sifatida polyak millatini nomini keltirib o’tishadi. Qaysidir davrda polyaklar bu hududlarga ko’chib kelgan va tub yerli aholi bilan qo’shilib ketgan deyishadi. O’sha odamlarning avlodlari polyak - palaq degan laqab bilan ataladi.
Shunga o’xshash laqablardan yana biri sifatida chandir ni misol qilishimiz mumkin. Ba’zilar uni alohida millat sifatida e’tirof etishsa, ba’zilar uni turkman millatining bir urug’i sifatida qarashadi. Ularga bunday laqab berilishiga asosiy sabab, ular o’zbeklar orasida yashab o’zbeklashib ketganidandir, ya’ni millatlari laqablariga aylanib ketgan.
Yalpoq laqabining kelib chiqish tarixi aynan qaysi davrga tegishli ekanligi ma’lum emas. Ammo shu narsa aniqki, bu laqabga mansub odamlarning bosh qismi orqasi tekis tushgan yoki yassi. Bu odamlarning bunday laqab bilan atalishiga saosiy sabab sifatida faqatgina ularning avlodlarining bosh qismi ham ajdodlariniki singari bo’lganligidandir. Ammo bugungi kunga kelib yalpoq laqabi bilan ataluvchi odamlarning hammasi ham bunday ko’rinishga ega emas.
Laqablardan yana biri malla bo’lib, u odamlarning ko’rinishi haqida ma’lumot beruvchi manba bo’lib xizmat qiladi. Bunday deyilishiga asosiy sabab bu laqabga mansub odamlarning asosan, sochlari sarig’ish, mallarang bo’lganligi. Yana shunday laqablardan biri qoq. Ular uzun bo’yli novcha oriq kishilardir. Xarakterli xususiyati shundaki, ularning chakka qismi oriqligidan ichiga kirib ketgan, shu sababdan ham ularga nisbatan qoq laqabi ishlatiladi. Qoq so’zi judayam oriq odamlarga sifat berganda ishlatiladi. Do’v(dev) laqabi ham ko’rinishga nisbatan berilgan bo’lib, ular xuddi devlardek gavdali, yirik odamlardir.
Xalq orasida shunday laqablar ham borki, ular dinimiz bilan bo’liqdir. Bularga misol qilib so’fi, eshon , shix (shayx), arvob(arbob) kabilarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Bu laqablar ularning dinda tutgan o’rinlariga nisbatan berilgan. Asosan Janubiy Qoraqolpog’iston hududida yashovchilar ularni islomni birinchi qabul qilgan kishilar sifatida talqin qilishadi, ammo bu so’zlarning ma’nolari aynan bir xil emas.
Bu hududda yashovchi aholi orasida shunday laqablar ham borki, hech bir odamni o’ziga jalb qilmasdan qolmaydi. Bunga misol sifatida hayvonlar nomiga qo’yilgan laqablarni keltirishimiz mumkin. Ashak (eshak) - o’jar, kuchuk - kuchuklar akkilagandek gapirishadi, o’kiz (ho’kiz) - ho’kizlardek jahldor. Bular asosan ularning xarakter xususiyatidan kelib chiqib qo’yilgan.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, “…laqab shaxs hayotining turli davrlarida unga odamlar tomonidan odamning turli xususiyati va sifatiga ishora qilib berilgan so’zdir. Shaxs mana shu nom bilan bir doira kishilariga ma’lum bo’ladi va farqlanadi”.3 Laqablarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali hayotdagi turli anglashilmovchiliklar bartaraf etiladi. Aynan bir xil ism va familiyali kishilar bitta joyda yashashlari mumkin, shunday paytda laqablar bizga yordamga keladi. Laqablar ham ismlarga o’xshab kishilarni nomlash, atash vazifasini bajaradi va ko’proq xalq tilida uchraydi. Shu sababdan aytishimiz mumkinki, laqablar ham ismlar kabi qadimiydir.
Foydalanilgan adabiyotlar: 1.E. Begmatov. O’zbek tili antroponomikasi. T.:Fan, 2013 2. O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. L harfi. Ziyouz.com kutubxonasi 3.Чобаннов М.Н. Основы азербайджанской антропономики. 1992 3 Чобаннов М.Н. Основы азербайджанской антропономики. 1992
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.