TURKIY TIL TAROVATI YOXUD BIR G‘AZAL SHARHI
Fayzullayev Zavqiyjon Qobiljon o’g’li
Samarqand davlat universiteti tayanch doktoranti
Annotatsiya
Mazkur maqolada shoir Asriyning “Sani har ko‘rdugimda…” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azali tahlil etilgan. Maqolada g‘azalning poetikasi haqida so‘z borgan.
Annotation
This article analyzes the poet Asri's ghazal, which begins with the verse "Whenever I see...". The article talks about the poetics of the ghazal.
Tayanch so‘zlar: Asriy, ishq, J.Mir o‘g‘li, g‘azal, Kavsar suvi, tasavvuf, qofiya.
Key words: Asri, love, J.Mir's son, ghazal, Kavsar water, mysticism, rhyme.
Turkiy adabiyot ravnaqida muqaddas islom dini yetakchi mavqeda turadi. Shu sababli ijodkorlar o‘z asarlarida (u xoh nazm bo‘lsin, xoh nasr bo‘lsin) islomiy ta’limot asoslarini yoyishga, bu ta’limot tamoyillariga muvofiq hukm qilishga targ‘ib etganlar. Shu sababli ularning asarlarida bu ruh, bu qarash sezilib turadi. Albatta, muqaddas dinimiz tasavvuf ta’limoti deb atalgan buyuk bir ta’limotning paydo bo‘lishida asosiy manba vazifasini bajardi. Bu esa islom dini yoyilgan xalqlarda tasavvuf adabiyoti deb nomlanadigan badiiy ijodning alohida bir tarmog‘i vujudga kelishiga zamin hozirladi va bu ta’limot vujudga kelgan davrlaridan boshlab bugunga qadar yashab kelmoqda. Adabiyot tarixi shuni ko‘rsatadiki, tasavvuf adabiyoti o‘z taraqqiyoti mobaynida takomilining yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Bu tarix bizga Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Bahovuddin Naqshband, Najmiddin Kubro singari o‘z tariqatiga asos solgan yirik piri murshidlarni, Alisher Navoiy, Bobur, Boborahim Mashrab kabi tasavvuf adabiyoti darg‘alarini ko‘rsatdi.
Turkiy adabiyot nafaqat islomiy yoki Sharq adabiyoti tarixida, balki jahon adabiyoti ravnaqida ham asrlar davomida o‘z uslubi, me’yorlari va taomil hamda takomillari bilan dunyo adabiyotining bir qismi o‘laroq taraqqiy etdi. Biz adabiyotning bu turida (tasavvuf adabiyotida – Z.F) turkiy adabiyot ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk ijodkorlarning ijodlaridan shu davrga qadar bahramand bo‘ldik va bo‘lib kelmoqdamiz. Ammo adabiyotimiz tarixida shunday zotlar o‘tganki, ularning ijodi bugunga qadar o‘rganilmagan, yetarlicha yoritilmagan. Istiqlol bizga bunday ajdodlarimiz ijodi, ularning merosini o‘rganish, tahlil hamda tadqiq qilish imkonini berdi. Shu sababli o‘zga diyorlarda yashagan, u yerlarda ijod qilgan hamda ijodkor sifatida el orasida nom qozongan kishilar badiiy merosini o‘rganish, ularning asarlarini yurtimizga qaytarish, xalqimizga tanishtirish yuzasidan salmoqli ishlar olib borildi.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ko‘p yillik qadriyatlarimizni tiklash qatori o‘zga yurtlarda yashab, xoklari begona o‘lkalarda qolgan vatandoshlarimizni aniqlash, ularning nomini tiklash maqsadida sezilarli ishlar amalga oshirildi va bu jarayon bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgan emas. Shu qatori biz ham Asriy nomini tiklash, uning ijodini o‘rganish hamda ijodkor badiiy merosini xalqimizga yetkazishni maqsad qildik. Asriy bugungi fors diyorida yashagan turkiy ijodkor. U XVII asrda Eronning, asosan, Sheroz va Tabriz shaharlarida istiqomat qilgan. Bugungi davrimizga qadar Asriy ijodi nafaqat alohida tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilmagan, balki uning shaxsiyati haqida ham endigina xabardor bo‘la boshladik. Shularni inobatga olgan holda mazkur maqolamizda, dengizdan tomchi deganlaridek, uning devoniga kiritilgan “Sani har ko‘rdugimda…” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalini tahlil va tadqiq etishga tutindik. Albatta, Asriy boshqa yurt, boshqa zamin, boshqa adabiy muhitda yashab ijod qilgan bo‘lsa-da, boshqa turkiyzabonlar ijodida bo‘lgani kabi uning lirikasida ham turkiy ruh, islomiy qadriyatlar sezilib turadi. Bundan tashqari uning lirikasi bilan tanishish asnosida guvoh bo‘ldikki, Asriy ijodida tasavvufiy ruh, tasavvufiy qarash ustunlik qiladi. Xususan, ijodkor g‘azallarida buni payqash qiyin emas. Ma’lumki, tasavvuf adabiyotida Alloh insonni o‘zini sevdirish uchun yaratgan, deb qaraladi. Shu nuqtayi nazardan yondashganda, bunday mazmundagi asarlarda shaklan majoziy ishq tasvirlansa-da, pirovardida ishqi haqiqiy, ya’ni Yaratganga bo‘lgan muhabbat kuylanadi. Dastlab birinchi bayt sharhiga tutinamiz:
Sani har ko‘rdugimda, boshqo bir olam bo‘lur paydo,
Mana maqsud ulan olam, dur ko‘yinda der: jono.
Ushbu bayt bilan boshlanuvchi g‘azal an’anaviy yetti baytdan tashkil topgan bo‘lib, qofiyalanish shakli a-a, b-a, d-a, e-a ko‘rinishiga ega. Birinchi bayt o‘zaro qofiyalangan bo‘lsa, qolgan baytlarning juft misralari matla’ bilan o‘zaro ohangdoshlik hosil qilgan. Matla’da cho‘ziq unli raviy sifatida qo‘llanilib, muqayyad qofiyani vujudga keltirgan. Asriy devonidan ba’zi she’rlarni saralab, 1946-yilda Tehronda nashr ettirgan eronlik olim J.Mir o‘g‘li she’r sahifalari ostiga bir nechta ma’lumotlarni ilova sifatida keltirib o‘tgan. Xususan, unga ko‘ra bu g‘azal XIII asr Ozariy shoirlaridan Hasan o‘g‘lining mashhur g‘azaliga taqlidan yozilganligi anglanadi1. Oshiqona xarakterga ega bo‘lgan mazkur g‘azalda hijron azobida o‘rtanayotgan oshiqning qalb kechinmalari, dil fig‘onlari, iztiroblari tasvirlanadi.
Dur ko‘yinda der: jono, mana maqsud ulan olam.
Na olam – olami jannat, na jannat – jannati a’lo.
Matla’ va undan keyingi baytda oshiqning ma’shuqani ko‘rgan vaqtidagi holati, bu dunyodagi tilak-muddaosi aniq-ravshan aytib o‘tiladi. Ya’ni yorini ko‘rganda oshiq uchun har safar xuddi yangi dunyo vujudga kelgandek tuyiladi, shuningdek, dunyodan maqsadi ham faqatgina jannat, jannat bo‘lganda ham oliy jannat – Firdavs. Matla’dan keyin g‘azalning maqta’sigacha har bir baytda muallif ruju’ san’atiga murojaat qilgan holda o‘z fikrini ikki karra asoslab, ta’kidlab ifodalaydi. Bundan tashqari birinchi baytning ikkinchi misrasi va ikkinchi baytning birinchi misrasini bir fikrning davomi yanglig‘ tasvirlab, tardi aks san’atini hosil qilgan.
Boshimdan ketmadi hargiz, sani la’lingdagi lazzat,
Na lazzat – lazzati shakkar, na shakkar – shakkari go‘yo.
Gulistoni ruxingdanmi, sari zulfingdagi nakhat?
Ha nakhat – nakhati anbar, na anbar – anbari soro.
Navbatdagi ikki baytda muallif o‘z fikri rivojini davom ettirib sharhi hol qiladi hamda ma’shuqa tasvirini o‘quvchi ko‘z o‘ngida jonlantiradi. Xususan, uchinchi baytda istiora san’ati asosida yorning labi shirinlikda shakarga mengzalib tashbeh qilingan bo‘lsa, keyingi baytda o‘zini bilib turib bilmaslikka oladi, tajohil ul-orifona san’atiga murojaat etib, yor sochining muattarligiga go‘zal yuzini sabab qilib ko‘rsatadi va baytning ikkinchi misrasida uni xushbo‘ylikda anbarga qiyoslaydi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash o‘rinliki, Asriy Sharq adabiyotidagi Ilmi segona – ilmi aruz, ilmi qofiya va ilmi bade’ ilmlarining o‘tkir bilimdoni bo‘lgan va o‘z lirikasida bunga qattiq amal qilgan. Devonidagi g‘azallarni tahlil qilish asnosida bunga shohid bo‘ldik. Ayniqsa, ijodkorning badiiy tasvir vositalaridan foydalanishdagi mahoratini e’tirof etishimiz joiz. Beshinchi baytda esa oshiq qalbidan chiqqan fig‘onlarning yor qulog‘iga yetib bormayotganligidan afsus chekadi:
Ajab, vormazmu go‘shi yora qalbimdan chixon shuyun? 1Asriy “Devon”idan sahifalar (g‘azallar). Nashrga tayyorlovchi J.Mir o‘g‘li. Birinchi nashr. Tehron, “Chamanoro” nashriyoti, 1946.
Na shuyun – shuyuni oshiq, na oshiq – oshiqi shaydo.
Maqta’dan oldingi baytda esa oshiq soqiyga yuzlanib, Kavsar suviga tashna qalbiga muruvvat aylashini istab yozg‘iradi hamda Kavsar suvi yor vasli ma’nosida tushunilar ekan, vasl sifatida esa “vuslati Tanho”, ya’ni Yaratgan vasli nazarda tutiladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda zikr qilingan: “Kavsar jannatdagi daryo bo‘lib, o‘zani dur-u yoqutdan, tuprog‘i miskdan xushbo‘y, suvi asaldan shirin, qordan oqdir. Kim undan bir ichsa, keyin abadiy chanqamaydi2”. Ushbu baytda Alloh taoloning Vohid sifatining forsiy varianti Tanho berilgan:
Muruvvat ayla ey soqi! Dahonim tashnayi Kavsar,
Na Kavsar – Kavsari vuslat, na vuslat – vuslati Tanho.
Oshiqona mazmunga ega bo‘lgan lirika namunalari bilan tanishish chog‘imizda guvoh bo‘lganmizki, bunday asarlarda obi Kavsar yor vasliga tashna oshiq hijron kechinmalariga darmon sifatida qaraladi. Mazkur baytdan g‘azalning umumiy xususiyati ilohiy ishq ekanligini fahmlash mumkin. Maqta’ ham alohida e’tiborni tortadi:
Nadan dilxastasan, Asriy! Yonar ko‘nglunda bir otash,
Na otash – otashi xohish, na xohish – xohishi bejo.
So‘nggi baytda muallif o‘ziga murojaat etib, dilxastalikning sababini so‘raydi va ko‘nglidagi ishqning bemaqsad emasligini urg‘ulaydi. Mening bu istagimni o‘rinsiz bejo, ya’ni bemaqsad urinish deb bilma, uning ostida ulug‘ maqsadim bor, degan fikrni ilgari suradi shoir. Mana, shoirning birgina g‘azali sharhi bizni u bilan g‘oyibona yaqinlashtirdi va Asriy ijodi bilan biroz bo‘lsa-da tanishish imkonini berdi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Asriy ijodi turkiy adabiyot tarixida yangi bir xazina o‘laroq kashf etilishga muhtoj. Biz esa ushbu xazina eshiklaridan endigina kirib boshladik, xolos. Uning yuqoridagi birgina g‘azali biz uchun katta xazinadan kichik bir zar sifatida tahlil etildi. Keyingi vazifa esa shoir ijodini katta bir tadqiqot obyekti sifatida o‘rganish hamda bu merosni butun xalqimizga tanitish bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Asriy “Devon”idan sahifalar (g‘azallar). Nashrga tayyorlovchi J.Mir o‘g‘li. Birinchi nashr. – Tehron, “Chamanoro” nashriyoti, 1946. 2“Tafsiri hilol”. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, 6-juz, Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 2009, 548-b.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri hilol”. 1-6-juzlar, 6-juz. – Toshkent, “Sharq” nashriyoti, 2009, 548-b.
3. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati. To‘rt tomlik, I tom.– Toshkent, 1983, 90-b.
4. M.Abdusamatov, Fors tili. – Toshkent, “O‘qituvchi” nashriyoti, 1971.
5. Анвар Ҳожиаҳмедов. Мумтоз бадиият малоҳати. – Тошкент, “Шарқ”, 1999.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.