← Himoya eʼlonlariFan doktori (DSc)

Pulatov Alim Salimovichning texnika fanlari doktori (DSc) dissertatsiya himoyasisiz Web of Science va Scopus xalqaro tizimlariga kirgan ilmiy jurnallardagi maqolalari asosida himoyasi haqida e’lon

Umumiy maʼlumotlar

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi)
Sug‘oriladigan dehqonchilikda resurs tejamkor texnologiyalarining ilmiy asoslari, 11.00.05 – Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam
B2023.1.DSc/T601.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi PhD.03/30.12.2019.T.10.08 raqamli Ilmiy kengash.
Dissertatsiya yo‘nalishi
Texnika yo‘nalishi. Nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

Tadqiqotning maqsadi

sug‘oriladigan dehqonchilikda tuproq, suv, energiya, uglerod, biologik va mehnat resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlovchi resurstejamkor texnologiyalar, ixtisoslashtirilgan texnika, raqamli dehqonchilik yondashuvlari hamda atrof-muhitni muhofazasiga qaratilgan muhandislik yechimlarini integratsiyalash asosida ularning ilmiy-amaliy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi

Orol dengizi havzasining sho‘rlangan sug‘oriladigan yerlarida resurstejamkor dehqonchilik texnologiyalarining ekologik samaradorligi asoslanib, doimiy pushtalar tizimi tuproqda tuz to‘planishini 67,1 foizdan 27,8 foizgacha kamaytirishi va organik moddalar miqdorini 25–33 foizga oshirishi, natijada tuproq degradatsiyasini cheklash va agroekotizimlar ekologik barqarorligini ta’minlashi aniqlangan.

Sho‘rlangan sug‘oriladigan yerlarda g‘o‘za va qand lavlagini qator oralab yetishtirishning resurstejamkor texnologiyasi ilk bor ilmiy asoslanib, bioko‘mirning optimal me’yori 10 t/ga ekanligi aniqlangan hamda tomchilatib sug‘orish va plyonkali mulchalashning tuproq sho‘rlanishini kamaytirish, namlikni saqlash va ekologik barqarorlikni oshirishdagi samaradorligi asoslangan.

Urug‘larning holatini geobog‘langan koordinatalarda aniqlash uslubiyati hamda ekish chuqurligini avtomatik boshqarish qurilmasi ishlab chiqilib, natijada tuproqning ortiqcha mexanik buzilishini kamaytirish, urug‘lik va energiya resurslarini tejash hamda agroekotizimlarning ekologik barqarorligini ta’minlash imkoniyati yaratilgan ((XXR patenti CN 118339983 B).

Oʻsimlik qoplami haroratining tuproq shoʻrlanishi bilan statistik ahamiyatli bogʻliqligi ilk bor aniqlangan (p < 0,01). Bu bogʻliqlik avval Oʻzbekistonda, soʻngra Avstraliyada MODIS va Landsat maʼlumotlari asosida topilgan. Shu asosda shoʻrlanishni sunʼiy yoʻldosh termografiyasi orqali baholash usuli asoslangan.

Tuproq shoʻrlanishining dinamik global xaritalarini yaratish usuli ishlab chiqilgan. U asosida dunyoda shoʻrlangan tuproqlar maydoni 1988–2016-yillarda 153,8 mln gektarga (16,8%) koʻpayganligi ilk bor aniqlangan.

Qishloq xo‘jaligi qurg‘oqchiligi xavfini baholashda KDE usulini qo‘llash ilmiy jihatdan asoslanib, Markaziy Osiyoning qurg‘oqchilikka yuqori darajada moyilligi aniqlangan hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik xavflarni kamaytirish bo‘yicha ilmiy asoslar ishlab chiqilgan.

Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi

Doimiy pushtalarda ekin yetishtirishning resurstejamkor texnologiyasi Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga joriy etilgan. Mazkur texnologiyani qo‘llash natijasida bug‘doy hosildorligi 9,2-58,6 foizga oshgan, qishloq xo‘jaligi texnikasidan foydalanish soni va yoqilg‘i sarfi bilan bog‘liq xarajatlar qariyb ikki baravarga qisqargan hamda har bir gektar hisobiga 107 AQSh dollarigacha bevosita iqtisodiy samaraga erishilgan. Shuningdek, TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetida tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish seyalkalari Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklarida qo‘llanilgan hamda ularning patentlangan konstruktiv yechimlari asosida tegishli buyum va mexanizmlar O‘zbekiston Respublikasidagi ishlab chiqarish korxonalarida tayyorlangan. Mazkur texnologiya va texnik vositalarning joriy etilishi tuproqqa mexanik ishlov berish sonini kamaytirish, uning tabiiy strukturasini saqlash, eroziya jarayonlarining oldini olish, tuproq namligini muhofaza qilish, yoqilg‘i-energetika resurslari sarfini qisqartirish hamda atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga xizmat qilgan. Natijada sug‘oriladigan dehqonchilikda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, agroekotizimlarning ekologik barqarorligini ta’minlash, atrof-muhitga salbiy antropogen ta’sirni kamaytirish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining iqtisodiy hamda ekologik samaradorligini oshirishga erishilgan (O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi 2022 yil 29 dekabrdagi 03-02/7-4082-sonli ma’lumotnomasi).

Ekologik juhatdan resurs tejamkor aniq ekish qurilmasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga Xitoy Xalq Respublikasining patenti olingan. Mazkur qurilma Tsindao qishloq xo‘jaligi universiteti hamda TIQXMMI Milliy tadqiqot universitetining EkoGIS markazi tajriba dalalarida sinovdan o‘tkazilib, ijobiy natijalar bergan. Qurilmaning qo‘llanilishi urug‘larni belgilangan me’yor va chuqurlikda aniq joylashtirish, ekish jarayonida urug‘lik va energiya resurslari sarfini kamaytirish, tuproqqa ortiqcha mexanik ta’sir ko‘rsatishning oldini olish hamda ekish ishlarining sifatini oshirish imkonini bergan. Natijada resurstejamkor dehqonchilik texnologiyalarini takomillashtirish, tuproq unumdorligini saqlash va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi texnik yechim amaliy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazilgan. (Xitoy Xalq Respublikasining CN 118339983 B-sonli patenti)

sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanish darajasini baholash, ekin maydonlarini aniqlash va tasniflashga qaratilgan matematik modellar, uslubiyatlar, algoritmlar hamda dasturiy vositalar ishlab chiqilgan. Shuningdek, masofadan zondlash ma’lumotlari va spektral indekslar asosida yerlarning meliorativ holatini baholash aniqligini oshirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlangan. Mazkur ishlanmalar ekin maydonlarini tezkor inventarizatsiya qilish, tuproq sho‘rlanishining hududiy tarqalishini aniqlash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni rejalashtirish hamda yerlarning ekologik-meliorativ holatini monitoring qilish imkonini beradi. Natijada sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrash xavfini kamaytirish, tuproq unumdorligini saqlash, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va agroekotizimlarning ekologik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi ilmiy-uslubiy asoslar yaratilgan (O’zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi 2022 yil 29 dekabrdagi 03-02/7-4082-sonli ma’lumotnomasi).

Manba: oak.uz — eʼlon №1001192. Eʼlon OAK rasmiy saytidan avtomatik olingan; himoya sanasi va joyi boʻyicha aniq maʼlumot uchun manbaga murojaat qiling.