ResearcherUz LogoResearcherUz
Посмотреть журнал

TA’LIM JARAYONIDA O‘YIN TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH

Аннотация

Ushbu maqolada  ta’lim jarayonida  o‘yin  texnologiyalaridan foydalanishning o‘ziga xos usullari haqida gap ketadi. Shuning bilan birga  o‘yin  texnologiyalaridan foydalanish jarayonida amalga oshiriladigan amaliy va ijodiy ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar keltirilgan. Hamda o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishda o‘yin  texnologiyalarilarining ahamiyati haqida ham fikrlar bayon qilingan.


Полный PDF документ

Похожие статьи

Текст статьи

TA’LIM JARAYONIDA O‘YIN TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH

Botabaev Quandik Isataevich

Annotasiya : Ushbu maqolada ta’lim jarayonida o‘yin texnologiyalaridan foydalanishning o‘ziga xos usullari haqida gap ketadi. Shuning bilan birga o‘yin texnologiyalaridan foydalanish jarayonida amalga oshiriladigan amaliy va ijodiy ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar keltirilgan. Hamda o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishda o‘yin texnologiyalarilarining ahamiyati haqida ham fikrlar bayon qilingan.

Kalit so‘zlar: o‘yin texnologiyalari, bilim, malaka, ko‘nikma, kommunikativ kompetensiya, bog‘lanishli nutq, fikriy hujum, yalpi fikriy hujum, fikrlarning shiddatli hujumi.

XXI asr fan va texnika asridir. Bu asr o‘quvchisi fan va texnikaning eng oxirgi yutuqlariga tayangan holda o‘z bilim va iqtidorini oshirib borishi lozim, jumladan, eng so‘ngi axborot texnologiyalari: kompyuter, undagi internet tizimi bilan bemalol ishlasha oladigan bo‘lmog‘i kerak. Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi islohatlarning asosini pedagogika sohasidagi islohotlar tashkil qiladi. Chunki, ma’naviy qadriyatlarni ilm-fan va taraqqiyot yutuqlari yanada boyitadi. Pedagoglarning ma’naviy-ma’rifiy islohatlarning ijtimoiy mohiyatini chuqur anglashi ularning kasbiy burch, vazifalarini yanada oydinlashtiradi, pedagogik faoliyatning jamiyatdagi rolini oshiradi.

Adabiy ta’lim tizimida yosh avlodni yuksalayotgan demokratik jamiyat talablariga mos tarzda milliy va huquqiy ongini, madaniyatini tarkib toptirish har bir fan o‘qituvchisining kasbiy faoliyatida insoniy munosabatlarni qaror topishida ustivor yo‘nalish bo‘lmog‘i lozim. Har jihatdan muhim ahamiyatga molik bo‘lgan global masalalarni hal etishda adabiy ta’limda innovatsion texnologiyalardan o‘rinli foydalanish muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy ta’limni tashxis etishga qo‘yiladigan muhim talablardan biri ortiqcha ruhiy va jismoniy kuch sarf etmay, qisqa vaqt ichida yuksak natijalarga erishishdir. Qisqa vaqt orasida muayyan nazariy bilimlarni o‘quvchilarga yetkazib berish, ularda ma’lum faoliyat yuzasidan ko‘nikma va malakalarni hosil qilish, shuningdek, o‘quvchilar faoliyatini nazorat qilish, ular tomonidan egallangan bilim, ko‘nikma hamda malakalar darajasini baholash o‘qituvchidan yuksak pedagogik mahorat hamda ta’lim jarayoniga nisbatan yangicha yondashuvni talab etadi.

Pedagogik texnalogiya o‘z mohiyatiga ko‘ra subyektiv hususiyatga ega, ya’ni, har bir pedagog ta’lim va tarbiya jarayonini o‘z imkoniyati, kasbiy mahoratidan kelib chiqqan holda ijodiy tashkil etishi lozim. Qanday shakl, metod va vositalar yordamida tashkil etilishidan qat’iy nazar pedagogik texnologiyalar:

- pedagogik faoliyat (ta’lim–tarbiya jarayonining) samaradorligini oshirishi;

- o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni qaror toptirishi;

- o‘quvchilar tomonidan o‘quv predmetlari bo‘yicha puxta bilimlarning egallanishini ta’minlashi;

- o‘quvchilarda mustaqil, erkin va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishi;

- o‘quvchilarning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqara olishlari uchun zarur shart – sharoitlarni yaratishi;

- pedagogik jarayonda demokratik va insonparvarlik g‘oyalarining ustivorligiga erishishini kafolatlashi zarur.

Pedogogika texnalogiyalardan majburan foydalanish emas. Aksincha, tajribali pedagoglar tomonidan asoslangan yoki ular tomonidan qo‘llanilayotgan ilg‘or texnalogiyalardan bolani ijodiy rivojlantirish maqsadida foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Bugungi kunda bir qator rivojlangan mamlakatlarda o‘quvchilarning o‘quv va ijodiy faolliklarini oshiruvchi hamda ta’lim–tarbiya jarayonining samaradorligini kafolotlovchi pedagogik texnalogiyalarni qo‘llash borasida katta tajriba to‘plagan bo‘lib, ushbu tajriba asoslarini tashkil etuvchi metodlar interfoal metodlar nomi bilan yuritilmoqda. Quyidagi ta’lim amaliyotida foydalanilayotgan interfoal metod va usullardan bir nechtasining mohiyati va ulardan foydalanish borasida so‘z yuritamiz.

“Fikriy hujum” metodi. A.F.Osborn tomonidan tavsiya etilgan bo‘lib, uning asosiy tamoyili va shartli mashg‘ulot (bahs)ning har bir ishtirokchisi tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan fikrga nisbatan tanqidni mutlaqo taqiqlash, har qanday luqma va hazilmutoyibalarni rag‘batlantirishdan iboratdir. Bunday ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning mashg‘ulot (bahs) jarayonidagi erkin ishtirokini ta’minlashdir. Ta’lim jarayonida ushbu metoddan samarali va muvafaqqiyatli foydalanish o‘qituvchining pedagogik mahorati va tafakkur ko‘lamining kengligiga bog‘liq bo‘ladi. “Fikriy hujum” metodidan foydalanish chog‘ida o‘quvchilarning soni 15 nafardan oshmasligi maqsadga muvofiqdir.

“Yalpi fikriy hujum” metodi. Ushbu metod. J.Donald Filips tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, uni bir necha o‘n (20-60) nafar o‘quvchilardan iborat sinflarda qo‘llash mumkin.

Metod o‘quvchilar tomonidan yangi g‘oyalarning o‘rtaga tashlanishi uchun sharoit yaratib berishga xizmat qiladi. Har biri 5 yoki 6 nafar o‘quvchilarni o‘z ichiga olgan guruhlarga 15 daqiqa ichida ijobiy hal etilishi lozim bo‘lgan turli xil topshiriq yoki ijodiy vazifalar beriladi. Topshiriq va ijodiy vazifalar berilgan vaqt ichida ijobiy hal etilgach, bu haqida guruh a’zolaridan biri axborot beradi.

Guruh tomonidan berilgan axborot (topshiriq yoki ijodiy vazifaning yechimi) o‘qituvchi va boshqa guruhlar a’zolari tomonidan muhokama qilinadi va unga baho beriladi. Mashg‘ulot yakunida o‘qituvchi berilgan topshiriq yoki ijodiy vazifalarning yechimlari orasida eng yaxshi va o‘ziga xos deb topilgan javoblarni e’lon qiladi. Mashg‘ulot jarayonida guruh a’zolarining faoliyatlari ularning ishtiroklari darajasiga ko‘ra baholab boriladi.

“Fikrlarning shiddatli hujumi” metodi. So‘z yuritilayotgan metod Ye.A.Aleksandrov tomonidan asoslangan hamda G.Ya.Bush tomonidan qayta ishlangan. Metodning mohiyati quyidagichadir: jamoa orasida muayyan topshiriqlarni bajarayotgan har bir o‘quvchining shaxsiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish; o‘quvchilarda ma’lum jamoa (guruh) tomonidan bildirilgan fikrga qarshi g‘oyani ilgari surish layoqatini yuzaga keltirishdan iboratdir.

Yuqorida mohiyati bayon etilgan “Fikrlarning shiddatli hujumi” metodining ijtimoiy, gumanitar va tabiiy yo‘nalishlardagi fanlar yuzasidan tashkil etiladigan mashg‘ulotlar jarayonida birdek muvaffaqiyatli qo‘llash mumkin.

6x6x6 metodi. Ushbu metod yordamida bir vaqtning o‘zida 36 nafar o‘quvchini muayyan faoltiyatga jalb etish orqali ma’lum topshiriq yoki masalani hal etish, shuningdek, guruhlarning har bir a’zosi imkoniyatlarini aniqlash, ularning qarashlarini bilib olish mumkin. “6x6x6” metodi asosida tashkil etilayotgan mashg‘ulotlari har birida 6 nafardan ishtirokchi bo‘lgan 6 ta guruh o‘qituvchi tomonidan o‘rtaga tashlangan muammo (masala)ni muhokama qiladi. Belgilangan vaqt nihoyasiga yetgach o‘qituvchi 6 ta guruhni qayta tuzadi. Qaytadan shakllangan guruhlarning har birida avvalgi 6 ta guruhdan bittadan vakil bo‘ladi. Yangi shakllangan guruh a’zolari o‘z jamoadoshlari guruhi tomonidan muammo (masala) yechimi sifatida taqdim etilgan xulosani bayon etib beradilar va mazkur yechimlarni birgalikda muhokama qiladilar.

Eng muhimi, mashg‘ulot ishtirokchilarining har biri qisqa vaqt (20 daqiqa) mobaynida ham munozara qatnashchisi, ham tinglovchi, ham ma’ruzachi sifatida faoliyat olib boradi.

Ushbu metodni 5, 6, 7 va hatto 8 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lgan bir necha guruhlar shaklida ham o‘tkazish mumkin. Biroq yirik guruhlar o‘rtasida “6x6x6” metodi qo‘llanilganda vaqtni ko‘paytirishga to‘g‘ri keladi. Chunki bunday mashg‘ulotlarda munozara uchun ham, axborot berish uchun ham birmuncha ko‘p vaqt talab etiladi. So‘z yuritilayotgan metod qo‘llanilayotgan mashg‘ulotlarda guruhlar tomonidan bir yoki bir necha mavzu (muammo)ni muhokama qilish imkoniyati mavjud.

“6x6x6” metodidan ta’lim jarayonida foydalanish o‘qituvchidan faollik, pedagogik mahorat, shuningdek, guruhlarni maqsadga muvofiq shakllantira olish layoqatiga ega bo‘lishni talab etadi. Guruhlarning to‘g‘ri shakllantirmasligi topshiriq yoki vazifalarning to‘g‘ri hal etilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. “6x6x6” metodi yordamida mashg‘ulotlar quyidagi tartibda tashkil etiladi:

1. O‘qituvchi mashg‘ulot boshlanishidan oldin 6 ta stol atrofiga 6 tadan stul qo‘yib chiqadi.

2. O‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan 6 ta guruhga bo‘linadilar. O‘quvchilarni guruhlarga bo‘lishda o‘qituvchi quyidagicha yo‘l tutishi mumkin: 6 ta stolning har biriga muayyan obyekt (masalan kema, to‘lqin, baliq, delfin, kit, akula) surati chizilgan lavhani qo‘yib chiqadi. Mashg‘ulot ishtirokchilariga kema, to‘lqin, baliq, delfin, kit hamda akula surati tasvirlangan (jami 36 ta) varaqlardan birini olish taklif etiladi. Har bir o‘quvchi o‘zi tanlagan varaqchada tasvirlangan surat bilan nomlanuvchi stol atrofiga qo‘yilgan stuldan joy egallaydi.

3.O‘quvchilar joylashib olganlaridan so‘ng o‘qituvchi mashg‘ulot mavzusini e’lon qiladi hamda guruhlarga muayyan topshiriqlarni beradi. Ma’lum vaqt belgilanib, munozara jarayoni tashkil etiladi.

4. O‘qituvchi guruhlarning faoliyatini kuzatib boradi, kerakli o‘rinlarda guruh a’zolariga maslahatlar beradi, yo‘l–yo‘riqlar ko‘rsatadi hamda guruhlar tomonidan berilgan topshiriqlarning to‘g‘ri hal etilganligiga ishonch hosil qilganidan so‘ng guruhlardan munozaralarni yakunlashlarini so‘raydi.

5. Munozara uchun belgilangan vaqt nihoyasiga yetgach, o‘qituvchi guruhlarni qaytadan shakllantaradi. Yangidan shakllangan har bir guruhda avvalgi 6 ta guruhning har biridan bir nafar vakil bo‘lishiga alohida e’tibor qaratiladi. O‘quvchilar o‘z o‘rinlarini almashtirib olganlaridan so‘ng belgilangan vaqt ichida guruh a’zolari avvalgi guruhlariga topshirilgan vazifa va uning yechimi xususida guruhdoshlariga so‘zlab beradilar. Shu tartibda yangidan shakllangan guruh avvalgi guruhlar tomonidan qabul qilingan xulosalar (topshiriq yechimlari)ni muhokama qiladilar va yakuniy xulosaga keladilar.

“Juftini bilasizmi?” usuli ham o‘quvchini tez fikrlashga, topqirlikka undaydi. O‘yinni amalga oshirish uchun o‘quvchilarga biror bir til sathida oid birliklarning ma’lum qismi beriladi. O‘quvchilar esa uni to‘plashi lozim bo‘ladi. Mazkur o‘yindan tilning barcha sathlarida foydalanish mumkin. “To‘g‘ri talaffuz”, leksika va morfologiya bo‘limlarida o‘quvchilar tovush, so‘z haqida muayyan bilimga ega bo‘ladilar. Ma’lumki, so‘z turkumlari va so‘zning ma’nolarini bilishning ahamiyati katta. Chunki bu o‘quvchi savodxonligining asoslaridan biridir. O‘qituvchi o‘quvchilarga ma’nodosh so‘zlarga oid bilimlar hosil bo‘lgan shu o‘yinni o‘tkazishi mumkin.

O‘yin musobaqa tarzida ikki o‘quvchi orasida yoki guruhlar o‘rtasida o‘tkazilishi mumkin. Ta’limda mazkur metod va usullar mashg‘ulotlar jarayonidagi faollikni ta’minlash, ularni erkin fikr yuritishga rag‘batlantirish hamda bir xil fikrlash inertsiyasidan ozod etish, muayyan mavzu yuzasidan rang-barang g‘oyalarni to‘plash, shuningdek, ijodiy vazifalarni hal etish jarayonining dastlabki bosqichida paydo bo‘lgan fikrlarni yengishga o‘rgatish uchun xizmat qiladi.

Yuqoridagilardan tashqari didaktik o‘yin va ilg‘or pedagogik texnologiyalarning juda ko‘p usullari mavjud. Bu usullardan o‘quvchining yoshi, psixologik xususiyati, bilim darajasiga qarab foydalanish lozim bo‘ladi. 5-6-7 sinflarda «Aqliy hujum», «Kichik guruhlarda ishlash», «Sinkvoyn», «B,B,B usuli» (Bilar edim, bilishni xohlayman» bilib oldim), «Menga oxirgi so‘zni bering», «Test» usullaridan foydalanish yuqori samara beradi. Yuqori sinflarda ushbu usullar bilan birga «Tanqidiy tafakkur», «Debatlar» (yozma va og‘zaki) «Nuqtai nazaring bo‘lsin», «Har kimga har kim o‘rgatadi», «Kubiklar», «Insert» usullaridan o‘rinli foydalanish dars sifatining yuqori bo‘lishi bilan birga, o‘quvchilarning shaxs sifatida shakllanishda, har qanday sharoitda ham o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lgan erkin fikrlovchi inson bo‘lishida katta yordam beradi.

Demak, didaktik o‘yinlar o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga yordam beradi. Shu orqali o‘tilayotgan mavzuni oson va tez tushunib oladilar. To‘g‘ri tashkil qilingan didaktik o‘yin o‘quvchini dars jarayonining faol ishtirokchisiga aylantiradi, uni zerikishdan va toliqishdan asraydi. O‘quvchilarning fikrlashi, ongi o‘zgarayotgani, mustaqil fikrlash qobiliyati ham shakllanayotgan ta’limdagi yangilanishlar samara bera boshlaganligi natijasi sifatida baholanishi kerak.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Madyarova S. A. va boshq. Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat.- T.:Iqtisod -moliya,2009,240 b.

2. Sayidahmedov N. Yangi pedagogik texnologiyalar.-T.:“Moliya”, 2003 y. – 171 b.

3. Ochilov M. Yangi pedagogik texnologiyalar. – Qarshi, “Nasaf”, 2000 y.-80 b.

4. G`ulomov A. Qobilova B. Nutq o`stirish mashg`ulotlari. Metodik qo`llanma «O`qituvchi », Toshkent 1995.

5.Ne’matov H., G‘ulomov A., Ziyodova T. O‘quvchilar so‘z boyligini oshirish. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma. –T.: O‘qituvchi,1996.

6.Ta`lim jarayonida so`z boyligini oshirishning asosiy omillari. O`zbek tili

6. Hamroev G‘. Ona tili o‘qitishning samarali usullari. - T.:Bayoz, 2018.

7. Rajapova K.M. Nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga tizimli yondashishning ilmiy mеtоdik asоslari (5-7 sinf оna tili darslari misоlida): pеd. fan. bo‘y. fals. dоk. (PhD)) diss. avtоrеf. – Jizzax: 2022.

Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.