ResearcherUz LogoResearcherUz
Посмотреть журнал

QOʻQON XONLIGIDA ME’MORCHILIKNING RIVOJLANISHI

Аннотация

Xalqimizning madaniy-ma’naviy boyliklari va milliy qadriyatlarini to’la, oqilona egallash va rivojlantirish hozirgi avlodning vazifasidir. Gap o’tmish madaniy-ma’naviy boyliklariga ega bo’lishdagina emas, balki uni chuqur egallab, yangi yuksak bosqichga ko’tara bilishdadir. Mazkur maqolada Qoʻqon xonligida me’morchilikning rivojlanishi haqida so`z yuritilgan.


Полный PDF документ

Похожие статьи

Текст статьи

QOʻQON XONLIGIDA ME’MORCHILIKNING RIVOJLANISHI

Namangan davlat universiteti Tarix yo‘nalishi 3-kurs talabasi

Abdullayev Zohidjon

Annotatsiya: Xalqimizning madaniy-ma’naviy boyliklari va milliy qadriyatlarini to’la, oqilona egallash va rivojlantirish hozirgi avlodning vazifasidir. Gap o’tmish madaniy-ma’naviy boyliklariga ega bo’lishdagina emas, balki uni chuqur egallab, yangi yuksak bosqichga ko’tara bilishdadir. Mazkur maqolada Qoʻqon xonligida me’morchilikning rivojlanishi haqida so`z yuritilgan.

Kalit so`zlar: Qoʻqon xonligi me’morchiligi va amaliy san’ati, dizaynerlar, klassik uslublar, arxitektura, hattotlik san’ati, xom gʻisht, ganch, tosh, loy, somon va ohak, xonlik me’morchiligi.

Insonlarning konstruktsiyalari dizayn va texnologiyada rivojlanib, eng qadimgi tsivilizatsiyalardan boshlab - G'arb tarixida, qadimgi Gretsiya va Rim degan ma'noga ega. Amerikaning buyuk binosi klassik uslublar arxitekturasi deb atalgan davrdan boshlab yunon va rim arxitekturasidan kelib chiqdi. Ba'zida arxitektorlar klassik uslublarni taqlid qilishadi va ko'pincha dizaynerlar klassikani rad etishadi yoki takomillashadi.

XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asr boshlarida Qoʻqon xonligi kuchli markaziy hokimiyatga ega boʻlgan markazlashgan davlat sifatida qaror topishi natijasida iqtisodiyotning birmuncha jonlanishi madaniy hayotga ta’sir etmay qolmadi. Mamlakat poytaxti Qoʻqon va boshqa shaharlarda bir qator me’morchilik obidalari, yoʻllar, koʻpriklar, hammomlar qurildi, amaliy va hattotlik san’ati rivoj topdi.

XIX asrning birinchi yarmida xonlikda Umarxon, Muhammadalixon, Nodirabegim, Xudoyorxon, Sulton Murodbek, Sulton Sayidxon, harbiy boshliqlardan Musulmonquli, Aliquli,Xolmuhammad mingboshilar va zamonasining ilgʻor, ma’rifatli kishilari tomonidan me’moriy obidalar qurdirildi, shaharsozlik tez sur’atlar bilan rivojlandi. Me’morchilikda asosiy e’tibor madrasalar, masjidlar, xonaqolar, darvesh va qalandarlar uchun takyaxonalar, qorixonalar, sardobalar, koʻpriklar, hammomlar, bozor rastalari barpo etish ishlariga qaratilgan.

Me’morchilik imoratlarining markazi Qoʻqon shahri boʻlib, 1842-yilgi ma’lumotlarga koʻra, bu yerda 15 ta madrasa mavjud boʻlib, eng koʻzga koʻringanlari Hakim toʻra, Mohlar oyim, Muhammadalixon, Norboʻtabek, Jomiy, Oliy, Sulton Murodbek, Xoʻja dodxoh, Ming oyim madarasalari boʻlgan. Shahar markazi Chorsuda toʻrtta yirik madrasa qad koʻtargan. Ushbu madrasalarning 38 tadan 108 tagacha hujrasi boʻlgan.

Bu davrda Toshkent shahrida ham bir qancha madrasalar barpo etilgan. Jumladan, Umarxon davrida Tinchbof goʻzarida Shukurxon madrasasi, Koʻkcha dahasida Eshon Boʻrixoʻja Sanchiqmoni madrasasi qurilgan. Keyinroq Muhammadalixon farmoni bilan shahar registonida madrasa qad rostlagan va unga Mir Inoyatulloh bosh mudarris etib tayinlangan. Isoxoʻja madrasasi, Charxchikoʻcha madrasasi, Mahmud dasturxonchi madrasalari ham shu davrda bunyod etilgan.

Shuningdek, Margʻilonda Saidahmadxoʻja madrasasi, Andijon shahri atrofida Otaqoʻzi madrasasi, Mirzaquli Boʻlish madrasasi kabilar qurilgan. Umuman olganda, xonlikning Qoʻqon, Toshkent, Andijon, Xoʻjand, Oʻratepa, Margʻilon, Turkiston kabi shaharlarida 200 dan ortiq madrasalar barpo etilgan.

Xonlikda Jome (juma va hayit namozlarini oʻqish uchun) va mahalla (besh vaqt namoz oʻqish uchun) masjidlari qurilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Jome masjidlari oʻzining salobatligi bilan ajralib turgan. Ular baland gumbazli va tekis shiftli boʻlib, har ikkala turdagi binoning ichki koʻrinishidagi shiftiga va tashqi koʻrinishidagi gumbaz bezagiga alohida e’tibor berilgan. Masjidlar binosining qurilishi va ularning ta’miri asosan vaqflar hisobidan amalga oshirilgan.

Qoʻqon xonligida maqbaralar xonlar, sayyid va xoʻjalar qabrlari ustida barpo qilingan va ularning qurilishi hamda ta’mirlanishi savobli ishlardan hisoblangan. Shuningdek maqbaralar qurdirish obroʻ orttirish vositasi ham boʻlgan. Fargʻona vodiysida XVIII – XIX asrlarda qurilgan maqbaralarning ichki koʻrinishida XI – XII asrlarga xos an’analar koʻzatiladi.

Xonlik me’morchiligi tarixida jamoat binolari sirasiga kiruvchi hammomlar alohida oʻrin egallaydi. Hammomlar pishiq gʻishtdan, bir necha gumbazli qilib qurilgan va ular egasining nomi bilan atalgan.

Xonlikda me’morchilikning rivojlanishi savdo-sotiq munosabatlari bilan bogʻliq boʻlgan inshootlar qurilishida ham kuzatiladi. Xonlik hududlarida markaziy yoʻllar boʻylab rabot va karvonsaroylar faoliyati davom etgan, bozorlar rivojlangan. Jumladan, Toshkentda Chorsu bozori sakkizta koʻchani birlashtirgan. Bu bozor oʻnga yaqin savdo maydonlari va qirqqa yaqin savdo – hunarmandchilik rastalarini oʻz ichiga olgan. Rastalar koʻchaning ikki tomoni boʻylab joylashgan va ularni koʻcha oʻrtasini egallagan baland tim birlashtirgan. Tim yogʻoch tirkagich va toʻsiqlardan tashkil topgan. Bunday bino va inshootlar hukmdorlar, alohida amaldorlar va shaxslar tomonidan qurdirilgan.

Xonlik me’morchiligiga yogʻoch, temir, pishiq yoki xom gʻisht, yupqa sopol gʻisht, ganch, marmar, xarsang tosh, sogʻ tuproq va ohak asosiy qurilish materiallari boʻlgan. Temir va yogʻoch kam boʻlganligi bois qurilishda koʻproq pishiq yoki xom gʻisht, ganch, tosh, loy, somon va ohak ishlatilgan. Binolar poydevoriga xarsangtosh yoki marmartosh yotqizilgan. Qurilishda terak, tol, tut, yongʻoq, qayragʻoch va archa yogʻochlaridan keng foydalanilgan. Pishiq gʻisht, ganch, yupqa sopol gʻishtlar maxsus xumdonlarda pishirib tayyorlangan.

Xonlikda qurilgan binolarning umumiy tuzilishi va rejalashtirishida an’anaviylik saqlanib qolgan boʻlsa-da, Qoʻqon me’morchiligida tashqi aloqalarning ham ta’siri seziladi. Binolarning bezaklarida rang-barang gʻishtlar koʻp ishlatilgan. Shiplarga solingan gullar Oʻrta Osiyodagi qadimiy yodgorliklardan oʻzining jimjimadorligi, boʻyogʻining yorqinligi, ularning ba’zan koʻzni qamashtiradigan darajada aralash – quralash boʻlib ketganligi bilan farq qilgan.

Qoʻqon xonligida qurilish va me’morchilik bilan birga amaliy san’at ham rivoj topgan. Xususan, amaliy san’atning naqqoshlik, yogʻoch va ganch oʻymakorligi sohalari yuksak darajada taraqqiy etgan boʻlib, ularda me’morchilikda keng foydalanilgan. Amaliy san’atning yuqori darajasi Xudoyorxon saroyida, Oltiariqdagi Doʻsti Xudo masjida ayvonida ishlangan nashqlarda Andijon atrofidagi Otaqoʻzi madrasasi bezaklaridagi islimiy naqshlarda, Chodak masjidining yogʻoch va ganch oʻymakorligida, Rishtondagi Xoʻja Ilgʻor masjidining shift bezaklarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Qoʻqon xonligi me’morchiligi va amaliy san’atida butun Oʻrta Osiyo uchun xos boʻlgan an’anaviy uslublar bilan bir qatorda mahalliy xususiyatlar ham saqlangan. Qoʻqon, Toshkent me’morchilik maktablarining vakillari jamoat binolarini qurish va ularni bezashda, naqshlar tanlashda oʻz maktablarining an’analarini takomillashtirganlar hamda rivojlantirganlar. Qoʻqon va Toshkentning mahalliy me’morchilik maktablari oʻzlarining keng rejali, hajmli manzaralari, bezak va jihozlarning gʻoyat nafisligi, ranglarning shoʻxchanligi hamda yogʻoch va ganch oʻymakorligi bilan ajralib turadi. Xonlik me’morchiligida chiroyli qilib aylantirib urgʻu berilgan, ichiga islimiy naqshlar tushirilgan, koʻproq qizil hamda yashil boʻyoqlar bilan jilolangan bezaklar koʻpchilikni tashkil etadi.

Bu davrda xonlikda hattotlik va kitobat san’ati ham rivoj topgan edi. Qoʻqon xonligining oʻz hattotchilik maktabi boʻlib, mamlakatda koʻplab xattotlar yashab, ijod qilganlar. Xattotlarning aksariyati shoir, tarixchi boʻlgan yoki miniatyura san’ati bilan shugʻullangan. Qoʻqonlik Muhummad Latif, Abdulgʻozi Xoʻja Xoʻqandiy, Mirzo Bobokalon Xoʻqandiy, Ahmadjon kotib, Abdugʻafur xattot, Mirzo Sharif Dabir, toshkentlik Muhammad Yunus Toyib Toshkandiy, Abdulvahobxoʻja muhrkan, eshon Abdusami’xoʻja Xatib oʻgʻli kabilar koʻzga koʻringan xattotlardan boʻlgan. Bu xattotlar nasx, shikasta, nasta’liq kabi yozuv usullarini puxta egallaganlar. Xattotlik san’ati asosan Qoʻqon, Toshkent, Andijon, Xoʻjand, Oʻratepa kabi shaharlarda koʻproq rivoj topgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Nuttgens, Patrik (1983), Arxitektura tarixi, Prentice Hall

2. https://uz.wikipedia.org/wiki/Qo`qon xonligi_memorchiligi

3. https://uz.eferrit.com/arxitektura-jadvali-binolarning-dizayndagi-garbiytasiri/

Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.