NUTQ MADANIYATI
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti Pedagogika fakulteti "Boshlang'ich ta'lim
metodikasi" kafedrasi o'qituvchisi
Xushbaxtova Dilnoza Jaylov qizi
Denov tadbirkorlik va pedagogika Instituti Pedagogika fakulteti talabasi
Shuhratova Dilfuza
Annotatsiya: Nutq madaniyati, avvalo, to`g`ri, adabiy til me`yorlariga amal qilgan holda so`zlashishdir. Nutq madaniyatining yuqori darajasi madaniyatli kishining ajralmas xususiyati hisoblanadi. Yuksak nutq madaniyati kishining umumiy yuqori madaniyatini, fikrlash madaniyatini, tilga nisbatan ongli mehr-muhabbatini namoyaon qiladi. Maqolada nutqning madaniyligi, yuksak nutq madaniyati sohibi bo`lish haqida fikr yuritiladi.
Kalit so`zlar: nutq madaniyligi, nutqiy mahorat, til madaniyati kommunikativ sifatlar, adabiy me`yor, nutq texnikasi.
Avvalambor, tariximizga nazar solar ekanmiz unda go`zal nutq, nutq odobi, ona tilining qudrati kabi masalalar hamisha buyuk allomalarimiz diqqat markazida bo`lib kelgan. Jumladan, Mahmudxo`ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy kabi bir qator ma`rifat shaydolari tilimiz muhofazasi, tilning sofligi va nutq odobi haqidagi jiddiy fikrlarini bayon qilganlar.
Bugungi nutq madaniyati tushunchasi nutq odobini ham o`z ichiga oladi. Nutq madaniyati fikrni mustaqil, ravon, go`zal va nutq vaziyatiga muvofiq tarzda ifodalashni nazarda tutadi. Raso nutq madaniyati jamiyat madaniy-ma`rifiy taraqqiyotining, millat ma`naviy kamolotining muhim belgisi, o`ziga xos ko`zgusidir. Nutqiy muloqotning samaradorligi nutq madaniyatiga bog`liq, chunki madaniy nutqqina chinakam ta`sir kuchiga ega bo`la oladi.
Muborak hadisi shariflarda <<Kishining zeb-u ziynati, go`zalligi uning tilidadir>> deyiladi. Mahmud Qoshg`ariy bobomiz esa <<Odobning boshi til>> ekanligini maqol tarzida qayd qilib ketganlar. Bizning madaniyatimizda latif so`zga oshuftalik, nutq latofatidan zavqlanish, ona tilida ta`sirli nutq ayta oluvchiga ayricha havas bilan qarash azaliy urflardan hisoblangan. Sharqda, xususan, o`zbeklarda so`z bilan tinglovchining faqat qulog`ini emas, balki qalbini ham zabt eta bilish, go`zal va betakror nutq ila tinglovchining yuragiga kirib borish nafaqat yuksak nutq sohibining, balki har bir barkamol insonning tarbiyasidan, ziyolilik belgilaridan sanalgan. Zotan, nutqning go`zalligi, nutqiy ifodaning aniqligi, rasoligi inson uchun o`ziga xos husn bo`lib, u millatning, jamiyatning umumiy madaniy kamolotini shakllantiradi. Ulug` alloma Yusuf Xos Hojibning <<Qutadg`u bilig>> asarida <<til ardami>> (nutq odobi) haqida bir qancha e`tiborga loyiq hikmatlar mavjuddir:
1. So`zingga ehtiyot bo`l, boshing ketmasin.
Tilingga ehtiyot bo`l, tishing sinmasin.
2. Bilib so`zlasa, so`z donolik sanaladi,
Nodonning so`zi o`z boshini yeydi.
3. Aql ko`rki so`zdir va til ko`rki – so`z,
Kishi ko`rki yuzdir, bu yuz ko`rki – ko`z.
Nutq madaniyati, avvalo, to`g`ri, adabiy til me`yorlariga amal qilgan holda so`zlash. Nutq madaniyatining yuqori darajasi har bir o`zini madaniyatli deb hisoblangan insonning ajralmas xususiyatidir. Nutq madaniyati ijtimoiy hodisa bo`lib, u jamiyat, fan va texnika, madaniy va adabiy hayot rivoji bilan chambarchas bog`liq holda taraqqiy etadi. Albatta har qanday nutqning asosiy maqsadi muayyan axborot va hissiy holatni tinglovchiga yetkazish va shu yo`l bilan unga ta`sir qilishdan iboratdir. Ammo nutq bunday ta`sir darajasiga ega bo`lishi uchun, albatta, madaniylik talablariga javob berishi, ya`ni nutqda bir qator zaruriy sifatlar mavjud bo`lishi kerak.
Nutqning madaniyligini ta`minlaydigan kommunikativ sifatlar bir qancha bo`lib, ularning asosiylari quyidagilardan iboratdir: to`g`rilik, aniqlik, mantiqiylik, ifodalilik, boylik, soflik, jo`yalilik.
Aytish joizki, nutqning to`g`riligi boshqa barcha kommunikativ sifatlarning poydevori vazifasini bajaradi. Shuning uchun ham nutqning to`g`riligi nutq madaniyatining birinchi bosqichi bo`lib, nutq tarkibi va qurilishining amaldagi adabiy til me`yorlariga to`la mosligi asosida yuzaga keladi. O`zbek adabiy tilida bu me`yorlar quyidagilar bilan farqlanadi: 1) leksik me`yorlar; 2) talaffuz me`yorlari; 3) so`z yasalishi me`yorlari; 4) morfologik me`yorlar; 5) sintaktik me`yorlar; 6) uslubiy me`yorlar.
Adabiy til me`yorlarining odatdagi nutqda buzilishi nutqning noto`g`ri tuzilishiga olib keladi. Ammo badiiy adabiyotda muayyan estetik maqsad bilan adabiy til me`yorlaridan chekinish holatlari ham kuzatiladi va ular badiiylik uchun xizmat qiladi. Masalan, o`zbek tilidagi grammatik me`yorlarga ko`ra, ega shaxs bo`lmasa, u ko`plik sonda bo`lsa-da, kesim ko`plik qo`shimchasini olmaydi. Maqsud Shayxzodaning qalamiga mansub quyidagi she`riy parchada bu me`yor cheklab o`tilganini guvohi bo`lishimiz mumkin:
Tovushlarning kichik, ulug’i,
Tovushlarning hidi – bo`yi bor.
Tovushlarning sovuq, ilig`i,
Tovushlarning rangi – ro`yi bor.
Tovushlarning shirin - achchig`i,
Bordir hatto yumshoq, qattig`i.
Shoir rassom bo`lsaydi agar,
Chizar edi shundan lavhalar.
Yuqori nutq madaniyati sohibi bo`lishimiz uchun biz albatta nutq texnikasini mukammal tarzda o`zlashtirishimiz kerak bo`ladi. Nutq texnikasi deganda jonli, tovushli nutq va uning barcha unsurlarini to`g`ri voqelantirish ko`nikma va malakalarining jami tushuniladi. Bunda ovozning sifati, nutq jarayonida to`g`ri nafas olish, tovush va tovush qo`shilmalarini aniq talaffuz qilish – aniq diksiya, nutq oqimining mazmun ifodasiga uyg`un tarzda tez yoki sekinligi kabi bir qator hodisalar nazarda tutiladi.
Nutq madaniyati jamiyat taraqqiyotining muhim belgisi bo`lib, unda millat ma`naviyati o`z aksini topadi. Insonning o`z ona tiliga bo`lgan mehr-u muhabbati va hurmati, o`z tilini qanchalik bilish – bilmasligi undagi madaniylik darajasi o`lchovi hisoblanadi. Madaniyatning asl ma`nosini tushungan inson o`zi gapirgan tilning sofligi, tantanasi uchun hamma vaqt jon kuydiradi. Bunday inson ruscha gapirayotganda, rus tilining, o`zbekcha gapirayotganda o`zbek tilining sofligini saqlaydi. Madaniyatning nima ekanligini anglamagan, o`z ona tilini qadrlamagangina ruscha gapirib turib o`zbekcha so`zlarni, o`zbekcha gapirib turib ruscha so`zlarni aralashtiradi. Bu esa har ikkala tilni buzish, ikkala tilning yuziga oyoq bosishdan boshqa narsa emas!. Madaniyatli bo`lish uchun insonga faqat bilim, kiyim, taqinchoq, yaxshi ro`zg`orning o`zigina kifoya emas, shular bilan birga shirinso`zlik, tozalik, saranjomlik, og`irlik, halollik va eng muhimi, o`z ona tiliga muhabbat va uning sofligini saqlashga harakat ham zarurdir.
Nutq madaniyati ila insonning qalbiga kirish, balki ziddiyatlarni bartaraf etish, noo`rin kelishmovchiliklarning oldini olish, vatanga, ota-onaga, buyuk tariximizga hurmat tuyg`usini bildirish mumkin. Shu o`rinda quyidagi she`riy parchani tahlil qilib o`tsak:
Besh asrkim nazmiy saroyni,
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig`i yetmagan joyni,
Qalam bilan oldi Alisher.
Tarixdan ma`lumki Sohibqiron Amir Temur bobomiz buyuk sarkarda bo`lganlar. Turli jang-u jadallar bilan qanchadan qancha davlatlarni o`ziga bo`ysundirgan. Ammo shunday buyuk sarkardaning tig`i yetmagan joylarni, so`zlarni mohirona tarzda ishlatib insonlarning qalbiga kirib borgan she`r-u g`azallari, davlatlarni muzokaraga chorlagan nutqlari ila o`ziga maftun aylagan yana bir ajdodimiz so`z mulkining sultoni Alisher Navoiy bobomiz haqida go`zal satrlar bitilganiga guvohi bo`lishimiz mumkin.
Xulosa o`rnida shuni aytishimiz mumkinki, mustaqil O`zbekistonimiz ravnaqi, taraqqiyot darajasining oshishi jamiyatning madaniyat, ma`naviyat, ilm-fan sari intilishi natijasida ro`yobga chiqishi, jannatmakon ona diyorimizning yanada gullabyashnashi uchun turtki bo`la oladi deb ayta olamiz. Nutq madaniyatimizni yuksaltirish har bir, o`zini shu ona vatan farzandi deb bilgan va ona tili uchun jon kuydira oladigan yetuk va barkamol shaxsning oldidagi eng katta burchidir.
Foydalanilgan adabiyotlar: 1. R.Qung’urov, E.Begmatov, Y.Tojiyev.Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. 2. T.Qudartov. Nuqt madaniyati asaslari. 3.K. Nazarov.Nutq madaniyatiga oid masalalar. 4. B.Mengliyev, O’.Xoliyorov, N.Abdurahmonova “O’zbek tilidan universal qo’llanma” 5.@nargizaerkaboyeva
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.