ResearcherUz LogoResearcherUz
Посмотреть журнал

MAHMUD KOSHG‘ARIYNING «DEVONU LUG‘ATIT TURK» ASARI – NODIR TURKIY TOPONIMIK MANBA SIFATIDA

Аннотация

Ushbu maqolada Mahmud Qoshg‘ariyning XI asrda yozilgan  «Devonu lug‘atit turk» asarining toponimika fanidagi o‘rni va ahamiyati yoritilgan.  Asarda tilga olingan 200 ga yaqin turkiy toponimlar, etnonimlar va geografik atamalar  asosida o‘sha davr turkiy xalqlari yashagan hududlar, ularning madaniy hayoti va til  xususiyatlari haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, «Devon»ga ilova qilingan xaritaning toponimik qiymati, asarda joy nomlarining fonetik va semantik  jihatdan tahlili ko‘rib chiqilgan. Mazkur maqola orqali Mahmud Qoshg‘ariy asarining  zamonaviy toponimika uchun qanchalik dolzarb va noyob manba ekanligi asoslab berilgan.


Полный PDF документ

Похожие статьи

Текст статьи

NODIR TURKIY TOPONIMIK MANBA SIFATIDA

Tangirov Sherzod Abduraxmonovich

Zarmed universiteti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi

Majitov Farrux Xasan o‘g‘li

Zarmed universiteti Tarix yo‘nalishi 1-kurs talabasi

Annotatsiya. Ushbu maqolada Mahmud Qoshg‘ariyning XI asrda yozilgan «Devonu lug‘atit turk» asarining toponimika fanidagi o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Asarda tilga olingan 200 ga yaqin turkiy toponimlar, etnonimlar va geografik atamalar asosida o‘sha davr turkiy xalqlari yashagan hududlar, ularning madaniy hayoti va til xususiyatlari haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, «Devon»ga ilova qilingan xaritaning toponimik qiymati, asarda joy nomlarining fonetik va semantik jihatdan tahlili ko‘rib chiqilgan. Mazkur maqola orqali Mahmud Qoshg‘ariy asarining zamonaviy toponimika uchun qanchalik dolzarb va noyob manba ekanligi asoslab berilgan.

Kalit so‘zlar: Mahmud Qoshg‘ariy, «Devonu lugatit turk», turk qabilalari, 200 ga yaqin toponimlar, xarita.

Аннотация. В данной статье рассматривается значение труда Махмуда Кашгари «Девону лугатит турк», написанного в XI веке, как уникального источника по тюркской топонимике. На основе анализа около 200 топонимов, этнонимов и географических терминов, упомянутых в произведении, раскрываются сведения о территории расселения тюркских народов, их языковых особенностях и культурной среде того времени. Особое внимание уделено историко-топонимической ценности карты, прилагаемой к «Девону», а также фонетическому и семантическому анализу названий населённых пунктов. Статья подчёркивает актуальность и научную значимость наследия Махмуда Кашгари для современных исследований в области топонимики.

Ключевые слова: Махмуд Кашгари, «Диван лугат ат-турк», тюркские племена, около 200 топонимических названий, карта.

Abstract. This article explores the significance of Mahmud al-Kashgari’s 11thcentury work Dīwān Lughāt al-Turk as a unique and valuable source in the field of Turkic toponymy. Based on the analysis of nearly 200 toponyms, ethnonyms, and geographical terms mentioned in the work, the article provides insights into the settlement areas of Turkic peoples, their linguistic characteristics, and cultural environment of that time. Special attention is given to the historical and toponymic value of the map included in the Dīwān, as well as to the phonetic and semantic aspects of place names. The study highlights the continued relevance and scientific importance of Mahmud al-Kashgari’s legacy for modern toponymic research.

Key words: Makhmud Qoshgariy, «Devonu lugatit turk», Turkic clans, about 200 toponymies, map.

Toponimika – xalqning tarixiy, madaniy va lingvistik xotirasini saqlovchi muhim fan sohalaridan biridir. Har bir joy nomi o‘zida o‘tmish avlodlarning yashash tarzi, til xususiyatlari va madaniy tasavvurlarini mujassam etgan bo‘ladi. Ana shunday bebaho tarixiy-lingvistik manbalardan biri bu – XI asrda yashab ijod qilgan buyuk turkiy olim Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asaridir. Bu asar nafaqat tilshunoslik, balki tarix, etnologiya, geografiya va ayniqsa toponimika sohasida ham g‘oyat katta ahamiyatga ega.

Mahmud Qoshg‘ariy «Devon» orqali o‘z davrida mavjud bo‘lgan turkiy qabilalar, ularning yashash joylari, madaniyati va tili haqida keng qamrovli ma’lumotlar beradi. Ayniqsa, unda tilga olingan 200 ga yaqin toponimlar bugungi toponimika fanining boy manbaiga aylangan. Asardagi xarita va geografik izohlar orqali XI asrda turkiy xalqlarning joylashuvi va o‘zaro aloqalari haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Shunday qilib, «Devonu lug‘atit turk» faqatgina lug‘aviy emas, balki tarixiy-toponimik qo‘llanma sifatida ham o‘rganilishi lozim bo‘lgan noyob asardir.

O‘zbek milliy madaniyatining tobora gurkirab o‘sishi milliy madaniyat tarixini yanada chuqurroq o‘rganish talabini qo‘yadi. Boy madaniy merosga ega bo‘lgan o‘zbek xalqining tarixida «Devonu lug‘atit turk» asari alohida ahamiyat kasb etadi. XI asrning mashhur olimi, tilshunos Mahmud Koshg'ariyning «Devonu lug‘atit turk» (Turkiy so‘zlar devoni) asari o‘z davridagi turkiy qabilalar lug‘atini izohlashga bag‘ishlangan. Turkiy Mahmud Koshg'ariyning bu nodir asari bebaho bir qomuski, undan har bir mutaxassis o‘ziga kerakli ma’lumot topa oladi.

Mashhur rus sharqshunosi V.V.Bartold ta’kidlaganidek, «Mahmud Qoshg‘ariy hayot voqealarini, fakt va dalillarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bilib yozgani uchun» bu asar hamon o‘zining ilmiy, tarixiy, ma’rifiy qimmatini saqlab kelmoqda1. 1 Homidjon Homidiy. Ko’hna sharq darg’alari. Toshkent, Sharq, 2000 yil, 84 bet.

«Devonu lug‘atit turk»ni ayni vaqtda qimmatli toponimik asar ham deyish mumkin. Chunki bundan uch yuz-to‘rt yuz yil oldin yozib olingan nomlar ham hozirgi talaffuzdan ko‘ra qadimgi toponimiyaning dastlabki shakliga ancha yaqin bo‘ladi. Shuni aytish kerakki, toponim qanchalik ilgari yozib olingan bo‘lsa, shunchalik qimmatli sanaladi.

Ushbu asarning toponimika fani uchun ahamiyati shundan iboratki, 200 ga yaqin turkiy toponimlar, ko‘plab etnonimlar, ko‘plab geografik atamalar aytib o‘tiladi2. Unda yo‘l-yo‘lakay berilgan geografik ma’lumotlar ham diqqatga sazovor. Mahmud Qoshg‘ariy o‘z asarida shuncha keng va katta hududda o‘sha davrda bo‘lgan hamma shahar va qishloqlardan, dengiz va ko‘llardan, ularning tarixidan, geografiq mavqeidan, ularda yashovchi xalqlardan ma’lumot beradi. Bu jihatdan asarning qiymati benihoya ulug‘ va tensizdir3. Mahmud Koshg'ariyning «Devon»idagi xaritada tilga olingan nomlar to‘g'risida I.I.Umnyakov, S.Umurzoqov, H.Hasanov kabi olimlar qator asarlar yozganlar.

«Devon»da “Yuqori Chindan boshlab, Buxoroga qadar cho‘zilgan keng va katta hududda yashagan xalqlar, Xorazm, Farg‘ona Qirg‘iziston hududi, Toshkent va butun Movaraunnahr xalqlarining tili va umumiy tarixi (xususan toponomik ma’lumotlar)ga oid ma’lumotlar ko‘p va benihoya qimmatlidir”4.

Mahmud Koshg'ariy asarining toponimika uchun ahamiyati undagi joy nomlari bilangina tugamaydi. Ushbu asardadagi toponimik ma'lumotlarni asarda tilga olingan joy nomlari etnonimlar, ya'ni turli xalq, elat, qabila, urug' nomlari, antroponimlar, ya'ni kishi ismlari, geografik atamalar, o‘simlik hamda hayvon nomlari, so‘zlarning fonetik va grammatik tuzilishiga doir fikrlar kabi bir qancha turlarga bo‘lish mumkin.

«Devonu lug‘atit turk» doira deb atalgan xarita ilova qilingan. Bundan tashqari, matnda ham bir qancha joy nomlari izohlab o‘tilgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki «Devonu lug‘atit turk»da 200 ga yaqin toponim tilga olingan. Shu o‘rinda aytish joizki, asarda ayrim joy, ba'zi o‘simliklar, hayvonlar nomlari atamalar takroran berilgan. Bunday qaytariqlar hisobga kirmaydi, albatta5.

«Devon»dagi nomlarning asosiy qismi O‘rta Osiyoga oid turkiy nomlardir. Qoshg‘ariy «Devonu lug‘atit turk»ida turk qabilalari va qabilalar bayoni haqida shunday deydi: “Turklar aslida yigirma qabiladir… Har bir qabilaning sanoqsiz 2 S.Qorayev. Toponimika. Toshkent. O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2006 yil, 47 bet 3 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», I tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1980 yil, 34 bet. 4 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», II tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1981 yil, 423 bet 5 S.Qorayev. Toponimika. Toshkent. O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2006 yil, 300 bet urug‘lari bor… Sharqdan boshlab har bir qabilaning turar joylarini birin-ketin tartib bilan ko‘rsatdim. Rumdan kun chiqargacha musulmon va boshqalarni zikr qildim. … Bu qabilalar janub va shimol o‘rtasidadir. Bu qabilalarning turar joylarini doirada ko‘rsatdim6. Bu orqali muallif joy nomlari va ularning joylashgan o‘rnini bayot etganligini bildirmoqda. “Doira” deb muallif “Devon”ga ilova qilingan xaritani nazarda tutmoqda.

Butun Movaraunnahr, Jankand (Dizrujin – Qoshg‘ariyning e’tiroficha sariqligiga ko‘ra mis shahridir. Turkiy etimologiya)dan sharqqacha bo‘lgan turk shaharlaridan deb hisoblanishining asosi shuki, Samarqand – Semizkand, Tashkand – Shash, O‘zkand, To‘nkand nomlarining hammasi turkchadir. “kand” turkcha “shahar” demakdir. Hozirgacha shunday kelmoqda.7. Chunonchi, “Tarkan” – Shosh (Toshkent) ning ismi. Uning asli Tashkand bo‘lib, toshdan qurilgan shahar demakdir. Abu Bakri Kaffol Shoshiy shu shahardandir8. “Sajram” – Oq shahar deb ham ataladigan, “Ispijab” deb ham ataladigan shahar nomi9. Muallif bu shaharning Sayram shahri ekanligini va turkiychaligini ta’kidlaydi. Bu o‘rinda so‘zdagi tovush o‘zgarishlari ro‘y berganini anglash mumkin. Misol uchun, ayiq o‘sha zamonlarda azigi deb atalgan. Mahmud Koshg'ariy Azig' degan joyni tilga oladi10, bu nom «ayiq» degan ma'noni anglatgan bo‘lishi mumkin.

Bu kabi toponimlarning bir qanchalari hamma uchun tushunarlidir. Chunonchi, Oqsoy, Oqterak kabi nomlarni hozir ham uchratish mumkin. Buxoro, Farg'ona, Samarqand, Xo‘jand, Xorazm, Talas, Tarim, Sayram, Manqishloq, Issiqkol kabi toponimlar deyarli o‘zgarishsiz yetib kelgan. Ilа, Qorayalg'a, Ala, Ertish kabi nomlar fonetik jihatdan biroz o‘zgarib ketgan va hozir Ili, Qorajilg'a, Olay, Irtish shaklida yoziladi. Beshbaliq, Yangibaliq, Tunkand, Yankand, O‘zkand kabi shahar nomlari, Badalart, Buqachart, Zanbiat, Qavagart, Yafg'uart kabi dovonlar, Ikkio‘kuz, Qoraqosh O‘kuz, O‘rungqosho‘kuz kabi daryolar etimologiyasiga «Devon»ning o‘zidan javob topish mumkin. Bulg'or, Qifchoq, Uyg'ur, Tavg'ach, Yag'mo kabi etnotoponim, Barsg'on, Barman, Qazvin singarilar esa antrotoponimlardir. Ba'zi bir toponimlarning etimologiyasini taxminan aniqlash mumkin. 6 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», I tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1980 yil, 64 bet. 7 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», III tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1963 yil, 164 bet. 8 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», I tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1980 yil, 414 bet 9 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», III tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1963 yil, 191 bet 10 Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», I tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1980 yil, 94 bet.

Ushbu maqolada Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asarida keltirilgan Toponomik ma’lumotlar orqali Mintaqada XII asrga qadar mavjud bo‘lgan va hozirgi vaqtda ham o‘z nomini deyarli o‘zgartirmagan ayrim turkiy tildagi joy nomlari keltirib o‘tildi. Chunki ushbu asar bir qancha toponimlar ma’nosini tushunib yetishga, joy nomlarining uzoq davrlar davomida fonetik jihatdan o‘zgarishini aniqlab olishga yordam beradi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asari – nafaqat tilshunoslik, balki tarix, etnologiya va toponimika fanlari uchun ham beqiyos manba hisoblanadi. Asarda keltirilgan toponimlar va ko‘plab etnonimlar va geografik atamalar o‘zbek va umuman turkiy xalqlarning qadimgi joy nomlarini o‘rganish, ularning semantik va fonetik taraqqiyotini tahlil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. «Devon»dagi toponimik ma’lumotlar orqali biz nafaqat qadimgi turkiy qabilalarning joylashuvi, balki ularning ijtimoiy, madaniy va til xususiyatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Ayniqsa, asarda ilova qilingan xarita va unda tilga olingan joy nomlari toponimik tahlil uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Shunday qilib, Mahmud Qoshg‘ariy merosi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan bo‘lib, turkiy xalqlarning tarixiy xotirasini tiklashda, ularning madaniy va til taraqqiyotini o‘rganishda bebaho ilmiy manba sifatida alohida o‘ringa ega.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. Homidjon Homidiy. Ko‘hna sharq darg‘alari. Toshkent, Sharq, 2000 yil

2. Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», I tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1980 yil

3. Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», II tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1981 yil

4. Mahmud Qoshqariy. «Devonu lug'otit turk», III tom, S.M.Mutallibov tarjimasi, Toshkent, 1963 yil

5. S.Qorayev. Toponimika. Toshkent. O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2006 yil

Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.