RAQAMLI VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI
Аннотация
Mazkur darslik “Raqamli va axborot texnologiyalari” fanidan 60310300- Psixologiya ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda axborotkommunikatsiya texnologiyalarining nazariy asoslari, zamonaviy dasturiy platformalar, raqamli infratuzilmalar hamda axborot tizimlaridan kasbiy faoliyatda ratsional va samarali foydalanish masalalari yoritilgan. Darslikda internet tarmoqlari arxitekturasi, elektron pochta va elektron kommunikatsiya xizmatlari, raqamli axborot almashinuvi protokollari, bulutli texnologiyalar, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikning elementar tamoyillari, shuningdek, raqamli madaniyat va axborot etikasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Darslikning tarkibiy tuzilmasi kompetensiyaviy yondashuv asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mavzular oddiydan murakkabga, nazariy bilimlardan amaliy ko‘nikmalarga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’minlaydigan mantiqiy-didaktik ketmaketlik asosida joylashtirilgan. Shuningdek, “Raqamli va axborot texnologiyalari” fani bo‘yicha darslikni yaratishda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari o‘quv dasturlarida tavsiya etilgan ilmiy-metodik adabiyotlar, xalqaro tajriba, zamonaviy pedagogik texnologiyalar hamda raqamli ta’lim resurslaridan samarali foydalanilgan.