SAVDO IQTISODIY HOLAT.
Zebinisobegim Begnazarova Dilshod qizi
Iqtisodiyot va pedagogika universiteti Annotatsiya:O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida transport logistikasi sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli zamin yaratdi. Kalit so’zlar: qo‘shni davlatlar, transport logistikasi, xalqaro konferensiya, bozor, savdo-iqtisodiy aloqalar.
Xorijiy davlatlar, xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari faollashganini Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti sifatida ish boshlagan davr bilan bog‘lashadi. Bu jarayonda O‘zbekiston yetakchisining amaliy harakatlari va tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etayotgani e’tirof etiladi.Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida yuritayotgan tashqi siyosati, avvalo, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston, shuningdek, mintaqamizning investitsion jozibadorligiga yo‘l ochdi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga so‘nggi murojaatnomasining tashqi siyosat bo‘limida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat yetakchisi tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlash alohida e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yili Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilib, joriy yil 15−16 iyul kunlari poytaxtimizda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidentining Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining yillik maslahat uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi ham mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Birinchi shunday uchrashuv 2018 yili Nursultonda, ikkinchisi 2019 yili Toshkentda o‘tkazilgan bo‘lsa, uchinchisi pandemiya sabab 2021 yilga qoldirilgan.
Shunisi ahamiyatliki, davlatimiz rahbari ilk xorijiy tashriflarini 2017 yilning mart oyida Markaziy Osiyo davlatlaridan boshladi: avval Turkmaniston va Qozog‘iston, so‘ng Qirg‘iziston va Tojikistongatashriflar amalga oshirildi. Ushbu tashriflar chog‘ida biznes forumlar o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo bitimlarning salmoqli paketlari imzolandi. Bu esa O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiq, kooperatsion aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va mintaqaviy iqtisodiy forumlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining O‘zbekistonga javob tashriflari esa ko‘p tomonlama hamkorlik poydevorini yanada mustahkamladi hamda iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirdi.
Birgina 2021 yilning mart oyida Qirg‘iziston rahbari O‘zbekistonga, shu yil iyun oyida esa mamlakatimiz rahbari Tojikistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar chog‘ida sanoat kooperatsiyasi yo‘li bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yirik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish va qo‘shma ishlab chiqarish obyektlarini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Xususan, keyingi yillarda Qirg‘iziston va Tojikiston bilan o‘zaro tovar aylanmani ikki baravar ko‘paytirish maqsadlari qo‘yilib, O‘zbekistonda suv ta’minotini sezilarli darajada yaxshilaydigan gidroenergetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mahsulotlarimizni Markaziy Osiyo bozorlarida targ‘ib qilish maqsadida qo‘shni davlatlarda O‘zbekiston savdo uylari ochila boshladi.
Shu tariqa O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnilik, do‘stona, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash siyosati savdo-iqtisodiy, kooperatsiya, investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida transport logistikasi sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli zamin yaratdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy faollikning umumiy susayishi sabab 2020 yil yakunlariga ko‘ra Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi qisman, ya’ni 2019 yildagiga nisbatan 5,4 foiz pasaydi, biroq O‘zbekistonning umumiy tovar aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi 12,4 foizdan 13,6 foizga oshdi.2021 yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foiz o‘sdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning umumiy tovar aylanmasida Markaziy Osiyo mamlakatlari ulushi 17,2 foiz ortdi. Bu mamlakatimizda ichki mintaqaviy savdo-sotiqning kengayganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston ulushi O‘zbekiston tovar aylanmasining eng katta hajmiga ega. 2020 yilda O‘zbekiston bilan mintaqaviy tovar aylanmasida Qozog‘istonning ulushi 61, Qirg‘izistonniki 18,2, Turkmaniston ulushi 10,6, Tojikiston ulushi esa 10,1 foizni tashkil etdi.Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasing eng asosiy ko‘rsatkichi eksport hajmi bo‘lib, bunda eksport qilinayotgan tovarlarning chet el bozorlarida kirib borish imkoniyatlarni hamda ularning raqobatbardoshlik darajasini ko‘rsatadi.2016 yildan 2019 yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti qariyb 2 barobardan yoki 1,3 milliard dollardan 2,5 milliard dollargacha va O‘zbekiston umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi 10,8 dan 14,5 foizga o‘sdi.Shuningdek, eksport hajmi Qozog‘istonga — 1,5, Qirg‘izistonga — 5,5, Tojikistonga — 2, Turkmanistonga 1,8 baravar oshdi.Koronavirus pandemiyasiga qaramay, 2020 yilda Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport mos ravishda 13 hamda 23,5 foiz ko‘paydi. 2021 yilning yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz oshdi. Shuningdek, O‘zbekistonning umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi sezilarli — 19,9 foiz oshdi, ya’ni eksportning deyarli beshdan bir qismi mintaqa mamlakatlariga to‘g‘ri keldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlariga asosan qayta ishlash sanoatining tayyor mahsulotlari eksport qilinishini hisobga olsak, yetkazib beriladigan xomashyo eksportini hisobga olmagan taqdirda ham mintaqa davlatlarining umumiy eksport hajmidagi ulushi ancha yuqori bo‘ladi.2020 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga 454 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yoki sohadagi umumiy eksportning 45 foizi, 365 million dollarlik to‘qimachilik tovarlari yoki ushbu mahsulotlar umumiy eksportining 20 foizi yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlariga qariyb 150 million dollarlik yengil avtomobillar eksport qilingan, bu esa barcha avtomobillar eksportning 85 foizidan ortiqdir. Shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlar ichida yengil avtomobillar eksport ulushining asosiy qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi.Shuningdek, eksport qilinayotgan elektrotexnika mahsulotlarining 20 foizga yaqini Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berilmoqda va mintaqa bozorlari ayrim tovar pozitsiyalari, xususan, maishiy texnika uchun «qaynoq manzil» hisoblanadi.Masalan, 2020 yilda mahalliy «Artyel» kompaniyasi mahsulotlarining Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi yarim avtomatik kir yuvish mashinalari bozoridagi ulushi 50, Tojikistonda 70 foizga, oshxona plitalari uchun: Qozog‘istondagi ulushi 65, Qirg‘izistondagi ulushi 20 foizga, suv isitgichlar uchun: Tojikistondagi ulushi 58, Qozog‘istondagi ulushi 37 foizga yetdi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga eksport qilish hajmini yanada oshirish istiqbollari ulkan. Ta’kidlash joizki, 2020 yilda mintaqa davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 142,6 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 12,7 milliard dollari yoki 8,9 foizi ichki mintaqaviy savdo ulushidir. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlarining xomashyo eksportini hisobga olmagan taqdirda ham foydali qazilma hisoblanmaydigan tovarlar uchun mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo ulushi ancha yuqori bo‘ladi.Shuningdek, ichki mintaqaviy savdo hajmini, ayniqsa, tayyor mahsulotlar hisobiga oshirish ulkan istiqbolga ega, deb hisoblanmoqda. Xalqaro savdo markazi metodologiyasi bo‘yicha qilingan hisobkitoblar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro savdoda 1,1 milliard dollar, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari borasida 530 million, kimyo sanoatida 180 million, metallurgiya sanoatida 120 million, yengil sanoat tovarlari borasida 110 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini ko‘rsatdi.
Foydalanilgan adabiyotlar: 1. https://www.gazeta.uz 2. Usmonov, Q. O'zbekiston tarixi, Toshkent, 2016 — 440 bet. 3. „O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqasi“ (31-avgust 2013-yil).
Matn PDFdan avtomatik ajratib olingan va xatoliklar bo'lishi mumkin.