LUTFIY ASARLARI TILINING LEKSIK XUSUSIYATLARI
Dinara Islamova
Fayzullayeva Navruza
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Annotatsiya: Ushbu maqolada so‘z shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari bo‘lgan omonim, sinonim, antonimlarning badiiy san’atlarni hosil qilishdagi ahamiyati Lutfiy ijodi misolida yoritiladi. Omonim, sinonim, antonimlarning badiiy matnda tasviriy vosita sifatidagi o‘rni ochib beriladi. Ularning lirik asarlar g‘oyasidagi muhim jihatlari tahlil qilinadi. Bu orqali XIV-XV asr eski o‘zbek adabiy tili leksikasiga xos xususiyatlar ifodalanadi.
Kalit so‘zlar: ilmi bade’, omonim, sinonim, antonim, tajnis, tazod, tanosub, iyhom.
LEXICAL CHARACTERISTICS OF THE LANGUAGE OF LUTFIAN
WORKS
Annotation: In this article, the importance of homonyms, synonyms, antonyms, which are types according to the relation of word form and meaning, in the creation of artistic arts is highlighted on the example of Lutfiy's work. The role of homonyms, synonyms, and antonyms as visual tools in the artistic text is revealed. Their important aspects in the idea of lyrical works are analyzed. Through this, the characteristics of the lexicon of the old Uzbek literary language of the 14th-15th centuries are expressed.
Keywords: ilmi bade', homonym, synonym, antonym, tajnis, tazad, tanosub, ihyom.
ЛЕКСИЧЕСКАЯ ХАРАКТЕРИСТИКА ЯЗЫКА ЛЮТФИЙСКИХ
ПРОИЗВЕДЕНИЙ
Аннотация: В данной статье на примере творчества Лютфия подчеркивается значение омонимов, синонимов, антонимов, которые являются типами по отношению формы слова и значения, в творчестве художественных произведений. Раскрывается роль омонимов, синонимов и антонимов как изобразительных средств в художественном тексте. Анализируются их важные аспекты в идее лирических произведений. Через это выражаются особенности лексики староузбекского литературного языка XIV-XV веков.
Ключевые слова: илми бадэ, омоним, синоним, антоним, тайнис, тазад, таносуб, ихём.
Sharq mumtoz she’riyati jahon adabiyotida o‘zining takrorlanmas badiiy ifodasi, chuqur mazmunga egaligi va har qaysi davrda ham jozibasini yo‘qotmaganligi bilan alohida ajralib turadi. Tabiiyki, bunday go‘zal ijod namunalarini yaratish so‘z san’atkorlaridan yuksak ilm hamda mahorat talab qilgan. Mumtoz adabiyotimizda bunday ilmlar maxsus uchlikni tashkil qiladi:
1. Ilmi aruz
2. Ilmi qofiya
3. Ilmi bade’
Ilmlar uchligining birinchisida she’rdagi vaznlar va ularning qonunqoidalari haqida fikr yuritilgan. Aruz vaznining xususiyatlari, talablari alohida tadqiq etilgan. Ilmi qofiyada she’rning asosini tashkil etuvchi qofiya turlari, uning hosil bo‘lish yo‘llari o‘rganilgan. Ilmi bade’da esa fikrni betakror, nafis va yoqimli ifodalash usullari, badiiy san’atlar to‘g‘risida bahs etilgan.
Tilning qudrati va vazifasi haqida so‘z yuritilganda tilshunoslar, adabiotshunoslar uning bir qancha funksiyalarini sanab o‘tadilar. Insonlar o‘rtasida muloqotga xizmat qilish, to‘plangan bilimlarni kelajak avlodga yetkazish tilning muhim vazifalari hisoblanadi. Ammo ular orasida yana bir jihat borki, u orqali tilning nafosati yuzaga chiqadi. Alibek Rustamiy ta’biri bilan aytganda: ‘‘Til bir jihatdan tabiat va insondagi go‘zallikni aks ettiruvchi vosita bo‘lsa, ikkinchi jihatdan unda go‘zallikni vujudga keltiruvchi javharlar ham mavjud. Biz tilga go‘zallik javhari sifatida nazar soladigan bo‘lsak, uning kishini hayratlantiradigan darajada yetukligi bor’’. [ 12, 12] Tilning ana shu ‘‘yetukligi’’ mumtoz she’riyatimizda badiiy san’atlar vositasida yuzaga chiqadi.
Yuqorida sharq she’riyatida badiiy san’atlar haqidagi bilimlar ilmi bade’da o‘z aksini topishini qayd etdik. Bade’ arab tilidan o‘zlashgan birlik bo‘lib, ‘‘yangi’’, ‘‘ajoyib’’, ‘‘nodir’’ kabi ma’nolarni anglatadi. Ilmi bade’ga doir ilk tadqiqotlar arab manbalariga borib taqalib, Nasr binni Hasanning ‘‘Mahosinulkalom’’, Ibn al-Mo‘tazning ‘‘Kitob ul-bade’ ’’, Qudama ibn Ja’farning ‘‘Naqd-ushshe’r’’kabi asarlari shular jumlasidandir. IX-XII asrlarda bu borada bir qancha kitoblar yozildi. Ular orasida xorazmlik vatandoshimiz Rashid Vatvotning ‘‘Hadoiq us-sehr’’ asari mukammalligi bilan ajralib turadi. Keyingi davrlarda yaratilgan tadqiqotlar uchun bu kitob asos vazifasini o‘taydi. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning ‘‘Mezon ul-avzon’’, ‘‘Majolis un-nafois’’, ‘‘Muhokamat ul-lug‘atayn’’ asarlarida ham badiiy san’atlarga to‘xtalingan. Adabiyotshunosligimizda Lutfiy asarlaridagi badiiy san’atlar ham bir qadar tahlil qilingan bo‘lib, misol sifatida A.Hojiahmedovning ‘‘Mumtoz badiiyat malohati’’ kitobini keltira olamiz. Kitobda badiiy san’atlarga oid ma’lumotlardan so‘ng Lutfiy ijodidan namunalar keltiriladi. Ustoz Ibrohim Haqqul fikricha, ‘‘Lutfiy devonidagi bosh mavzu ishq va asosiy maqsad oshiqning hasb-u holini tasvirlashdan iborat bo‘lsa-da, shoir deyarli har bir she’rida mavzuga yangicha yondashib, betakror ohanglar yaratadi, mohiyatiga mos poetik obrazlar topadi, birbiriga o‘xshamaydigan badiiy san’atlarni qo‘llaydi’’. [ 14]
Ilmi bade’da badiiy san’atlar 3 guruhga ajratiladi:
So‘zning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari bo‘lgan omonim, sinonim, antonimlarning lafziy, ma’naviy, mushtarak san’atlarni hosil qilishda alohida o‘rni va ahamiyati bor. Ayrim badiiy san’atlarimizning asosi ularga borib taqaladi. Buni Lutfiy ijodi misolida ko‘rib o‘tamiz.
Tajnis ( hamjins, jinsdosh) mushtarak san’at turiga mansub bo‘lib, she’rda shakl jihatdan bir xil yoki o‘xshash so‘zlarni keltirish orqali hosil qilinadi. U she’rning ham shakl, ham mazmun tomoniga tegishli bo‘ladi. Tajnis orqali lirik janrlarda so‘z o‘yinlari, o‘ziga xos nozik ma’nolar ifodalanadi. Yozma adabiyotda bu san’at turi xalq og‘zaki ijodi ta’siri natijasida paydo bo‘lgan. Badiiy san’atning bu turini hosil qilishda omonimlar asos vazifasini bajaradi. Bundan kelib chiqadiki, omonimlar eng qadimgi
Lafziy san'atlar Ma'naviy
san'atlar
Mushtarak
san'atlar davrlarda ham og‘zaki, ham yozma adabiyotda muhim tasvir vositasi sifatida qaralgan. Tajnis shakldosh so‘zlarning ifodalanishiga ko‘ra bir nechta turlarga bo‘linadi:[7, 63]
1. Tajnisi tom yoki mutlaq tajnis. Bunda tajnisni omonim so‘zlar yuzaga keltiradi. Quyidagi tuyuqqa e’tibor qarataylik:
Garči qurutmas kozumniŋ yāšini,
Haq uzun qilsun ul āyniŋ yāšini.
Yiγlama kop, bu vujudniŋ išq oti
Ne quruγïn qoyγusi, ne yāšini. [8, 350]
Tuyuqqa tajnis sifatida “yāš” omonimi tanlangan. O‘z qatlamga mansub bo‘lgan bu birlik 1- va 2-misralarda ot so‘z turkumi, 4-misrada sifat so‘z turkumi vazifasini bajargan. Bu so‘zning etimologiyasi ham fikrimizni dalillaydi: ‘‘Yosh I ‘‘qayg‘u yoki sevinch ta’sirida chiqadigan tiniq suyuqlik’’. Qadimgi turkiy tilda ham shunday ma’no anglatgan bu ot ya:sh tarzida talaffuz qilingan, keyinroq a: unlisi ā unlisiga almashgan:ya:sh˃yash˃yāsh. Yosh II ‘‘bir yilga teng umr’’ Qadimgi turkiy tilda ham shunday ma’no anglatgan bu ot ya:sh tarzida talaffuz qilingan, keyinroq a: unlisi ā unlisiga almashgan:ya:sh˃yash˃yāsh. Yosh III ‘‘yaqinda vujudga kelgan’’, ‘‘hali ko‘p yashamagan’’. Qadimgi turkiy tilda ham shu ma’noni anglatgan bu sifat ya:sh tarzida talaffuz qilingan, keyinroq a: unlisi ā unlisiga almashgan:ya:sh˃yash˃yāsh’’ . [ 13, 175] U anglatgan ma’nolarga e’tibor beraylik:
1-misrada: yāš- ko‘z yoshi
2-misrada: yāš- umr
4-misrada: yāš- qarining antonimi
Aynan to‘rtinchi misradagi “yāš” so‘zining ma’nosini xuddi shu misrada qo‘llangan “ quruγ” birligi orqali aniqlaymiz . “Quruγ” so‘zi ko‘p ma’noli bo‘lib, “ quruq” va “ qari, keksa” ma’nolarida keladi. Lutfiy bu so‘zni birinchi misrada o‘z ma’nosida, to‘rtinchi misrada esa ko‘chma ma’noda qo‘llagan. To‘rtinchi misradagi “yāš” omonimi bunda qolgan misralardagi “ yāš” ga nisbatan omonimlik, “ quruγ” ga nisbatan antonimlik vazifasini bajargan. Umumiy mazmunga ahamiyat beraylik: Garchi ko‘zimning yoshini quritmasa ham, ul oyning, ya’nikim yorning yoshini Haq uzun qilsin. Ko‘p yig‘lamaki,(chunki) bu ishq o‘ti na keksani, na yoshni omon qo‘yadi.
1. Tajnisi noqis. Tajnisning bu turini omonimiya hodisasi doirasida o‘rganiluvchi omofonlar hosil qiladi. Talaffuzi bir xil, yozilishi har xil bo‘lgan so‘zlar omofonlar hisoblanadi.
Kečti umru tušmadi ul yār ilӓ,
Qorqaram kѳŋlüm bu γamdin yorila,
Bu vafāsizliqki, sendin kormišam,
E’tiqādim qālmadi heč yār ilӓ. [8, 348]
1-misrada yār ilӓ omofoni ot so‘z turkumi+ ko‘makchi shaklida ifodalangan. Yār o‘z qatlamga mansub birlik bo‘lib, ‘‘ma’shuqa’’ ma’nosini anglatmoqda.
2-misrada yārila birligi ‘‘yorilmoq’’ ma’nosini bildiradi.
3-misrada yār ilӓ 1-misradagi kabi ma’no kasb etadi.
Umumiy mazmu: Umrim yorsiz kechdi ( U bilan hayot yo‘llarim bog‘lanmadi), Qo‘rqamanki, bu g‘amdan ko‘nglim yorilib ado bo‘lmasa, Bu vafosizlikni sendan ko‘rdimki, hech kimga ( na yor, na do‘stga) ishonchim qolmadi.
Iyhom (arabcha. ‘‘shubhaga solish’’) mumtoz adabiyotdagi lafziy san’atlardan biri bo‘lib, omonim so‘z vositasida baytda bir tushunchaning majoziy va asl ma’nolarini keltirishga asoslanadi. Bu san’at turi kitobxondan ziyraklikni talab etadi. Misollarga qaraymiz:
Munajjim qāš-u kozuŋ korgač aytur
Kim: ‘‘Ušbu āy bāšinda fitnalar bār. [8, 63]
Baytda qo‘llangan ot turkumiga mansub āy so‘zi ‘‘samoviy jism’’ va ‘‘vaqt oralig‘i, o‘lchov birligi’’ ma’nolarida 2 xil tushunchani hosil qilmoqda. Bilamizki, mumtoz adabiyotimizda yorning yuzi oyga tashbeh qilinadi yoki ma’shuqaning yuzi oy istiorasi orqali ifodalanadi. Misralarda āy birinchi holatda ayni shu ma’noda kelyapdi. Munajjim ma’shuqaning qosh-u ko‘ziga qarab, bu qosh-u ko‘zda, oy yuzda oshiq uchun fitnalar borligini bashorat qilmoqda. Ikkinchi holatda esa biroz boshqacharoq ma’noni tushunamiz. Munajjimlar astronomik jismlar , yulduzlarning harakatiga asoslanib kelajak zamondagi voqealarni oldindan aytib berganlar. Ma’shuqaning go‘zalligi ham oshiqqa kelajak zamonda (oy boshida) fitnalar solishi mumkin. Ikkala ma’no ham adabiyot shaydosiga behad estetik zavq bag‘ishlaydi.
Badiiy san’at turlarini hosil qilishda mumtoz adabiyotda sinonimlarning ham alohida o‘rni bor. Shakli har xil, ma’nosi bir xil bo‘lgan birliklar orqali tanosub, ta’did, ruju’, istiora, epitetning go‘zal namunalarini yaratish mumkin. Lutfiy ijodida sinonimlar tanosub san’atning yuzaga kelishida keng maydon vazifasini o‘tagan.
Tanosub san’atini baytda uyadosh yoki sinonim so‘zlar hosil qiladi. Bu esa fikrni ta’kidli, betakror ifodalashga xizmat qiladi. Lutfiy ijodidagi sinonim so‘zlar ham xuddi shunday vazifani bajarib, tanosubni yuzaga keltirgan.
Isā falakka āšti čun boldi labiŋ jān berguči,
Šӓrmӓndӓlikdӓn ketmasa, kokta aŋa ne bār erur. [8, 57]
Baytda sinonimlarning nafaqat tanosub san’atini, balki kishini zavqlantiruvchi o‘ziga xos ma’noni hosil qilganligining ham guvohi bo‘lamiz. Ma’lumki, mumtoz adabiyotda Iso payg‘ambar nafasi bilan o‘liklarga jon berguvchi sifatiga egaligi ajralib turadi. Lutfiy ta’riflagan yorning lablarida ham shu xususiyat bor ekan. Afsona va rivoyatlarda Iso payg‘ambarning ko‘kka chiqib ketganligi, qiyomat kunida qayta yerga tushishi haqida ma’lumotlar bor. Ammo Lutfiyning ta’biricha Iso bejizga falakka chiqib ketmagan. Ma’shuqaning jon berguvchi lablaridan uyalib ketgan. Yor go‘zalligining bu qadar original tasvirlanishi mumtoza adabiyotimizda hamma shoirlarga ham nasib etmagan mahorat hisoblanadi. Endi ushbu takrorlanmas tasvirning hosil bo‘lishida ahamiyat kasb etgan sinonimlar tahliliga qaytaylik. Asli arabcha bo‘lgan falak va turkiy qatlamga mansub kok so‘zlari misralarda sinonimik qatorni hosil qilgan. Ushbu so‘zlar mumtoz adabiyotimizda osmon, samo kabi boshqa sinonimlariga qaraganda faol qo‘llangan. Hozirda esa badiiy uslubga xoslanganligi bilan ajralib turadi.
Tazod arabcha ‘‘zidlantirish’’ ma’nosini ifodalovchi badiiy san’at turlaridan biri bo‘lib, mumtoz adabiyotimizda, nafaqat mumtoz, balki hozirgi davr ijodkorlari ijodida ham faol tasviriy vositalardan biridir. Bu badiiy san’at turi haqida adabiyotshunos Alibek Rustamov shunday fikrlarni bildiradi: ‘‘Shoir uchun juda zarur bo‘lgan san’atlardan biri tazoddir. Bu san’at yana mutobaqa, tiboq, tatbiq, muttazod, ittizod va takofu deb ham ataladi. Bu san’atda bade’shunoslarning aytishicha, zid ma’noli so‘zlardan foydalaniladi’’. [11, 64] Lutfiy asarlarida ham antonimlar tazodning go‘zal namunalari yaratilishiga asos bo‘lgan:
Āγzini bār desӓm, aniŋ heč vujudi yoq,
Belini yoq desӓm, vӓle ehtimāli bor. [8, 61]
Baytdagi bār, yoq antonimlari tazod va qaytarish san’atini yuzaga keltirgan. Sharqa she’riyatida ma’shuqaning go‘zallik belgisi sifatida eng birinchi uning nozikligi tilga olinadi. Labning kichikligi hamda belning ingichkaligi muhim sifatlardan hisoblanadi. Yuqoridagi misralarda ham lirik qahramon yorining nozikligidan hayratga tushmoqda. Ma’shuqaning og‘zi shu qadar kichik ekanki, uni bor desa, vujudi, ya’ni tashqi tomoni ko‘rinmas ekan. Belini yo‘q desa, ingichkaligi uning borlik ehtimolini ko‘rsatib turarkan. Aslida, og‘izning kichik bo‘lishi faqat nafislik belgisi emas. Bunda yorning kamgapligi, nuktadonligiga ham ishora bor. Ana shunday estetik zavq beruvchi holat zid ma’noli so‘zlar vositasida ochib berilgan. Birinchi misra o‘rtasida kelgan bār so‘zi ikkinchi misra oxirida kelib radd ul-hashv ilal-ajuz ( birinchi misra ichida kelgan so‘zning ikkinchi misra oxirida qaytarilishi) , birinchi misra oxirida kelgan yoq so‘zi ikkinchi misra o‘rtasida kelib radd ul-aruz ilal-hashv ( birinchi misra oxirida kelgan so‘zning ikkinchi misra ichida qaytarilishi) san’atini hosil qilgan.
So‘zning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari hisoblangan omonim, sinonim, antonimlar mumtoz adabiyotimizda go‘zal va takrorlanmas badiiy san’at turlarini hosil qilish vazifasini bajargan. Lutfiy ijodida ham bu birliklardan mahorat bilan foydalanilgan. Yirik so‘z san’atkori ijodidagi badiiy san’atlar uning qalamidan to‘kilgan misralarning asrlar oshib kitobxonlar qalbidan joy olishiga xizmat qilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. Тўрт томлик. - Т.:Фан, 1983. Т. 1.- 656 б.
2. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. Тўрт томлик. - Т.:Фан, 1983. Т. 2.- 644 б.
3. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. Тўрт томлик. - Т.:Фан, 1983. Т. 3.- 624 б.
4. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. Тўрт томлик. - Т.:Фан, 1985. Т. 4.- 636 б.
5. Абдураҳмонов Ғ., Шукуров Ш., Маҳмудов Қ. Ўзбек тилининг тарихий грамматикаси. Дарслик. – Тошкент: Ўзбекистон файласуфлари миллий жамияти нашриёти, 2008 – 528 b.
6. Ҳожиаҳмедов А. Мўмтоз сўз малоҳати. - Т.: Шарқ, 1998. - 240б.
7. Исҳоқов Ё. Сўз санъати сўзлиги. -Т.: Зарқалам, 2006 – 128 б.
8. Лутфий. Сенсан севарим. Девон. – T.: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1987. -352 б.
9. Миртожиев М. Ўзбек тили семасиологияси.– Т.: Мумтоз сўз, 2010. – 288 б.
10. Мухторов А., Санақулов У. Ўзбек адабий тили тарихи. - Т.: Ўқитувчи , 1995.-161 б.
11. Рустамов А. Навоийнинг бадиий маҳорати.- Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги Адабиёт ва саньат нашриёти, 1976.-Б.64.
12. Рустамов А. Сўз хусусида сўз. – Т.: Ёш гвардия, 1987. – 160б.
13. Ўзбек тилининг этимологик луғати (туркий сўзлар) – Т.: Университет, 2000. – 560б.
14. https://www.e-adabiyot.uz/maqola/1110
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.