O'zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasi bilan iqtisodiy aloqasi
Termiz Davlat Universiteti Tabiiy fanlar fakulteti Geografiya ta’lim yo`nalishi
talabasi Olimqulov Yashnar Maxmadamin o`g`li, Narziyev Furqat Fayzullo
o`g`li,
Annotatsiya: Mazkur maqolada O’zbekiston respublikasi Xitoy Xalq Respublikasi bilan tashqi iqtisodiy aloqalari, eksport va import imkoniyatlari haqida so’z boradi. Tashqi iqtisodiy aloqaning bugungi kundagi holati, takliflar, e’tibor qaratilishi lozim bo’lgan jihatlar yoritilgan. Shuningdek xuquqiy asoslari yoritilgan.
Kalit so`zlar: Tashqi aloqa, iqtisod, xuquq, resurs, O’zbekiston, Xitoy, agrotexnologiya, tumanlar, Surxondaryo, oziq-ovqat, dehqonchilik.
Abstract: This article talks about foreign economic relations, export and import opportunities of the Republic of Uzbekistan. Today's state of foreign economic relations, proposals, aspects that should be paid attention to are highlighted. The legal basis is also explained.
Key words: Foreign relations, economy, law, resource, Uzbekistan, China, agrotechnology, districts, Surkhandarya, food, farming.
Xitoy Prezidenti 15-16 sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) davlat rahbarlarining sammitida ishtirok etdi.
Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30-yilida amalga oshirilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega. Shu o‘rinda so‘nggi yillar davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishning yuqori o‘suvchanligi kuzatilganini qayd etish muhimdir.
(6-rasm) O`zbekiston Respublikasining savdo aylanmasi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil may oyida Xitoyga buyurgan birinchi davlat tashrifi chog‘ida XXR Raisi Si Szinpin bilan samarali muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Davlat rahbarlari mamlakatlar o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida kelgusi yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Ikki davlat rahbarlarining 2018 yilda Sindao shahrida (XXR) bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muzokaralari O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari rivojiga yangi sur’at bag‘ishladi. O‘zbekiston rahbarining 2019 yili Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumidagi ishtiroki doirasida o‘tkazilgan ikki davlat rahbarlari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashning “yangi nuqtalari” belgilab olindi.
O‘zbekiston va Xitoy yetakchilarining 2020 yil 10 noyabr kuni onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining yillik sammitidagi nutqlari SHHTning keng makonida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning dolzarb masalalari bo‘yicha ikki davlatning nuqtai nazarlari yaqin yoki o‘xshash ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Joriy yilda ikki davlat rahbarlari diplomatiya munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va XXR davlat rahbarlarining onlayn sammitida, shuningdek, 24 iyun kuni onlayn formatda bo‘lib o‘tgan Global rivojlanish masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi «BRIKS plyus» muloqotida ishtirok etdilar.
(9-rasm) O`zbekiston Respublikasining savdo aylanmasi
Har ikki tomonning umumiy sa’y-harakatlari tufayli savdo, iqtisodiyot va investitsiya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning yuqori o‘suvchanligiga erishildi.
So‘nggi uch yil davomida Xitoy O‘zbekistonning birinchi savdo hamkori sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda. Pandemiyadan oldin ikki tomonlama tovar aylanmasining yillik hajmi o‘rtacha 30-40 foizga oshdi. 2020 yili COVID-19 fonida o‘zaro savdoda biroz pasayish kuzatildi. Ammo 2021 yilda ikki tomonlama savdo hajmi salkam 7,4 milliard dollarga, shu yilning yanvar-iyun oylarida esa 4,5 milliard dollarga yetdi.
Shuningdek, Xitoy O‘zbekiston uchun eng yirik eksport bozori bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi o‘zaro hamkorlik tobora jadal tus olmoqda. Bu hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyotini texnologik modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni jadallashtirishga, shuningdek, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekistonga Xitoy sarmoyalarining yillik o‘sishi 40-50 foiz atrofidagi ko‘rsatkichni tashkil etadi.
Bugungi kunda Xitoyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari O‘zbekistonning boshqa yetakchi hamkorlari kapitali bilan bir qatorda O‘zbekiston iqtisodiyotining qator tarmoqlarida faol ishtirok etmoqda. Ular orasida neft-gaz, kimyo, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi sohasi, yengil sanoat va boshqalar bor. 2017 yildan buyon Xitoy ishbilarmonlari O‘zbekistonga 10 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishdi. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki mingdan oshdi, bu O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital asosidagi kompaniyalar umumiy sonining 15 foizini tashkil etadi.
Bugungi kunda mamlakatlarimizni “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida "quruqlikdagi bandargohlar" tarmog‘i, logistika va ulgurji-distribyutorlik markazlarini shakllantirish orqali mintaqaviy va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash sa’y-harakatlari birlashtirib turadi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik ishlarining muhim natijalaridan biri "Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston" yangi multimodal transport yo‘lagining ochilishi bo‘ldi. Ushbu yo‘lak mazkur yo‘nalish bo‘ylab temir yo‘l qurilishi bo‘yicha loyiha ishlab chiqilishini jadallashtirishga da’vat etilgan.
Bu yo‘nalishdagi o‘zaro sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, 150 dan ziyod istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Ularning ko‘pchiligi bo‘yicha amaliy ishlar allaqachon boshlangan yoki ularni, birinchi navbatda, tayyor eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni ishga tushirish bo‘yicha tayyorgarlik chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
2018 yilda tomonlar O‘zbekistondan gilos, asal, qovun, mosh va boshqa 8 turdagi mahsulotlar uchun Xitoy bozorini ochadigan fitosanitariya talablari bo‘yicha protokollar to‘plamini imzoladi. Bugungi kunlarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Xitoy bozoriga kirishi qamrovini kengaytirish imkoniyatlari faol ravishda ko‘rib chiqilmoqda. Joriy yilda Xitoyga 17 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi.
2020 yilning yakunlari shuni ko‘rsatdiki, yangi xatarlar ularni bartaraf etish uchun yangi yechimlarni talab qiladi. Xitoy Xalq Respublikasining pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasi mamlakatlarimiz o‘rtasida ushbu sohada samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun ob’ektiv sharoitni yaratdi. Xitoy xalqi XXR Raisi Si Szinpin rahbarligida nafaqat yangi koronavirus infeksiyasining yuzaga kelishi bilan muvaffaqiyatli kurashishga muvaffaq bo‘ldi, balki 2020 yil oxiriga qadar iqtisodiy o‘sish trayektoriyasiga kirgan yirik davlatlarning birinchisi bo‘ldi.
Shu bois kambag‘allikni qisqartirish O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Xitoy xalqining bu boradagi muvaffaqiyatli tajribasi havas qilsa arzigulikdir.
Xitoy tomoni ham ikki tomonlama hamkorlikning bugungi taraqqiyotini va uni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini yuqori baholadi. 2021 yilda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy kichik qo‘mitasining yettinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tdi, sarmoyaviy hamkorlik uchun bulutli platforma ishga tushirildi, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, farmatsevtika va to‘qimachilik va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro sheriklikning istiqbollari yuzasidan taqdimotlar tashkil etildi. Joriy yilning fevral oyida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Hukumatlararo dastur imzolandi. Unda yaqin besh yillikdagi iqtisodiy va savdo hamkorligini rejalashtirish tamoyillarini hamda ustuvor yo‘nalishlarni belgilab bergan.
Ma’lumki, san’at va madaniyat xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan asosiy omillardan biri bo‘lib, davlatlararo munosabatlarda eng ilhombaxsh soha hisoblanadi. O‘zbekiston va Xitoy Sharq madaniyati va sivilizatsiyasining muhim qismi hisoblangani holda bu mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar eshiklarini ochadi. Chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan o‘zbeklar va xitoyliklar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilikni yanada mustahkamlash uchun mustahkam poydevor hisoblanadi. Qadim zamonlardan buyon hozirgi O‘zbekiston hududi Buyuk Ipak yo‘lida muhim markaz bo‘lib kelgan va bu aloqalar rivojlanishiga, davlatlar va mintaqalar o‘rtasida axborot almashish, yangi turdagi mahsulotlarning tarqalishi va madaniyatlarning o‘zaro boyishiga ko‘maklashgan. Ushbu tarixiy transmilliy ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy va madaniy qadriyatlar harakatlanishi yo‘lining asosiy bo‘g‘inlarida joylashgan holda mamlakatlarimiz jahon sivilizatsiyasi rivojiga muhim hissa qo‘shgan. Bu umumiy boylikka, xalqlar o‘rtasida bir-birini o‘zaro to‘g‘ri to‘g‘ri tushunishining mustahkam tuguniga, sivilizatsiyalararo muloqotning muhim vositasiga aylanib qoldi. Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasida bebaho Xitoy yozma manbalari ko‘p. Ularda Buxoro, Samarqand, Xiva singari tarixiy shaharlarimiz bot-bot yodga olingan. Olimlarning fikricha, o‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi qadimiy aloqalar tarixi eramizdan avvalgi II asrga oid Xan saltanatining elchisi, olim va sayyoh Chjan San yozib qoldirgan ishlarda juda to‘laqonli ifoda etilgan.
Ushbu tarixiy davr zamonaviy O‘zbekiston hududida jahon ilm-fani, madaniyati, adabiyoti va, umuman, sivilizatsiya rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan juda ko‘plab olim va mutafakkirlar bog‘ining paydo bo‘lishiga ko‘maklashgan. Ular orasida dunyoga mashhur olimlar Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqalar bor.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ikki mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan 2014-2018 yillarda respublika tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan jami 12,6 million dollar miqdoriga teng qator grant-investitsiya loyihalari amalga oshirildi.
XXR hukumati bilan birgalikda 6,5 million dollar miqdoridagi “Respublika bolalar tibbiyot markazlari va Toshkent shahar bolalar shifoxonalarini tibbiy va maxsus jihozlar bilan jihozlash” hamda 2,2 million dollar miqdoridagi “Mintaqa nogironlar markazlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash "loyihalari amalga oshirildi.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zbekiston - Xitoy munosabatlari keng istiqbolga ega va bunday o‘zaro aloqalar haqli ravishda yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va o‘zaro ko‘mak namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bularning barchasi O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining kelajagiga nekbinlik va ishonch bilan qarash imkonini beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YHATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. - T.: O‘zbekiston, 2017-yil.
2. O’zbekiston Respublikasining “Tashqi iqtisodiy faoliyat” to’g’risida (yangi tahriri)gi qonuni. 26.05.2000 yil
3. O’zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to'g'risida”gi qonuni.
4. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va savdo savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish choratadbirlari” tog’risidagi PF-5643-sonli farmoni 28.01.2019 yil.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.