--⊱⊱ 100 ⊰⊰--
ETISH MEXANIZMLARI
Qosimova Shaxnoza Nuriddinovna
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va
mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini
oshirish instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi
dotsenti p.f.f.d (PhD)
Annotatsiya. Ushbu maqolada maktabgacha ta’lim tashkilotida havsiz ta’lim muhitini tashkil etish mexanizmlari haqida so‘z boradi.
Kalit so’zlar. maktabgacha taʼlim tizimi, havsiz ta’lim, bola huquqlarini kafolatlash, direktorning boshqaruv faoliyati, pedagogik jamoa, ota-onalar bilan hamkorlik, individual ehtiyojlar, zoʻravonlik, kamsitish va diskriminatsiya, inklyuziv taʼlim, monitoring tizimi, normativ-huquqiy asoslar, ichki tartib va nizomlar, majburlash (coercion), ishontirish (persuasion), madaniylashtirish (acculturation), pedagogik kompetensiya, nogiron bolalar uchun sharoitlar, taʼlim sifatini oshirish, himoyaga muhtoj bolalar, tashkilot madaniyati.
Abstract. This article discusses the mechanisms for organizing an inclusive educational environment in a preschool educational organization.
Keywords. Preschool education system, inclusive education, guarantee of children's rights, director's management activity, pedagogical team, cooperation with parents, individual needs, violence, harassment and discrimination, inclusive education, monitoring system, normative-legal framework, internal rules and regulations, coercion, persuasion, acculturation, pedagogical competence, conditions for children with disabilities, improvement of education quality, children in need of protection, organizational culture.
Maktabgacha ta’lim tashkilotida havsiz ta’lim muhitini tashkil etish, bola huquqlarini himoya qilish va ularning shaxsiy rivojlanishini ta’minlash zamonaviy jamiyatning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Jahonda ma’naviy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, bolalarning farovonligi va ularning huquqlarini kafolatlash faqat oila hamda ta’lim tashkilotlari samarali hamkorligi orqali amalga oshirilishi mumkin. Bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlari alohida ahamiyat kasb etadi, chunki ular bolalarning birinchi ijtimoiylashuv muhiti bo‘lib, ularning intilishlari, qobiliyatlari va asosiy huquqlarini amalga oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
BMTning “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi[1], O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi[2], “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi[3] Qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularga teng imkoniyatlar yaratish va ularning shaxsiy rivojlanishini ta’minlashni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab beradi. Shuningdek, UNICEF va O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi “Idoralararo ijtimoiy himoya guruhi” (ISPG) kabi tashkilotlar ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar va oilalarning ehtiyojlarini qondirish, shu jumladan nogiron bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha muhim ishlarni amalga oshirmoqda.
Maktabgacha ta’lim tizimida bola huquqlarini kafolatlashning asosiy vakili direktor hisoblanadi. Uning boshqaruv faoliyati bolalar uchun xavfsiz, qulay va rivojlanishga moslashgan muhitni shakllantirish, shuningdek, zo‘ravonlik, kamsitish va diskriminatsiyaning oldini olishdan
--⊱⊱ 101 ⊰⊰-- iborat. Direktor pedagogik jamoani birlashtirib, ota-onalar bilan samarali hamkorlik qilishi, bolalarning individual ehtiyojlari va qobiliyatlarini hisobga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishi kerak.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining boshqaruv faoliyatining bola huquqlarini kafolatlashdagi o‘rni, shuningdek, ushbu sohada duch kelinadigan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilish direktorlarning pedagogik, psixologik va boshqaruv kompetensiyalarini oshirish zarurligi ta’kidlanadi. Hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tizimida bola huquqlarini amalga oshirish jarayonida bir qator muammolar mavjud[4].
Pedagog xodimlarning bola huquqlari bo‘yicha yetarlicha bilimga ega emasligi, nogiron bolalar uchun maxsus sharoitlarning yetishmasligi, ota-onalarning bola huquqlari masalalarida yetarlicha faol ishtirok etmasligi, shuningdek, bolalarning shaxsiy qiziqishlari va individual ehtiyojlarini hisobga olmagan holda yagona standartlashtirilgan ta’lim-tarbiya metodlaridan foydalanish kabilar. Bundan tashqari, ayrim hollarda bolalarga nisbatan psixologik bosim, kamsitish va diskriminatsiya holatlari ham kuzatilmoqda. Bu muammolar maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarining boshqaruv faoliyatida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bolalarning rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining “Bola huquqlari konvensiyasi”ni amalga oshirishdagi roli haqida gapirar ekanmiz, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari bola huquqlari konvensiyasini talablarini amaliyotga tatbiq etishning asosiy vakili sifatida muhim vazifalarni bajaradi. Direktorning faoliyati, birinchi navbatda, bola huquqlari konvensiyasi va milliy qonunchilik normalarini tashkilot faoliyatiga tatbiq etishdan boshlanadi. Buning uchun belgilangan ta’lim huquqi, ta’lim maqsadlari va madaniy huquqlarga mos ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish zarur. Monitoring tizimini yaratish direktorning yana bir muhim vazifasidir. Direktor tashkilot ichida bola huquqlari holatini muntazam baholashi, davlat hisobotlari uchun pedagog kadrlar, resurslar taqsimoti va nochor bolalar holati bo‘yicha aniq ma’lumotlar tayyorlashi kerak. Bu monitoring faoliyati nafaqat davlat hisobotlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, balki tashkilotdagi kamchiliklarni aniqlashga ham yordam beradi.
Nogiron bolalar va himoyaga muhtoj bolalar bilan ishlash alohida e’tibor talab etadi. Direktor inklyuziv ta’limni tashkil etish, maxsus pedagogik yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek ijtimoiy himoya xizmatlari bilan samarali hamkorlik qilish orqali bu bolalarning huquqlarini kafolatlashi lozim. Pedagogik jamoa va ota-onalar bilan ishlash bola huquqlari konvensiyasini amalga oshirishning muhim tarkibiy qismidir. Direktor bola huquqlari bo‘yicha xodimlarning malakasini oshirish, ota-onalarni o‘qitish va har bir bolaning individual ehtiyojlarini hisobga olgan holda yondashuvni joriy etish orqali tashkilot madaniyatini shakllantirishi kerak.
Qo‘mita tavsiyalarini amalga oshirish direktor faoliyatining strategik yo‘nalishidir. Yakuniy mulohazalardagi tanqidlarga javoban tashkilot darajasida o‘zgartirishlar kiritish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va himoya mexanizmlarini takomillashtirish orqali bola huquqlari konvensiyasi talablarini samaradorligini oshirish mumkin. Direktorning boshqaruv faoliyatining o‘ziga xos jihatlariga quyidagilar kiradi: har bir bolaning individual huquqlarini hurmat qilishni ta’minlash; zo‘ravonlik, kamsitish va diskriminatsiyaning oldini olish mexanizmlarini yaratish; bolalarning o‘z fikrini erkin bildirish sharoitini shakllantirish; bola huquqlari konvensiyasini tamoyillarini tashkilotning kundalik faoliyatiga singdirish.
Amaliy tavsiyalar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: bola huquqlari konvensiyasi talablariga muvofiq tashkilotning ichki normalarini qayta ko‘rib chiqish; bola huquqlari monitoringini tizimli ravishda olib boorish; pedagoglar va ota-onalar uchun muntazam malaka
--⊱⊱ 102 ⊰⊰-- oshirish kurslari tashkil etish; nogiron bolalar uchun qo‘shimcha resurslar ajratish; qo‘mita tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha yillik hisobotlar tayyorlash.
Ushbu yo‘nalishlar maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlariga bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha strategik yondashuvni shakllantirishga yordam beradi hamda bola huquqlari konvensiyasi talablarini amaliyotga samarali tatbiq etish imkoniyatini yaratadi. Direktorning faoliyati nafaqat qonuniy talablarni bajarish, balki bolalarning sog‘lom rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Goodman va Jinksning xalqaro inson huquqlari shartnomalarini amalga oshirish mexanizmlari haqidagi nazariyasiga ko‘ra, davlatlarning xalqaro huquqiy majburiyatlarini bajarishiga ta’sir etuvchi uchta asosiy ijtimoiy jarayon mavjud:
Majburlash (coercion) - bu davlatlarni sanksiyalar yoki mukofotlar tizimi orqali xalqaro standartlarga rioya qilishga undash mexanizmidir. Misol tariqasida, sud jarimalari yoki xalqaro tashkilotlarning iqtisodiy sanksiyalari keltirilishi mumkin. Ishontirish (persuasion) - bu jarayon davlatlarni mantiqiy argumentlar, ta’lim-tarbiya va uzoq muddatli “yo‘l ko‘rsatish” orqali qadriyatlarni ichki qabul qilishga undaydi. Bu metod asosan qadriyatlarning ichki anglashuvi va ularni o‘zlashtirishga asoslangan. Madaniylashtirish (acculturation) - bu eng nozik ta’sir mexanizmi bo‘lib, unda davlatlar atrof-muhit madaniyati va xalqaro hamjamiyatning e’tiqodlariga nisbatan ijtimoiy bosim tufayli qadriyatlarni qabul qiladi, garchi ularni to‘liq anglashmasa ham.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari kontekstida bu nazariyani qo‘llash mumkin. Direktorlar ichki nizomlar va qoidalar tizimini joriy qilishlari, ishontirish jarayoni sifatida xodimlar va ota-onalar bilan muntazam treninglar o‘tkazishlari, madaniylashtirish mexanizmi sifatida bola huquqlarini hurmat qilishni tashkilot madaniyatining ajralmas qismiga aylantirishlari mumkin. Goodman va Jinksning ta’kidlashicha, “davlatlar xalqaro normalarga nafaqat majburlanish yoki ishontirilganlik tufayli, balki shunchaki boshqa davlatlar shunday qilayotgani uchun ham rioya qilishadi”[5].
Bizning fikrimzcha, bola huquqlarini kafolatlashda quyidagi mexanizmlar samarali natija beradi: normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirish, ichki tartib va nizomlarni xalqaro va milliy talablar asosida qayta ko‘rib chiqish, xodimlar va ota-onalar bilan tizimli ravishda huquqiy-ma’rifiy ishlarni olib borish, shuningdek, tashkilot madaniyatiga bola huquqlariga hurmat tamoyillarini singdirish. Goodman va Jinksning nazariyasiga tayangan holda, bola huquqlarini himoya qilishda majburlash, ishontirish va madaniylashtirish kabi ijtimoiy mexanizmlarni tashkilotda bolalar uchun xavfsiz, inklyuziv va qulay muhit yaratishda hal qiluvchi rol sifatida boshqaruv strategiyasini ishlab chiqishda foydalanish mumkin.
Shunday qilib, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining bola huquqlarini kafolatlashdagi boshqaruv faoliyati – bu doimiy izlanish, hamkorlik va ijtimoiy mas’uliyatga asoslangan jarayon bo‘lib, u bolaning har tomonlama sog‘lom va erkin rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. BMTning 1989-yil 20-noyabrdagi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyasi.
2. O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 7-yanvardagi O‘RQ-139-sonli “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
3. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 16-dekabrdagi O‘RQ-595-sonli “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonuni.
4. Nuriddinovna Q. S. MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI
DIREKTORLARINING MALAKASINI OSHIRISHDA INNOVATSION YONDASHUVLARI
//Science and innovation. – 2024. – Т. 3. – №. Special Issue 38. – С. 317-318.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.