ResearcherUz LogoResearcherUz
Посмотреть журнал

ROMAN SYUJETIDA XRONOTOPLARNING O‘RNI

Аннотация

Maqolada taniqli o’zbek yozuvchisi Omon Muxtorning “Ming bir qiyofa” romani badiiy tahlilga tortilgan. Asosan, roman syujetini yaratuvchi asosiy atributlar bo’lgan xronotoplar tahlil obyekti qilib tanlab olingan. Romanda qo’llanilgan xronotoplar aniqlanib, ularning asardagi badiiy-estetik funksiyasi yoritib berilgan.


Полный PDF документ

Похожие статьи

Текст статьи

ROMAN SYUJETIDA XRONOTOPLARNING O‘RNI

Abdullaev Xamro Dauletbaevich

Dotsent, filologiya fanlar nomzodi

Qoraqalpoq davlat universiteti

O’zbekiston, Nukus shahri

Annotatsiya: Maqolada taniqli o’zbek yozuvchisi Omon Muxtorning “Ming bir qiyofa” romani badiiy tahlilga tortilgan. Asosan, roman syujetini yaratuvchi asosiy atributlar bo’lgan xronotoplar tahlil obyekti qilib tanlab olingan. Romanda qo’llanilgan xronotoplar aniqlanib, ularning asardagi badiiy-estetik funksiyasi yoritib berilgan.

Kalit so’z: Roman, kompozitsiya, syujet, xronotop, makon va zamon, retrospeksiya, adabiyot, uslub, nutq, monolog, diolog

Asar voqealarining haqqoniyligi va realligini ta’minlashda, qolaversa yozuvchi badiiy niyatining amalga oshishida dialektik mantiqqa muvofiq tartib berilgan makon va zamon elementlari asosiy mayoq vazifasini bajaradi. Makon va zamon tushunchalari va uning badiiy asardagi funksiyalari xususida jahin adabiyotshunosligida anchagina mantiqli fikr-mulohazalar bildirilgan. Taniqli rus adabiyotshunosi M.Baxtin roman janri taraqqiyotining turli bosqichidagi namunalarni tahlilga tortar ekan, xronotop tushunchasiga quyidagicha ta’rif beradi: “Adabiyotda badiiy idrok etilgan zamon va makon aro uyg’unlikni xronotop, deb ataymiz. Ushbu istiloh matematika ilmida Eynshteynning nisbiylik nazariyasi negizida qo’llab kelinadi. Istillohning biz uchun matematikada qo’llanadigan maxsus tushuncha sifatida ahamiyati yo’q. Uni biz adabiyotshunoslikka(tom ma’noda bo’lmasa ham) istiora o’laroq qabul qilamiz. Muhimi, bu o’rinda istillohning zamon va makonni uyg’un holatda ifodalashidir”.1

Bugungi o’zbek adabiyotshunosligida roman janridagi xronotoplar va uning milliy romanchiligimizdagi o’ziga xosliklari borasida prof. U.Jo’raqulov yirik tadqiqotlar olib borgan. Olim o’zbek romanchiligining asoschisi A.Qodiriyning “O’tkan kunlar”dagi eng muhim va roman dunyosi uchun yangilik bo’lgan jihatlardan yana biri romanning xronotop tizimidir. Biz har qanday adabiy janr fazilatini, syujeti va obrazlari mohiyatini bu nazariy tushunchasiz to’la anglay olmaymiz.2 1 Бахтин М. Вопросы литературы и эстетики – М,; Художественная литература, 1975. – С. 234-235 2 Jo’raqulov U. Nazariy poetika masalalari. G’.Gulom nomidagi nashriyot-matbaa ijoduy uyi. Toshkent. 2015, 200-bet

Biz tadqiqot obyekti qilib olgan taniqli o’zbek yozuvchisi Omon Muxtorning “Ming bir qiyofa” romanida ham xronotoplar tizimi mavjud bo’lib, ular bir butun yaxlitlikda asar voqealari mantiqiyligini ta’minlaydi. Romanda quyidagi xronotoplar tizimi kuzatiladi: haydovchisiz avtobus, qizil g’ishtdan o’rilgan uch qavatli bino, go’r, to’qqiz qavatli bino, shahar, sahro kabilar.

Romandagi “haydovchisiz avtobus” xronotop o’z ma’nosidan ko’ra metaforiklashgan bo’lib, keyingi voqealarning harakat olishiga asos bo’lgan. Asar qahramoni Abdulla Hakim o’lasi ichgan, mast-alast yarim kechasi avtobusga chiqadi.

“… mashinada haydovchining o’zi ham ko’rinmayotganini sezib, angrayib qoldi… avtobus shaharni orqada qoldirib, allaqanday o’nqir-cho’nqir daladasht yo’liga chiqib olgan, goh siltanib, goh osoyishtalanib, oldinga bosar edi. U chamasi boshqa bir joydan boshqarilayotgan yapasqi mashinaning telbaligidan ajablanib qolaveradi… Avtobus axiyri dala-dasht yo’lidan nogahon ikki tomoni quyuq daraxtzor yo’lkaga kirdi. Yana biroz yurilgach, uzoqdan taqa shaklida qurilgan uch qavatli oqish-qizg’ish imorat ko’rindi.”(O.Muxtor “To’rt tomon qibla” 12-13 betlar). Qahramonning mast holda bo’lishi, haydovchisiz avtobusga chiqishi(to’g’rirog’i avtobusning o’zi paydo bo’lishi) shahardan chiqib, dala-dashtdan o’tib uch qavatli qizil g’ishtdan o’rilgan binoga kelishi jarayoni qaysidir makon va zamonlarni bir-biri bilan bog’laydi. “Haydovchisiz avtobus”ni o’tgan zamon deya, tafakkur qiladigan bo’lsak, yozuvchi fantaziyasiga ko’ra sobiq tuzum davrida xalqimizning “bosh”siz ya’ni xo’jasiz qanday ayanchli ahvolga tushganini anglashimiz mumkin bo’ladi. Kimning “kema”sida ketayotganligini bilmagan, shirin orzu-xayollar bilan bir vaqtlar sevgan qiziga yozgan she’rini xirgoyi qilib borarkan, o’z makonidan chiqib, ixtiyorsiz o’zga makonga yo’nalayotganini anglab qolgan qahramon xushyor tortib sovuqqonlik bilan ongli tafakkur qila boshlaydi. Roman qahramoni Abdulla Hakim mast-alast yurib begona “avtobus”ga adashib chiqib qolganligini dala-dasht oshib qizil binoga kelgandan keyingina his qila boshlaydi. Avtobusda ketayotgan qahramonning ong oqimi zamiridagi ishoralar kitobxonni xalqimizning sobiq tuzum davridagi taqdiri tarixini konkret zamon va makonda umumlashtirganday bo’ladi.

Abdulla Hakimning haydovchisiz avtobusga chiqib, qizil g’ishtli binoga borgunga qadar ong oqimi siqiq vaqt davomida tasvirlansa ham, unda go’yo millat xarakterining tarixiy jarayoni aks etadi. Badiiylikning talabiga muvofiq asardagi obrazlar umumlashmalik xarakterga ega. Abdulla Hakim obrazida ya’ni uning sarxush holati, shu holatda haydovchisiz avtobusga chiqishi, avtobusda shirin xayollarga berilishi, birdaniga xushyor tortishi kabi ifodalar orqali xalqimizning XX asr boshidagi orzu-istaklarini, ruhiy-psixologik holatini, “orzu” kemasidagi xom-xayol intilishlarini, XX asr 80-yillariga kelib mustabid tuzum asl qiyofasining ochila borishi singari tarixiy, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni ko’z oldimizda tasavvur qila boramiz. Yozuvchi ushbu xronotop va qahramon ong oqimi tasviri orqali o’tmish voqealarni bugun va kelajak bilan bog’ladi. Mazkur xronotop yozuvchining pozitsiyasi yoki badiiy niyatidan kelib chiqib an’anaviy “yo’l” xronotopining metaforik ko’rinishini anglatadi. Ya’ni xalqimizning sobiq tuzum davridagi 70 yillik taqdiri “yo’li”dir. Adib bu xronotop orqali o’tmish bilan bugunni bog’lab muayyan makon va zamonda tutashtirgan. “U chamasi boshqa bir joydan boshqarilayotgan yapasqi mashinaning telbaligidan ajablanib qolaverdi”(o’sha kitob 13-bet) gapidan anglashiladiki, yozuvchi qaysidir yaqin o’tmish tarixga ishora qilib, kitobxonni retrospektiv fikrlashga, mulohaza qilishga chorlaydi. Yozuvchi o’z badiiy niyatini, pozitsiyasini ochiq o’rtaga tashlamaydi, balki qahramonning ong sarhadlarida gavdalantiradi.

Romandagi ikkinchi xronotop(ya’ni oqish-qizg’ish g’ishtli uch qavatli bino) birinchi xronotopdagi voqealar tizimiga bog’lanib, asar syujetining asosiy tugunini keltirib chiqargan. Asar qahramoni o’zining nima uchun bunday ahvoldaligi, qizil g’ishtli binoga keltirishi sababi, qora kostyum-shimdagi oz’iga aro bergan olifta yigitlar, liliput qarimsiq – ko’sa kishi bularning bari u uchun jumboq edi. Ushbu tasvirlardan kuzatish mumkinki yozuvchi konkret tarixiy davr bilan bog’liq zamon va makonlarni yaratmaydi, balki qandaydir mavhumlikka xos vaqt va joy tasvirlarini yaratadi. Ammo, romanni o’qigan “xos” kitobxon o’zining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviymadaniy saviyasidan kelib chiqib muayyan xulosalarga kelishi mumkin. Ilmiy adabiyotlarda “qizil g’ishtdan o’rilgan bino” – “Sobiq qizil imperiya hukmron” degan yoki “qizil imperiya davri” ma’nosini anglatuvchi turli xil talqinlar mavjud. Agarda xronotopda asar qahramoni boshidan o’tkazadigan voqealar silsilasini kuzatadigan bo’lsak, bino mohiyatini anglab boramiz va yuqoridagi talqinlarning naqadar haqiqat ekanligini fahmlaymiz.

Asar qahramoni yuqorida keltirilgan birinchi xronotopda ham ikkinchi xronotopda ham yoshligida sevgan qizi haqida o’ylaydi, unga yozgan she’rlarini xayolida shivirlab o’qiydi. Qahramonning ushbu retrospektiv tafakkur qilishining 2 ta xronotopda takrorlanishi yozuvchi o’zi qo’llayotgan makon va zamon tasviriga tushmayotgandek ko’rinadi.

Binoning birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlarida qahramon bilan bog’liq sodir bo’lgan voqealar tasviri “qizil g’ishtli uch qavatli bino” xronotopi mohiyatini ochib beradi. Yoki bo’lmasa ushbu binoda sodir bo’lgan voqealar “qizil g’ishtli bino” timsoli mohiyatiga mos tushadi. Faqat ushbu xronotopda Abdulla Hakimning sevgilisi haqidagi xayollarimi, tushmi, galyutsinatsiyami kabilar ancha cho’zilib haddan tashqari mubolag’a ortgan. Chunonchi romanning 24-28-betlarida qorong’i xonaga qamab qo’yilgan Abdulla Hakimning yoshligida sevgan qizi Halima bilan suhbati yo tush yoki galyutsinatsiya holatida retrospektiv tasvirlanib ong oqimi zanjiriga mos kelmaganday ko’rinadi. Undan tashqari ushbu tasvir ancha cho’zilib, tasodif holatlar qonuniyatlardan ko’ra ortib ketgan.

“Qizil g’ishtli bino”da Abdulla Hakimning insoniylik irodasi, do’stga sodiqligi kabi fazilatlari sinovdan o’tadi. Binodagi bashing kiyingan odamlar “Biz sizdan hech narsa so’ramaymiz. Hojati yo’q. Bundan tashqari, siz davlat uyida turar ekansiz, biz sizga yaxshi bir bog’-hovli olib beramiz. O’tkinchi, ahmoq gaplarga uchib, o’n yil jiqqa ter to’kib, bunday bir pachoq mashinani ham qo’lga kiritmabsiz. Xayolingizga kelgan mashina nomini ayting, qo’lingizga hozir kalitini topshirmagan nomard. O’zingiz emas, nevara-evarangizgacha etadigan og’zingizga siqqancha pul ham sizniki!.. Lekin sharti. to’rt tomoningiz qibla, bu yerdan chiqib, to’g’ri o’z yo’lingizga ketaverasiz. Minba’d siz bizni, biz sizni bilmaymiz”.(21-bet)

Mazkur voqeaning boshqa vaqt boshqa joyda sodir bo’lmay, aynan oqishqizg’ish binoda bo’lishi makon va zamon birligini ta’minlagan. Ushbu takliflarni eshitgan Abdulla Hakim bir oz o’zini yo’qotdi, o’g’rini qaroqchi urdi-qabilida ish tutmoqchi ham bo’ldi. Ammo, Alloh bergan qalbidagi insoniy fazilatlarga xiloflik qilmadi. Do’sti Shukur Burxonni ham sotmadi, sodiq qoldi. Undan ko’ra o’limni afzal ko’rdi.

Voqealar romanda qahramon o’ldirilgandan keyin “Go’r”(qabr) xronotopiga bog’lanadi. Bu xronotop romanning birinchi hikoyat “go’r azobi” deb nomlangan uchinchi manzarasida tasvirlangan. Asar qahramoni vafot etgandan keyin Abdulla Hakimning ruhi bosh qahramonga aylanadi. Voqealar yoki ong oqimi ruh tomonidan hikoya qilinadi. Bu esa yozuvchining o’ziga xos uslubi hisoblanib, badiiy tafakkur qilish, tasvirlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Muallif tasvir va ifodada real zamindan mavhum makon va zamonga ko’chadi. Jasadi bilan qabrga kirgan ruh tilidan voqealar oqimi davom ettiriladi. Ruh endi qabr ichida farishtalar munkar-nakir bilan savol-javob qiladi. Farishtalar oldida o’zining osiy banda ekanligini his qilgan ruh o’z qismatiga, taqdiriga tan beradi. Ruh qabrdan chiqib o’zi yashagan foniy dunyoni kuzatadi. Qabrda tirik insonlar bilan muloqot qilinmaydi. Ruh, farishtalar munkar-nakir bilan muloqot qilishi “qabr” xronotopi mohiyatiga to’la mos keladi. Qabrdagi tasvir va voqealar oqimi ruh tilidan monologik xarakter kasb etadi. Ushbu “qabr” xronotopi tasviridan boshlab romanda dunyoviy va diniy tafakkur sintezi bosh o’ringa chiqadi. Ushbu xronotopda keltirilgan munkar-nakir farishtalar obrazlari ildizlari muqaddas Qur’oni Karim, diniy rivoyat va afsonalarga borib taqaladi. Qabr va qabrdagi ruh tasviri orqali inson faqat ijtimoiy munosabatlarninggina mahsuli bo’lib qolmasdan, ilohiy yaratganning mohiyati bilan bog’liq mo’jiza ekanligini ham his qilish mumkin. Bandasining – benomus “hayot girdobida o’ralashib” marhum yaqin kishilarini ham unutib qo’yishini ham ruh tilidan anglaymiz. Inson foniy dunyoda ta’ma qilib yashaganidek, boqiy dunyoda ham jannatni istaydi. Ammo, hayot deb atalgan bu olamda inson gumrohlarcha ko’p xatolarga yo’l qo’yadi, e’tiqodining yoki diniy tasavvurining tayini bo’lmagan shaxs diniy tafakkur yurita olmaydi. Ushbu xronotopdagi voqealar zamirida hayotiy tajribalari jarayonida nima gunoh-u, nima savobligini bilmay, hatto, o’zini, o’zligini ham anglay olmagan gunohkor insonning ruhiy holati bo’rtib turadi. Bugungi shaxsning ruhiy dunyosi ham diniy-ma’rifiy ham ob’yektiv dunyoviy faoliyat va tafakkur hosilasi natijasida qoliplashadi. Insonga an’anaviy diniy tasavvurlar tomonidan ta’sir etadigan omillar asosan, odam faoliyatining ijtimoiy-axloqiy hayotida namoyon bo’ladi. Inson ham dunyoviy ham diniy-ma’rifiy tafakkur qilar ekan – bunday shaxsning ruhiyati tetik, doimo progressiv fikrlovchi bo’ladi.

Abdulla Hakim qabrda ham do’stiga sodiq qoldi. Insoniylik qiyofasini yo’qotmadi. Munkar-nakirga men Shukur Burhonman, demadi. Ko’rinadiki, yozuvchining qahramoni oila qurib bola-chaqa qilmagan, odamlardek yashamagan yoki diniy e’tiqod talab qilgan amallarni bajarmagan bo’lsa ham ijtimoiy muosabatlarda insoniy fazilatlarni yo’qotmagan sodiq do’st qiyofasida tasvirlanadi. Inson shaxsining asl qiyofasi, niyati-ijtimoiy munosabatlarda, munosabatlarning keskinlashuvi va tig’izligi sharoitida namoyon bo’ladi.

Romandagi xronotoplar ketma-ketligi voqealar silsilasining mantiqiyligini ta’minlagan. Har bir xronotopda unga mos kelmaydigan bironta obraz yoki voqealar tasviri yo’q. Dastlab, “Haydovchisiz avtobus” xronotopi – xo’jasiz xalq; Qayerga olib boradi? – “qizil g’ishtli bino” (ikkinchi xronotopga) qizil imperiya qo’l ostiga(zulmga, manqurtlikka); Natija: uchinchi xronotop – “qabr”, ya’ni jamiyatni halokatga, insonni o’limga olib boradi.

Romanning uchinchi hikoyati “Afandining bolaligi” deb nomlanib, unda “Sahro” va “Saroy” xronotoplari qo’llanilgan. “Sahro” xronotopi unda butun hayvonlaru, qurt-qumursqalar ko’p yillardan beri o’zgarishsiz hayot kechirar edi. Barchasi o’z tirikchiligi bilan ovora. Bir kuni sahro xalqiga begona bo’lgan eshshak paydo bo’ladi. Sahrodagi asosiy voqealar hayvonlar o’rtasidagi suhbatdan iborat. Sahro ham oddiy texnik tushuniladigan ma’noda emas balki ramziy ma’no yuklangan xronotopdir. Buni hayvonlarning nutqlaridan ham his qilish mumkin. Aytaylik tulki bilan eshshak diologi:

- Ahmoq ekansan-ku, - dedi unga tulki.

- Sening eshshak ekanligingni o’zimiz ham ko’rib turibmiz. Biz sendan, masalan, oldinlar boshqa birov bo’lganmisan, kimning ruhisan, deb so’rayapmiz.

- Mana, deylik, toshbaqa bir paytlar arbob bo’lgan. Men qozi bo’lganman. Ilon vazir, arslon shoh…sen ham shunaqa birovmiding yoki avvaldan eshshakmisan?....Ayiq.

- Men oldinlar mirshab edim. Haligacha o’sha kunlarni eslab yuraman.

Yozuvchi uslubiga ko’ra hikoya ichida hikoya yaratayotganga o’xshaydi.

Kultepa Saroyi – Kultepada ko’p shoxlar yashab o’tgan, hozir unda Rahimbek degan shox o’tiribdi. Saroyda Rahimbek shox, Rahimbek ikkinchi(shoxning o’gli), bosh vazir, vazirlar, mulozimlar, shoxning aka-ukalari singari siyosiy tuzumning vakillari yashaydi. “Bunda adolatdan ko’ra zulm, to’grilikdan ko’ra munofiqlik, haqiqatdan ko’ra fitna-fasod ustunroq”.3 Mamlakat va xalq taqdiriga oid hukmfarmonlar o’sha joydan o’qiladi. To’g’riso’z, fidoiy bosh vazir shu yerdan turib o’limga mahkum qilinadi. Rahim ikkinchi(shoh) o’z aka-ukalarini saroyga bandi qiladi. Hech kim bilan uchrashtirmaydi, muloqotga kiritmaydi. Tashqari bilan aloqa qildirmaydi. Mamlakatni va xalqni boshqarishda G’ulom singari tullak tulkilarning maslahatiga 3 Jo’raqulov U. Nazariy poetika masalalari. G’.G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. T – 2015, 206-bet. suyanadi. Shoh “adolatpeshaligi” va “saxiyligi” haqidagi barcha yolg’on yashiq afsonalarni tarqatish ham saroydan hukm-farmon oladi. Tullak G’ulom sirli o’lim topadi. Bularning barchasi saroy xronotopi mohiyatiga mos tushadi. Saroyning nomi Kultepa bu esa o’tkinchi zamon xronotopida berilgan.

Badiiy adabiyotni boshqa san’at turlaridan ajratib turadigan asosiy jihati uning obrazli nutqqa egaligi va uning badiiy asar markaziy elementlaridan biri ekanligidir. Chunki yozuvchi niyati va g’oya nutq vositalarisiz amalga oshmaydi. Demak, timsol va obrazlar, portret, peyzaj, ekspozitsiya, badiiy detall, dialog, va monolog kabilar yozuvchi badiiy niyatini amalga oshirishda harakatga keltiruvchi syujet va syujet yo’nalishlarini yaratuvchi muhim adabiy birliklar hisoblanadi.

Adabiyotshunoslikka oid nazariy manbalarda “Simvolik obrazlar – predmetlar , o’simliklar, narsalar, jonivorlar, ranglar orqali ijtimoiy hodisalarni umumlashtirish demakdir. Chunonchi, kabutar – tinchlik ramzi… va hokazo. Simvolik obrazlarning yana bir turi allegorik obrazlar deb yuritiladi. Allegorik obrazlar shu bilan xarakterlanadiki, bunda qush, hayvon, hashorat kabilar insonlarga xos bo’lgan xususiyatga ega qilib ko’rsatiladi… ya’ni insoniylashtiriladi va shu orqali hayotdagi ayrim odamlarning nuqsonlari ustidan kulinadi”.4

“Ming bir qiyofa” romani uchinchi hikoyati “Afandining bolaligi” deb nomlanadi. Hikoyatda afandi, shoh Rahimbek obrazlaridan tashqari eshak, tulki, toshbaqa, ilon, arslon va ayiq obrazlari ham borki, yozuvchi ularni o’zaro suhbatga kiritib muayyan makon va davrdagi ijtimoiy nuqsonlarini umumlashtiradi. Shuningdek, mazkur obraz va voqealar tasviri orqali yozuvchining mazkur zamon voqeligiga pozitsiyasi ham anglashiladi. Egasi(Afandi)ning shoh saroyiga xizmatga bormoqchiligini eshitgan eshak sahroga qochib ketadi: “Sahroda ko’p yillardan buyon hayot hech o’zgarishsiz davom etar, jamiki hayvonlardan tortib, qurt-qumursqalargacha o’z tirikchiligini ko’rib yurar edi…bu yerlarda oldin ko’rinmagan oq bir eshak qayoqdandir paydo bo’lib qoldi… sahrodagi butun hayvonlar-u hashoratlar qiziqib, eshakni o’rab olishdi. Unga angrayib razm solishdi.

- Sen kimsan? – deb so’rashdi ular eshakdan.

- Men eshshakman – dedi eshshak 4 Boboev T. Adabiyotshunoslik asoslari. Toshkent., 2002, 58-bet.

- Ahmoq ekansan-ku, – dedi unga tulki -”. Sening eshshak ekanligingni o’zimiz ham ko’rib turibmiz. Biz sendan, masalan, oldinlar boshqa birov bo’lganmisan, kimning ruhisan, deb so’rayapmiz.

- Qanaqa ruh? – ajablandi eshak.

- Mana, deylik, toshbaqa bir paytlar arbob bo’lgan, men qozi bo’lganman. Ilon vazir, arslon shoh…sen ham shunaqa birovmiding, yoki avvaldan eshshakmisan?

- Men avvaldan faqat eshshakman, - tan oldi eshak…

- Har kimning qismati! Bu gaplardan zig’ircha ozor chekmay – dedi eshak.

- Men avvaldan shunaqa yaratilganman. Odamning xizmatini qilib kelaman. Zodagonlar – kattakonlarga ishim tushmagan. Ko’pincha oddiy, faqr, rag’ib kishilarning kuniga yarayman. Nasriddin degan bola bor. Hozir o’shaning eshagiman.

- Xo’p, bunisi mayli, - dedi vishillab ilon. – Biz odamdan qo’rqamiz. Birga bo’lishimiz qiyin. Odam hech qachon meni qo’yniga solib asramaydi: hattoki arslonni ham qafasga tiqib qo’yadi. Ahmoq bo’lamsang, sen nega egangni tashlab bu yerlarga kelding?!

Eshak qiziq gap qildi:

- Egam, shohning oldiga, Kultepaga boraman, shoh barchamizning otamiz, men unga xizmat qilmoqchiman deb qoldi. Uning rostan bormoqchi ekanligini ko’rib, arqonni uzib qochdim”(“To’rt tomon qibla” 127-bet).

Ushbu dialogni yaratishda yozuvchi ertaklar uslubidan mohirona foydalangan. Dialoglar mazmunidan anglashiladiki, bundagi hayvon obrazlari ham, ularning nutqlari ham shartli obrazlilikni keltirib chiqaradi. Chunki, muallif ushbu dialog orqali badiiy niyatni amalga oshirish uchun maqsadli ravishda qo’llamoqda. Qachonlardir tulkining – qozi, toshbaqaning – arbob, ilonning – vazir, arslonning – shoh, ayiqning – mirshab bo’lganligi, ularning “haligacha o’sha kunlarni eslab yuraman” kabi e’tiroflari muallifning sobiq ittifoq davriga bo’lgan pozitsiyasini ham anglatadi. Ushbu timsoliy obrazlar – o’sha zamon, ya’ni mustabid tuzum hokimiyatining korchalonlari obrazidir. Dialogdan anglashiladiki, endi ular sobiq “saroy”da emas, oddiy xalq orasida yashaydi.

Umuman olganda, roman kompozitsiyasi o’ziga xos uchta hikoyat, 4 ta manzara va bir qancha bo’limlardan tashkil topgan. Kompozitsiyaning asosi bo’lgan syujet har bir hikoyatda alohida bo’lsa ham ularni Abdulla Hakimning ong oqimi bog’lab turadi. Romanning syujet va ifoda uslubi kitobxonning ong oqimiga dialektik inertsiya beradi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Boboev T. Adabiyotshunoslik asoslari. Toshkent., 2002, 58-bet.

2. M.Baxtin.Romanda zamon va xronotop shakllari. “Akademnashr”, Toshkent., 2015

3. Jo’raqulov U. Nazariy poetika masalalari. G’.Gulom nomidagi nashriyotmatbaa ijoduy uyi. Toshkent. 2015.

4. Omon Muxtor. “To’rt tomon qibla” trilogiya. Toshkent. ”Sharq” . 2000- yil.

Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.