UNIB O‘SGAN O‘Z YURTINGDAN AYRILMA
Shabbazova Nodira Xamzayevna
Termiz davlat universiteti Adabiyotshunoslik: o‘zbek adabiyoti mutaxassisligi
2- bosqich magistranti
Annotatsiya: Ushbu maqolada iste’dodli turkman shoiri Maxtumqulining hayot yo‘li, Firog'iy taxallusini tanlashiga sabab bo‘lgan omillar, o‘zbek-turkman xalqlarining mushtarak aloqalariga bir nazar tashlandi.
Kalit so‘zlar: Maxtumquli hayoti, she’rlari, vatanparvarlik, shoir ijodiga o‘zbek xalqining chuqur ehtiromi, Firog’iy, ayriliq.
Аннотация: В данной статье рассмотрен жизненный путь талантливого туркменского поэта Махтумкули, факторы, побудившие его выбрать псевдоним Фироги, а также общие связи между узбекско-туркменскими народами.
Ключевые слова: жизнь Махтумкули, стихи, патриотизм, глубокое уважение узбекского народа к творчеству поэта, Фироги, разлука.
Abstract: This article examines the life path of the talented Turkmen poet Magtymguly, the factors that prompted him to choose the pseudonym Firogi, as well as the general ties between the Uzbek-Turkmen peoples.
Key words: life of Magtymguly, poetry, patriotism, deep respect of the Uzbek people for the work of the poet, Firogi, separation.
KIRISH
Atoqli turkman shoiri Maxtumquli Markaziy Osiyo xalqlari, jumladan o‘zbek xalqining qalbida chuqur iz qoldirgan. Uning qo‘shiqqa aylangan she’rlarini bilmagan o‘zbek yo‘q. Maxtumquli Firog’iy ijodiga, uning boy adabiy merosiga o‘zbek xalqida qiziqish katta. Buning isboti tarzida, har yili u tug’ilgan sana Yurtboshimiz tashabbuslari bilan yurtimizda keng miqyosda nishonlanadi. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, “Beqiyos so‘z san’atkori Maxtumquli Firog’iy nafaqat turkman xalqiga, ayni paytda butun Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek xalqiga ham birdek aziz va qadrli siymodir. Maxtumqulining biror she’rini bilmaydigan o‘zbek, yurtimizda uning kitoblari, qo‘shiqlari kirib bormagan biror xonadon yo‘q, desak, yanglishmagan bo‘lamiz”.[1, 367.] Bu yil Maxtumquli tavalludining 300 yilligini O‘zbekistonda koʻtarinki tarzda nishonlanishi ko‘zda tutilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Qarori imzolandi. Qarorda tashkiliy qo‘mita tuzilib, Maxtumqulining Tanlangan asarlari hamda uning ilmiy merosiga oid ilmiy maqolalar chop etilishi, spektakllar sahnalashtirilib, badiiy filmlar yaratilishi, “Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi” respublika tanlovini o‘tkazish, tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini tashkil qilish, “Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish ko’zda tutilgan.
Atrek daryosi sohilidagi Hoji-Govshan qishlog’ida dunyoga kelgan ulug’ turkman shoiri Maxtumquli badiiy so‘zni e’zozlagan, ma’rifatli oila farzandi edi. Otasi Davlatmamad juda qobiliyatli, ma’rifatli inson bo‘lgan. Maxtumqulining bobosi Maxtumquli (Maxtumquliga bobosining ismini qo‘yishgan edi) ham adabiyotga qiziqishi kuchli bo‘lib, she’r yozishga havasmand inson bo‘ladi. Shoirning bobosida she’r yozishga havasgina bo‘lsa, otasi Davlatmamad esa haqiqiy turkman shoiri bo‘lib, Ozodiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. Uning qariyb 6 ming misradan iborat pandnasihat mazmunidagi “Vaz’i ozod” (“Ozod vaz’i”) nomli dostoni saqlanib qolgan. Bu asarlar Ozodiyning forsiy (voqean, u yaxshigina shohnamaxon bo‘lgan) va turkiy adabiyotdan, xususan, Alisher Navoiy ijodidan yetarli darajada xabardorligini ko‘rsatadi. [2, 4.] Shu sababdan, bevosita Maxtumqulining Navoiy ijodiga mehrini otasi uyg’otgan desak, shubha qilmagan bo‘lamiz. Maxtumquli dastlabki ta’limni ovulida otasidan oladi. So‘ngra 6 yoshida qishlog’idagi Niyozsolih mulladan ta’lim oladi. Maxtumquli Xalach atrofining Qiziloyoq qishlog’idagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg’oziy madrasalarida o‘qiydi. Nizomiy Ganjaviy, Firdavsiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy kabi taniqli shoirlar ijodini chuqur o‘rganadi. O‘qishi davomida boshqa tengdoshlaridan o‘zining aqli, bilim salohiyati, o‘ta ziyrakligi va teran fikrlashi bilan ajralib turgan. Alisher Navoiyning ijodiga katta qiziqish bilan qaraydi, Navoiyni o‘ziga ustoz deb biladi. Maxtumquli 6 yoshidan she’rlar yoza boshlaydi. Yozgan she’rlariga Firog’iy- “ayriliq” deb taxallus qo‘yadi. Maxtumqulishunoslar Maxtumquli bu taxallusni qo‘llashining asosiy sababi yaqinlaridan judo bo‘lib, hayoti davomida ko‘plab ayriliqlarga uchraganini ta’kidlashadi. [3, 140.] Dastavval shoir ikki akasidan, so‘ngra otasi va ikki o‘g’lidan ayriladi. Akalari Abdulla, Mamatsafodan ayrilig’i shoirning “ Kelmadi” she’rida bayon qilingan:
Yuki-ko‘chi bilan ketdi Abdulla,
Hamma ketgan keldi, bular kelmadi,
Mamatsafo ketdi yordam bermoqqa,
Uzatganlar keldi, bular kelmadi.[4, 9.]
Turkman xalqi tarixining eng og’ir va eng notinch sharoitida yashagan Maxtumquli akalari Abdulla va Mamatsafolar Chovdirxon boshchiligida Afg’onistonga Ahmadshoh huzuriga vakil qilib yuboriladi va dushmanlar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldiriladi. She’rida shoir hamma ketganlar keldi, lekin akalari uyiga qaytib kelmaganligini, bu xolat esa shoir qalbini iztirobga solganligi tasvirlaydi. Shoir yaqinlarini yo‘qotish qanchalar azob ekanligini sodda so‘zlar ila bayon qilgan. Shoirning otasidan ayrilig’i azobi “Ozodim qani” she’rida aks etgan:
Falak, izlar edim, sen duchor bo‘lding,
Ko‘zimning ravshani – Ozodim qani?
Yuragim sug’urib itlarga berding.
Shahrimning sultoni – Ozodim qani?
Shoir falakdan ko‘zini nuri, shahri sultoni otasi qayerdaligini so‘rab, nola qiladi. Otasidan judo bo‘lganidan so‘ng, butun bir oila tashvishi Maxtumqulining zimmasida qoladi, chunki otasidan oldin ikki akasi vafot etadi. Katta oilaning barcha yuki shoir gardaniga tushadi. Maxtumquli mudarrislik, ota bobosidan qolgan to‘qindo‘zlik, temirchilik, zargarlik kasblarini o‘rganadi va shu kasblarni mohir ustasi bo‘lib yetishadi. Otasidan keyin ro‘zg’or yuritishda shu kasblar unga qo‘l keladi.
Shakar edi, zahar bo‘ldi so‘zlarim,
Za’farondek sarg’ayibdur yuzlarim,
Quvvat ketdi, xiralandi ko‘zlarim
Minbarim azoni – Ozodim qani?[5, 11.]
Shoir otasining o‘limidan so‘ng shakar so‘zlari zahar bo‘lganligini, ranglari sarg’ayib, tanasidan quvvat ketib, ko‘zlari xiralashganini, azoni minbari Otasi qayerda ekanligini falakdan so‘rab, fig’on chekadi. Sababi otasi uni hayot yo‘lini yoritgan mash’ala edi, otasi bilan hamfikr edi. Otasining bevaqt o‘limi yosh shoirni qayg’uga soladi. She’rda shoir ichki kechinmalari, dard-iztiroblari aks etgan. Shuningdek, shoir she’rida o‘xshatish san’atidan ham chiroyli foydalangan. Yuzini sarg’ayishini za’faron o‘simligiga o‘xshatadi. Shoir she’rlarida badiiy san’atlardan mohirona foydalangan. Shoirga yaqinlarini yo‘qotishi qattiq ta’sir qiladi. Ayniqsa, sevgan yoriga moddiy qiyinchiliklar tufayli yetisha olmaganidan qiynaladi. Buni quyidagi misralarida yaqqol sezishimiz mumkin:
Jon halqumga keldi, yondim, yorildim
Bag’ishlasang netar, yorni, ey falak!
Nachog’liq sevishdim, bevaj ayrildim,
Bag’ishlasang netar, yorni, ey falak!
Shoir yoridan ayrilib joni halqumiga kelib, yondim, yorildim deb azoblanadi. Qanchalik sevib, sababsiz ayrilganini nola qilib, falakdan yorni bag’ishlasang nima qiladi? deb murojaat qiladi. Aslida, falak timsolida Allohga murojaat qiladi.
Maxtumquli, dunyo eski jahondir,
Sevishmaklik bu dasturi zamondir.
Gunohim ko‘p bo‘lsa, karaming kondir,
Bag’ishlasang netar, yorni, ey falak! [6, 139.]
Shoir gunohlari uchun Allohdan kechirim so‘raydi, Uning keng karamidan umidvor bo‘ladi. Shoir Maxtumquli sevgan yoriga she’rlari orqali nazmiy haykal qo‘ygan yetuk qobiliyat egasi desak, mubolag’a qilmagan bo‘lamiz. Maxtumqulining barcha she’rlarida tasavvufona ohanglarni ko‘ramiz. Naqlga ko‘ra, Maxtumqulining ilk she’ri “Turgil, dedilar” manzumasidir. Shoir she’rda Alloh taolo ato etgan ma’naviy ikromni shukrona va hissiyot bilan bayon etadi:
Bir kecha yotardim, tunning yarmida, To‘rtta otliq kelib, "Turgil!", dedilar, “Xabar bergaydirmiz fursat yetganda, Bul yerda erlar bor, ko‘rgil!” dedilar. Nazarim tushganda ul to‘rt mardona, Ko‘nglim jo‘sha keldi, boshim gardona,
deya shoir ma’no olamida erlar – valiy zotlarni ko‘rib, ko‘ngli jo‘sh urib, boshi aylanganini aytib, his-hayajonini izhor etadi. Ma’no olamidan Maxtumquliga insonlarni she’r bilan Haqqa da’vat etish izni va iste’dodi berilgani manzuma zamirida ifodalangan. Bu “O‘g‘lon, Alloh yoring, borgil, dedilar” satridan ham anglashiladi. [7, 3-4.]
Maxtumquli bir qancha lirik she’rlar, lirik-epik dostonlar, g’azal va muxammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, didaktik ruhdagi 10 ming misradan ortiq she’rlari yetib kelgan. Maxtumqulining «Bo‘lmasa», «Kelgay», «Bilan», «Naylayin», «Etmas», «Bular», «Ketdi zamona» va boshqa bir qator she’rlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, o‘z davrining muhim ijtimoiysiyosiy hodisalari, shoirning ichki kechinmalari teran ifoda etilgan.
Maxtumquli turkman xalqini hamjihat bo‘lishini xohlaydi, turkman beklarini birlashishga chorlaydi, markazlashgan turkman davlatini tuzishga urinadi. Har bir she’rlarida turkman xalqini ahil bo‘lib, yakdil bo‘lishga chaqiradi. Maxtumquli she’rlarining tag zamirida xalqining ahvoliga achinishini his qilasiz. Har bir she’rlarida dard seziladi, shuning uchun ham shoirning ko‘p she’rlari mashhur san’atkorlar tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan. Shoir she’rlari tili sodda va tushunarli bo‘lib, barcha xalqlar tomonidan sevib o‘qiladi.
Maxtumquli dunyo kezib, koʻp yurtlarda bo‘ladi, musofirlik, faqirlik g’urbatini chekadi, o‘z Vatanini sog’inadi. Vatan sog’inchiga atalgan she’rlarida shoir o‘z yurtini sevish, undan ayrilmaslik to‘g’risida nasihatlar qiladi. Shoirning shunday nasihatga boy bir she’rini keltirib o‘tishni joiz deb bildim:
Mastona yurguncha g’ayr yurtinda,
Unib – o‘sgan o‘z yurtingdan ayrilma.
Mag’rur kaklik kabi nafsing yo‘lida,
Doma tushub, qanotingdan ayrilma.[8, 4.]
O‘zga yurtdan o‘zing tug’ilib o‘sgan o‘z yurting afzalligini, yurtingdan ayrilib, kaklik kabi nafsning quli bo‘lib, aldanib, qanotingdan ayrilib qolma deb shoir nasihat qiladi. She’rlari orqali buyuk adabiy meros qoldirgan Maxtumquli turkman xalqining istiqboli uchun yondi, turkman eli ravnaqi uchun joninida berishga tayyor edi.
XULOSA
Maxtumquli she’rlarining tag zamirida asosiy g’oya xalqining orzu-umidlarini, or-u nomusini madh qildi. Maxtumquli she’rlari o‘zbek adabiyotshunoslari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilyapti. Uning ayriliq taxallusini qo‘lashida nimalar sabab bo‘lgani shoir ijodi shinavandalari uchun qiziq. Shu sababdan, uning yaqinlari yo‘qotishiga oid she’rlari tahlilga tortildi. Bu o‘rganilganlar aslida Maxtumquli ijodidan bir tomchi, xolos. Uning adabiy merosini o‘rganish, she’rlaridan dinimiz mazmun- mohiyatini anglash butun turk xalqi uchun, xususan biz o‘zbek xalqi ixlosmandlari uchun yuksak sharaf tuyg’usini uyg’otadi. Pandu nasihatga boy she’rlari bizni yanada jo‘shqinlikka undaydi. Zero, ajdodlari merosini chuqur bilmagan avlod tanazzulga uchrashi muqarrar.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Мирзиеев Ш.М. Миллий тараққиёт йулимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. Тошкент.: “Ўзбекистон”, 2017, - Б, 367.
2. Қурбанов Т. “Беркарар девлет ислерин” // Махтумкули-250 (Научние доклад статьи и сообшение о поэте). – Ашхабад, 1989, С, 140.
3. Maxtumquli Dunyo o‘tib boradir she’rlar. T: Sharq nashriyoti, 2007, 4- bet.
4. Kerboboyev B. Maxtumquli drama. Komil Yashin Asarlar, Oltinchi jild, Tarjimalar. T: G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti,1980, 139- bet.
5. Shomuhamedov Sh. Maxtumquli she’riyatidan, T: 1976, 9-11- betlar.
6. Kenjabek M. Saylanma. Maxtumquli-valiy shoir. www.ziyouz.com, 2007, 3-4-bet.
7. Maxtumquli- Firog’iy. Saylanma. T.: O‘zbekiston, 2008, 4- bet.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.