Qo‘shko‘pir tumani toponimlari tarkibida oykonimlarning o‘rni
Kutlimuratov A.A
katta o'qituvchi
Jumaniyazov T T
magistr
Urganch davlat universiteti
Annotassiya. Ushbu maqolada Qo‘shko‘pir tumani toponimlarini tabiiy geografik jixatdan o'rganishda oykonimlarning shaklanishi tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: toponim, oykonimika, urbanonimika, antropooykonim, etnooykonim, polisonim, astionim, komonim
Annotation. This article analyzes the formation of toponyms in the study of toponyms of Koshkopir district from a natural geographical point of view.
Key words: toponym, oikonym, urbanonym, anthropoonym, ethnooym, polysonym, astionym, konomym
Kirish. Jaxondagi geografik nomlar xilma-xil tarixiy sharoitlar va tillar takomilining mahsulidir. O‘zbekiston Respublikasida ham joy nomlari nihoyatda ko‘p va rang-barang bo‘lib, ular mazmunan boy hamda tarixiy sanaladi. Ma’lumki, joy nomlari hududning o‘tmishdagi tabiiy sharoiti, relyefi, o‘simlik va hayvonot olami, qazilma boyliklari kabilar haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Geografik nomlar asosan o‘tmish davrlaridan beri aholining ko‘chishi, o‘zaro muloqatlari, el-elatlar bo‘lib yashab o‘tgan xudulari to‘g‘risida tasavvurlar beradi.
Har qanday geografik ob'ektni to‘g‘ri nomlash doimo muhim va dolzarb masala hisoblanib kelingan, aslida yer yuzasidagi barcha ob'ektlar emas, balki inson faoliyati davomida ma'lum ahamiyaga ega bo‘lgan yoki boshqa ob'ektlardan nimasi bilandir farq qilib, odamlar diqqatini o‘ziga tortgan joylargina nomlangan.
Toponimikada o‘rganiladigan geografik nomlarning eng katta tarmog‘i oykonimika(yunoncha,"oykos"-uy, turar joy, makon) ya'ni: ma'muriy-hududiy birliklar, aholi yashash maskanlari va ularning qismlari(qishloq, mahalla, guzar, ko‘cha, ovul, qo‘rg‘on) nomlarini o‘rganuvchi soha hisoblanadi. Shuningdek urbanonimika(yunoncha "urbo"-shahar ichidagi har qanday ob'ektlar) nomlarini ham o‘rganuvchi yo‘nalishdir.
Oykonimlar tarkibiga shahar, qishloq, shaharcha, ovul, mahalla, guzar, ko‘chalar kirib, joy nomlari orasida alohida ahamiyatga ega. Bu nomlar joyning tabiiy va iqtisodiy geografik sharoiti, foydali qazilmalari, aholining milliy-etnik tarkibi, kasbhunari, tarixda yuz bergan muhim voqea va hodisalar haqida batafsil ma'lumot beradi. Shuningdek toponimlar tarkibida kishilarning ism-familiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan oykonimlar antropooykonimlar deb, urug‘, qabila, elat, xalq, millat kabi etnik birliklar nomi bilan atalgan oykonimlarni etnooykonimlar deb atash qabul qilingan.
Oykonim shahar, shaharcha, qishloq kabi aholi manzillarining atoqli otlari hisoblanadi va ilmiy nuqtai nazardan ikki turga bo‘lishimiz mumkin:1) astionimlar; 2) komonimlar. Astionim termini ham grekcha bo‘lib, (ἄστῠ ὄνομα)-«shahar nomlari» degan ma'noni anglatadi. Toponimikaga oid tadqiqotlarda astionim terminiga sinonim sifatida polisonim (grekcha polis-shahar-onoma-nom) termini ham qo‘llanadi.
Komonim (grekcha (κώμη) komos-ovul, qishloq, shaharcha (posyolka)+onomanom)lar-qishloq, aholi turar joylarining atoqli nomlari.
Demak, Xorazm viloyati oykonimlari sirasiga quyidagi joy nomlarini kiritishimiz mumkin: 1) shahar nomlari (astionimlar yoki polisonimlar): Urganch, Xiva kabi; 2) shaharcha nomlari (komonimlar): Xonqa, Xazarasp, Bog‘ot, Qo‘shko‘pir, Shovot, Gurlan kabi; qishloq nomlari (komonimlar): Vazir, Ovshar, Qoravul, G‘ozobod kabi; mahalla nomlari: Mustaqillik, Istiqlol, Taraqqiyot kabi.
O‘zbek toponimikasining shakllanishi va taraqqiyotida H.Hasanov, S.Qoraev, Z.Do‘simov, T.Nafasov, T.Enazarov, B.O‘rinboev, N.Oxunov, Sh.Qodirova, T.Rahmatov, L.T.Karimova, Yo.Xo‘jamberdiev, J.Latipov, K.Seytniyazov, A.Otajanova, M.Mirakmalov, K.Xakimov, M.Tillaeva, F.Abdullaev, O.Madrahimov, A.Ishaev kabi olimlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Z.Do‘simovning 1970 yilda himoya qilgan nomzodlik, 1989 yilda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasi va monografiyasi Xorazm toponimlarining shakllanishi, uning taraqqiyot bosqichlarini o‘rganishga bag‘ishlangan dastlabki tadqiqotlardan edi. Unda bir qator joy nomlarining, jumladan, oykonimlarning tarixi va etimologiyasi haqida fikr yuritildi.
Shuningdek S.Nayimovning 1984 yilda Buxoro viloyati oykonimlarining nomlanish xususiyatlari, leksik-semantik, grammatik jihatlari mavzusida nomzodlik dissertatsiya ishi, M.N.Ramazonova 1986 yilda Toshkent viloyati oykonimlari taraqqiyotiga doir nomzodlik dissertatsiya ishi, 1998 yilda S.Qoraev geografiya fanlari bo‘yicha O‘zbekiston oykonimiyasiga doir doktorlik dissertatsiya ishlari mamlakatimiz oykonimlarini o‘rganishga bag‘ishlangan dastlabki tadqiqotlardan hisoblanadi.
Professor Z.Do‘simovning ilmiy tadqiqot ishlari davomida Xorazm toponimlari lingvinstik xususiyatlari yasalish modellari va tiplari, A.Otajanova Xorazm etnotoponimlarining lug‘aviy asoslari, grammatik xassalari va etimologik jihatdan, M.Tillaeva Xorazm vohasi tarixiy-adabiy yodgorliklarning ayrim lisoniy o‘ziga xos xususiyatlarini tahlil qildilar.
Xorazm shevalarining tarixi va ularning lingvinstik xususiyatlari F.Abdullaev, O.Madrahimov, A.Ishaev va boshqa tilshunoslar tomonidan atroflicha o‘rganildi.Shu bilan birga Xorazm toponimlari tarkibida oykonimlarni geografik jixatda atroflicha o'rganilgan emas.
Xorazm viloyati O‘zbekiston Respublikasining shimoliy g‘arbida joylashgan bo‘lib uning yer maydoni 6,3 ming km2 ni tashkil etadi va O‘zbekiston hududining 1,5 foizini egallaydi.
Qo‘shko‘pir tumani viloyatning janubiy-g‘arbida joylashgan bo‘lib hududining 8,8 foizini egallaydi.
Viloyat tarkibida Qo‘shko‘pir tumani–1936 yil 17 aprelda tashkil etilgan. 1962 yil 14 dekabrda Qo‘shko‘pir tumani tugatilib, Xiva tumaniga qo‘shib yuborilgan. Tumanlarni yiriklashtirish shu davrda o‘tkazilgan islohotlar “mevasi” edi. 1966 yil 9 yanvarda Qo‘shko‘pir tumani Xiva tumani qaramog‘idan ajralib chiqdi va mustaqil tuman bo‘lib faoliyat ko‘rsata boshladi. Qo‘shko‘pir tumani Shimoldan Shovot tumani bilan, shimoliy-sharq va sharqdan Urganch tumani, janubdan Xiva tumani, g‘arbdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Tuman maydoni 0,54 ming km2 bo‘lib, viloyat hududining 12 foizini tashkil etadi.
Tuman hududi viloyat yer yuzasi kabi deyarlik tekisliklardan iborat bo‘lib, insonlarning xo‘jalik faoliyati ta'siri natijasida butkul o‘zgarib, antropogen landshaftga aylangan.
Hududning dengiz sathidan o‘rtacha balandligi 90-95 m bo‘lib, O‘zbekiston respublikasining tekislik hududiga kiradi. Asosiy nishab yo‘nalishi shimoliy-sharqdan janubiy-g‘arbga qarab bir tekisda pasayib boradi.
Respublikadagi tabiiy-geografik ob'ektlarga nom berish, ular nomini o‘zgartirish, yangi ob'ektlarga nom berish bosqichma-bosqich amalga oshirila boshlandi. Bu tadbirlarning qabul qilinishi va amalga oshishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 31 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasidagi ma'muriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlar va boshqa toponimik ob'ektlarning nomini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilish, toponimik ob'ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish masalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 30 avgustdagi Qonuni muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 2- noyabrda “Geografik obektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi O‘RQ-799- son Qonuni imzolandi. Unga ko‘ra "Ushbu Qonun geografik ob'ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish tizimini yanada takomillashtirish, O‘zbekiston yoki jaxon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning nomlarini abadiylashtirish maqsadida aholi punkitlarining tarkibiy qismlariga nom berish mexanizmlarini aniqlashtirish uchun xizmat qiladi"deya takidlab o‘tildi.
Bu borada Xorazm viloyati hokimligi, Qo'shko'pir tuman hokimligi tarkibidagi Atamalar komissiya tomonidan bir qator ibratli ishlar amalga oshirildi. Ular quyidagilarda yaqqol ko‘rinadi:
1. Viloyat va Qo'shko'pir tumani hokimligi tarkibida Atamalar komissiyalari muntazam ish olib bordi va bormoqda.
2. Tarixiy ahamiyatga molik nomlarni tiklash, eski tuzum bilan bog‘liq nomlarning joylardagi saqlanib qolgan qoldiqlari tugatildi va qayta nomlandi.
3. Ushbu munosabat bilan joylarga avvallari shoshilinch ravishda qo‘yilgan va kishi nomlaridan iborat bo‘lgan toponimlarni joyning tabiiy-geografik holatini ifoda etadigan, istiqlol mafkurasiga javob beradagan nomlar bilan almashtirildi, bir qancha hududlarning oldingi tarixiy, qadimiy nomlari tiklandi. Masalan, Shixmashhad(avvalgi K.Marks qishlog‘i), O‘zbekyop(avvalgi Qizil askar qishlog‘i), O‘rtayop(avvalgi Lenin qishlog‘i), Xayrobod(avvalgi Leningrad qishlog‘i), Nezogos(avvalgi Frunze qishlog‘i) Xadra(avvalgi CHapaev qishlog‘i) kabi.
4. Viloyat hokimining 2013 yil 1 iyuldagi 28-147-sonli qaroriga asosan Qo'shko'pir tumanida 48 ta va 2014 yil 27 sentyabrdagi 39-185-sonli qaroriga asosan 7 ta geografik ob'ektlar hamda Tuman hokimining 2018 yil 15 fevraldagi 39-115-sonli qaroriga asosan 711 ta va 2019 yil 26 sentyabrdagi 62-196-sonli qaroriga asosan 3 ta geografik ob'ektlar qayta nomlandi.
5. Joy nomlari tizimidagi takroriylik masalalari ko‘rib chiqilib va bunga barham berilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarining ma'muriy-hududiy tuzilishini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi 2005 yil PQ-120- son hamda Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 13 mart 68-sonli “O‘zbekiston Respublikasi aholi punktlarining ma'muriy-hududiy tuzilishini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan Qo‘shko‘pir tuman xududida 2023 yil 1-yanvar holatiga ko'ra 50 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 36 ta aholi punkti, 12 ta qishloq, 6 ta shaharcha mavjud. Tumanda 6 ta shaharcha (Shixmashhad, Xonobod, Sherobod, O‘rtaqishloq, Qo‘shko‘pir, Qoramon) va 12 ta qishloq(Yangilik, Shix, Xosiyon, Xonobod, Xayrobod, O‘rtayop, O‘zbekyop, Oqdarband, Kenagas, Qatog‘on, G‘ozovot) bor. Tuman markazi-Qo‘shko‘pir shaharchasi.
Tuman hududi qadimdan aholi yashab kelayotgan va madaniy hayat taraqqiy etgan vohaning tarkibiy qismi hisoblanib, hozirgi kunda aholi soni tez sur'atlar bilan o‘sib bormoqda.
Oykonimlarda ob'ektni yakkalab, alohidalab atash etakchi o‘rin tutadi. Tuman oykonimlarini dastlab nomlanish motivlariga ko‘ra quyidagi ikki turga ajratishimiz
1. Tabiiy-geografik oykonimlar. 2. Iqtisodiy-ijtimoiy oykonimlar.
Joylarni, jumladan, aholi manzillarini nomlashda hududning tabiiy-geografik xususiyatlari birlamchi va etakchi motiv hisoblanadi. Tabiiy-geografik oykonimlar o‘z navbatida quyidagi kichik guruhlarga bo‘linadi:
Geomorfologik oykonimlar. Yer tuzilishi, sathi bilan bog‘liq tarzda nomlangan aholi yashash manzilgohlari geomorfologik oykonimlardir. Demak, geomorfologik oykonimlar yerning geomorfologik xususiyatlarini motivga olish asosida nomlangan aholi manzillarining nomlaridir. Xorazm viloyati tekislikda joylashganligi sababli, xususan Qo‘shko‘pir tumanida geomorfologik oykonimlarini qanday so‘zlar asosida shakllanganligiga ko‘ra quyidagicha guruhlash mumkin: 1) tepa so‘zi vositasida: Oltintepa, To‘ytepa, Ko‘ktepa(ko‘chalar) kabi. 2) tuman toponimiyasida qum so‘zi vositasida shakllangan shu birgina Amirqum(aholi punkiti) oykonimi va Chuqurqum tabiiy cho'l hududi kuzatiladi.
Gidrooykonimlar. Tilning toponimik tizimi doirasida transonimizatsiya asosida bir joy nomi ikkinchi bir joy nomiga o‘tadi. Jumladan, suv ob'ekti nomi-gidronim qishloq, shaharcha, shahar nomiga-oykonimga o‘tishi ham mumkin. Daryo, kanal, ko‘l, soy, buloq, ariq, quduq va boshqa suv ob'ektlarining atoqli nomlari gidronimlar asosida yuzaga kelgan aholi turar joylari nomlari gidrooykonimlardir. Masalan, G‘ozovot(kanal)-shaxarcha, Xonobod(yop)-shaxarcha, O‘rtayop(yop)-aholi pukti va boshqa.
Zooykonimlar. Qishloq, shaharcha va shaharlarni nomlashda hayvon, parranda va boshqa jonzotlarning nomlari ham asos qilib olinishi ham mumkin. Toponimikaga oid ilmiy manbalarda bunday joy nomlarini zootoponimlar deb ataydilar. Tuman oykonimiyasida hayvon, jonzot va parranda nomlari bilan atalgan quyidagi bir nechta oykonim kuzatiladi: qushlar nomi bilan Xumo, Semrug‘(ko‘cha) va hayvonlar nomi bilan Oqtulpor(ko‘cha) kabi nomlar.
Fitooykonimlar. Oykonimlarning bir guruhini o‘simlik va daraxt nomlari asosida yaratilgan nomlar tashkil etadi. Bunday oykonimlarni ilmiy adabiyotlarda fitooykonimlar deb yuritiladi. Tuman fitooykonimlarini quyidagicha guruhlashimiz
I. O‘simlik nomlari bilan atalgan turarjoy nomlari: Paxtakor, Gulobod, Nastarin, Gulchechak va boshqa(ko‘cha nomlari) va boshqa shu kabi.
II. Daraxt nomlari bilan atalgan turarjoy nomlari: 1) manzarali daraxt nomlari bilan atalgan turarjoy nomlari: Gujumli, Yakkagujum, Beshgujum, Qoramon(qoraeman), Qoratol, Yakka turong‘i, Ikkiturang‘il (aholi punktlari)kabi. 2) mevali daraxt nomlari bilan atalgan turarjoy nomlari: Mevazor, Yakkatut(ko‘chalar) va boshqa shu kabi.
Aholi maskanlarini nomlanishida xalqning iqtisodiy turmush tarzi bilan shug‘ullanuvchi kasb-hunari, xo‘jalik faoliyati muhim omil bo‘lib hisoblanadi. Iqtisodiy-ijtimoiy oykonimlar o‘z ichida quyidagi guruhlarga bo‘lishimiz mumkin: 1.Etnooykonimlar. 2.Antropooykonimlar. 3.Aholining kasb-hunari asosida shakllangan oykonimlar. 4.Aholining yoki alohida shaxslarning ijtimoiy mavqei, naslnasabi asosida yuzaga kelgan oykonimlar. 5.Agiooykonim va nekrooykonimlar.
Aholi maskanlarini shu yerda yashagan urug‘-qabila, elat nomi bilan atash keng tarqalgan. Etnooykonimlar ma'lum etnik guruhga tegishli, ularga aloqador aholi manzillarini bildiradi: Qatag‘on, Uyg‘ur, Arablar, Baratlar, Kenagas, Mesitlar kabi.
Antroponimlar-kishi nomlari, laqablari, taxalluslari, familiyalaridan hosil qilingan aholi manzillarining nomlaridir Antropooykonimlar-(grek. anthroposodam+oykos-turarjoy+onima-nom) deb ataladi. Antropooykonimlar Tuman oykonimiyasida ko‘p emas. 1990 yillarga qadar viloyat toponimiyasida sobiq sho‘ro hukumati rahbarlari, daholari nomi bilan atalgan Lenin (hozirgi O‘rtayop), Leningrad (hozirgi Xayrobod), K.Marks (hozirgi Shixmashhad), Frunze (hozirgi Nezagos.), Qizil askar (hozirgi O‘zbekyop), Chapaev (hozirgi Xadra) kabi qishloq nomlari mavjud edi. Mustaqllik sharofati bilan mazkur antropooykonimlar xalq an'analariga, qadriyatlariga, joylarni nomlashga qo‘yiladigan talab va mezonlarga zid nomlar, sun'iy nomlar sifatida iste'moldan chiqarildi.
Aholining kasb-hunari asosida shakllangan oykonimlar. Qishloq, shaharcharlarni nomlashda ko‘pincha mahalliy aholining kasb-kori, mashg‘uloti, hunarmandchiligi ham asos qilib olinadi. Tumanda Temirchi, Pichoqchi, Kosiblar, Qoshiqchi, Tandirchi, Qovunchi, Ustalar kabi bir necha shunday oykonimlar mavjud.
Hududda qishloq aholisi yoki alohida shaxslarning ijtimoiy mavqei, nasl-nasabi, Davlat tuzilishi, ijtimoiy-siyosiy tuzum, mansab va mavqei, diniy unvonlar asosida yaratilgan oykonimlar ham uchraydi: Xo‘jamquli(Qadriyat mahallasida), Otash Xalifa(Otashparastlik dinida muqaddas olov oqsoqoli) va boshqa shu kabi nomlar.
Agiooykonim va nekrooykonimlar. Muqaddas deb hisoblanuvchi narsalar, ob'ektlar, shaxslarning atoqli otlar agionimlar (agio-muqaddas+onoma–atoqli ot); mozorlar, qabristonlar va mana shu tipdagi muqaddas qadamjoylarning atoqli nomlari nekronimlardir. Agionim va nekronimlardan hosil bo‘lgan aholi manzillarining nomlari agiooykonimlar, nekrooykonimlar deb yuritiladi. Masalan, Dovud(Dovud mahallasi) Mahalliy xalq afsonasiga ko‘ra bu erda Hazrat Dovud dafn etilgan emish va rivoyatlarga asoslanib ko‘pgina joylarda uning "mozori"ni vujudga keltirganlar. Shu tariqa qishloq nomi uning nomi bilan atalib kelinadi.
Qo‘shko‘pir tumani oykonimlari kelib chiqishiga ko‘ra turlari.(Muallif tomonidan ishlab chiqilgan)
Keyingi yillarda olib borilgan geografik tadqiqot ishlarida nomlarning ekologik funksiyasiga ham e'tibor qaratilmoqda. Qo‘yilgan nom shu joyni, mahalla yoki ovulni, kanal yoki yopni, tepalik yoki pastlikni ilohiylashtirib, u erdagi tabiat komponentlarini muhofaza qilishga, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanishga, aholi maskanlarida sokin va osoyishta muhitni yaratishga yordam beradi. Natijada yoshlarimizga diniyhuquqiy muhofaza usuliga, ona tabiatni asrashga o‘lkamizda shallangan yuksak etnoekologik madaniyat sifatida qarashimiz lozimligini uqtirgan bo‘lamiz. Toponimlar tarkibida «aziz», «bobo», «go‘r, «mozor», «ota», «pir» «shayx» so‘zlaridan birining qo‘llanishi asosida shakillgan toponimlar bo‘lib ular manzilni ko‘rsatib berishdan tashqari yana ekologik vazifani ham bajaradi. Natijada aholi ushbu manzil atrofini obodonlashtirib, ko‘kalamzorlashtirib uning atrofiga kelib joylashishga harakat qilishadi Agiooykonim va nekrooykonimlarning bunday xususiyatga ega bo‘lishi uning lingvoekologik vazifani ham bajarishini hamda bu hududni e'zozlanishi va qadrlanishini, keyingi kelajak avlodlarga etkazilishini ta'minlaydi. Masalan, Doshqinjon bobo(Nezaxos mahallasida), Bibi otinbika(Shixmaxshad mahallasida), Xazrati Eshonbobo(Sherobod mahallasida), Sharif Eshonbobo(Adolat mahallasida) va boshqalar.
Xulosa o‘rnida Toponimlarni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga etkazib berish toponimika fani va toponomistlar oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Shu bilan birga mamlakatimizda so‘ngi yillarda noyob o‘simlik va hayvonlar, tabiiy manzarali joylar qimmatli arxitektura yodgorliklari muhofaza qilinayotgani kabi, tarix "guvohlari" sifatida ko‘p narsalar, vaqea-hodisalar haqida "hikoya qilib beradigan" geografik nomlarni ham himoya ostiga olishimiz lozimdir.
Shuningdek tuman oykonimlarini o‘rganish o‘zbek xalqining uzoq asrlik madaniyati, ma'naviyati, tafakkuri va ishlab chiqarishi, xo‘jalik tarzi, tabiatga munosabatini o‘zida aks ettirishi, o‘zi nomlayotgan joy aholisining etnik tarkibi va takomili, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy turmushi, yashash tarzi hamda hududning tabiati, tarixi haqida boy geografik ma'lumotlar olish imkonini beradi. Bu esa toponimlarni yanada chuqurroq va davomli tarzda o'rganishni ilmiy tadqiqotlarni olib borishi taqoza etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
1. P.G`Ulomov, M.Mirakmalov "Toponimika va geografik terminshunoslik" o`quv qo`llanma Toshkent-2005 y
2. "O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati" Toshkent-2022 y
3. Z.Do‘simov "Xorazm toponimlari" Toshkent-1985 y
4. Ya. G‘ulomov "Xorazmning sug'orilish tarixi" Toshkent-1959 y
5.M.Avezov "Buxoro viloyati toponimlari shakllanishi va tarqalishining tabiiy geografik asoslari" PhD dissertasiya ishi. Toshkent-2023 y
6. Q Hakimov "Toponimika" Toshkent-2016 y
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.