GLOBALLASHUV JARAYONLARI
Kuchkarova Fazilat Xankeldiyevna
Samarqand Zarmed universiteti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi mudiri, dotsent
Isroilova Dilshoda, Xamitova Moxigul
Samarqand Zarmed universiteti talabalari
Annotatsiya. Maqolada globallashuv jaryonlari, kommunikatsiya vositalari inson tafakkuri, jamiyat rivojiga ko‘rsatadigan ta’siri, ma’naviy hayotdagi globallashuv jarayonlari,hamda ommaviy madaniyatning ma’naviy hayotga zararli ta’sirlari yoritilgan.
Kalit so‘zlar: globallashuv, kommunikatsiya, sivilizatsiya, ilm – fan, madaniyat, ommaviy madaniyat, ta’lim va axloq.
Аннотация. В статье освещаются процессы глобализации, средства коммуникации, их влияние на человеческое мышление и развитие общества, процессы глобализации в духовной жизни, а также вредное влияние массовой культуры на духовную жизнь.
Ключевые слова: глобализация, коммуникация, цивилизация, наука, культура, массовая культура, образование и этика.
Abstract. The article covers the processes of globalization, the influence of communication tools on human thinking and the development of society, the processes of globalization in spiritual life, and the harmful effects of mass culture on spiritual life.
Key words: globalization, communication, civilization, science, culture, popular culture, education, and ethics.
Hozirgi davr jahon miqyosida globallashuv jarayoni kuchayayotgan, insoniyatning axborotlashgan jamiyat bosqichiga o‘tishi tobora chuqurlashib borayotgan davrdir. Tezkor axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi natijasida dunyodagi turli xalq va elatlar orasida globallashuv jarayonlari sodir bo‘layotgan vaqtda butun insoniyat, jumladan xalqimiz ham ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan turli mafkuraviy tahdidlar ostida yashamoqda.
Bugungi kunda globallashuv insoniyat jamiyati taraqqiyoti va ijtimoiy jarayonlarning jahon miqyosida integratsiyalashib, olamshumul ahamiyat kasb etib borishini o‘zida ifodalovchi tushuncha bo‘lib, globallashuv kommunikatsiya vositalaridagi tub o‘zgarishlar, investitsiyalardagi yangi jarayonlar, dunyoga yangicha qarashning vujudga kelishida namoyon bo‘ladi. Globallashuv muayyan hodisa, jarayonning ko‘plab mintaqalar, davlatlar va butun yer yuzini qamrab olganini hamda ularning insoniyat taqdiriga daxldor ekanligini anglatuvchi tushunchadir.
Bugungi kunda globallashuv zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotining muhim xususiyatini o‘zida ifodalab, u jamiyat hayotining iqtisodiy, ijtimoiy – siyosiy va ma’naviy – mafkuraviy sohalarini qamrab oladi. Hech qanday milliy chegaralarni tan olmaydigan, dunyoda umumiy texnologik va axborot maydoni yuzaga kelayotganini ifodalovchi texnologik globallashuv, ijtimoiy – siyosiy jarayonlarni o‘zida ifodalovchi siyosiy globallashuv, fan, madaniyat, ta’lim va axloq sohasidagi jarayonlarni ifodalovchi ijtimoiy – madaniy globallashuv jarayonlari sodir bo‘lmoqda.
Globallashuv jarayonining yana bir o‘ziga xos jihati uning mafkuraviy ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida g‘oyaviy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishidir. Globallashuv jarayoni ijtimoiy hayotning barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatib, alohida mamlakatlarni jahon hamjamiyati bilan bog‘laydi. Bugungi kunda globallashuv jamiyat taraqqiyotidagi qonuniy tarixiy jarayon bo‘lib, globallashuv jarayoni insoniyat jamiyati yangi sivilizatsiyaviy sifat o‘zgarishini o‘zida ifodalamoqda. Jamiyat hayotidagi bu yangi sifat darajasi axborot – texnikaviy yoki axborot – kompyuter sivilizatsiyasi sifatida e’tirof etilmoqda. Axborot texnologiyasi iqtisodiyot rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalaridan keyingi o‘rinni egallaydi.
Globallashuv va axborotlashuv barcha mamlakatlarning iqtisodiyoti, siyosati va ma’naviy hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Mafkuraviy globallashuv axborot vositalarining rivoji va bu sohada sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, axborotni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi matbuot, radio, televideniye kabi xodisalarni o‘zida birlashtiruvchi ommaviy axborot vositalari (OAV) jamiyat hayotiga ulkan ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega. Radio, televideniye, internet eng so‘nggi ilmiy yangiliklarni qisqa vaqtda butun dunyoga ma’lum qilishga, ilm – fan, madaniyat, adabiyot va san’at yutuqlaridan har bir odam foydalana olishiga zamin yaratmoqda. Internet bugungi axborot makonining muhim bo‘g‘iniga aylanib, bugungi kunda Internetdan nafaqat kompyuter tarmog‘i, balki boshqa sohalarda ham foydalanilmoqda.
Ma’naviy hayotdagi globallashuv jarayonlari, ommaviy axborot vositalari, internet, radio, televideniye, uyali aloqa vositalari orqali axborotni yetkazishning faollashuvi ham ijobiy ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqarib, bir tomondan ma’naviy globallashuv natijasida ma’naviy hayotimizga kirib kelayotgan ilm – fan, madaniyat va san’at, ma’naviy meros ijobiy ahamiyatga ega bo‘lsa, ikkinchi tomondan turli zararli g‘oyalar hamda mafkuralarning jamiyatimiz ma’naviy hayotiga kirib kelishi barkamol avlodni tarbiyalash, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash vazifasini dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘ydi.Shuning uchun ham bugungi kunda ommaviy axborot vositalari hamda yangi texnologik vositalar asosida xalqimiz hayotida sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida xikoya qiluvchi chuqur taxliliy ma’lumotlarni muntazam berib borish, fuqarolarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, turli ijtimoiy toifa va guruxlarning qiziqish va intilishlari, hayotiy manfaatlarini yoritish, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish tamoyilini ijtimoiy hayotga keng tatbiq qilish har qachongidan ham dolzarbroq ahamiyat kasb etmoqda.
Globallashuv jarayonlarining inson tafakkuri, jamiyat rivojiga ko‘rsatadigan ta’siri nihoyat darajada beqiyos bo‘lib, globallashuv natijasida kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat”ning jamiyat taraqqiyoti va inson kamolotiga ta’siri tobora yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. “Ommaviy madaniyat” bu – bir guruh shaxslar tomonidan o‘ylab topilgan va ongli ravishda targ‘ib qilinadigan, biror millat madaniyatiga dahli bo‘lmagan g‘oyalar va udumlar yig‘indisidan iboratdir. Ommaviy madaniyat bir o‘lchamli hodisa bo‘lmay, u o‘ziga xos tur va darajaga egadir. Hozirgi zamon madaniyatshunosligida ommaviy madaniyatning 1. Kich, 2.Mid, 3.Art madaniyatlaridan iborat uchta asosiy darajasi ko‘rsatiladi.
Kich –madaniyat, bu past darajadagi vulgar, behayolar madaniyati,
Mid – madaniyat, bu “o‘rtamiyona” madaniyat,
Art – madaniyat, bu ma’lum badiiy mazmun va estetik qiymatga ega bo‘lgan madaniyatdir.
“Kich” so‘zi nemislarning “kitchen” so‘zidan hosil bo‘lgan va saviyasi past, arzon va jo‘n asar yaratib, sotishni bildiradi. Mid – madaniyatning qamrovi keng va darajasi ancha baland bo‘lib, u an’anaviy madaniyatning ayrim xususiyatlarini aks ettirsa ham, ommaviy madaniyatga bevosita taalluqlidir. Art madaniyati odatda, aholining bilimli qismiga mo‘ljallangan ommaviy madaniyatdir.
“Ommaviy madaniyat” bozordagi tovarga aylanib, muayyan xususiyatlar kasb etdi. “Ommaviy madaniyat”ning tub zamirida tijorat, moddiy manfaatdorlik mavjud bo‘lib, asosiy maqsad foyda olishga qaratilganidan so‘ng odob, axloq, ta’lim, tarbiya, insoniylik degan tushunchalarga qarama-qarshi ravishda axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm va egotsentrizm g‘oyalari targ‘ib tashviq qilinmoqda.
XX asrning o‘rtalaridan “ommaviy madaniyat”ga ommaviy axborot vositalari kuchli ta’sir o‘tkaza boshlagan bo‘lsa, asr oxiriga kelib va XXI asrning boshlarida bu ta’sir yanada kuchaydi. “Ommaviy madaniyat” yoki G‘arbda aytilganidek “populyar kultura” bugungi kunda xalq va millatlarning mumtoz madaniyatiga, san’atiga, uning boyliklariga qarshi kurashib, uning yutuqlarini inkor qilib kelyapdi.
Shuning uchun bugungi kunda “ommaviy madaniyat”ning ma’naviy-axloqiy tubanliklaridan davlatimiz fuqarolari, eng avvalo yoshlarni asrab avaylash, ularni ogohlikka da’vat etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodimizning dilini, ruhiyatini, aqlidroki va umuman ma’naviyatini diniy aqidaparastlik, jaholatparastliklar xataridan tashqari, ayni paytda jahonda yuz berayotgan siyosiy, mafkuraviy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy manfaatlar yo‘nalishidagi kurashlarning xatarli ta’siridan muxofaza qtlishni ham o‘z ichiga oladi. Inson ongi va qalbi uchun kurash esa eng avvalo axborot orqali, g‘oyaviy, mafkuraviy ta’sir ko‘rsatish orqali olib boriladi. Globallashuv sharoitida jahondagi ko‘pgina rivojlangan davlatlarning geopolitik maqsadlari va manfaatlari muayyan geografik hududlar bilan chegaralanib, kuchli axborot texnologiyalariga ega bo‘lgan davlatlar o‘zlari ishlab chiqqan axborotni tarqatish yo‘li bilan muayyan hududlar, davlatlar, mamlakatlar ustidan avval g‘oyaviy, keyin esa siyosiy, iqtisodiy va madaniy hukmronlik qilishga harakat qilib kelmoqdalar.
Axborot ommaviy axborot vositalari (OAV) hamda internet orqali keng ko‘lamda tarqatilmoqda va targ‘ib qilinmoqda. Turli ommaviy axborot vositalari, televideniye, radio, davriy matbuot o‘ziga xos psixologik ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lib, Internetning paydo bo‘lishi bilan ommaviy kommunikatsiya, axborot yetkazish imkoniyatlari nihoyatda kuchayib ketdi. Saytga joylashtirilgan ma’lumot butun dunyo bo‘yicha tarqalib, OAV dan tashqari internet reklama, ma’lumotlar yetkazish, elektron pochta xizmatlarini ham bajara boshladi. Internetdagi ma’lumotlar juda ko‘p, arzon va o‘ta tezkor bo‘lib, bir tomondan ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat sohasidagi ma’lumot va axborotlar, ikkinchi tomondan “ommaviy madaniyat”ga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar OAV, Internet, mobil telefon, adabiyot va san’at orqali tarqatilmoqda.
O‘zbekiston fuqarolari, eng avvalo o‘sib kelayotgan yosh avlodni globallashuv natijasida kirib kelayotgan turli xil zararli g‘oyalar va mafkuralar hamda kundalik xayotimizda o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilayotgan “ommaviy madaniyatning zararli ta’siridan ximoya qilishda quyidagi masalalarga e’tiborni qaratish muhimdir. Eng avvalo,
-g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, milliy mafkurani yoshlarning ongi va qalbiga singdirish, ta’lim tizimi, mahalla, oila tarbiyasini bir-biri bilan uzviy bog‘liq xolda olib borish;
-yoshlarimizni milliy urf-odat va an’analarimizga xurmat ruhida tarbiyalash maqsadida ushbu yo‘nalishda o‘tkazilayotgan ko‘rik tanlovlar va turli loyixalarning targ‘ibotini kengaytirish;
-yoshlarimizning sport bilan muntazam shug‘ullanishlariga keng yo‘l ochib, ularga yaratilayotgan sharoitlar bo‘yicha tashviqot ishlarini kengaytirish;
-o‘quvchilarni muayyan kasb-hunarga qiziqtirish bo‘yicha ta’lim muassasalarida psixologik markazlar faoliyatini rivojlantirish;
-yoshlarimizni ajdodlarimizning tarixiy, adabiy-badiiy merosini o‘rganish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga o‘rgatish.
Adabiyot roʻyxati: 1. www.ziyonet.uz 2. www.philosophy.ru 3. www.intencia.ru 4. http://www.anthropology.ru 5. http://www.ido.rudn.ru 6. http://www.filosofia.ru 7. http://www.falsafa.dc.uz 8. http://www.phenomen.ru 9. http://www.lib.ru/FILOSOF 10. http://www.filam.ru/sait.phg 11. http://www.ssu.runnet.ru/.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.