← Himoya eʼlonlariFalsafa doktori (PhD)

Xolboyeva Muxlisa Abdusattor qizining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

Umumiy ma’lumotlar

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi)
“Zahiriddin Muhammad Bobur devonidagi g‘azallarning lingvokulturologik tadqiqi” 10.00.01 – “O‘zbek tili” (filologiya fanlari) ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam
B2024.1.PhD/Fil4518
Ilmiy rahbar
Umarova Nargizaxon Rustamovna, filologiya fanlari doktori (DSc), professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi
Qo‘qon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami
Qo‘qon davlat universiteti, PhD.03/2025.27.12.Fil.34.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar
birinchi rasmiy opponent sifatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Hakimova Muhayyo Karimovna, ikkinchi rasmiy opponent sifatida Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori (DSc) G‘ofurova Surayyo Ulug‘bekovna.
Yetakchi tashkilot
Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi
nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

Tadqiqotning maqsadi

Bobur devonidagi g‘azallarda voqelangan lingvomadaniy birliklarni yagona mezonlar tizimi asosida aniqlash, ularning semantik-konnotativ, aksiologik va konseptual xususiyatlarini ochib berish hamda mazkur birliklar asosida g‘azallarda shakllangan olamning lisoniy-madaniy manzarasini tiklashdan iborat.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi

mumtoz she’riy matnda lingvomadaniy birliklarni ajratishning kiritish va chiqarish mezonlari ishlab chiqilib, realiya, frazeologizm, paremiya, metafora, ramz, etalon va qiyos birliklarining turli tasnif o‘qlariga mansub lingvomadaniy birliklar ekanligi asoslangan hamda ularning kesishuvchi holatlarida miqdoriy ko‘rsatkichlarni takroriy hisoblashni istisno etuvchi tamoyil belgilangan;

Bobur devoni g‘azallarida matniy variantning lingvomadaniy talqinga ta’siri aniqlangan. 1993-yilgi nashr va №317 qo‘lyozmadagi «ey oy» shaklining 1994-yilgi nashrdagi «ey jon» shakli bilan qiyosi asosida murojaatning obraz asosi o‘zgarishi hamda «ey oy» variantining misradagi «quyoshtek» qiyosi bilan astral obrazlar aloqasini hosil qilishi dalillangan;

g‘azallardagi frazeologik, paremiologik, metaforik va ramziy birliklarning lingvomadaniy tasnif va tahlil mezonlari takomillashtirilgan: frazeologik birliklarda sanash birligi shakl, takroriylik esa semema darajasida belgilangan, paremiologik birliklarning turg‘un paremiya, paremiya tipidagi gnoma va muallif aforizmi maqomlari farqlangan; metaforik birliklar manba va nishon sohalari kesishmasida tizimlashtirilib, konnotativ baho nishon sohaga yuklanadigan kontekstual qiymat sifatida operatsionlashtirilgan, ramziy birliklarning madaniy ma’noning barqarorlashish manbasiga ko‘ra tasnifi hamda ularning metaforadan funksional farqlanish mezonlari asoslangan;

shoir g‘azallaridagi realiya, qiyos, etalon va stereotiplarning milliy-madaniy mazmunni shakllantirishdagi roli aniqlangan: realiyalarda madaniy axborotning matndagi semantik ko‘chishni yuzaga keltiruvchi omil sifatida namoyon bo‘lishi, qiyos birliklarida an’anaviy husn etalonlarining kontekstual aksiologik qayta baholanishi asoslangan hamda olingan natijalar umumlashtirilib, Bobur g‘azallarida voqelangan olamning lisoniy-madaniy manzarasining asimmetrik modeli tiklangan.

Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi

Bobur devonidagi g‘azallarning lingvokulturologik tadqiqi bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalar asosida: badiiy matnning lingvokulturologik xususiyatlari, til va madaniyatning o‘zaro munosabati, lingvomadaniy birliklarning tasnifi va modellashtirilishi, muqobilsiz leksikaning lingvomadaniy tabiati hamda g‘azallarda olamning lisoniy-kognitiv manzarasiga oid ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida 2024–2025-yillarda amalga oshirilgan ALM-202310132634-raqamli “Yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini sun’iy intellekt asosida avtomatik taqdim qiluvchi atamacom.uz dasturiy ta’minoti platformasi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (mazkur markazning 2026-yil 20-iyuldagi 01-592-son ma’lumotnomasi). Natijada atamacom.uz platformasida tavsiya etiladigan o‘zbekcha muqobillarning lingvomadaniy asoslanganligini ta’minlash imkoniyatlari kengaytirilgan;

Bobur devonidagi g‘azallarda qo‘llangan frazemalar lingvokulturologik tadqiq obyekti sifatida ajratilib, ularning milliy-madaniy semantikasi, aksiologik mazmuni hamda badiiy matndagi obrazlilikni shakllantirishdagi vazifasi asoslanganligi to‘g‘risidagi xulosalardan Qo‘qon davlat universitetida 2023–2024-yillarga mo‘ljallangan “2023 KA 171 Mobility Higher Education students (Erasmus+)” nomli grant doirasida foydalanilgan (Qo‘qon davlat universitetining 2026-yil 13-iyundagi №125-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur loyiha uchun tayyorlangan ilmiy, o‘quv-uslubiy va targ‘ibot materiallarining nazariy asoslanganligi, mazmuniy izchilligi hamda lingvokulturologik talqin darajasi ortgan;

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Adabiy tanqid va adabiyotshunoslik kengashi hisobot yig‘ilishlarida, Respublika tarjimonlar forumida, Adiblar xiyobonida tashkil etilgan adabiy-ma’rifiy tadbirlarda, Bobur asarlari lug‘ati va Bobur devonining mukammal nashrini yaratishda frazema, paremiya, metafora, ramz va realiyalarning lingvokulturologik xususiyatlariga doir xulosalar hamda lingvomadaniy birliklarning mavzuviy-semantik tasnifi, etalon, stereotip va olamning lisoniy manzarasiga oid natijalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2026-yil 4-sentabrdagi 1355-son ma’lumotnomasi). Natijada mumtoz matnlarning milliy-madaniy mazmunini sharhlash, asliyatdagi obrazli mazmun va madaniy konnotatsiyani tarjimada saqlash hamda yosh tarjimonlar bilan ijodiy mashg‘ulotlar va mahorat darslarini o‘tkazishning ilmiy-amaliy asoslari boyitilgan.

Manba: oak.uz — eʼlon №1001770. Eʼlon OAK rasmiy saytidan avtomatik olingan; himoya sanasi va joyi boʻyicha aniq maʼlumot uchun manbaga murojaat qiling.