XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA
XALQ TABOBATINING DOLZARB MUAMMOLARI
Safarova Saodat
Toshkent Kimyo Xalqaro universiteti, tibbiyot fakulteti,
Toshkent, O‘zbekiston. Xalq tabobati muqobil tibbiyotning bir qismi bo’lib, u xalqdan avlodga o’tib kelayotgan kasalliklar, davolash usullari va vositalari to’g’risidagi bilimlarni o’z ichiga oladi. Xalq tabobati atamasi milliy an’analarga qarab: ikki xil ma’noda qo’llaniladi. 1. Turli xalqlar orasida uzoq vaqt davomida qo’llanilgan tibbiyot “ an’anaviy tibbiyot” atamasi bilan sinonimdir. 2. An’anaviy tibbiyot- klassik tibbiyot, rasmiy tibbiyot, amaliy tibbiyot tushunchalarini ham beradi. Bugungi kunda bir qator mamlakatlarda zamonaviy tibbiyot va xalq tabobati integratsiyalashuvi konsepsiyasi ommalashmoqda hamda integrativ tibbiyot kelajak tibbiyoti boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Professor Umberto Solimenening fikricha, anʼanaviy xalq tabobatini oʻzida mujassamlashtirgan, integratsiyalashgan tibbiyot – kelajak tibbiyotidir. Ammo zamonaviy tibbiyot va xalq tabobati o‘rtasida katta tafovut bor. Buning asosiy sabablaridan biri – mazkur soha mutaxassislarini tayyorlash bilan bog‘liq. Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida xalq tabobati bilan bog‘liq ta’lim berilmaydi. Shu bois bo‘lg‘usi shifokorlar xalq tabobatining davolash usullari bo‘yicha yuzaki bo‘lsa ham tasavvurga ega emaslar. Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish doirasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida xalq tabobati usullaridan foydalanishning huquqiy bazasi shakllantirildi. O‘zbekiston xalq tabobati assotsiatsiyasi tashkil etilib, xalq tabobatining usullari va yutuqlarini samarali va xavfsiz tarzda qo‘llash uchun birinchi navbatdagi shart-sharoitlar yaratildi. Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e’tirof etildi. Ammo shunga qaramay, aholining soddadil, ishonuvchan ekanligidan, qonunchiligimizda xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini ko‘rsatganlik, shuningdek xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish evaziga ko‘rsatganlik uchun javobgarlik choralari nazarda tutilmaganidan foydalanib, daromad orttirishni maqsad qilgan soxta tabiblar paydo bo‘la boshladi. Bunga sabab – uzoq yillar davomida xalq tabobati sohasi o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, ijtimoiy fanlar doirasida ushbu hodisaning ilmiy jihatdan tadqiq qilinmagani va qonunchilikdagi bo‘shliq mamlakatimizda tabib niqobi ostidagi firibgarlar, ya’ni «soxta tabib»lar ko‘payishiga sharoit yaratdi. Qonunchilikda biror bir talablar o‘rnatilmagani sababli xohlagan soha vakillari tabiblikka da’vogarlik qila boshladi. Natijada haqiqiy tabib bilan soxta tabibni ajratib olishning imkoni bo‘lmay qoldi. Yana bir muammo – xalq tabobatida muayyan bir kasallikni davolashda turli xil usul va vositalardan foydalaniladi, shuningdek, har bir tabib davolashga individual asosda erkin va ijodiy yondashadi. Zamonaviy tibbiyotda esa davolash tegishli tartibda
“FARMAKOLOGIYA, FARMATSEVTIKA VA XALQ TABOBATI
DOLZARB MUAMMOLAR VA INNOVATSIYALAR”
tasdiqlangan qat’iy standartlar va protokollar asosida amalga oshiriladi, bunda shifokor mustaqil harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Standartni buzsa, javobgarlik muqarrar. Lekin, hamma bemorlarga bir xil standartni qo‘llash ham ijobiy samara bermaydi. Chunki har bir inson tanasi har xil mizojga ega bo‘lishi mumkin. Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda xalq tabobati zamonaviy tibbiyotga qo‘shimcha sifatida rasmiy maqomga ega bo‘ldi. Bu katta yutuq, lekin fikrimcha, xalq tabobati bu zamonaviy tibbiyotga qo‘shimcha emas, balki kasalliklarning oldini olish, profilaktika qilish, tashxis qo‘yish va davolashning muqobil (alternativ) tizimi sifatida rasmiy maqomga ega bo‘lishi lozim. Shundagina har ikkala tizim o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi mumkin.
Текст распознан автоматически из PDF и может содержать неточности.