KRIMINALISTIK IDENTIFIKATSIYA VA DIAGNOSTIKA
Mamanarov Xaitmurat
Termiz davlat universiteti, yuridik fakulteti o’qituvchisi
Annotatsiya
Mazkur maqolada kriminalistik identifikatsiya va diagnostika jarayonlari o‘rganilgan. Kriminalistikada identifikatsiya subyekt va obyektlarni aniqlashning muhim usuli sifatida qaraladi, diagnostika esa jinoyat hodisalari va ularning sabablari bo‘yicha xulosa chiqarish uchun ishlatiladi. Tadqiqot davomida ushbu metodlarning nazariy va amaliy ahamiyati ko‘rib chiqildi.
Kalit so’zlar. Kriminalistik taktika, kriminalistik diagnostika, kriminalistika tizimi, kriminalistik identifikatsiya.
Abstract
This article examines the processes of forensic identification and diagnosis. In forensics, identification is considered an important method of identifying subjects and objects, while diagnostics is used to draw conclusions about criminal events and their causes. The theoretical and practical significance of these methods was examined during the study.
Keywords. Forensic tactics, forensic diagnostics, forensic system, forensic identification.
KIRISH
Kriminalistika jinoyatlarni ochish va oldining olishda dalillarni topish, olish, mustahkamlash va tadqiq etish bilan bog‘liq harakatlarni JPKga ko‘ra amalga oshiradigan taktik-metodologik usullari, shu maqsadda qo‘llaniladigan ilmiy-texnik vositalar va ularni joriy qilish to‘g‘risidagi fandir. Uning asosiy vazifasi tergov qilishda va jinoyatchilikni ochishda huquqni himoya qiluvchi organlarni ilmiy asoslangan usullar, vositalar va metodlar bilan qurollantirishdan iboratdir.
“Kriminalistika” (lot. “criminal” - “jinoyat”, yunon. “logos” - “ta’limot” - so‘zma-so‘z “jinoyat haqidagi fan” ma’nosini anglatadi) atamasi ilk marotaba XIX asr oxiri – 1908-yilda avstriyalik olim Gans Grossning “Kriminalistika tizimi sifatida tergovchilar uchun qo‘llanma” asarida jinoyatning tergov qilish texnikasi, taktikasi va metodikasini o‘rganadigan fanga nisbatan qo‘llanilgan edi. Unda kriminalistikaga jinoyat huhuqiga nisbatan yordamchi fan, jinoyat huhuqini amalga oshirishga qaratilgan ta’limot sifatida yondashilgan.
Kriminalistikani turli mamlakatlarda turlicha nom bilan atalgan – “ilmiy politsiya”, “texnik politsiya”, “jinoiy texnika” va h.k. Bizning davrimizda ham bu atama bir xilda qo‘llanilmaydi – bir qator mamlakatlarda u “kriminalistik texnika” ma’nosida ishlatiladi. Kriminalistika umumiy va maxsus vazifalarni bajaradi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Adabiyotlarni tahlil qilish davomida aniqlanishicha, kriminalistik identifikatsiya va diagnostika bo‘yicha turli nazariyalar mavjud. Xususan, A. Yu. Ivanov (2019) identifikatsiyani obyektlarni aniqlashning muhim bosqichi deb hisoblaydi, G. V. Kravchenko (2021) esa diagnostikaning jinoyat sabablarini o‘rganishdagi rolini alohida ta’kidlagan. Mahalliy tadqiqotchilar orasida O. Karimov (2022) ushbu usullarning sud jarayonlarida qo‘llanilishiga e‘tibor qaratgan.
Tadqiqotda kriminalistik identifikatsiya va diagnostikaning turli usullari tahlil qilindi. Jumladan:
Identifikatsiya usullari: daktiloskopiya, ballistik ekspertiza, biometrik tadqiqotlar;
Diagnostika usullari: hodisa joyini tahlil qilish, ekspert izlanishlari, sud
ekspertizalari.
Ushbu metodlar nazariy va amaliy jihatdan o‘rganilib, ularning samaradorligi baholandi.
NATIJALAR
Kriminalistika tizimi to‘rtga bo‘linadi:
1.Kriminalistikaning ilmiy asoslari va metodologiyasi. Kriminalistikaning ushbu qismida uning ilmiy asoslari, vazifalari, metodlari, kriminalistik identifikatsiya va diagnostika kabi masalalar o‘rganiladi.
2.Kriminalistik texnika. Kriminalistik texnika – bu faqat texnika vositalarining yig‘indisi bo‘lib qolmay, balki kriminalistikaning umumiy nazariyasi va tabiiy hamda texnika fanlari asosida ishlab chiqilgan ilmiy qoidalar, usullar va metodlar majmuidir. Bunda daliliy obyektlarni topish, saqlash, qayd etish, tadqiq etish va jinoyatning oldini olish uchun protsessual qonunga muvofiq ulardan foydalanish maqsad qilib qo‘yilgan.
3.Kriminalistik taktika. Tergov taktikasi – bu kam kuch, vosita va vaqt sarflab yuqori samaraga erishish maqsadida jinoyatni tergov qilish, ochish va oldini olishda qo‘llaniladigan kriminalistikaning umumnazariy qoidalari, mantiq, psixologiya, sud etikasi va boshqa ilmiy bilimlardan foydalanishga asoslangan dastlabki tergovning taktik usullari va metodlarining tergovni rejalashtirishning majmuidir.
4. Jinoyatlarning alohida turlarini tergov qilish metodikasi. Jinoyatning alohida turlarini tergov qilish – bu jinoyatning har bir turiga tegishli o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olib tergov qilish, ularni ochish va oldini olishda qo‘llaniladigan ilmiy qoidalar, texnik vositalar, taktik usullar va metodik qoidalar (tavsiyalar) majmuidir. Qo‘llaniladigan vositalar, usullar va tavsiyalar bir jinoyatni tergov qilishda samarali bo‘lishi mumkin.
Kriminalistik identifikatsiya uch bosqichdan iborat:
1. Obyektni topish - jinoyat joyida yoki tergov jarayonida dalil sifatida foydalaniladigan obyektlarni aniqlash.
2. Obyektni tavsiflash - obyektning xususiyatlarini to‘liq tahlil qilish va ularni hujjatlashtirish.
3. Obyektni taqqoslash va aniqlash - topilgan obyektni avvalgi ma’lumotlar bilan solishtirish orqali identifikatsiya qilish.
Identifikatsiya qilinadigan obyektlar:
- Jinoyatchilar: shaxsiy belgilar (barmoq izlari, DNK, suratlar, ovoz yozuvlari).
- Asbob-uskunalar: qurollar, transport vositalari va boshqalar.
- Izlar va dalillar: barmoq izlari, oyoq kiyim izlari, o‘q izlari va shunga o‘xshashlar.
Kriminalistik identifikatsiya shaxsiy yoki predmetli bo‘lishi mumkin. Shaxsiy identifikatsiya shaxsning o‘ziga xos belgilari orqali aniqlanadi (masalan, barmoq izlari), predmetli esa asbob yoki vositalar orqali amalga oshiriladi.
1-diagramma. Kriminalistik identifikatsiya va diagnostikasining asosiy
bosqichlari va ularning o‘zaro bog‘liqligi.
1-rasm. Kriminalistik identifikatsiya turlari.
XULOSA
Kriminalistik diagnostikaning elementlari boshqa tergov harakatlarini o‘tkazganda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tergovchining tintuv qilinayotgan, so‘roq qilinayotgan shaxsning xulq-atvori, so‘roq paytidagi reaksiyalari ustidan kuzatuvi diagnoz sxemasi bo‘yicha amalga oshirilishi kerak: belgilar tahlili, taxmin qilish, uni teshirish ijobiy rol o‘ynaydi.
Kriminalistik identifikatsiya va diagnostika jinoyatlarning oldini olish va fosh etish jarayonlarida muhim o‘rin tutadi. Ushbu usullarni zamonaviy texnologiyalar bilan birlashtirish orqali ularning samaradorligini oshirish mumkin. Kelajakda ushbu metodlarni yanada rivojlantirish jinoyat tekshiruvini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
1. Bazarova D.B., Astanov I.R. Kriminalistika va ekspertiza. Darslik. – T.: TDYuU, 2019. – 300 b.
2. Kriminalistika. Darslik. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: TDYuU, 2018. – 553 b.
3. Kriminalistika. Uchebnik. Kollektiv avtorov. –T.: TGYuU, 2018. – 516 s.
4. Kriminalistika: Darslik / T.B.Mamatqulov, I.Astanov va boshq. – T.: O’zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2015.
5. Mamatkulov T.B., Djumanov SH.T., Turgunov U.T. va boshq. Kriminalistik taktika: Darslik. – T.: O’zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2013. – 218 b.
6. Kriminalistika. Darslik. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: TDYuU, 2018. – 515 b.
7. Kolenko Y.V. - O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘i, Xidoyatov B.B. - TDYU Jinoyat huquqi va kriminologiya kafedrasi mudiri, yuridik fanlar nomzodi, dotsent. https://e-library.namdu.uz/2018..pdf
8. M.Rustamboyev, A.Norboyev. Kriminalistika. Darslik. Toshkent: 2002. TDYU https://e-library.namdu.uz/B.pdf
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.